Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat koʻrsatyapti. Soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekistonda jami 130 ta — 3 ta oliy va 1 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Joriy yil 25-fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos boʻlib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga boʻlgan huquq va Oʻzbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017-yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy taʼlim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy oʻquv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni nafaqat diniy-maʼrifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Hujjatda diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari — jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilgʻor mexanizmlarni joriy etish, ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bagʻrikenglik kabi umuminsoniy va olijanob gʻoyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur oʻrganish hamda keng targʻib etish belgilangan.
Shuningdek, sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi orasida birdamlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish vazifalari koʻrsatib oʻtilgan.
Farmonda diniy-maʼrifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Raqamli texnologiyalar vazirligi “Haj va umra yagona portali”ni hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqishi belgilangan.
Hujjatdagi yana bir yangilik Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti sifatida qayta tashkil etilgani boʻldi.
Bu institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yoʻnalishlarida diniy sohada mutaxassislar malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul hisoblanadi. Shu bilan birga, barcha taʼlim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari oʻqituvchilari malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ham shu institut zimmasida.
Diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.
Farmon bilan respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida qoʻmitaning Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengashi faoliyati takomillashtirildi.
Xususan, kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish, kengashga diniy konfessiyalarning muammolari boʻyicha davlat va nodavlat tashkilotlarga soʻrov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish hamda kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari oʻrtasida sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish kabi vazifalar belgilandi. Shuningdek, kengashning yangilangan tarkibi ham tasdiqlandi.
Hujjatga asosan, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bundan maqsad Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asosda oʻrganish, yosh avlodni bagʻrikenglik hamda oʻzaro hurmat ruhida tarbiyalash, tasavvuf taʼlimoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro maydonda keng targʻib qilishdir.
Shuningdek, naqshbandiylik taʼlimotining ezgu gʻoyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan anjuman, konferensiya, koʻrgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish va tasavvuf taʼlimotining ilmiy asoslangan gʻoyalarini targʻib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish kabilar ham markazning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, farmonga asosan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi. Markaz islomshunoslik yoʻnalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bogʻliq jarayonlar boʻyicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Markaz Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy merosni oʻrganadi, jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazadi, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etadi. Mamlakatimiz hududida roʻy bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etib, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining maʼnaviy poydevorini yaratishda ishtirok etadi.
Shu bilan birga, islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganadi va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazadi. Diniy taʼlim muassasalariga ilmiy tadqiqot va oʻquv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlar malakasini oshirishda amaliy yordam koʻrsatadi. Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqadi.
Mazkur farmonda belgilangan yana bir muhim jihat shuki, diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi hamda uning tarkibi tasdiqlandi.
Ushbu kengash diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul boʻlgan maslahat organi hisoblanadi. Uning asosiy vazifalari etib “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulugʻlangan vatanparvarlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy gʻoyalarni aholi orasida keng targʻib etish, diniy-maʼrifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur oʻrganib borish, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish belgilangan.
Shuningdek, soha tashkilotlarida toʻplangan ilmiy-uslubiy ishlanma va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi taʼlim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, oʻquv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini taʼminlash, diniy mavzuda respublikaning barcha taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalarida bajariladigan tadqiqotlar mavzu va yoʻnalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish ham kengash vazifasi hisoblanadi.
Farmonga binoan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislar, oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi boʻladi. Uning asosiy vazifalari etib islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash belgilandi.
Shu bilan birga, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalar, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlari hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish, qolaversa, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish ham akademiyaning vazifasidir.
Oʻz navbatida, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmogʻida taʼlim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish, talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish ham akademiyaning asosiy vazifalari sirasidan.
Farmon asosida akademiyaga oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunk-turasidan kelib chiqib belgilash, yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish, oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish kabi huquqlar ham berildi.
Hujjatda belgilangan vazifalardan anglash mumkinki, mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar diniy-maʼrifiy sohada ham tizimli ravishda kechmoqda.
Bu esa yurtimizdagi turli din va millat vakillarining oʻzaro hamjihatlik, ahillik, mehr-oqibatda yashashiga, pirovardida mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning yanada mustahkamlashiga asosdir.
Mazkur farmon yurtimiz fuqarolarining vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida oʻz vaqtida qabul qilingan muhim va zaruriy hujjat boʻldi.