Home / YANGILIKLAR / VODIYNING “OLTIN HALQA”SI

VODIYNING “OLTIN HALQA”SI

Yangilanayotgan Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiq-oshkora, pragmatik ichki va tashqi siyosat xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, mamlakatimiz qatʼiy, chuqur islohotlar va oʻzgarishlarning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda, oʻzining mustahkam siyosiy irodasini namoyon etmoqda.

Diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminqlash masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilayotgani quvonarli. Bu, oʻz navbatida, davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy meʼyorlarga qaratayotgan yuksak eʼtiborining yorqin namunasidir.

2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqilgani, BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan mazkur rezolyutsiya BMTga aʼzo 193 ta davlat tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlanishi, shuningdek, 50 dan ziyod mamlakat bilan hammualliflikda qabul qilingani — ushbu yoʻnalishdagi ishlarning toʻgʻri oʻzanda ketayotganidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida soʻzlagan nutqida ham millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi. Bundan koʻrinib turibdiki, ushbu yoʻnalishdagi ishlar umumjahon diqqat-eʼtiboridagi muhim masalalardan biridir.

Davlatimiz rahbari tomonidan dunyo eʼtirof etgan yurtimiz allomalarining ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, ularni tadqiq etishni ragʻbatlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ham xalqaro hamjamiyat nigohida. Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish borasida Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamizning turli hududlarida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkent shahrida esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida joylashgan Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgoh majmuasining davlatimiz rahbari tashabbusi bilan batamom qaytadan qurib bitkazilib, ziyorat maskaniga aylantirilganini ham ana shu yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida qayd etish mumkin.

Darhaqiqat, ushbu majmua, xalqimiz, xususan, Namangan aholisining maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, tarix sahifalarida oltin harflar bilan muhrlanib qoladigan voqelik boʻldi. Uvays Qaraniy ziyoratgohining janub tomonida onalari Bibi Naima ona ziyoratgohi joylashgan. Ushbu ziyoratgohda ham qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, kompleks majmuaga aylantirildi.

Majmua mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning amaldagi yorqin isboti sifatida Namangan viloyatining koʻrki va tashrif qogʻoziga aylandi. “Vodiyning oltin halqasi” boʻlmish ushbu koʻrkam va zamonaviy majmuaning tantanali ochilishi munosabati bilan xalqaro onlayn ilmiy anjuman tashkil etildi. Unda Rossiya, Misr Arab Respublikasi, Turkiya, Tatariston, Ozarbayjon, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻizistondan soha mutaxassislari hamda 100 ga yaqin mahalliy islomshunos olimlar ishtirok etdi.

Ilmiy konferensiya ishida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ayniqsa, ajdodlar merosini oʻrganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Oʻz navbatida, xorijlik mutaxassislar Uvays Qaraniydek ulugʻ zotga koʻrsatilgan ana shunday yuksak eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirib, Oʻzbekistonning bu yoʻnalishdagi ishlarini olqishladi.

Namangan viloyatida qad rostlagan muhtasham Sulton Uvays Qaraniy majmuasi ham, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yosh avlodni yuksak maʼnaviyatli insonlar etib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadigan maskanlardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Abdugʻofur AHMЕDOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 26 fevral, №41 (297)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …