Insoniyat tarixida oʻz oʻrniga ega boʻlgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qatʼiy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qoʻshgan hissasi, aql va naqlni uygʻunlashtirishdagi oʻrni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Koʻpchilik “Abu Mansur” nisbasini eshitganda, u zotning oʻgʻli “Mansur” boʻlganmi, degan savolga toʻxtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning “Mansur” ismli oʻgʻli boʻlgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi boʻlganini taʼkidlagan. Lekin Imom Moturidiy oʻz tafsirida oʻgʻil farzandli boʻlishni orzu qilganini va uni “Mansur” deb nomlashini aytib oʻtgan. Bu haqda “Taʼvilot al-Qurʼon”da shunday deyiladi: “Abu Mansur” deb, unga “Mansur” ismli oʻgʻil tugʻilishi umidida ishlatiladi”.
Bu orzu amalga oshgan yoki yoʻqligi haqida tarixiy maʼlumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni koʻrsatsa-da, uning tuygʻulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. “Sayful-haq” (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor boʻlgan olim Abu Muin Nasafiyning taʼkidlashicha: “Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning oʻzi boʻlganida ham, yetarli boʻlar edi”. Bu taʼrif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi oʻrnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: “Ilm ummoniga shoʻngʻib, undagi noyob durlarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni oʻz fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim”, degan taʼrifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va eʼtirofi ham juda taʼsirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir boʻlmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan koʻrib, hayrat bilan nazar tashlar va Qurʼoni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: “Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi” (“Qasos” surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy “al-Favoidu-l-bahiya” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning toʻgʻri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning taʼkidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzgʻunchi gʻoyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni toʻgʻri yoʻlga yoʻllovchi shaxs sifatida eʼtirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri boʻlgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Saʼd Damanhuriy oʻzining Imom Moturidiyga bagʻishlab yozgan asarida shunday deydi: “Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam boʻlib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi boʻlganlarning barchasi uning benazir olim ekanini eʼtirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bidʼat va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma boʻlgan. Ul zot koʻplab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni magʻlub etgan”.
Moturidiyshunos olim Soʻnmas Qutlugʻ esa shunday deydi: “Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulugʻ inʼom, bebaho tuhfadir”.
Ayrimlar “Kitob at-tavhid”ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga oʻsha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni oʻz oʻrnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uygʻunlashtira olgan olim edi. U zot oʻzining sogʻlom eʼtiqodga bagʻishlab yozgan “Kitob at-Tavhid” asarida Qurʼoni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar eʼtibor qilganini koʻrsatadi. Turk olimi Bakr Toʻpol ushbu koʻrsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini taʼkidlagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi oʻlaroq “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuygʻusini uygʻotmay qolmaydi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa taʼlimotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U oʻz asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bidʼatchi toifalarning notoʻgʻri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.