Home / FOTO LAVHALAR / Tarixiy toponimlarga yangi nazar

Tarixiy toponimlarga yangi nazar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Oriyental universiteti professori, tarix fanlari doktori Shamsiddin Kamoliddin “Markaziy Osiyo mintaqasining tarixiy nomlari” mavzusida maʼruza qildi.

Olim oʻz ilmiy tahlilida Markaziy Osiyodagi tarixiy nomlar — xususan, Turon, Turiston, Turkiston, Movarounnahr kabi makrotoponimlarning paydo boʻlishi, qachon va qanday sharoitda ishlata boshlangani, ularning siyosiy va etnotarixiy maʼnosini atroflicha yoritdi. Mintaqada turli davrlarda hukmronlik qilgan muayyan kuchlar bu hududga oʻz nomini berishga intilganini taʼkidlab oʻtdi.

Maʼruzachi taʼkidlagan yana bir muhim jihat – mintaqaning ayrim toponimlari faqat geografik emas, balki etnosiyosiy mohiyatga ham ega boʻlgani. Ayniqsa, Turon nomi ayrim manbalarda eftalitlar yoki kushonlar davlatiga, keyinroq esa Turk xoqonligiga nisbatan qoʻllangani taʼrif etildi. Turkiy, arabiy va forsiy manbalarda bu nomlar har xil bitilib, Markaziy Osiyoning turli qismlarini ifodalagan.

“Movarounnahr” nomining paydo boʻlishi va arablar davrida keng tarqalgani haqida toʻxtalib, olim bu atama siyosiy emas, faqat geografik tushuncha ekani taʼkidladi. Bundan farqli oʻlaroq, “Turkiston” va “Turon” tushunchalarini xalqning etnik oʻzligi va madaniyatini ifoda qiluvchi tarixiy-siyosiy atamalar sifatida talqin qildi.

Seminar qizgʻin muhokamalar va  savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Maxsus shtab: hozirgacha diniy-maʼrifiy yoʻnalishda 14 ta loyiha uchun texnik topshiriqlar tayyorlangan

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan muzey ekspozitsiyasini boyitish, diniy-maʼnaviy merosni targʻib qilish va yosh avlodni …