Home / ALLOMALAR / SAMARQANDNING UCH GAVHARI

SAMARQANDNING UCH GAVHARI

Samarqand allomalar yurtidir. Uning zaminida necha-necha ulamoyu fuzalolar yashab ijod qilgan. Ular oʻrtasidagi birodarlik, hamfikrlik ruhi mintaqada juda katta ilmiy meros hosil boʻlishiga xizmat qilgan. Olimlarning ahilligi jamiyat barqarorligini, fiqhiy va aqidaviy birdamlikni taʼminlagan.

Samarqand ulamolari orasida bir-biri bilan chambarchas bogʻliq nomlar koʻp uchraydi. Bir zamonda yashagan olimlar mustahkam oʻzaro aloqa oʻrnatgan. Shular orasida Qozi Ali Sugʻdiy, Imom Abu Shujoʼ Samarqandiy va Qozi Hasan Moturidiyning alohida oʻrni bor.

XI asrda yashagan bu uch imom oʻz davrining ilm dargʻalari edi. Samarqand muzofotida katta nufuzga ega, diniy masalalarda peshvo boʻlgan bu ulamolar nafaqat oddiy xalq, balki ahli ilmga ham rahnamolik qilgan. Mintaqada mazhab rayosati ularning qoʻliga oʻtgan, ittifoqi moʻtabar hisoblangan. Uchovi biror masala boʻyicha ittifoq qilsa, hamma shuni qabul qilgan, aksincha, ularning tasdigʻidan oʻtmas ekan, har qanday fatvoni eʼtiborsiz qoldirgan. Lekin ilm olamida katta shuhrat qozonganiga qaramay, afsuski, bu ulamolarning hayoti va ilmiy faoliyati haqida juda oz maʼlumot saqlanib qolgan.

Qozi Ali Sugʻdiy. Samarqandda tugʻilib voyaga yetgan alloma keyinchalik Buxoroga koʻchadi va u yerning bosh qozisi etib tayinlanadi. Umrining oxirigacha Buxoroda yashab qoladi. Fiqh ilmini Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad Kafiniydan oʻrganadi. Undan Shamsulaimma Saraxsiy “Siyarul kabir”ni rivoyat qilgan. Bu bilan Saraxsiy Qozi Alining shogirdi boʻlganini anglash mumkin. Boshqa shogirlari Usmon ibn Ibrohim Fazliy Buxoriy va Abu Shujoʼ Samarqandiydir. Qozi Ali “An-Nutaf fil fatovo”, “Sharhu siyarul kabir”, “Sharhu adabil qoziy”, “Favoid” singari asarlar yozgan.

1068-yili Buxoroda olamdan oʻtgan.

Abu Shujoʼ Samarqandiy Samarqandning buyuk faqihlaridan biridir. Nasabi Abbos ibn Ali orqali hazrati Ali ibn Abu Tolibga (karramallohu vajhahu) bogʻlanadi. Abbos ibn Ali Hazrati Alining Ummul Banin Fotima binti Hizom nomli ayolidan dunyoga kelgan[1].

Toʻliq ismi – Abu Shujoʼ Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza ibn Husayn ibn Ali ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Ali ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Abbos ibn Ali ibn Abu Tolib Alaviy. Nomiga alaviy nisbasining qoʻshilgani mazkur nasab bilan bogʻliqdir. Ilm ahli orasida Sayyid Abu Shujoʼ kunyasi bilan tanilgan.

Taxminan 1033-1130-yillar orasida yashagan.

Manbalarda Abu Shujoʼ Samarqandiyning ustozi sifatida maqolamiz qahramonlaridan biri, doʻsti, maslakdoshi Qozi Ali Sugʻdiyning nomi zikr etiladi. Shogirdlari qatorida esa, “Kitobut tamhid li qavoidit tavhid” muallifi Abussanoiy Mahmud ibn Zayd Hanafiy Lomishiy Moturidiy (vaf. 1144)[2], Qozi Sadid Muhammad ibn Abdulloh Soigʻiy Marvaziy (1067-1135)[3], Zohiruddin Ali ibn Abdulaziz ibn Abdurazzoq Margʻinoniy (vaf. 1112)[4] kabi bir qancha nomlarni keltirish mumkin. Allomaning oʻgʻli Abul Vazzoh Muhammad ibn Muhammad ham otasi qoʻlida katta faqih boʻlib yetishgan va undan hadis rivoyat qilgan.

Shuningdek, Moturidiylik taʼlimotining yirik namoyandalaridan biri, mashhur olim Alouddin Usmandiy Samarqandiyning ilm silsilasi Abu Shujoʼ Samarqandiyga bogʻlanadi. Usmandiy fiqh ilmini Ashraf ibn Muhammad Alaviydan, u otasi Abul Vazzoh Muhammad Alaviydan olgan. Abul Vazzoh esa, taʼkidlanganidek, Abu Shujoʼ Samarqandiyning oʻgʻli va shogirdidir.

Qozi Hasan Moturidiy. Hijriy beshinchi asrda Samarqandda yashagan buyuk hanafiy olimlardan biri. Imom Moturidiy oilasiga mansub bu olim V/XI asrning ikkinchi yarmida vafot etgan. Ayrim manbalarda 1059-yil koʻrsatilgan[5].

Toʻliq ismi – Hasan ibn Ali ibn Muhammad ibn Affon ibn Ali ibn Fazl ibn Zakariyo ibn Usmon ibn Affon ibn Xolid ibn Zayd ibn Kulayb Moturidiy. Xolid ibn Zayd mashhur sahoba Abu Ayyub Ansoriyning ismidir. Qozi Hasanning nasabi unga borib yetadi[6].

Qozi Hasan Imom Moturidiyga ona tomondan bogʻlangan. Allomaning otasi Ali ibn Muhammad Moturidiyning nabirasi, yaʼni qizining qizi bilan oila qurgan va bu juftlikdan Qozi Hasan dunyoga kelgan. Ravshan Elmurodov boʻladiki, Qozi Hasan Imom Moturidiyga evaradir. Tadqiqotchilar Imom Moturidiyga Ansoriy nisbasi qoʻshilishini shu maʼlumot bilan bogʻlaydi. Imom Moturidiy Abu Ayyub Ansoriyning naslidan degan qarashlar mavjud boʻlsa-da, buning asosi yetarli emas. Sababi shuki, ushbu maʼlumot “Kitobut tavhid”ning yagona nusxasi hoshiyasida nomaʼlum muallif tomonidan yozib qoldirilgan qaydga tayangan boʻlib, oʻz tasdigʻini topmagan. Shu bois Qozi Hasanning nasab silsilasi chalkashtirilib, Imom Moturidiyga nisbat berilgani ehtimoli ham yuqori[7].

Qozi Hasanning oʻgʻli Abul Hasan Ali ibn Hasan Moturidiy (vaf. 1117) ham Samarqandning buyuk olimlaridan boʻlgan. Baʼzi manbalarda olim otasi bilan adashtirib yuborilgan va hatto Imom Moturidiyning nabirasi ekani aytilgan[8]. Bu yanglish qarashdir. Chunki alloma Abul Hasan hijriy oltinchi asrning boshida, 1117-yilda vafot etgan. Imom Moturidiy esa hijriy toʻrtinchi asrning birinchi yarmida, yaʼni 945-yilda olamdan oʻtgan. Oradagi muddat salkam ikki yuz yilni tashkil qilmoqda va evara boʻlish uchun ham koʻplik qiladi. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, Abul Hasan Qozi Hasanning oʻgʻli, Imom Moturidiyning esa chevarasidir.

Qozi Hasan Moturidiy va uning oʻgʻli alloma Abul Hasan Samarqandda vafot etgan va Imom Moturidiy abadiy qoʻnim topgan Chokardiza qabristonida, bobosining yoniga dafn etilgan[9].

Maqolada oʻz aksini topganidek, bu uch olim orasida Qozi Ali Sugʻdiydan nisbatan kengroq ilmiy meros yetib kelgan. Uning hanafiy fiqhiga oid “An-Nutaf fil fatovo” asari 1984-yili Bayrutda chop etilgan. Biroq Qozi Hasan Moturidiy va Abu Shujoʼ Samarqandiyning ilmiy merosi saqlanib qolmagan. Ayrim manbalardagi iqtiboslarni hisobga olmaganda, ularga tegishli biror asar mavjudligi maʼlum emas. Samarqandlik yana bir faqih Nosiruddin Samarqandiyning (vaf. 1161) “Al-Multaqot fi fatovol hanafiya” nomli asarida bu ikki alloma fatvolaridan baʼzi iqtiboslar[10] keltirilgan, xolos.

Kelajakdagi tadqiqotlar, hanuz oʻrganilmagan qoʻlyozma asarlar maqolada nomlari zikr etilgan allomalar ilmiy merosi haqida kengroq maʼlumot beradi, degan umiddamiz.

[1] Abu Abdulloh Musʼab ibn Abdulloh Musʼab Zabiriy. Nasabu Quraysh. – Qohira: Dorul maorif, 1951. –B. 43.
[2] Sh.Shovkatov. Eurasian journal of social sciences. Volume 3 Issue 4, Part 2 April 2023. –B.: 113/109-115.
[3] Laknaviy. Al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya. – Bayrut: Darul arqam, 1998. – B. 296
[4] Laknaviy. Al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya. – Bayrut: Darul arqam, 1998. – B. 204
[5] Oqilov S. Abu Mansur Moturidiy. – T.: Hilol Nashr. – B. 55.
[6] Samʼoniy. Ansob. – Haydarobod: Doiratul maorif, 1981. – J. 12. – B. 3.
[7] Shukru Oʻzan. Moturidiy. Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.– Anqara: TDV, 2003. – J. 28. – B. 146.
[8] Samʼoniy. Ansob. – Haydarobod: Doiratul maorif, 1981. – J. 12. – B. 3.
[9] Shukru Oʻzan. Moturidiy. Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.– Anqara: TDV, 2003. – J. 28. – B. 146.
[10] Qarang: Nosiruddin Samarqandiy. Al-Multaqot fil fatovol hanafiya. Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 2000. – B. 66, 135, 142, 143, 226.
Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

QOZI HASAN MOTURIDIY (V/XI ASR)

Qozi Hasan Moturidiy hijriy beshinchi asrda Samarqandda yashagan buyuk hanafiy olimlardan biridir. Imom Moturidiy oilasiga …