Home / MAQOLALAR / MAʼRIFATGA CHORLOV

MAʼRIFATGA CHORLOV

Tarixga nazar tashlasak, barcha buyuk sivilizatsiyalar avvalo ilm-maʼrifatga tayanganini koʻramiz. Qudratni qurol-yarogʻ yo boylik emas, bilim belgilagan. Qaysi xalq olimni qadrlagan boʻlsa, taraqqiyotga erishgan. Qaysi jamiyatda ilm ahliga yaxshi sharoit yaratilgan boʻlsa, oʻsha yerda madaniyat, iqtisodiyot va davlatchilik yuksalgan.

Movarounnahr tarixi bu haqiqatning yorqin tasdigʻidir. Bu zamindan yetishib chiqqan yuzlab allomalar faqat bir xalq yoki bir mintaqa emas, butun insoniyat ilmiy tafakkuri rivojiga hissa qoʻshgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Mansur Moturidiy, Burhonuddin Margʻinoniy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk zotlarning ilmiy merosi bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas.

Ularning asarlariga murojaat qilganimizda bir jihat alohida eʼtibor tortadi. Bu allomalar ilmni faqat nazariy bilim sifatida emas, insonni komillikka yetaklovchi kuch sifatida koʻrgan. Chunki maʼrifatning haqiqiy maqsadi insonni kamolotga boshlash, jamiyatni yuksaltirish va hayotni yaxshilashdan iborat.

Bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda ana shu gʻoya yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turli mafkuraviy taʼsirlar, axborot xurujlari, murosasizlik kayfiyatlari va keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda jamiyatlarni birlashtiradigan eng katta kuch – bu maʼrifatdir. Zero, bilim boʻlgan joyda mulohaza yuritiladi, mulohaza boʻlgan joyda esa bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat qaror topadi.

Shu maʼnoda, soʻnggi 7 kun davomida Toshkentda oʻtgan, Samarqand va Termiz shaharlarida davom etgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” mavzuidagi I Xalqaro islom forumi nafaqat keng qamrovli xalqaro anjuman, balki maʼrifatni taraqqiyotning asosiy sharti sifatida eʼtirof etayotgan Yangi Oʻzbekistonning butun dunyoga yoʻllayotgan muhim murojaati sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi.

ICESCO bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjuman Oʻzbekistonning maʼrifatparvarlik anʼanalari bilan bugungi taraqqiyot yoʻli oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni namoyon etadigan muloqot maydoni boʻldi.

Anjumanda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va boshqa mintaqalardan 300 dan ortiq olim, tadqiqotchi, din arbobi, ekspert va madaniyat namoyandasi ishtirok etdi. Bu esa forumni turli xalq va madaniyatlar vakillari uchrashadigan nufuzli xalqaro platformaga ham aylantirdi.

Anjumanni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad islom sivilizatsiyasining insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini keng ochib berishdan iborat boʻldi. Afsuski, baʼzan islom haqida gap ketganda, uning boy ilmiy va madaniy merosidan koʻra, uning niqobi ostida sodir boʻlayotgan salbiy voqealar koʻproq tilga olinadi. Vaholanki, islom sivilizatsiyasi asrlar davomida ilm-fan, tibbiyot, astronomiya, matematika, falsafa, meʼmorlik, adabiyot va boshqa sohalar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan.

Siyosiy voqealar pillapoyasida islom, avvalo, kitoblar tarixi, kutubxonalar tarixi, ilmiy bahslar tarixi, ustoz va shogird munosabatlari tarixini oʻzida aks ettiradi. Bugun “universitet” deb ataladigan ilm dargohining kelib chiqishiga aynan islom sababchi boʻlgani shundan.

Forum doirasida ana shu masalalar keng muhokama qilindi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yuqori darajada tashkil etilgan yalpi yigʻilishlar hamda qator tematik sessiyalarda turkiy xalqlarning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, hadis, fiqh va kalom ilmlarining rivojlanishi, muzeylar va qoʻlyozma fondlarining ahamiyati, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy media makon, raqamli kommunikatsiyalar va maʼrifat yoʻlidagi faoliyatning yangi shakllari borasida qizgʻin fikr almashildi.

Ayniqsa, zamonaviy axborot makonida islom sivilizatsiyasi merosini toʻgʻri va xolis targʻib qilish masalasi bugun dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Chunki raqamli texnologiyalar insonlar uchun katta imkoniyatlar bilan birga muayyan xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Shu bois tarixiy merosni zamonaviy formatda taqdim etish, yoshlarga tushunarli va qiziqarli usullarda yetkazish muhim vazifaga aylanmoqda.

Samarqandda boʻlib oʻtgan tadbirlarda esa Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari va uning jahon ilm-fanidagi oʻrni, Imom Moturidiy taʼlimotining moʻtadillik, aql va maʼrifatga asoslangan gʻoyalari muhokama qilindi. Bu mavzular nafaqat diniy ilmlar, balki zamonaviy jamiyat taraqqiyoti nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Surxon vohasining maʼmuriy markazida Termiz hadis maktabi va uning ilm ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasi haqida yangi tadqiqotlar taqdim etildi. Bu bejiz emas. Chunki Termiz zamini asrlar davomida islom ilmlari taraqqiyotining muhim markazlaridan biri boʻlib kelgan.

Forum doirasida islom xattotligi va qoʻlyozmalari koʻrgazmalari, noyob tarixiy manbalar taqdimotlari, hujjatli filmlar namoyishi va madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham oʻtkazildi. Bu esa ishtirokchilarga kitoblarda oʻqigan merosni bevosita koʻrish, his qilish va anglash imkonini berdi.

Forumning yana bir muhim jihati shundaki, unda tinchlik va bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashga maʼrifiy yondashuvlarni kuchaytirish, yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniy merosni asrash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugun jahon tajribasi bir haqiqatni koʻrsatmoqda. Radikal gʻoyalarga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli maʼrifatdir. Inson qalbi va ongini bilim bilan toʻldirish mumkin boʻlgan joyda jaholatga oʻrin qolmaydi. Shuning uchun ham maʼrifatga qaratilgan har bir tashabbus aslida tinchlikka qaratilgan tashabbusdir.

Forumning ahamiyatini yana bir jihatdan baholash mumkin. U Oʻzbekistonning xalqaro gumanitar muloqot, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yanada keng namoyon etdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy merosni oʻrganish, tarixiy obidalarni tiklash, qoʻlyozma boyliklarni tadqiq qilish va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Forum ana shu saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻladigan xalqaro hamkorlikka yoʻl ochdi.

Eng muhimi, mazkur anjuman bugungi dunyoga muhim bir haqiqatni yana bir bor uqtirdi – taraqqiyotning eng ishonchli yoʻli ilmdan boshlanadi. Tinchlikning eng mustahkam poydevori bagʻrikenglikdir. Jamiyatning eng katta boyligi esa maʼrifatli insonlardir.

Shu maʼnoda, ilk bor oʻtkazilgan I Xalqaro islom forumi nafaqat olimlar va mutaxassislar uchrashuvi, balki Yangi Oʻzbekistonning butun dunyoga yoʻllayotgan maʼnaviy chaqirigʻi sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Bu daʼvatning mazmuni oddiy, ammo gʻoyat teran: insoniyatni birlashtiradigan eng katta kuch – bilim, tinchlik va maʼrifatdir.

Mexrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

IMOM MOTURIDIYNING NAMOZDA “BASMALA”NI AYTISH HAQIDAGI FIQHIY QARASHLARI

Alloh taolo bandasiga ato etgan neʼmatlarning eng ulugʻi – bu uning dunyosi va dini uchun …