Ochiq tan olish kerak, bugun biz ilm-fanda nomusulmon mamlakatlar ancha ilgarilab ketgan zamonda yashamoqdamiz. Har lahza foydalanib kelayotganimiz qoʻl telefonidan beminnat xizmat qilayotgan avtomobilgacha – barcha-barchasi ana shu musulmon boʻlmagan insonlar ilmiy yutuqlarining samarasi, desak, xato qilmagan boʻlamiz.
Aslida yuqori texnologiyalar nazariyasining asosi – muayyan qonuniyatlar asosida sonlarni ketma-ket tartiblash, tasniflash, dasturlash, mitti va ulkan jarayonlar ketma-ketligining bogʻliqligi va uzviyligini taʼminlash va hokazo amallar majmuini, yaʼni bugun “algoritm” atalayotgan hodisani Al-Xorazmiy bobomiz kashf etgan emasmidi! Astronomiya, fizika, matematika, geometriya, geografiya, optika, tibbiyot, irrigatsiya, falsafa, meʼmorlik, qoʻyingki, turmushning barcha sohalarida asqotadigan har qanday fan va sanʼatning lokomotivlari islom uygʻonish davrining zabardastlar allomalari emasmidi! Ha, shunday. Lekin biz sustmiz. Islomni avvalgidek azizlik va gʻoliblik holiga, musulmonlarni bir paytlar dunyo tamaddunining yetuk asoschilari boʻlgan ota-bobolarining mavqeiga qaytarish uchun saʼy-harakat qilish oʻrniga, oʻta ichki, arzimas, maishiy teleseriallardagi kabi zarracha ahamiyatsiz, ammo nazdimizda “hayot-mamot masalasi” boʻlgan mayda ishlar bilan chalgʻib qolyapmiz.
Tarixdan maʼlumki, islomda jipslik, ilm yoʻlida fidoyilik kuchayganda, taraqqiyot shunchaki shaʼn odimlamagan, balki parvoz qilgan. Fitna, bir-birining tagiga suv quyish, hasad, boʻlinish kabi illatlar urchigan kezlarda esa, musulmon olami parokandalikdan boshqani koʻrmagan.
Bugun ham moʻmin-musulmonlar orasida hali u-hali bu masalani koʻtarib chiqib, fitna qoʻzgʻayotgan, boshqalarning yoʻlini zalolat deb, faqat oʻz maslagi toʻgʻri ekanini daʼvo qilayotgan kimsalarning buzgʻunchi xatti-harakatlari koʻpayib borayotgani qalbi uygʻoq har qanday musulmonni chuqur qaygʻu va tashvishga solmay qoʻymaydi.
Ana shunday buzuq daʼvolardan biri – bu mujtahid imomlar asos solgan, biz, musulmonlar oʻn-oʻn bir asrdan buyon ergashib kelayotgan fiqhiy mazhablarni tark qilib, faqat Qurʼon va hadisga ergashishga chaqirishdir. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, bundan bir necha oʻn yillar avval musulmon jamiyatlarda bunday chaqiriqlar uchramagani, hamma amaldagi oʻsha toʻrt fiqhiy mazhabdan biriga asosan ibodat qilib yashaganini koʻrish mumkin. Toʻgʻri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin hech qancha vaqt oʻtmay, har xil firqa va toifalar, hatto paygʻambarlik daʼvosi bilan chiqqan kimsalar paydo boʻla boshlagani rost. Barchasi xuddi koʻpik singari bir paydo boʻlib, yana gʻoyib boʻlavergan. Bunday toʻdalar orasida aqidaviy masalalarda ahli sunna val jamoaga qarshilari ham boʻlgan va hozir ham topiladi.
