Home / MAQOLALAR / XUROSON MAVOLIYLARI VA ULARNING HADIS ILMI RIVOJIDAGI OʻRNI 2-QISM

XUROSON MAVOLIYLARI VA ULARNING HADIS ILMI RIVOJIDAGI OʻRNI 2-QISM

Xuroson mintaqasidagi asar sohibi boʻlgan mavoliy muhaddislar

  1. Ato ibn Abu Muslim (Abdulloh) Xurosoniy, mavlo Muhallab ibn Abu Sufra (vaf. 135/752)

Abu Ayyub kunyasiga ega boʻlgan Ato ibn Abu Muslim, Azd qabilasidan Muhallab ibn Abu Sufraning mavlosidir[1]. Asli Xurosonning Balx shahridan[2]. Otasining Abdulloh ismi yonida Maysara ismi bilan ham qayd etilgani keltiriladi[3]. Ammo Atoning kelib chiqishi va qullik holati haqida aniq maʼlumotga ega emasmiz. Ammo uning vatani va otasining ismi haqidagi maʼlumotlar uning avval fors oilasiga mansub boʻlganini ehtimol qiladi.

50/670-yilda tugʻilgan Ato ibn Abu Muslim hayotining muhim qismini oʻz vatani Xurosonda oʻtkazgan, keyinchalik Damashq va Quddusda yashagan[4]. Shuningdek, uning koʻp sayohat qilgan shaxs ekani qayd etilgan[5].

“Muhaddis”, «mufassir», “faqih” va “voiz” unvonlari bilan tavsiflangan Ato ibn Abu Muslim[6] sahoba va tobeindan koʻplab kishilardan rivoyat qilgan, undan ham koʻplab ulamolar hadis tinglagan[7]. Ato haqida jarh va taʼdil ulamolari odatda “siqa”, «la bʼasa bihi», «la baʼsa bihi, saduq» kabi atamalarni qoʻllaganlar[8]. Ibn Hibbon (vaf. 354/965) uning hifzi yaxshi boʻlmagani va koʻp xatolar qilganini taʼkidlagan[9]. Ammo Zahabiy (vaf. 748/1347) mazkur tanqidni bahsga ochiq deb aytadi[10]. Boshqa tomondan, Atoning mursal rivoyatlari borligiga eʼtibor qaratilgan, shuningdek, sahobalardan naql qilgan hadislarning deyarli barchasini ulardan eshitmagani taʼkidlanib, tadlis qilgani aytilgan[11]. Rivoyatlari esa Buxoriyning (vaf. 256/869) “Sahih”idan tashqari «Kutubi sitta»ga kirgan boshqa asarlarda, Imom Molikning (vaf. 179/795) «Muvatto»si bilan Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 241/855) «Musnad»i hamda Dorimiyning (vaf. 255/868) «Sunan»ida mavjud[12].

Ato ibn Muslim 135/752-yilda Erihoda vafot etgan va Quddusda dafn etilgan[13].

Ustozlari: Said ibn Musayyab (vaf. 93/711), Ato ibn Abu Raboh (vaf. 114/732), Nofeʼ (vaf. 117/735), Amr ibn Shuʼayb (vaf. 118/736) va boshqalar.

Shogirdlari: Maʼmar ibn Roshid (vaf. 153/770), Shuʼba ibn Hajjoj (vaf. 160/776), Hammod ibn Salama (vaf. 167/783), Molik (vaf. 179/795) va boshqalar[14].

Asarlari: 1. at-Tafsir[15]. 2. Nosix val mansux[16]. 3. Tanzilul Qurʼon[17].

  1. Muqotil ibn Hayyon ibn Davol Nabotiy, mavlo Bakr ibn Vayl Balxiy (vaf. 150/767)

Abu Bistom kunyasiga ega boʻlgan Muqotil ibn Hayyon, Bakr ibn Vaylning mavlosi deb qayd etilgan[18]. Shuningdek, Bani Shaybonning mavlosi sifatida tanitilgan otasi Hayyonning Iroqdan Xuroson hududiga kelgani, kelib chiqishiga koʻra asli Nabotiylardan boʻlgani taʼkidlanadi[19].

“Imom”, “muhaddis” va “hofiz” unvonlari bilan atalgan Muqotil, tobein ulamolaridan koʻplab kishilardan hadis eshitgan, undan ham koʻplab hadis olimlari rivoyat qilgan[20]. Muqotil koʻproq Balx shahrida istiqomat qilgan, ammo vaqt-vaqti bilan baʼzi hududlarga sayohat qilgan[21]. Obid va solih shaxsiyati bilan diqqatga sazovor boʻlgan Muqotilning bu sayohatlari, ilm talabidan tashqari daʼvatga qaratilgani ham tushuniladi. Masalan, oxirgi bor borgan Kobulda, bir guruh odamlar uning vositasida islomni qabul qilgani kuzatiladi[22]. Shuningdek, Muqotilning odatda ishonchli muhaddis sifatida baholangani, ammo uni zaif deb hukm qilganlar ham borligi qayd etilgan[23]. Rivoyatlari Buxoriyning (vaf. 256/869) “Sahih”idan tashqari «Kutubi sitta»ga kirgan boshqa asarlarda hamda Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 241/855) «Musnad»i va Dorimiyning (vaf. 255/868) «Sunan»ida mavjud[24].

Muqotil ibn Hayyon 150/767-yilda Kobulda vafot etgan[25].

Ustozlari: Said ibn Musayyab (vaf. 93/711), Mujohid (vaf. 103/721), Ikrima (vaf. 104/722), Qatoda (vaf. 118/736) va boshqalar.

Shogirdlari: Bukayr ibn Maʼruf (vaf. 163/779), Nilh ibn Abu Maryam (vaf. 173/789), Abdulloh ibn Muborak (vaf. 181/797), Iso ibn Musa Gʻunjor (vaf. 187/802) va boshqalar[26].

Asarlari: Tafsiru Muqotil ibn Hayyon[27].

  1. Abdulloh ibn Muborak ibn Vozih, mavlo Bani Hanzala, Marvazi, Xurosoniy (vaf. 181/797)

Abu Abdurrahmon kunyasiga ega boʻlgan Abdulloh ibn Muborak, umumiy holda Bani Hanzalaning mavlosi deb qayd etilgan[28].

Uning valosining bu qabilaga tegishliligi bir vaqtlar otasining Hanzala oilasidan bir savdogarning quli boʻlganiga borib taqaladi[29]. Uning Tamim qabilasidan Bani Abdu Shamsning mavoliysi ham boʻlgani keltiriladi[30]. Etnik kelib chiqishiga kelsak, otasi turk. Xorazmlik boʻlgan onasi ham turk aslli bir oiladan kelgan[31].

118/736 yoki 119/737-yilda ehtimol Xurosonning Marv shahrida tugʻilgan Abdulloh ibn Muborak[32], yigirma yoshlarida ilm oʻrganishni boshlagan[33]. Avvalo Xuroson, Hijoz, Shom, Iroq, Jazira, Misr va Yaman oʻlkalarini kezgan, shu tufayli koʻplab ustozlardan hadis eshitgan, undan ham koʻplab hadis olimlari hadis rivoyat qilgan[34].

Abdulloh ibn Muborak hadislarni yozish tarafdori edi va tabiiyki, naql qilgan hadislarni yoddan koʻra kitoblaridan rivoyat qilardi[35]. Shu bilan birga, u oʻz soʻzlarining boshqa rivoyatlar bilan birga yozilishini maʼqul koʻrmasdi. Bunday holatga duch kelganda, shaxsan oʻzi yozilganni oʻchirib, “Men kimmanki, soʻzlarim yozilsin” deb norozilik bildirgani naql qilinadi[36]. Shuningdek, Ibn Muborak Xuroson mintaqasida, ayniqsa, Marvda hadislarni tasnif qilgan birinchi olim sifatida taqdim etilgan[37]. Yahyo ibn Main (vaf. 233/848) uning kitoblarida yigirma mingdan ortiq hadis boʻlganini aytadi[38].

