Home / MAQOLALAR / 100 ta sirli ibora (3-qism)

100 ta sirli ibora (3-qism)

100 ta SIR-ASRORLI IBORA yoxud ODAMLAR BILAN MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI 100 ta “SEHRLI SOʻZ” ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
 
DONO XALQIMIZ MAQOLLARIDAN:
 Oʻzingga ravo koʻrmaganni
Oʻzgaga ham ravo koʻrma!
 
 Shirin-shirin soʻzlasang,
Ilon inidan chiqar.
Achchiq-achchiq soʻzlasang,
Musulmon dinidan chiqar.
 
 Kishining koʻnglini ogʻritma zinhor –
Sening ham koʻnglingni ogʻrituvchilar bor!
 
 Anjom – uy ziynati,
Soʻz – inson ziynati.
 
 Koʻngilni qoʻl bilan ovlamasang,
Til bilan ovla!
 
 Bugʻdoy noning boʻlmasin,
Bugʻdoy soʻzing boʻlsin!
 
 Puling boʻlmasa, boʻlmasin,
Shirin soʻzing boʻlsin!
 
 Bir yaxshi gap esdan chiqmas,
Bir – yomon gap.
 
 Ogʻziga kelganni demak — nodonning ishi,
Oldiga kelganni yemak — hayvonning ishi.
 
 Achchiq savol berib,
Shirin javob kutma.
 
 Achchiq til – zahri ilon,
Chuchuk tilga – jon qurbon.
 
 Aytar soʻzni ayt,
Aytmas soʻzdan qayt!
 
 Tuzsiz oshning epi oson,
Tuzsiz gapning epi qiyin.
 
 Aytilgan soʻz – otilgan oʻq.
 
 Ariqni suv buzar,
Odamni – soʻz.
 
 Bemorga shirin soʻz kerak,
Aqlsizga – koʻz.
 
 Bir tavakkal buzadi
Ming qaygʻuning qalʼasin.
Bir shirin soʻz bitkazar
Ming koʻngilning yarasin.
 
 Gap egasini topadi.
 
 Gapi toʻmtoqning oʻzi toʻmtoq.
Gapi toʻngning oʻzi toʻng.
 
 Dunyoni yel buzar,
Odamni – soʻz.
 
 Duo bilan el koʻkarar,
Yomgʻir bilan yer koʻkarar.
 
 Duo olgan – omondir,
Qargʻish olgan – yomondir.
 
 Yomon gap yer tagida uch yil yotar.
 
 Yomon soʻzning qanoti bor.
 
 Yomon soʻz egasiga qaytar.
 
 Yomon til yo jonga urar,
Yo – imonga.
 
 Yomonning yuzi qursin,
Gapirgan soʻzi qursin.
 
 Zahar til suyakni yorar.
 
 Iliq soʻz – shakar,
Sovuq soʻz – zahar.
 
 Yoʻl quvgan xazinaga yoʻliqar,
Soʻz quvgan – baloga.
 
 Kishining oʻzi yetmagan yerga soʻzi yetar.
 
 Kuch egmaganni soʻz egar.
 
 Koʻp gap – eshakka yuk.
 
 Ovqatni tuz mazali qilar,
Odamni – soʻz.
 
 Odam soʻzi bilan sinalar,
Osh – tuzi bilan.
 
 Odam soʻzlashib tanishar,
Hayvon – hidlashib.
 
 Oz gapir – soz gapir!
 
 Olim soʻzi oz,
Oz boʻlsa ham – soz.
 
 Sabr qilgan moy oshar,
Olqish olgan koʻp yashar.
 
 Sevdirgan ham til,
Bezdirgan ham til…
 
 Sel ariqni buzar,
Yomon soʻz – dilni.
 
 “Sen” ham bir ogʻizdan,
“Siz” ham…
 
 Suydirgan ham til,
Kuydirgan ham til.
 
 Suyaksiz til suyak sindirar.
 
 Soʻz nayzadan oʻtkir.
 
 Soʻz oyoqdan ilgari borar.
 
 Soʻz – chumchuq emas,
Ogʻizdan chiqsa, tutib boʻlmas.
 
 Soʻzdan soʻzni farqi bor,
Oʻttiz ikki narxi bor.
 
 Soʻzi nodurustning oʻzi nodurust.
 
 Soʻzlagandan soʻzlamagan yaxshiroq,
Soʻzlab edim – boshimga tegdi tayoq.
 
 Soʻzning boyligi – odamning chiroyligi.
 
 Tanballik – kulfat,
Mahmadonalik – ofat.
 
 Til – aql bezagi.
 
 Til – aql tarozusi.
 
 Til – aql oʻlchovi.
 
 Til bor – bol keltirar,
Til bor – balo keltirar.
 
 Til – dil kaliti.
 
 Til – dil tarjimoni.
 
 Til tigʻi qilich tigʻidan oʻtkir.
 
 Til yugurigi – boshga,
Oyoq yugurigi – oshga.
 
 Til yaxshisi bor etar,
Til yomoni xor etar.
 