Islomning bizga oʻz mohiyatini yoʻqotmagan holda yetib kelishi uchun ulkan xizmatlari bilan benazir hissa qoʻshgan buyuk ulamolarning barchasi mana shu toʻrt fiqhiy mazhabning birini oʻziga lozim tutgan. Ular diniy ilmlarni qanchalik chuqur oʻrgangan, ipidan ignasiga qadar nechogʻli puxta oʻzlashtirgan boʻlmasin, oʻz ismi yoniga shofeiy, hanafiy, molikiy yo hanbaliy nisbasini qoʻshib zikr qilishni sharaf deb bilgan. Ibn Hajar Haytamiy (shofeiy), Ibn Hajar Asqaloniy (hanafiy), Ibn Rajab (hanbaliy) kabi zabardast olimlar bunga yorqin misoldir. Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Ammo, afsuslar boʻlsinki, axborot texnologiyalari juda ham taraqqiy topgan hozirgi davrda qaydandir shayxlik unvonini orttirib olgan ayrim johil kimsalar buzuq va botil daʼvolari bilan moʻmin-musulmonlar orasiga tafriqa solish (ularni avval bir-biridan ajratish, keyin yovlashtirish) orqali dinimiz dushmanlarining tegirmonlariga suv quymoqda. Bizga dinning pok-pokiza holida yetib kelishida koʻprik vazifasini oʻtab bergan ne-ne allomalarimizni adashganga, zalolatga ketganga chiqarmoqda. Buyuk imomlar va ularning mazhablari yoʻlini tutib, diniy ahkomlarni ado etib kelayotgan musulmonlarni oʻz ota-bobolariga koʻr-koʻrona ergashib, kufrga ketgan kofirlarga oʻxshatmoqda. Hatto namozda imom oʻtayotib “Abu Hanifaning mazhabi asosida oʻqib beraymi yoki Paygʻambar alayhissalomnikinimi?” deb soʻrashga jurʼat qiladigan bezbetlikkacha borishdi.
Mazhablar kecha yo bugun paydo boʻlgani yoʻq. Paygʻambar alayhissalomning sahobalari hayot boʻlgan saodat asrida ham ular orasida fiqhiy ahkomlar masalasida xilma-xilliklar boʻlgan. Aqidaviy masalalarda barchasi birdek nuqtayi nazarda boʻlgan ana shu buyuk sahobalar oʻz ilmiga asoslanib ayrim masalalar yuzasidan hukmlar chiqarib turgani, ulardan toʻgʻrilarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻz yoki sukut saqlash orqali tasdiqlaganlari buning yorqin dalilidir. Zotan, sunnatga ulamolar tomonidan berilgan taʼrifning oʻzi ham shundan dalolat beradi. Sunnat – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amalga oshirgan ishlari, soʻz yo sukut saqlash bilan qilgan tasdiqlaridir.
Fiqhiy mazhablar – bu mujtahid imomlarning Qurʼon, hadis, ijmo va qiyosga asoslangan ilmiy xulosalaridir. Ular osmondan olib yo nimadandir ilhomlanib gapirgan emas. Bosgan har bir qadami, ogʻzidan chiqqan har bir gapiga yuqoridagi toʻrt manbadan naqliy dalil-hujjatlari boʻlgan. Imom Abu Hanifa roziyallohu anhuning “Agar men oʻzimdan olib gapirganimda edi, mahsining usti emas, ostiga masʼh tortish, peshobdan keyin gʻusl qilish, junublikdan keyin tahorat olish lozim, degan boʻlar edim”, degan soʻzlarini bir yodga keltiring-a! Aqlan olib qaraganda ham xuddi shunday boʻlishi kerak edi. Ammo Abu Hanifa roziyallohu anhu Qurʼon va hadisdagi naqliy hujjatlarni chetga surib qoʻyib, oʻz raʼyiga muvofiq hukm qilmagan.
Tobeinlar tabaqasidan boʻlgan shunday buyuk imomlarning gaplarini pisand qilmay, oʻz qarashlarini ilgari surayotgan hozirgi “shayxlar”ga mutaassiblik qilayotgan yoshlarni koʻrganda, ularning har biri bilan alohida-alohida suhbatlashgingiz, qalb koʻzlarini ochib, gʻaflatdan uygʻotgingiz keladi. Salaflarga ergashishimiz kerak, deb, Ibn Taymiya, Ibn Qoyyim rahimahumalloh kabi ulamolarga taassub qilib kelayotgan musulmon yoshlarning chin maʼnodagi salaflar boʻlmish buyuk mujtahid imomlarga ergashgan kishilarni adashganga chiqarayotganini koʻrib hayratda qolasiz.
Arablar haq insonga “al-haqqu maʼak” (haqiqat sen bilandir), nohaqqa “al-haqqu alayk” (haqiqat sendan ustun-yuqoridir, yaʼni sen adashyapsan) deydi. Bu toifa “shayxlar” haqiqat ular bilan emas, balki ular uzra ekanini yo bilmaydi, yaʼni yetarli ilmga ega emas, yo bila turib, atay fitna qoʻzgʻash uchun buzgʻunchilik qiladi. Haqiqiy ilm egasi haqni ham, botilni ham oʻrganadi. Chunki botilning qayerda va nima uchun botil ekanini bilish kerak. Shunda unga munosib raddiya berish mumkin. Shuncha nufuzli ulamo, qancha-qancha ishonchli manbalar turganda, ularga yuqoridan, mensimaslik bilan qarab, chalakam-chatti oʻqib olgan yo oʻrgatilgan toʻrtta narsasini pesh qiladigan, niyati faqat buzgʻunchilik va fitnakorlikdan iborat boʻlgan kishi sira ham ilm odami boʻla olmaydi.
Qurʼon va hadisga amal qilishimiz kerak, Abu Hanifa yo Shofeiy kabilarning gaplariga emas, deb jar solayotgan kimsalarning daʼvolari haqiqat ortida yotgan nohaqlik ekanini isbotlab berish uchun ularga Qurʼon va hadisdan dalil keltirganingizda, “Toʻxtab turing-chi, bu oyat yo hadis haqida Ibn Taymiya yoxud Ibn Qoyyim yoki Alboniy nima degan ekan?” deyishini koʻrib, yoqa ushlaysiz. Ular bu ish jarrohlik stolida yotgan bemor tepasiga koʻchadan birinchi uchragan kimsani taklif qilib, oʻz ishining ustasi boʻlgan jarrohlarni chetga surib qoʻyish ekanini bilmaydimi?! Xohlagan odam Qurʼon yo hadisdan hukm chiqarib olaveradigan boʻlsa, Alloh taoloning “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat) degan gapi qayerda qoladi?! Insonlarning ikki dunyodagi saodati diniy ilmlarga qarab turibdi, axir. Bu hayoti dunyoda har sohaning oʻz mutaxassisi boʻlgani holda, din xohlagan odam kirib chiqadigan karvonsaroy boʻlib qolishi sogʻlom aqlga toʻgʻri kelarmikan?!
Musulmonlarni ahillik va ittifoqlikka, ilm-fanda taraqqiyotga chaqirish oʻrniga internet tarmoqlari, har xil ijtimoiy sahifalar orqali ular orasiga parchalanish, nifoq va nizo urugʻini sochayotgan dindosh birodarlarimiz yon-atrofga, oʻtmish va hozirga teran idrok bilan nazar solsa, yaxshi boʻlar edi. Asrlar osha yetib kelgan fiqhiy mazhablarga amal qilib yashayotgan musulmonlarning fikrini chalkashtirib tashlamasa, toʻgʻri ish boʻlardi. Zero, taʼkidlanganidek, ularning fiqhiy ahkomlari shunday asoslar ustiga barpo etilganki, har bir masala yechimining negizida, albatta, Qurʼon, hadis, ijmo yo qiyosdan olingan oʻz dalil-hujjati bor. Ijtihod maydoni kishi oʻziga yoqadigan, havoyi nafsiga muvofiq keladigan qilib hukmlar chiqarib oladigan joy emas. Dorixonalardagi barcha dorilarning qoʻllanmasida “shifokor bilan maslahatlashish” haqida koʻrsatma mavjud boʻlgan bir paytda kishining oxiratdagi oʻrnini belgilab beradigan diniy ahkomlar masalasida har kim oʻz bilganicha amal qilib ketaverishi oʻta nodonlik emasmi?!
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, biz, musulmonlar amal qilib kelayotgan fiqhiy mazhablar buyuk mujtahid imomlarning Qurʼon, hadis, ijmo va qiyosga asoslangan ilmiy xulosalaridir. Ular buning sabogʻini oʻzlari bevosita suhbatida boʻlgan buyuk sahobalar va tobeinlardan olgan. Ular esa, bizga Allohning dinini yetkazib, shariat ahkomlarini koʻrsatib bergan va koʻrsatib berishga masʼul boʻlgan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan olgan. Bundan kelib chiqadiki, fiqhiy mazhablarga amal qilish va mujtahid imomlarga ergashish Paygʻambar alayhissalomga ergashish demakdir!