Ibn Muborak hadis rivoyati bilan birga, ayniqsa, fiqhda ham ajralib turgan. Bu sohada avvalo Abu Hanifadan foydalangan[39]. Hatto uning, fiqh boblariga koʻra tasnif etgan «as-Sunan fil fiqh» nomli asarida Abu Hanifaning (vaf. 150/767) usulini asos qilgani taʼkidlanadi. Ibn Muborak Abu Hanifaning vafotidan keyin imom Molikning (vaf. 179/795) dars xalqasiga qoʻshilgan va fiqh oʻrganishni uning yonida davom ettirgan[40]. Natijada u fiqhda hanafiy va molikiy mazhablarini birlashtirgan bir usulni yaratgan[41].

Barcha bu sifatlari tufayli Ibn Muborak, fiqhul hadis ilmining mashhur ulamolaridan biri sifatida taqdim etilishga haqli boʻlgan[42]. Shuningdek, uning arab tilidan bilimdonligi, sheʼriyat bilan shugʻullanishi, zuhd va jihod tushunchasi qaydga sazovor xususiyatlaridandir[43].

“Imom”, “alloma”, “faqih”, “hofiz”, «shayxul islom», «kasirul hadis», «faxrul mujohidin» va «qudvatuz zohidin» kabi sifatlar bilan tavsiflangan Abdulloh ibn Muborak[44] jarh va taʼdil mutaxassislari tomonidan «siqa, sabt», “siqa”, «maʼmun», «hujja», «sahihul hadis» kabi taʼbirlar bilan baholangan[45]. Shu bilan birga, uning ham ilmiy salohiyatini, ham ishonchliligini koʻrsatuvchi koʻplab maqtov soʻzlariga duch kelamiz. Masalan, Ali ibn Madiniy (vaf. 234/848), hadis ilmi ikki kishiga borib taqalishini, ulardan biri Abdulloh ibn Muborak, ikkinchisi esa Yahyo ibn Maʼin ekanini aytadi[46]. Shuningdek, u haqida «hadischilar orasidagi mavqei, odamlar orasida amirul muʼmininning mavqei kabidir» deyilgan[47]. Ibn Muborak, shuningdek, tobeindan keyingi tabaqadagi jarh va taʼdil ulamolarining yetakchilari orasida zikr qilinadi[48]. Toʻrt mingga yaqin kishidan hadis oʻrgangan va ularning faqat mingga yaqinidan rivoyat qilgan Ibn Muborakning[49] layoqatsizlarning hadislarini qabul qilmaslik va bundaylarga hadis naql qilmaslikni shart qilib olgan[50]. Bu maʼnoda u isnodning qiymati va zaruriyati ustida qatʼiy turib, dinini isnodsiz oʻrganmoqchi boʻlgan kishini, uyining tomiga narvonsiz chiqmoqchi boʻlgan kishiga oʻxshatgan[51], isnod boʻlmagan holda har kim dini haqida xayoliga kelganini aytishini taʼkidlagan[52]. Tadlis qilgan kishilar haqida ham qattiq tanqidlar bildirgan Ibn Muborak bu ishni kechirilmas xatolardan biri deb taʼkidlagan[53]. Rivoyatlari esa «Kutubi sitta»da va Ahmad ibn Hanbalning (v. 241/855) «Musnad»i bilan Dorimiyning (v. 255/868) «Sunan»ida mavjud[54].

Abdulloh ibn Muborak, bir gʻazotdan qaytishda 63 yoshlarida 181/797-yilda Furot daryosi boʻyidagi Hit degan joyda vafot etgan[55].

Ustozlari: Hishom ibn Urva (vaf. 146/763), Aʼmash (vaf. 148/765), Avzoiy (vaf. 157/773), Hammad ibn Zayd (vaf. 179/795) va boshqalar.

Shogirdlari: Abdulloh ibn Vahb (vaf. 197/812), Abdurrahmon ibn Mahdiy (vaf. 198/813), Yahyo ibn Said Katton (vaf. 198/813), Isʼhoq ibn Rohuya (vaf. 238/852) va boshqalar[56].

Asarlari: 1. Kitobuz zuhd var raqoiq (Malegon/ Hindiston, 1966, Bayrut, t.s.). 2. Kitobul jihod (N. Hammod tahqiqi, Bayrut, 1971/1391). 3. al-Musnad. 4. Kitobul birr vas sila. 5. as-Sunan fil fiqh. 6. Kitobut tafsir. 7. Kitobut tarix. 8. al-Arbaʼin. 9. Kitobul istiʼzon. 10. Kitobul manosik[57].

  1. Umar ibn Horun ibn Yazid ibn Jobir, mavlo Saqafiy, Balxiy (vaf. 194/809)

Abu Hafs kunyasiga ega boʻlgan Umar ibn Horun, Saqiyf qabilasining mavlosi sifatida qayd etilgan[58]. Qullik holati va etnik kelib chiqishi haqida aniq maʼlumot yoʻq. Ammo Balx shahriga nisbat qilinishi sababli Umarning fors aslli shaxs boʻlishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

128/745-yilda ehtimol Xurosonning Balx shahrida tugʻilgan Umar ibn Horun, Balxdan tashqari Makka va Bagʻdod kabi baʼzi ilm markazlarida ham boʻlgan, avvalo Ibn Jurayj (vaf. 150/767) boshchiligida koʻplab ulamolardan hadis eshitgan, undan ham koʻplab kishilar hadis tinglagan[59]. Shuningdek, uning yetmish mingga yaqin hadisni bilgani; yoddan rivoyat qilgani, kitob tasnif qilgani va qiroat boʻyicha ilmga ega ekani taʼkidlanadi[60]. Umar ibn Horun “imom”, «olimu Xuroson», «muqriy», “muhaddis”, “hofiz” va «muksir» sifati bilan ham tavsiflanadi[61], ammo jarh va taʼdil mutaxassislari tomonidan «sayyiul hifz», «gʻayru siqa», «laysa bi shay», «zaiful hadis», «matruk» va “kazzob” kabi atamalar bilan baholanadi[62]. Shuningdek, Umarning uzoq vaqt birga yashagan oʻgay otasi Ibn Jurayjdan koʻplab hadis tinglagani, ammo undan naql qilgan rivoyatlar munkar ekani taʼkidlangan[63]. Shuningdek, baʼzi hadis ulamolari Umardan koʻplab hadis yozgani, ammo keyinchalik bu rivoyatlarni naql qilishdan qochib, tark etgani taʼkidlanadi[64]. Rivoyatlari Ibn Moja (vaf. 273/886) va Termiziyning (vaf. 279/892) «Sunan»larida mavjud.

Umar ibn Horun 66 yoshlarida 194/809-yilda Balxda vafot etgan[65].

Ustozlari: Ayman ibn Nabil (vaf. 150/767), Ibn Jurayj (vaf. 150/767), Avzoiy (vaf. 157/773), Yunus ibn Yazid Ayliy (vaf. 159/775) va boshqalar.

Shogirdlari: Qutayba ibn Said (vaf. 240/854), Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/855), Hannod ibn Sariy (vaf. 243/857), Abdulloh ibn Said Ashajj (vaf. 257/870) va boshqalar.

Asarlari: Ism va mazmuni berilmagan boʻlsa-da, Umar ibn Horunning baʼzi hadis juzlari mavjudligi taʼkidlanadi[66].

  1. Fazl ibn Muso Sinoniy, mavlo Bani Qatiya, Marvaziy (vaf. 192/807)

Abu Abdulloh kunyasiga ega boʻlgan Fazl ibn Muso, Bani Zubayddan Qatiʼa oilasining mavlosi sifatida zikr qilingan[67]. Sinoniy nisbasi bilan atalishi ehtimol uning aslida Marvga bogʻliq Sinon nomli bir qishloqdan boʻlgani sabablidir[68]. Shuning uchun Fazlning avvalo fors kelib chiqishiga ega oiladan kelgani taxmin qilinadi.

115/733-yilda tugʻilgan Fazl ibn Musoning hayoti haqida batafsil maʼlumot mavjud emas, ammo uning hadis talabida vatanidan tashqariga chiqqani, turli ilm markazlarini kezgani va u yerdagi koʻplab ulamolardan hadis olgani va undan ham koʻplab hadis olimlari rivoyat qilgani tushuniladi[69].

“Imom” va “hofiz” unvonlari bilan atalgan Fazl ibn Muso[70] jarh va taʼdil ulamolari tomonidan ham “siqa”, «sabt», «saduq, solih» kabi taʼbirlar bilan baholangan[71]. Hatto uning Ibn Muborakdan ham mustahkamroq ekanini taʼkidlaganlar bor[72]. Shu bilan birga, Fazlning baʼzan munkar va gʻarib rivoyatlar naql qilgani ham taʼkidlangan[73]. Hadislari esa «Kutubi sitta»da va Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 241/855) «Musnad»i bilan Dorimiyning (vaf. 255/868) «Sunan»ida mavjud[74].

Fazl ibn Muso 192/807 (yoki 191/806) yilda vafot etgan[75].

Ustozlari: Ismoil ibn Abu Xolid (vaf. 145/762), Hishom ibn Urva (vaf. 146/763), Aʼmash (vaf. 148/765), Maʼmar ibn Roshid (vaf. 153/770) va boshqalar.

Shogirdlari: Isʼhoq ibn Rohuya (vaf. 238/852), Mahmud ibn Gʻaylon (vaf. 239/853), Abda ibn Abdurrahim Marvaziy (vaf. 244/858), Ali ibn Hujr (vaf. 244/858) va boshqalar[76].

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Xuroson hududida toʻrt asar egasi va bir asar egasi boʻlmagan jami besh mavoliy muhaddis aniqlandi.

Asar egasi boʻlgan mavoliy muhaddislardan bir kishining kelib chiqishi (Abdulloh ibn Muborak) turk, bir kishi (Muqotil ibn Hayyon) nabotiydir. Boshqa ikki kishi (Ato ibn Muslim, Umar ibn Horun)ning kelib chiqishi fors boʻlgani taxmin qilinadi. Ular orasida toʻgʻridan-toʻgʻri qul boʻlgan shaxs qayd etilmagan.

Bu muhaddislardan faqat Ato ibn Abu Muslimning birgina sahobadan (Anas ibn Molik) hadis eshitgani rivoyat qilinadi. Shuningdek, Xurosondagi asar egasi boʻlgan mavoliy muhaddislardan hadis toʻquvchi yoki isroiliy rivoyatlarni naql qiluvchi yoki arab tili buzuq boʻlgan shaxs qayd etilmagan. Ammo Umar ibn Horunning oʻta zaifligiga eʼtibor qaratilgan. Shu bilan birga, kelib chiqishi turk Abdulloh ibn Muborakning arab tiliga boʻlgan bilimdonligi maqtov bilan taʼkidlanadi va uning tobeindan keyingi davrda rijol tanqidining yetakchi ulamolaridan biri boʻlgani, ayniqsa, isnodga ahamiyat bergani va tadlis qiluvchilarni qattiq tanqid qilgani koʻrinadi.

Bu qismdagi muhaddislardan bir kishining (Abdulloh ibn Muborak) «Kutubi sitta»da, ikki kishining (Ato ibn Abu Muslim, Muqotil ibn Hayyon) Buxoriyning “Sahih”idan tashqari «Kutubi sitta»ga kirgan boshqa asarlarda va bir kishining (Umar ibn Horun) Ibn Moja va Termiziyning «Sunan»larida rivoyatlari mavjud.

Xuroson mintaqasida asar egasi boʻlmagan bir muhaddis (Fazl ibn Muso)ning kelib chiqishi fors boʻlgani ehtimoli bor. Uning hadis toʻqigani yoki isroiliy rivoyatlarni naql qilgani yoki arab tili buzuq boʻlgani haqida biron-bir qaydga duch kelinmadi. Rivoyatlari ham «Kutubi sitta»da mavjud. 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR:
[1] Ibn Manjuya. Rijalu Sahihi Muslim. J. II. – B. 102; Ibn Hajar. Tahzib. J. IV. – B. 136.
[2] Buxoriy. Tarixul Kabir. J. VI. – B. 474; Mizziy. Tahzibul kamol. J. XX. – B. 107.
[3] Ibn Asokir. Tarix. J. XL. – B. 416.
[4] Zahabiy. Miyzon. J. III. – B. 73.
[5] Abu Nuʼaym. Hilya. J. V. – B. 193; Zahabiy. Miyzon. J. III. – B. 73-74.
[6] Abu Nuʼaym. Hilya. J. V. – B. 193; Zahabiy. Siyar. J. VI. – B. 140; Zirikliy. Aʼlom. J. J. IV. – B. 235.
[7] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XX. – B. 107; Suyutiy. Tabaqot. – B. 67.
[8] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 369; Ijliy. Maʼrifa. J. II. – B. 137; Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VI. – B. 335; Ibn Adiy. Komil. J. V. – B. 361.
[9] Ibn Hibbon. Majruhiyn. J. II. – B. 130-131.
[10] Zahabiy. Miyzon. J. III. – B. 74; Siyar. J. VI. – B. 142.
[11] Zahabiy. Siyar. J. VI. – B. 140-141; Ibn Hajar. Taqrib. – B. 392.
[12] Mizziy Kutubi sitta musanniflarining barchasi Ato Xurosoniy rivoyat qilgan hadislarini kiritiganini keltiradi. Tahzibul kamol. J. XX. – B. 115.
[13] Abu Nuʼaym. Hilya. J. V. – B. 200; Zahabiy. Siyar. J. VI. – B. 143.
[14] Ustoz va shogirdlari haqida batafsil qarang: Mizziy. Tahzibul kamol. J. XX. – B. 107; Zahabiy. Siyar. J. VI. – B. 140.
[15] Dovudiy. Tabaqotul mufassiriyn. J. I. – B. 385; Sezgin. Turos. J. I. – B. 79.
[16] Dovudiy. Tabaqotul mufassiriyn. J. I. – B. 385; Zirikliy. Aʼlom. J. IV. – B. 235; Sezgin. Turos. J. I. – B. 79.
[17] Dovudiy. Tabaqotul mufassiriyn. J. I. – B. 385. Olimga nisbat berilgan tasavvufga oid asar haqida qarang: Abu Nuʼaym. Hilya. J. V. – B. 194-195.
[18] Buxoriy. Tarixul Kabir. J. VIII. – B. 13; Ibn Hajar. Tahzib. J. V. – B. 522.
[19] Samʼoniy. Ansob. J. V. – B. 454.
[20] Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 174; Siyar. J. VI. – B. 341.
[21] Ibn Hibbon. Mashohiyr. – B. 195; Zahabiy. Siyar. J. VI. – B. 341.
[22] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXVIII. – B. 433.
[23] Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VIII. – B. 354; Ibn Hibbon. Siqot. J. VII. – B. 508; Ibn Hajar. Tahzib. J. V. – B. 522-523.
[24] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXVIII. – B. 433.
[25] Ibn Hajar. Tahzib. J. V. – B. 523.
[26] Ustoz va shogirdlari haqida qarang: Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXVIII. – B. 430; Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 174.
[27] Hoji Xalifa. Kashf. J. J. I. – B. 459.
[28] Buxoriy. Tarixul Kabir. J. V. – B. 212; Ibn Hibbon. Mashohiyr. – B. 194; Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 152; Ibn Xallikon. Vafayot. J. III. – B. 32; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 379; Ibnul Imod. Shazarot. J. I. – B. 295.
[29] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 153; Ibn Asokir. Tarix. J. XXXII. – B. 402.
[30] Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 381.
[31] Ibnul Javziy. Safva. J. IV. – B. 134; Ibn Hajar. Tahzib. J. III. – B. 247.
[32] Ibn Qutayba. Maorif. – B. 511; Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 154.
[33] Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 379.
[34] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Mizziy. Tahzibul kamol. J. XVI. – B. 6; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 381.
[35] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 165; Mizziy. Tahzibul kamol. J. XVI. – B. 16; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 407, 409.
[36] Ibnul Javziy. Safva. J. IV. – B. 135.
[37]– B. 611-612.
[38] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 164; Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 276.
[39] Qurashiy. Javohir. J. II. – B. 326; Dehlaviy. Buston. – B. 115.
[40] A.Naim-K.Meros. Tajridi sarih. J. VII. – B. 382.
[41] Dehlaviy. Buston. – B. 115.
[42] Hokim. Maʼrifa. – B. 66-67.
[43] Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 397.
[44] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 378-379; Tazkira. J. I. – B. 374; Ibn Hajar. Tahzib. J. III. – B. 248.
[45] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Ijliy. Maʼrifa. J. II. – B. 54; Ibn Abu Hotim. Jarh. J. V. – B. 181; Bojiy. Taʼdil. J. II. – B. 831; Ibn Hajar. Tahzib. J. III. – B. 248-249.
[46] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 164; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 391.
[47] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. X. – B. 156.
[48] Sahoviy. al-Mutakallimuna fir rijal. – B. 99.
[49] Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 276.
[50] Muslim. Muqaddimma, 7; Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 277.
[51] Xatib Bagʻdodiy. Sharafu ahlil hadis. – B. 42.
[52] Muslim. Muqaddimma, 7.
[53] Hokim. Maʼrifa. – B. 103.
[54] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XVI. – B. 24.
[55] Ustoz va shogirdlari haqida qarang: Mizziy. Tahzibul kamol. J. XVI. – B. 6; Zahabiy. Siyar. J. VIII. – B. 379-380.
[56] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Ibn Hibbon. Mashohiyr. – B. 194; Ibn Xallikon. Vafayot. J. III. – B. 134.
[57] Asarlari haqida batafsil qarang: Ibnun Nadim. Fihrist. – B. 280; Ismoil Posho Bagʻdodiy. Hadiyya. J. I. – B. 438; Kattoniy. Risola. – B. 102; Kahhola. Muʼjam. J. VI. – B. 160; Sezgin. Turos. J. I. – B. 175.
[58] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXI. – B. 520-521; Zahabiy. Tazkira. J. I. – B. 340; Miyzon. J. III. – B. 228.
[59] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. XI. – B. 187; Zahabiy. Siyar. IX. – B. 267.
[60] Zahabiy. Siyar. J. IV. – B. 267, 270; Ibn Hajar. Tahzib. J. IV. – B. 316-317.
[61] Zahabiy. Siyar. J. IX. – B. 267; Tazkira. J. I. – B. 340.
[62] Ijliy. Maʼrifa. J. II. – B. 171; Nasoiy. Zuafo. – B. 84; Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VI. – B. 141; Abn Adiy. Komil. J. V. – B. 30-31; Ibnul Javziy. Zuafo. J. II. – B. 218; Zahabiy. Miyzon. J. III. – B. 228-229.
[63] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. XI. – B. 188.
[64] Abn Adiy. Komil. J. V. – B. 30-31; Ibn Hajar. Tahzib. J. IV. – B. 317.
[65] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 374; Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VI. – B. 141.
[66] Ismoil Posho Bagʻdodiy. Hadiyya. J. I. – B. 78; Kahhola. Muʼjam. VIII. – B. 5.
[67] Ibn Hibbon. Mashohiyr. – B. 97; Siqot. J. VII. – B. 319; Ibn Manjuya. Rijalu Sahihi Muslim. J. II. – B. 132; Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXIII. – B. 254.
[68] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Ibn Manjuya. Rijalu Sahihi Muslim. J. II. – B. 132.
[69] Zahabiy. Siyar. J. IX. – B. 104.
[70] Zahabiy. Siyar. J. IX. – B. 104; Tazkira. J. I. – B. 296.
[71] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. VII. – B. 372; Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VII. – B. 69; Bojiy. Taʼdil. J. III. – B. 1048.
[72] Ibn Abu Hotim. Jarh. J. VII. – B. 69.
[73] Ibn Hajar. Tahzib. J. IV. – B. 499; Taqrib. – B. 447.
[74] Mizziy. Tahzibul kamol. J. XX III. – B. 258.
[75] Ibn Hibbon. Mashohiyr. – B. 97; Ibn Hajar. Taqrib. – B. 447.
[76] Ustoz va shogirdlari haqida qarang: Mizziy. Tahzibul kamol. J. XX III. – B. 255; Zahabiy. Siyar. J. IX. – B. 404.
OTABEK MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim

Check Also

NOGIRONLIGI BOR (IMKONIYATI CHEKLANGAN) ROVIYLAR

Insoniyatning paydo boʻlishidan buyon hayotning bir haqiqati sifatida mavjud boʻlgan nogironlik holati ayrim eʼtiqod va …