 Til tigʻdan oʻtkir.
 
 Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz.
 
 Tilga eʼtibor – elga eʼtibor.
 
 Tilga ehtiyot – elga ehtiyot.
 
 Tili nopok – oʻzi nopok.
 
 Tili shirinning doʻsti koʻp.
 
 Tilni bogʻla dil bilan,
Dilni bogʻla til bilan.
 
 Tigʻ jarohati bitar,
Til jarohati bitmas.
 
 Tuya ham muomalaga choʻkar.
 
 Toʻqson ogʻiz soʻzning toʻqsonta tuguni bor.
 
 Uzun til – boshga toʻqmoq,
Boʻyinga – sirtmoq.
 
 Uzun til – umr zavoli.
 
 Fil koʻtarmaganni til koʻtarar.
 
 Shakar ham tilda,
Zahar ham tilda…
 
 Shirin soʻz shakardan shirin.
 
 Shirin soʻz – qaymoqli ayron,
Achchiq soʻz – boʻyniga arqon.
 
 Shirinsoʻz shoh kosasida suv ichar.
 
 Shirin yuzingdan shirin soʻzing aʼlo.
 
 Egasiz qargʻish egasini topar.
 
 Etigi yomon toʻr bulgʻar,
Ogʻzi yomon – el.
 
 Yaxshi gapga quloq sol,
Yomon gapga uloq sol.
 
 Yaxshi gapning ham qulogʻi bor,
Yomon gapning – ham…
 
 Yaxshi naql – tomiri aql.
 
 Yaxshi ogʻizga – osh,
Yomon ogʻizga – tosh.
 
 Yaxshi soʻz boldan shirin.
 
 Yaxshi soʻz boʻldiradi,
Yomon soʻz kuydiradi.
 
 Yaxshi soʻz kuldirar,
Yomon soʻz oʻldirar.
 
 Yaxshi soʻz – koʻngil podshosi.
 
 Yaxshi soʻz suyuntirar,
Yomon soʻz kuyuntirar.
 
 Yaxshi soʻz toʻrga eltar,
Yomon soʻz – goʻrga.
 
 Yaxshi soʻz – yurak yogʻi,
Yomon soʻz – yurak dogʻi.
 
 Yaxshi soʻz qand yedirar,
Yomon soʻz pand yedirar.
 
 Yaxshi soʻzga uchar qushlar el boʻlar,
Yomon soʻzga pashsha kuchi fil boʻlar.
 
 Yaxshi soʻzdan – vafo,
Yomon soʻzdan – vabo.
 
 Qizil tilim boʻlmasa,
Qishlar edim elimda.
Yashil tilim boʻlmasa,
Yayrar edim elimda.
 
 Yaxshining soʻzi – oltin,
Yomonning soʻzi – bolta.
 
 Yaxshining soʻzi toshni eritar,
Yomonning soʻzi boshni chiritar.
 
 Oʻn ogʻiz soʻz ming ogʻiz boʻlar.
 
 Oʻttiz tishdan chiqqan soʻz
Oʻttiz uruqqa tarqalar.
 
 Oʻq birni oʻldirar,
Soʻz – mingni.
 
 Yomonlikka yaxshilik – er kishining ishidir.
Yomonlikka yomonlik – har kishining ishidir.
 
 Qargʻishning ikki uchi boʻlar.
 
 Yaxshi soʻzning mazasini bilmagan
Yomon soʻzning izzasini bilmas.
 
 Quloqdan kirgan sovuq soʻz
Koʻngilga borib muz boʻlar.
 
 Goʻsht-yogʻ berma,
Yaxshi til ber!
 
 Yaxshi osh berguncha, yaxshi soʻz ber!
 
 Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,
Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.
 
 Doʻst orttiraman desang,
Shirin suhbat qil!
Dushman orttiraman desang,
Chaqirtikan boʻl!
 
 Qattiq gap qarindoshga ham yoqmas.
 
 Yaxshining soʻzi – qaymoq,
Yomonning soʻzi – toʻqmoq.
 
Yaxshi-yaxshi desa,
Kunda tariqday yaxshilik qoʻshilar emish.
Yomon-yomon desa,
Kunda tariqday yomonlik qoʻshilar emish.
 
 Oʻzi sovuqning – soʻzi sovuq.
 
 Oʻziga boqma – soʻziga boq!
 
 Taom lazzati oʻzida,
Odam lazzati – soʻzida.
 
 Har mevaning poʻchogʻi bor,
Har soʻzning oʻlchovi bor.
 
 Tilingda boʻlsa boling –
Kulib turar iqboling.
 
 Yomon til boshga balo keltirar.
Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.
 
 Mazlumlar dilini ogʻritma bir zum,
Balki bir kun oʻzing boʻlasan mazlum…
 
 Gapning qisqasi yaxshi,
Qisqasidan hissasi yaxshi.
 
(3 – qism tugadi. Davomi bor…)
 
Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz

Check Also

Imom Moturidiy – jahon tamaddunining buyuk shaxsiyati

Insoniyat tarixida oʻz oʻrniga ega boʻlgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat …