Mustaqillik tariximizni, xalqimizning boy maʼnaviy-madaniy qadriyatlarini manbalar asosida chuqur va mukammal oʻrganish uchun keng imkoniyat yaratdi. Oʻzining uzoq tarixiga ega oʻzbek xalqining oʻtmishi shoʻro davrida bir yoqlama yoritilgan edi. Ayniqsa, muqaddas dinimiz va u bilan bogʻliq ayrim masalalarni oʻrganish butunlay nazardan chetda qoldi. Bugungi kunda Vatan tarixini oʻrganar ekanmiz, xalqimiz oʻtmishdagi diniy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotini tadqiq etish dolzarb yoʻnalishlardan biri boʻlib turibdi.
XVII-XVIII asrlarda Samarqandda dunyoviy fanlar bilan birga diniy bilimlar ham keng rivojlandi, Mavlono Olim shayx Azizon, Soʻfi Ollohyor, Mavlono Mir Neʼmatulloh Oshiq, Musoxonxoja Dahbediy, Muhammad Amin Xoja Dahbediy, Muhammad Husayn kabi allomalar islom taʼlimotining rivojiga ulkan hissa qoʻshdilar. Umuman, islom ilmlari ravnaqi va targʻibotining kengayishida Samarqanddan yetishib chiqqan allomalar muhim oʻrin tutadi.
Bugungi kunda tasavvufga oid manbalar boʻyicha koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, Halim Toʻrayev, Komilxon Kattayev, Bobur Aminov, Abdusattor Jumanazarov, Maʼsudxon Ismoilov kabi olimlar salmoqli ilmiy izlanishlarga qoʻl urganini aytib oʻtishimiz mumkin.
Oʻlkamiz tarixida ilm-fan turli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar taʼsirida rivojlanib kelgan. Xususan, islom ilmlarining XVII-XVIII asrlardagi taraqqiyoti tasavvuf namoyandalarining faol ilmiy izlanishlari, safarlari bilan bogʻliq boʻlgan. Buning uchun oʻsha paytlar, ulamolardan diniy ilmlar bilan bir qatorda ijtimoiy, mantiqiy, falsafiy ilmlarni bilish talab etilardi. Shunga koʻra, olimlar bir asarni yozish uchun koʻplab va turli sohalarga oid ilmlarni oʻrganganlar. Xususan, Olim shayx Azizon “Lamahot”, Soʻfi Ollohyor “Maslak ul-muttaqin” (“Taqvodorlar maslagi”)ni yozish jarayonida koʻplab olimlarning asarlarini oʻrganib, unumli foydalangani bugun koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Bundan tashqari, tasavvuf yoʻnalishida Ahmad Sirhindiy, Hojo Habibulloh Buxoriy, mavlono Muhammadi Imlo, Muhammad Islom shayx Karruxiy, Muhammad Sharifxoja ibn Atoullohxoja shayxulislom kabi tariqat arboblari ham faoliyat koʻrsatgan. Bu zotning hayoti, ilmiy faoliyati va asarlarini oʻrganish ilgʻor gʻoyalarini yoritish xalqimiz, xususan, yoshlar orasida diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik, odob-axloq, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, ijtimoiy masalalarni yechishga moʻtadil yondashuv kabi tamoyillarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
Shu jumladan, turkiy va forsiyda ijod qilgan Soʻfi Ollohyor ijodining asosiy yoʻnalishi xalq orasida islom maʼrifatini keng yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bogʻliq gʻoyalarini targʻib qilishdan iborat. U “Maslak ul-muttaqin” (“Taqvodorlar maslagi”), “Murod ul-orifin” (“Oriflar murodi”), “Maxzan ul-muteʼin” (“Itoatkorlar xazinasi”) asarlarini forsiy, “Sabot ul-ojizin” (“Ojizlar saboti”), “Favzun najot” (“Najot tantanasi”) masnaviylarini turkiyda yozgan.
Soʻfi Ollohyorning shoh asari “Maslak ul-muttaqin” boʻlib, 135 ta katta-kichik bob va 12 ming baytdan iborat. Ilohiy maʼrifatning badiiy talqiniga bagʻishlangan bu asar el orasida shuhrat topganidan soʻng, doʻst-u yaqinlari undan turkiy tilda ham shunday kitob yozishni iltimos qiladilar. Bunga javoban u “Maslak ul-muttaqin”ni birmuncha qisqartirib, turkiychada bitgan va “Sabot ul-ojizin”, deb nom bergan. Oʻzbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi boʻlmish ushbu asari orqali tasavvuf taʼlimotining maʼnaviy-axloqiy masalalarini keng yoritgan shu bilan birga turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan.
“Maslak ul-muttaqin” islom qonunshunosligiga oid mulohazalardan tarkib topgan. Muallifi uni tasnif etishda koʻpgina fiqhiy manbalardan foydalangan. Asarda keltirilgan maʼlumotlar nazm uslubida bayon etilgani, fiqhga oid koʻplab kitoblar mazmunini oʻzida jamlagani kitobni undan madrasalar darslik sifatida foydalanishiga, ilmiy saviyasi yuqoriligi va tushunarli, ravon bayon etilgani esa koʻp nusxalarda koʻchirilishiga sabab boʻlgan.
