Home / MAQOLALAR / TOʻYLARIMIZ HAQIDA OʻYLARIMIZ

TOʻYLARIMIZ HAQIDA OʻYLARIMIZ

Oʻzbek xalqining uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan ayrim toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni yaqin insonlar, doʻstu birodarlar ishtirokida zoʻr xursandchilik bilan nishonlash anʼanalari mavjud.  Albatta bunday jamoaviy tadbirlar insonlar oʻrtasida hamjihatlikning, qarindoshlar orasida silayi rahimning ziyoda boʻlishiga, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Biroq soʻnggi yillarda toʻy va maʼraka marosimlarni joylarda ortiqcha dabdaba bilan kim oʻzarga oʻtkazish orqali katta isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Buni odatda tadbir sohiblari qarindoshlar, qudalar va qoʻshnilar tomonidan boʻladigan ayblov mazmunidagi ijtimoiy tazyiqdan xalos boʻlish vositasi deb bilishmoqda. Ayrim xotin-qizlar ongida toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori boʻlsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi boʻladi, degan notoʻgʻri tasavvur shakllangan. Achinarlisi, bunday katta sarf-xarajatli tadbirlar oʻtkazilgandan soʻng yaqin qarindoshlar, qudalar, kelin-kuyovlar oʻrtasida turli ijtimoiy ziddiyat va kelishmovchiliklar yuzaga kelib, oilalar parokanda boʻlmoqda.

 “Nikoh toʻy”, “xatna toʻy” va turli yoshlarda nishonlanadigan yubiley toʻylaridan tashqari “charlar”, “aqiqa”, “muchal toʻyi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin koʻrish” kabi katta sarf-xarajat talab qiladigan turli toʻy va marosimlar ham oʻtkazilmoqda.

Bunday tadbirlarni oʻtkazish udumi ommalashib, hashamatli toʻyxona va restoranlar qurilishini avj oldirib, ulkan biznesga aylandi. Aksariyat toʻyxona sohiblari ixcham va kamxarj oʻtkazish niyatida boʻlgan fuqarolarni toʻy va maʼraka marosimlarini oʻtkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda ehtiyojdan ortiqcha noz-neʼmatlarni dasturxonga qoʻyishga majbur etib, xarajatlarni sunʼiy ravishda oshirilishiga hamda koʻplab oziq-ovqat mahsulotlarining isrofiga yoʻl qoʻymoqda. Nikoh toʻylaridagi kortejlarning tartibsiz harakati insonlar hayotiga xavf solib, roʻy berayotgan avtohalokatlar natijasida hatto ayrim toʻylar azaga aylanmoqda. Toʻydan soʻng boʻlayotgan mushakbozliklar tungi osudalikni buzyapti. Mazkur beqaror vaziyat minglab oilalarning hayoti va ijtimoiy ahvoliga, jamiyatimizda qaror topgan maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.

Shu bois, toʻy, oilaviy tantana va maʼraka marosimlarni  oʻtkazish bilan bogʻliq bunday vaziyatni bartaraf etish maqsadida 2019-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori eʼlon qilindi[1]. Ushbu qaror asosida “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi” Nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga hamda xalqimizning milliy urf-odatlari, maʼnaviyati, madaniyati, anʼanalari va qadriyatlarini hurmat qilishga, jamoat tartibini saqlashga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga, oilaviy tadbirlarni oʻtkazishda shuhratparastlik, dabdaba va isrofgarchilikning oldini olishga qaratildi.

Muqaddas dinimiz barqaror hayot kechirish uchun tejamkor boʻlish va isrofdan saqlanishga buyuradi. Bunga amal qilgan ota-bobolarimiz har bir neʼmatni eʼzozlab, uni uvol qilmaslikka uringan. Aslida toʻy va maʼraka marosimlarida haddan oshish va isrofga yoʻl qoʻyish savob oʻrniga gunoh orttirishga sabab boʻladi.

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularga Yer yuzini makon qilib berdi va behisob neʼmatlarni ato etdi. Ularni bu neʼmatlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi. Zero, isrof dinimizda qattiq qoralanadi. Bu borada Qurʼoni karimda bunday buyurilgan:

“…Shuningdek, yenglar, ichinglar, (lekin) isrof qilmangizlar! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”[2].

Qurʼoni karimda isrofning zarari, isrof qiluvchining mazammati haqida bir qancha oyatlar bor. Alloh taolo aytadi:

“(Baxillik qilib) qoʻlingizni boʻyningizga bogʻlab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda oʻtirib qolursiz”[3], deb oʻrtacha yoʻl tutishni tavsiya etadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga oʻtmanglar”, “Kim hayotda tejamkor boʻlsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”.

Lekin taassuflar boʻlsinki, bugungi kunga kelib, koʻp hollarda toʻy, maʼraka va marosimlarda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmoqda. Yeyishga yaroqli koʻplab noz-neʼmatlar uvol qilinib, xonadonlar boshiga qarzdorlik balosi tushmoqda.

Birgina nahorgi oshga bir necha yuzlab mehmonga toʻkin dasturxon yozish bilan birga, toʻy kelar, sabzi toʻgʻrar, nikoh bazmi, charlar, chaqiriq, hayit, undan keyin qovurdoq, beshiktoʻy kabi turfa yangi marosimlar urfga aylanmoqda. Shuningdek, qimmatbaho mebel, hashamatli parda va sarpolar sovgʻa qilish tomonlarning majburiyati sifatida iddao qilinmoqda. Aslida toʻy va marosimlarga sarflanayotgan ortiqcha mablagʻlar yoshlarning kelajak hayotida asqatadigan ilm olishga, kasb-hunar oʻrganishga va boshqa zaruriy ehtiyojlarga sarflansa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Chunki Alloh taolo insoniyatga hayot, sogʻliq, oila, mol-mulk kabi ulkan neʼmatlar inʼom etish bilan birga, ulardan toʻgʻri foydalanishga ham buyurgan.

Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi:

 “Soʻngra ana oʻsha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) neʼmatlar toʻgʻrisida soʻroq qilinursizlar!”[4]

Aslida, halol mehnat ortidan topilgan boylikning xayrli ishlarga, avvalo, muhtojlar ehtiyojiga sarflanishi chinakam saxovatdir. Bu haqda hazrat Navoiy “Hurmatga loyiq odamlar muhtojlikka tushib qolsa yoki keksalik tufayli kasb-hunar qila olmay qolsa va tilanishga tili bormasa, ularga rahm qilmoqni gʻanimat bil va qoʻlingdan kelganicha ehson qil. Lekin yigit kishining qoʻlidan ketmon chopish kelsa, oʻtin tashimoqni uddalasa, unga ehson qilgan kishi Alloh molini zoye qilgan boʻladi”[5], deydi. Yana taʼkidlaydiki, “Isrof qilish saxovat emas, oʻrinsiz sovurishni aqlli kishilar saxiylik demaydilar. Halol molni kuydirganni devona deydilar, yorugʻ joyda sham yoqqanni aqldan begona deydilar”[6]. Mutafakkirning ushbu hikmatli oʻgitlari ehson va xayr-saxovatni amaldor va puldorlarga emas, balki miskin va muhtojlarga qilish lozimligini eslatmoqda.

Nikoh toʻyi sunnat marosimlardan boʻlib, toʻy kuyov tomonidan kelin sharafiga uyushtiriladi va ularning nikohi eʼlon qilinadi.

Chaqaloqning tugʻilishi bilan bogʻliq aqiqa marosimi ham sunnat amallardandir. Mazkur marosim oilada yangi tugʻilgan farzand va uning onasi haqiga shukronalik sifatida oʻtkaziladi.

Ota-bobolarimiz azaldan toʻy va marosimlarni ixcham va kamtarona oʻtkazishni targʻib etib kelgan. Jumladan, Abdurauf Fitrat: “Nikoh er-xotinning hayotda sheriklik qilishining ahdu paymon bitimi boʻlib, uni shodonlik va xursandchilik bilan oʻtkazish lozim. Toʻy munosabati bilan bir qator yor-birodarlar yigʻilib xursandchilik qilib, samimiy suhbat qilsa, albatta, ular oʻrtasida mehr ziyoda boʻladi. Buning ustiga, qancha miskin va muhtoj odamlar shu mavrid bilan toʻy neʼmatlaridan bahramand boʻladi. Shu sababli, toʻy foydali marosimdir. Lekin toʻy foydali boʻlsa ham uni oʻtkazishda chegaradan oshish zarardan boshqa narsa emas”[7], deb yozadi.

Xalqimizda marhumlar xotirasini yod etish bilan bogʻliq uch, yetti, yigirma, qirq, yil, payshanbalik va yakshanbalik kabi marosimlarni oʻtkazish ham ommalashgan. Toʻyxona va restoranlarda oʻtkazilayotgan maʼraka marosimlarida yuzlab mehmonlarga toʻkin dasturxon yoziladi. Aslida bu kabi marosimlarni oʻtkazish shariatda belgilanmagan.

Shuningdek, haj va umra ziyoratini ado etib qaytganlar orasida osh berish yoki amri-maʼruf oʻtkazish odat tusiga kirgan. Lekin shariatda biror ibodat amalini bajargandan keyin osh berilishi lozimligi aytilmagan. Vaholanki, ushbu amalni bajarish orqali kishi oddiy bandalik vazifasini oʻtaydi, xolos. Xulosa oʻrnida ulugʻ mutafakkir Umar Hayyomning  quyidagi toʻrtligini keltirishni lozim topdik:

Muhtojlik kuyida bir dilni ovla,

Yurakka yaqinroq maʼqulni ovla.

Ming kaʼba safari bir dilcha turmas,

Makkada nima bor, koʻngilni ovla[8].

 [1] https://lex.uz/docs/5153833
[2] Aʼrof surasi, 31-oyat // Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. Tarjimon va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T., 2020. – B.95.
[3] Isro surasi, 29-oyat // Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. Tarjimon va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T., 2020. – B.181.
[4] Takosur surasi, 8-oyat // Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. Tarjimon va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T., 2020. – B.463.
[5] Alisher Navoiy. Mahbubul qulub (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. – T.: Sano-standart, 2018. –B. 153-154.
[6] Alisher Navoiy. Mahbubul qulub (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. – T.: Sano-standart, 2018. –B.108.
[7] Abdurauf Fitrat. Oila. 5 jildlik tanlangan asarlar. IV jild. – T.: Maʼnaviyat, 2006. – B. 238-239.
[8] Aql aqldan quvvat oladi (Hikmatli soʻzlar, aforizmlar va maqollar) . – T.: Oʻzbekiston, 1967. – B.42.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

MAZHABDA BOʻLISH VOJIB

Islom olamida koʻp asrlardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan hanafiy, shofeʼiy, hanbaliy va molikiy mazhablarining haq …