Alloh taologa shukrki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida Islom dini maʼrifatini keng yoyish, ulugʻ allomalarimizning boy merosini oʻrganish, xalqimizga xos boʻlgan odamiylik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlarni targʻib etish yoʻlida tahsinga sazovor ishlar amalga oshirildi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ilmiy maktablarda bu yoʻnalishda aniq, manzilli ishlar amalga oshirilayotir.
Bundan tashqari, diyorimiz hududlari boʻylab yangidan ochilayotgan masjid va madrasalar, qayta chiroy ochayotgan muborak qadamjolar moʻmin-musulmonlarimizni cheksiz mamnun etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy singari tabarruk zotlarning bemisl xizmatlari nafaqat mintaqamizning maʼnaviy rivojida, balki butun jahon ilm-fani ravnaqida muhim oʻrin tutadi.
Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Islom dini ilmlarini tadqiq qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlardan aholi mamnun, xorijlik mutaxassislar esa yuqori baholamoqda. Bunday maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli ishlar kelgusida oʻlkamizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar, naqshbandiylar yetishib chiqishiga zamin boʻladi, inshaAlloh.
Musulmon Renessansi, yaʼni Uygʻonish davriga asos boʻlgan ajdodlarimizning dunyoni hayratga solgan beqiyos meroslarini oʻrganish, ular insoniyatga taqdim qilgan taʼlimotlarni rivojlantirish, ilmiy xulosalarini boyitish, shubhasiz, navbatdagi Renessansga poydevor boʻladi.
Haqiqatan, oʻrta asrlardayoq Buxoro oʻzining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor boʻlgan. Samarqand va Buxorodagi madrasalar oʻrta asrlarning dorulfununlari vazifasini bajargan.
Din ilmlarini tadqiq etish, ilmu maʼrifatni puxta oʻrganish muhim ekanini Hazrat Navoiy quyidagicha taʼriflaganlar:
Azal-azaldan ilmu maʼrifat markazi boʻlib kelgan zaminimizda ilm dargohlari qaytadan tashkil etilib, ularga yuksak maqom berilishi bemisl tarixiy voqea boʻlmoqda. Ayniqsa, Buxoroyi Sharifdagi Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishida katta maʼno, tarixiy haqiqat mujassam. Zero, ushbu taʼlim dargohi besh yuz yil avval ana shunday yuksak maqomda tashkil etilgan ekan. Yillar davomida bu yerda yuzlab olimu ulamolar kamolga yetgan. Davlatimiz rahbari tomonidan madrasaga oliy maqom berilishi yana bu yerdan allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqishiga umid uygʻotadi.
Darhaqiqat, Islom dini inson manfaatlari va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi har qanday ilmiy tadqiqot va yangilikni qoʻllab-quvvatlaydi. Buni oyati karimalar va hadisi shariflar ham tasdiqlaydi. Qurʼoni karimda “ilm” soʻzi 811 oʻrinda turli maʼnolarda keladi. Jumladan, ilm egalarini shunday madh etiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam koʻp hadisi shariflarida ilm olishga daʼvat etganlar. U zoti sharif bir hadisda: “Kim dunyoni xohlasa, tijorat qilsin. Kimki oxiratni xohlasa, zohid boʻlsin. Kimki ikkisini ham xohlasa, ilm olsin”, — deb marhamat qilganlar.
Otashqalb shoir Muhammadrizo Ogahiyning ilmni ulugʻlab yozgan quyidagi bayti yuqoridagi hadisi sharifning nazmiy ifodasidir.
Mana shunday quvvatli manbalarga tayangan oʻlkamizda ilm-maʼrifatga boʻlgan eʼtibor eng yuqori bosqichga koʻtarilmoqda. Barcha islohotlarning asosiy maqsadi — yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrash, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga mos tarzda tarbiyalash, xalqimiz hayotini yanada farovon etishdan iborat.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun ijobiy oʻzgarishlarni yurtimizdagi har bir inson oʻzining bugungi turmush tarzida, dunyoga boʻy choʻzayotgan bolalari misolida his qilyapti.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan nufuzli mehmonlar ham olib borayotgan ishlarimizni koʻrib, oʻz mamnunliklarini bildiryapti. Jumladan, Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” jome masjidiga tashrif qilgan chogʻlarida oʻz fikr va taassurotlarini shunday izhor qilgan edi:
— Biz Oʻzbekistonni ziyorat qilar ekanmiz, butun dunyoni oʻz ilm nuri bilan nurafshon etgan, Allohning kalomini bizlarga yetkazib kelgan ulugʻ allomalar yurtini ziyorat qilayotganimizdan behad mamnunmiz. Biz ayni damda hozir boʻlib turgan ushbu muborak masjid, Abu Bakr Qaffol Shoshiy nomlari bilan atalar ekan, bu zot oʻzining fiqh ilmiga qoʻshgan ulugʻ hissalari bilan islom olamida nom qozongan boʻlib, butun dunyodagi madrasa va islomiy taʼlim dargohlarida asarlari oʻqitib kelinadi. Biz Al-Azhar universitetida Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Samarqandiy asarlaridan taʼlim beramiz. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning kitoblarini ham tadqiq etamiz.
Demakki, diniy-maʼrifiy jabhada amalga oshirilayotgan ahamiyati beqiyos ishlar, yangidan barpo etilayotgan ilmiy markazlar, masjid-madrasalar, ulugʻ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, xalqaro hamkorlik rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolarning diyorimizga tashriflari, nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatilayotgani yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, gʻurur-iftixor bagʻishlamoqda.
Xulosa qiladigan boʻlsak, shunday yuqori eʼtiroflarga sazovor boʻlgan ishlarni jadallashtirishdan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri boʻlgan Oʻzbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda Uchinchi Renessansni — Uygʻonish davrini yuzaga keltirishdir.
2021 yil 2 mart, №43 (299)