Asar boshqa fiqhiy kitoblar kabi iymon boʻlimi bilan boshlangan, oxirida haj boʻlimi yoʻq. Muallif aytganidek, oʻzi haj amalini bajarmaganligi sababidan bunday boʻlimga qoʻl urmagan.
Soʻfi Ollohyor asarlarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari koʻpgina qoʻlyozma fondlarida saqlanib kelmoqda. Xususan, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida ham “Maslak ul-muttaqin” asarining inv. № MR 12, 43, 61, 66 raqamlari ostida bir necha qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda [1: 354].
Bu yoʻnalishda qalam tebratgan yana bir alloma Muhammad Olim Siddiqiy Aʼlaviy (otasi Muhammad Moʻmin shayx yassaviya tariqati vakili edi). XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning birinchi yarmida yashagan. Samarqand madrasalarida taʼlim olgan. Tariqat ilmini otasidan oʻrgangan. “Lamahot” kitobini 1032/1623 yilda yozib tugatgan.
“Lamahot” asarida mazkur tariqat asoschisi – oriflar sultoni Xoja Ahmad Yassaviy va undan muallifga qadar davom etgan silsilaning taniqli vakillari hayoti, ularda sodir boʻlgan hol (lamahot) va kashflar (varadot) bayon qilinadi, hikmatli soʻzlaridan ibratli namunalar beriladi. Bu silsilada Hakim ota, Zangi ota, Sadr ota, Yamin (Olamin) bobo, shayx Ali shayx, shayx Mavdud, shayx Xodim, shayx Jamoliddin, shayx Xudoydod Vali, Qosim shayx, Pirim shayx kabi yurt ulugʻlari turmush tarziga oid qiziqarli maʼlumotlar yigʻilgan. Ularning barchasi jamiyatda ezgulik, axloq tarbiyasi, qalbni yovuzlikdan himoya qiluvchi tolmas kurashchilar edi. Jamiyat maʼnaviyatida bugun biz duch kelib turgan boʻshliqlar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik ular hayotining mazmuga aylangandi.
“Lamahot” oʻsha zamon kishilari orasida mashhur boʻlgan va keng tarqalgan, hozir ham odamlar qoʻlida uning nusxalari saqlanadi. Shoʻrolar davrida bu turkumdagi asarlar tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolgan.
Bugun hayotimizda bunday kitoblarga suv va havo kabi ehtiyoj, zarurat sezilayotir. Ular faqat sayyohlikning ziyorat yoʻnalishini rivojlantirish, mablagʻ toʻplash uchun kerak boʻlib qolayotgani yoʻq. Bu asarlar chop qilinsa va odamlarga yetkazilsa, telefon va kompyuter ichidagi “qora oʻra”ga qulashimizdan asraydigan asarlar qatoriga qoʻshiladi. Ular chop qilish uchun tarjima va tabdilning uzoq va mashaqqatli yoʻlini bosib oʻtish kerak boʻladi. Shuning oʻzi koʻp riyozat chekishni taqozo qiladi.
Mustaqillikka erishilganidan soʻng oʻtmishda yashab, ijod etgan olimlar, shoirlar, muhaddislar va shu bilan birga tasavvuf namoyandalarining hayoti va bebaho asarlari keng tadqiq etila boshladi. Muqaddas ziyoratgohlar qayta tamirlandi. Ularga jamoatchilik etibori yanada kuchaydi. Buyuk ulamolarimizning yubileylari milliy va halqaro miqyosda nishonlandi.
Islom tarixini oʻrganishga eʼtibor kuchaydi. Mintaqa xalqlari tarixi va madaniyatni yangicha yondashuvlar asosida oʻrganish bugungi kun tarixshunosligi oldida turgan muhim vazifalardan biriga aylandi. Dastlabki oʻrinda bu vazifalarni amalga oshirish uchun tarixiy yozma manbalarni tadqiq etish maqsadga muvofiqdir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Imom Buxoriy xalqaro markazi Qoʻlyozmalar katalogi / Gʻoya muallifi Sh. Ziyodov. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2018. – B. 688
- Soʻfi Ollohyor. Maslak ul-muttaqin. Nashrga tayyorlovchilar S.Sayfulloh va Akram Dehqon. T.: 2016. – B. 492
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild. Solnoma- Toʻytepa. Tahrir hayʼati: A.Azizxoʻjayev, B.Alimov, M.Aminov va b. –T.; “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2005. – B. 703.
- Necdet Tosun. Türkistan dervişlerinden yadigar. Orta Asya Türkçesiyle Yazılmış Tasavvufi Eserlar. İnsan yayınları, Istanbul. 2011.
- Shoaliyeva, Nargiza (2019) “Sompossition “Maslak ul-Muttaqin” Sufi-Allohyor to the Turk (old Uzbek)-Persian literature,” The Light of Islam: Vol. 2019: Iss.2, Article Available at: https://uzjournals. edu.uz/iiau/vol2019/iss2/15.
- Mirzo Meʼrojiddin (Amonov M). Soʻfi Ollohyor va Islom shayx tarixi. T.: MASHHUR-PRESS, 2017. 162 b.