Home / MAQOLALAR / Jaholatga botma, odamzod!

Jaholatga botma, odamzod!

Ilmi yoʻqlar oʻqimasin! 

1) Islom dini hikmatlaridan, shariat ilmlaridan, dunyoviy bilimlardan bexabarlar oʻqimasin! Baribir anglamaydi.

2) Besavodlar oʻqimasin! Baribir tushunmaydi.

3) Ilmi yoʻqlar oʻqimasin! Baribir bilmaydi. 

Inson – tabiati qiziq… Baʼzan muhim va dolzarb ishlar turganda, arzimas, mayda-chuyda narsalar bilan ovora boʻlib, atrofidagilar bilan oʻzaro bahslashadi, tortishadi. Bordi-yu, munozarada yutqazsa, qarshi tomonni ayblaydi, hatto uni dinsizga ham chiqarib qoʻyadi. Bu – kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgan holat emas. Bunday holat, ayniqsa, muqaddas dinimizning asl mohiyatini chuqur tushunmaydigan yoki boshqalarning maʼnaviyatiga tobe kishilarda koʻproq uchraydi.

Gapning indallosi… 8 mart yaqin. Har bahor shu boʻlar takror deganlariday, koʻklam kelishi bilan musulmonlar oʻrtasida bir mavzu takrorlanadi: “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlasa boʻladimi?” 

Ilmsizlikning eng yuqori choʻqqisi

Birinchi-ikkinchi sinfdagi bolamizga “4 – 9 necha boʻladi ?” desak, “Ayrib boʻlmaydi!” deb, QATʼIY javob qiladi. Lekin 6-7 sinfdagi farzandimizdan soʻrasak, ” Minus () 5 boʻladi! ” deb javob qiladi. Nega? Chunki matematika, algebra fanlaridagi “musbat va manfiy sonlar” mavzusini 1-2 sinfdagi bolakayimiz HALI OʻTMAGAN! 6-7 sinfdagi bola ushbu mavzuni maktabida OʻTIB, UQIB, TUSHUNIB, ANGLAB, BILGANI uchun BЕMALOL aniq va TOʻGʻRI javob berdi.

Quyidagi masala ham HUDDI shunday…

Maqola shu zaylda boshlangani bejiz emas. Negaki, har sana bahor fasli yaqinlashgach, bitta savol gʻujgʻon aylanadi.

Tabiiyki, kimlardir bu savolni “bilib” soʻrashadi, ayrimlar bilmay. Bilganlarning maqsadi goʻyo oʻzini ommaga koʻrsatib qoʻyish, riyokorlik qilish, dinga, din peshvolariga tosh otish, xalq iborasi bilan aytganda, suvni loyqalatishdan boshqa narsa emas. Aks holda har yili bu savol takror boʻlavermas edi. 

Oʻzi bayram qachon paydo boʻlgan?

Avvalo, oʻquvchiga tushunarli boʻlishi uchun ushbu bayram tarixi haqida toʻxtalsak. 8 mart 1908 yil birinchi marta Amerika Qoʻshma Shtatlarida bayram qilingan. 1909 yildan 1913 yilgacha, fevral oyining oxirgi yakshanbasida nishonlangan. Dastlab bayramning qaysi kuni nishonlanishi borasida koʻp chalkashliklar boʻlgan. 1911 yildan Xalqaro xotin-qizlar kuni Germaniya, Avstriya, Daniya va Shveysariyada 19 martda nishonlana boshlangan. Keyinchalik 12 may sanasida nishonlangan. 1914 yildan 8 mart bayram kuni sifatida belgilangan.

Bu kun Angola, Gvineya, Kambodja, Xitoy, Kongo, Laos, Makedoniya, Nepal, Janubiy Koreya va Uganda davlatlarida dam olish kuni deb eʼlon qilingan. Hozir bu bayram koʻpgina davlatlarda dam olish kuni va ayollar bayramidir.

8 mart bayrami haqida hamma har xil fikrda… Kimlardir uni nishonlasa, kimlardir nishonlanishi kerak emas, deb hisoblashadi. Lekin, hech oʻylab koʻrganmizmi, aslida onalarimiz, opa-singillarimizni tabriklashimiz, ularni koʻngillarini shod etib, qadrlashimiz uchun 8 martni kutishimiz shartmi? Ularga faqat yilda bir kun, 8 mart kunigina eʼtibor qaratishimiz, shirin soʻzlab, tabriklashimiz kerakmi? Ular uchun har bir kunni 8 mart bayramidek zavqli va chiroyli kunga aylantirishimiz shart emasmi?!

Shu oʻrinda bir mulohaza. Baʼzi moʻmin-musulmonlar ham 8 martni bayram qilish dinimizda yoʻq, deyishadi. Lekin muhtarama ayolni eʼzozlash, unga hurmat koʻrsatish – dinimiz amri, Parvardigori olamning farmoni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekan, nega endi biz aynan 8 mart kuni xotin-qizlarni eʼzozlamasligimiz kerak ekan?!! 

“Tabrik”, “Muborak”, “Barakot”!

1)Hadisi shariflarda aytilishicha, toʻliq, mukammal salomning bir turi – “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu deyishimiz ekan.

2)Namozni ichida salavotda “Allohumma borik aʼalaa Muhammadin…” deymiz.

3)Dono xalqimiz hanuzgacha bir insonga yaxshilikni tilaganda ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan Barakalla!“(Borakalloh!) degan iborani ishlatadi.

4)Baraka top!, “Baraka toping!” yoki “Umringdan baraka topgin!, “Umringizdan baraka toping!” degan olqishlarni kim eshitmagan?

5)”Ulugʻ ayyomlaringiz muborak boʻlsin!” deb bayramlarda oʻz yaqinlarini tabriklamaydigan inson bormikan?

6)Oylarning podshosi Ramazon oylari kirganlarida ham “Ramazon oylaringiz muborak boʻlsin!” deyiladimi?

7)Haj ibodatini ado qilib kelganimizga “Hajingiz muborak boʻlsin!” deyilsa kerak?

8)Har ikki hayitlarda “Hayitingiz muborak boʻlsin!” degan iborani ishlatmagan odam yoʻq, shekilli?

9)Kundagi hayotimizda ham millatidan, jinsidan, irqidan, yoshidan, maʼlumotidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, har qanday aql-zakovatli, ota-onasidan nafaqat tarbiya koʻrgan, balki shu tarbiyani olgan inson biron yaqin kishisiga yangi uy olsa, yangi moshina olsa, yangi ishga oʻtsa, oʻz sohasida biror yutuqga erishsa, toʻy qilsa, uylansa, yangi kiyim kiysa, muborak boʻlsin!” deydi. Bir soʻz bilan aytganda, yaqinimizning hayotida biron yaxshilik yoki yangilik sodir boʻlsa, oʻz-oʻzidan tilimizga beixtiyor muborak boʻlsin!”tabriklayman!” degan iboralar keladi.

Yuqorida zikr etilgan oʻrinlarda hammasining ichida “baraka” degan soʻz mavjud.

1)“Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

2)“Allohumma borik aʼalaa Muhammadin…”,

3)Barakalla!”(Borakalloh!),

4)Baraka top!”, “Baraka toping!”,“Umringdan baraka topgin!”, “Umringizdan baraka toping!”,

5) ”Ulugʻ ayyomlaringiz muborak boʻlsin!”,

6)“Ramazon oylaringiz muborak boʻlsin!”,

7)“Hajingiz muborak boʻlsin!”,

8)“Hayitingiz muborak boʻlsin!”,

9)Muborak boʻlsin!”tabriklayman!”

Arab tilida nafaqat soʻzlari bir necha maʼnoni, balki 28 ta xarflari ham lugʻaviy soʻzdan tashqari raqamli maʼnolarni ham ifoda etishini bilmaydiganlar “Baraka” arab tilidagi soʻz bulib, uning oʻzbek tiliga tarjimasi “Alloh taoloning barakasi”“Ilohiy fayz”“Xudoning rahmati””Ilohiy baxt””Ulugʻ rizq”“Baraka”“Moʻl-koʻllik”“Serhosillik”“Serobchilik”, “Behisob boylik””Bandasigagina beriladigan beqiyos neʼmat” degan maʼnolarni anglatishini qayerdan ham bilishsin?! 

“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo,

Illat izlaganga illatdir dunyo” 

Aslida ulardan xafa ham boʻlish nojoiz, chunki ularni Xudoi taoloning Oʻzi shunday qilib yaratgan-da! Toshbaqa bilan chayon hikoyasidagi chayon kabi.

Xoʻsh, shunday ekan, yilda bir marta dasturxon atrofida oilaviy yigʻilishib, buvi, ona, opa, singil, xullas, ahl ayollarini tabriklash mumkin emasmi?!

Darvoqe, nafaqat biror bayram, balki istalgan sanada, xoxlagan kunda ham Xudoi taolo man etgan yoki shariatimiz qaytargan narsalarni isteʼmol qilish qatʼiyan mumkin emasligini bilmagan odam yoʻq…   

Asl maqsad-muddao nima?

Biz bugun axborot texnologiyalari rivojlangan asrda yashayapmiz. Bugun savob qozonish imkoniyati qanchalik keng boʻlsa, gunohga botish yoʻllari ham shunchalik koʻp. Moʻmin-musulmon kishi har doim ehtiyot boʻlishi, boʻlar-boʻlmas gaplarni aytavermasligi, tilini tiyishi va har kim haqida yaxshi gumonda boʻlishi zarur. Aks holda, Parvardigori olamning huzuriga kim qay ahvolda borishni hech kim bilmaydi…

Odam bilmagan narsasiga dushman”, degan bir dono hikmat bor. Darhaqiqat, shunday. Ayniqsa, oddiygina oʻrta maktabning 5-6 sinflarida oʻtiladigan darslarini bilmagan 4-5 nafar na odob-axloqdan, na dinu diyonatdan, na diniy-na dunyoviy ilmlardan bexabarlarning, dunyoqarashi oʻta tor boʻlib, burnidan u yogʻini koʻraolmaydiganlarning muqaddas va pok Islom dinimizning ahkomlari xususida turli savollar tarqatib, moʻmin-musulmonlarni chalgʻitishga nima haqlari bor?!? 

Islomda ayol

8 mart ilk tarixi – xotin-qizlarning huquqlari himoya qilinib, tenghuquqlilik talab etilgan. Xoʻsh…

  • Ayollarning oʻzlarini ham, huquqlarini ham ulugʻlash birinchi marta Klara Setkin tomonidan joriy etilganmi yoki Qurʼoni karimda Alloh taolo tomonidan hukm etilganmi?
  • Dastlab Qurʼoni karim nozil boʻlganmi yoki Klara Setkin shu taklif bilan chiqqanmi?!

Alloh taolo insoniyat naslini davom ettirish uchun ayolga onalik imkonini berdi. Ayol erkak uchun taskin, osoyishtalik va libos timsoliga aylandi. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday deyiladi: “U sizlarni bir jondan yaratgan va orom olsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir” (Aʼrof surasi 189-oyat). Boshqa bir oyatda esa: “Ular (Ayollar) sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz” (Baqara surasi 187-oyat),  deb marhamat qilingan.

Qurʼoni karimning bir nechta oyatlarida onani eʼzozlashga, uning haqqini ado etishga buyurilgan (masalan: Isro surasi 23-24 oyatlar, Luqmon surasi 15-oyat, Ahqof surasi 15-oyat). Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Jannat – onalar oyogʻi ostidadur!”  – deb marhamat qilganlar. Islom taʼlimotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi bilan barobar, oilada uning oʻz haq-huquqlari ham borligi aytilgan (masalan: Baqara surasi  228-oyat).

Ayollarga chiroyli muomala qilishda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam butun insoniyatga namuna boʻladilar! Ayol nomini ulugʻlash, uning shaʼnini koʻtarish, xotin-qizlarning huquqini belgilab berishda nafaqat Islom olamiga, balki butun jamiyatga ibratdirlar. U Zoti sharifning muborak oxirgi vasiyatlarida bunday mashhur jumlalar bor edi: “Ogoh boʻlinglar, ayollarga yaxshi muomala qilinglar!..” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Boshqa hadisi shariflarida: “Sizlarning yaxshilaringiz – xotinlariga yaxshilik qiladiganlaringizdir!” (Imom Termiziy rivoyatlari);

“Kimning bir qizi boʻlib, unga chiroyli odob bersa, Alloh bergan neʼmatlaridan uni ham bahramand qilsa, nomai aʼmoli oʻng tarafdan berilishiga va doʻzaxdan osongina qutulib, jannatga doxil boʻlishiga sabab boʻladi”;

“Moʻminlarning eng imoni mukammali – goʻzal xulqlisidir! Sizlarning eng yaxshingiz – oʻz ahli ayoliga yaxshi munosabatda boʻladiganingizdir!”, deyilgan.

Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Moʻmin banda Allohga boʻlgan imondan soʻng erishgan yaxshi narsa soliha ayol boʻlib, unga amr qilsa – itoat qiladi, qarasa – xursand qiladi, qasam ichsa – uni oqlaydi va gʻoyib boʻlsa – oʻz nafsida va molida unga yaxshilikda boʻladi, – der edilar» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Olmoniyalik taniqli olima Annamariye Shimmelning  “Jonon mening jonimda” kitobida bunday jumlalar keladi: “Islom jamiyatida eng katta hurmatga loyiq zot – ayol, ona hisoblanadi”.

Islomda Alloh taologa ibodat qilishdan keyingi birinchi oʻringa qoʻyilgan amal silai rahm boʻlib, uni eng yaqin jigarlardan, yaʼni onalar, farzandlar, opa-singil, amma va xolalardan boshlashga targʻib etiladi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning «Ayollar – erkaklarning ajralmas qismidirlar», degan hadislariga binoan, ayol kishi jamiyatning ajralmas bir boʻlagi ekan, u ijtimoiy hayotda oʻz mavqeiga ega boʻlib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir. 

Shikoyatini Alloh taolo eshitgan ayol

Umar ibn Xattob raziyallohu anhu asʼhoblar bilan masjiddan qaytayotganlarida bir ayol yoʻllarini toʻsib, taʼna qila boshladi: “Ey Umar, seni bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan boʻlding. Bugun esa seni “moʻminlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, masʼuliyat bobida Allohdan qoʻrq, kim Qiyomat kunidan qoʻrqsa, oʻsha olis kun unga yaqinlashib qoladi, kim oʻlimdan qoʻrqsa, oʻtkinchi narsalar uni qoʻrquvga soladigan boʻladi”. Hamrohlari Hazrat Umarga: “Shu kampirning gapiga quloq solib oʻtiribsizmi?” – deyishdi. Shunda Hazrat Umar: “Bu ayolning kimligini bilmaysizlarmi?  U – Avs ibn Somitning xotini Havla binti Saʼlaba boʻladi. Uning soʻzini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” – dedilar”. 

Ayol bilan maslahatlashing!

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mushkul vaqtlarda ayollari bilan maslahatlashganlar. Hudaybiya sulhi voqeasida mushriklar bilan sulh tuzilgandan keyin sahobalarga: “Turinglar, qurbonliklaringizni soʻyinglar va sochingizni olinglar”, – dedilar. Ana shu gaplarini sahobalarga uch marta takrorlab aytsalar ham, biror kishi oʻrnidan turmadi.

Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anhoning oldilariga kirib, voqeani aytdilar. Ummu Salama raziyallohu anho: “Ey, Allohning Rasuli! Shundoq qilishlarini xohlaysizmi? Chiqing-da, ulardan birortasiga biror soʻz aytmasdan, qurbonligingizni soʻying, soch oluvchingizni chaqiring, sochingizni olsin”, – dedilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anho maslahat qilganlaridek ish tutdilar. Sahobalar U Zot sallallohu alayhi vasallamni koʻrib, qurbonliklarini soʻydilar va sochlarini oldirib, U Zotga darhol ergashdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Yer yuzida Islom dinini ilk qabul qilgan inson – aynan ayol (!) kishi boʻlgani ayollarning faxrlanishlari uchun yetarlidir!  Bu ayol – Xadicha raziyallohu anhodirlar.

1500 ga yaqin kitob yozgan hindistonlik buyuk olim Ashraf Ali Tahonaviy “Bayonul Qurʼon” deb nomlangan tafsirni yozayotgan payt ayoli u kishiga: “Uydagi qushlarga don berib, soʻng madrasaga keting”, – dedi.

Hazrat “Bayonul Qurʼon”ning xayolida ayolining gapini esdan chiqarib, madrasaga ketaveribdi. U zotning shogirdlaridan Shafeʼ Usmoniy aytadi:

“Agar bir odamning 1500 ta kitob yozishiga kimki shubha qiladigan boʻlsa, unga oʻzim koʻrganimni aytib beray: “Men Tahonaviyning qalamini qoʻli tegmagan holda kitobning ustida aylanib yozayotganini koʻrganman”.

Oʻsha kuni tafsirni davom ettirmoqchi boʻlgan olimning qalami qimirlamabdi. Harchand urinib, uni yurgizishga harakat qilmasin, qalam joyida qotib turaveribdi. Shunda Yaratganga “Yo Allohim, men har doim yozishga oʻtirganimda, qalam oʻzi yozishni boshlardi, mendan nima gunoh sodir boʻldiki, bugun qalamim yozmayapti?” – deb nola qilibdi. Shunda uydan chiqayotganida ayoli qushga don berishni aytgani esga tushib, qalamni tashlagancha, uyga yugurib ketibdi.

Uyga borib, qushga don berib kelganidan soʻnggina qalam qimirlagan ekan.

Qalam yozishni boshlagan joy esa Qurʼoni karimning Niso surasidagi «Ayollaringiz bilan yaxshi muomalada boʻlinglar!» degan oyat ekan.

Modomiki shunday ekan, Onaga, Ayol zotiga yuksak ehtirom koʻrsatish –  azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Sohibqiron Amir Temurning: “Ayollarga imkon qadar iliq muomalada boʻlishga harakat qildim”, degan hikmatli soʻzi asrlar oshsa-da, oʻz mohiyatini yoʻqotmagan.  Qadimdan ayolni eʼzozlagan davlat gullab yashnagan, ravnaq topgan. Ayolni ardoqlagan oila esa bu dunyoning jannatiga erishgan.

Ayol yerdan chiqqan emas, erkak – uning otasi.

Oʻgʻil koʻkdan tushgan emas, ayol – uning onasi. 

Xulosai kalom

Dinimizda ayolga eʼtibor naqadar yuksak ekanini bugun hamma eʼtirof etadi. Qurʼoni karimda ham ayollarga ehtirom koʻrsatish erkaklar zimmasiga yuklangan, Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham ayollarni eʼzozlagan ekanlar, nahotki biz bu ishni bir kunga – 8 martga xoslab olgan boʻlsak. Shunday ekan, har kuni ayollarni eʼzozlashimiz, ular uchun har kunni “8 mart” qilishimiz kerak emasmi?!

Ona oʻrnin ato tutmas oʻgʻilgʻa,

Ki mumkindur oʻgʻil boʻlmoq atosiz,

Masiho birla Maryamdin qiyos et,

Ki imkon yoʻqturur boʻlmoq anosiz

                                     (Alisher Navoiy).

Klara Setkin ismli ayol 1910 yil Kopengagenda oʻtkazilgan Ikkinchi xalqaro ayollar konferensiyasida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilib chiqqan bulsa, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni eʼzozlash ilohiy amr bilan buyurilgan.

Sen hammadan suyuksan, suyukliging unutma, ayol!

Farzand deb dil kuyuksan, kuyukliging unutma, ayol!

Paygʻambaru avliyo, jahongirga sen  Ona,

Shu bois ham buyuksan, buyukligining unutma, ayol!   

Haqiqiy baxt esa, ayolni asl maskani – oilasi bagʻriga, farzandlari quchogʻiga, erkaklarning ardogʻiga qaytarishda! Unga onalik baxtini, ayol mukarramligini va goʻzalligini, nazokatini, hayo va iffatini qaytarib berishda. Shunday ekan, ayolni eʼzozlash, ular uchun har kunni 8 mart qilish zarur!

 Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …