Home / XALQARO YANGILIKLAR / O‘zbekistonlik tadqiqotchining Moturidiylik taʼlimotiga oid asarga bag‘ishlangan risolasi Turkiyada chop etildi

O‘zbekistonlik tadqiqotchining Moturidiylik taʼlimotiga oid asarga bag‘ishlangan risolasi Turkiyada chop etildi

Turkiyada tadqiqot olib borayotgan vatandoshimiz — O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Anqara universiti bitiruvchisi, falsafa doktori A.Tuychiboyevning Ali ibn Saʼid ar-Rustufag‘niyga mansub «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag‘niy» asarining ilmiy-tanqidiy nashri Istanbuldagi «Haşimî Yayınları» nashriyoti tomonidan chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur asar ulug‘ ajdodimiz Imom Moturidiyning eng yaqin shogirdlaridan hisoblangan Ali ibn Saʼid ar-Rustufag‘niyga mansub bo‘lib, bugungi kungacha Ahmad ibn Muso al-Keshshiyning «Majmuʼ al-havodis va an-navozil va al-voqeʼot» nomli asari tarkibida yetib kelgan. Maʼlumotlarga qaraganda, ar-Rustufag‘niy Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi Boyli ota mahallasida tug‘ilib, voyaga yetgan. Voyaga yetgach, ar-Rustufag‘niy Samarqand shag‘rida o‘z davrining eng zabardast ulamolari – Abu Ahmad al-Iyodiy, Abu Mansur al-Moturidiy va al-Hakim as-Samarqandiydan ilm olgan. Olimning Balx shahriga borib, hanafiy fiqhining yorqin namoyandasi, kichik Abu Hanifa deya eʼtirof etilgan Abu Jaʼfar al-Hinduvoniydan ham istifoda etgani naql qilinadi.

O‘rta asrlarga oid tabaqot, yaʼni biografiya asarlarida ar-Rustufag‘niy fiqh bobida «Samarqandning shayxi» bo‘lgani keltirilgan. U shu darajada eʼtibor qozondiki, hatto Buxoroga borib, ilm majlislari o‘tkazar, xalq vakillariga vaʼz-nasihatlar qilardi. Ar-Rustufag‘niy mahalliy eʼtiqod va mazhablarga xos bo‘lmagan yondashuvlarni tanqid ostiga olish, ustozi Imom al- Moturidiyning sof islom aqidasiga oid qarashlarini muhofaza etishga katta hissa qo‘shdi. Olimning turli yot firqalar bilan bo‘lgan munozaralari «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag‘niy» asarida ham ko‘zga tashlanadi.

Umuman olganda, mazkur asar fiqh, kalom, tafsir, hadis, tasavvuf, axloq va hikmat kabi keng qamrovli mazularga oid bo‘lib, X asrda mamlakatimiz hududidagi eng yorqin ilm va maʼrifat markazlaridan biri bo‘lgan Samarqanddagi maʼnaviy-maʼrifiy muhitni baholash, Moturidiylik taʼlimotining ilk taraqqiyot bosqichini o‘rganish nuqtai nazaridan o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda xalqimizning azaliy qadriyatlarini, shu jumladan, boy milliy va diniy merosimizni asrab-avaylashga, targ‘ib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan o‘tgan yil 11 avgust kuni tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu yo‘nalishdagi yangi qadamlardan biri bo‘ldi.  Bu borada elchixona ko‘magida Turkiyada ham Imom Moturidiy asarlarini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Manba: “Dunyo” AA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …