Ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari Daniyar Issabekov “Hanafiy mazhabining muhim matnlaridan biri – “Hidoya” asariga yozilgan ikki sharhning qiyosiy tahlili” va Xadija Demirji Akyuz oʻzining “Imom Buxoriy va uning “Tarixul kabir” asari: tuzilishi, manbalardan foydalanish va tanqid usuli” mavzusida olib borayotgan ilmiy izlanishlari taqdimotini oʻtkazdi.
Marmara universiteti doktoranti Daniyar Issabekov XIII-XIV asrlarda Markaziy Osiyodagi siyosiy va ilmiy oʻzgarishlar sharoitida “Hidoya” asarining ikki muhim sharhi — Hisomiddin Husayn Sigʻnoqiyning “An-Nihoya fiy sharhil Hidoya” va Jaloliddin Gurlaniyning “Al-Kifoya fiy sharhil Hidoya” asarlarining yuzaga kelish tarixi, mualliflarning hayoti va ilmiy merosi haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Uning taʼkidlashicha, Sigʻnoqiy oʻziga xos ilmiy tahlil va mantiqiy fikr yuritish uslubi bilan ajralib turadi. U oyat va hadislarni toʻliq keltirib, maʼnolarini chuqur sharhlaydi. Gurlaniy esa amaliyotga moslashtirilgan, qisqa va ravon uslubni tanlagan.
Tadqiqotchi, shuningdek, ikki muallif oʻrtasidagi uslubiy farqlarni, ularning manbalarga munosabatini ilmiy misollar asosida yoritdi.
Maʼruza davomida tinglovchilar “Hidoya”ga Markaziy Osiyo va arab Sharqida yozilgan sharhlar oʻrtasidagi metodologik farqlar, shuningdek, Sigʻnoqiy asaridagi didaktik uslubning oʻziga xos jihatlari haqida ham qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldi.
Tadbir davomida Trabzon universiteti tadqiqotchisi Xadija Demirji Akyuz Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” asari yuzasidan mazmunli maʼruza qildi.
Tadqiqotchi asosiy eʼtiborni asarning yozilish jarayoni, tasnif tizimi, biografik maʼlumotlarni taqdim qilish uslubi va roviylar tanqidining oʻziga xos shakllariga qaratdi. Ayniqsa, tartib va tasnifga alohida urgʻu berdi – asarda jami 13 ming 787 roviy haqida maʼlumot berilgan boʻlib, hammasi alifbo tartibida keltirilgan va sahobiylarga alohida eʼtibor qaratilgan. Roviylarning shaxsiyati, yashagan mintaqalari, rivoyatlari, ustoz-shogird aloqalari, baʼzan hatto kasbi kori haqida aniq maʼlumot berilgan.
Muhaddis roviylarga munosabat bildirishda (jarh yo taʼdil – qabul qilish yoki rad etish) oʻziga xos tanqidiy ifoda va istilohlardan (“fiyhi nazar” – “uni tekshirib koʻrish kerak”, “munkarul hadis” – “hadisi inkor qilingan” kabi) foydalangan, oldingi avlod ulamolari fikrlariga tayangan.
Maʼruzachi hadislarning haqiqiyligini roviylarning shaxsiyati, sifati, manbasi, rivoyat qilish usuli va matn mazmuni asosida tanqidiy tahlil qilib, xulosa oʻrnida “Tarixul kabir” nafaqat roviylar tarixini yoritish, balki ilmiy tanqid (jarh-taʼdil) metodlarini shakllantirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Ikki tadbir ham qizgʻin savol-javoblar va muhokamalar bilan davom etdi.