Qarindoshlik rishtasi – bu insonlarni bir-biriga yaqin qilib turadigan, ularni bir oila, bir jamoa qilib birlashtiradigan muhim aloqadir. Uning ahamiyati beqiyos boʻlib, insonlar hayotida muhim oʻrin tutadi va ularning shaxsiy, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi.
Qarindoshlar deganda, avvalambor, ota-ona, farzandlar, aka-ukalar, opa singillar va boshqa yaqin xesh-aqrabo tushuniladi. Islom dinining avvalidan qarindoshlar bilan yaxshi muomala qilishga undalgan. Hatto ular bilan bordi-keldi qilib turish, rishtalarni bogʻlash ibodat darajasiga koʻtarilgan.
“Silai rahm” arabcha soʻz birikmasi boʻlib, “sila” – bogʻlamoq, “rahm” – qarindoshlik, yaʼni “qarindosh urugʻlari bilan aloqalarni bogʻlash” degan maʼnoni bildiradi.
Silai rahm oʻzgalarga nisbatan qarindoshlariga gʻamxoʻrroq va muhabbatliroq boʻlish, ularning holidan xabar olib, moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab turishdir.
Qarindoshlikning oliy namunasi, yaqinlari bilan chiroyli muomala qilish, imkon topsa, ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, quyi darajasi esa, hech boʻlmaganda salom-alik qilib turishdir. Oʻziga toʻq inson nochor qolgan yaqin qarindoshlariga yordam koʻrsatishi vojib.
Silai rahm dinimiz mohiyatini koʻrsatib beruvchi buyuk ibodatdir. Ushbu amal moʻmin-musulmonlar hayotida gʻoyat ahamiyatli boʻlgani uchun Qurʼoni karim oyatlarida qayta-qayta takrorlanadi. Jumladan, Niso surasining 36-oyatida bunday marhamat qilingan:
«…وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى…»
“…Allohga ibodat qilinglar. Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onangizga va yaqin qarindoshlarga … yaxshilik qiling”.
Mazkur oyatda Allohning oʻzigagina ibodat qilishga amr etilgandan soʻng, ota-onaga va qarindoshlarga yaxshilik qilish buyurilmoqda.
Qarindoshlarga yaxshilik qilish borasida Baqara surasining 215-oyatida bunday marhamat qilingan:
“يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ”.
“Sizdan (ey Muhammad), nimalarni ehson qilishni soʻraydilar. Ayting: “Qanday yaxshilik qilsangiz, ota-onaga, qarindosh-uruqqa, yetim-miskinlarga va yoʻlovchi-musofirlarga qilingiz. Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz, Alloh uni bilguvchidir””.
Mazkur oyatda ehson va nafaqaga loyiq insonlar orasida bekorga birinchi boʻlib ota-ona zikr qilinayotgani yoʻq. Inson tabiati oʻzi shuni taqozo qiladi. Oʻzidan keyingi birinchi haqdor ota-onasi boʻladi. Ota-onasini muhtoj qoʻyib, ulardan boshqaga nafaqa qilishdan nima manfaat bor? Shuningdek, qarindosh-urugʻlar haqdorlik jihatidan boshqalardan ustundir va hokazo. Nafaqa qilish tartib-odobi va fazilati Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning koʻplab hadislarida bayon qilingan.
Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” kitobidagi koʻplab hadislar aynan silai rahim haqida boʻlib, ulardan birida bunday marhamat qilingan:
كُلَيٍبِ بْنِ مَنْفَعَةَ قَالَ: قَالَ جَدِّي: يَا رَسُولَ اللهِ مَنْ أَبَرُّ؟ قَالَ: «أُمَّكَ وَأَبَاكَ وَأُخْتَكَ وَ أَخَاكَ وَ مَوْلاَكَ الَّذِي يَلِي ذَاكَ حَقُّ وَاجِبٌ وَرَحِمٌ مَوْصُولَةٌ».
Kulayb ibn Manfaʼa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bobom: “Ey Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onangga, otangga, opa-singlingga, aka-ukangga va ulardan keyin keladigan mavlolaringa (yaqinlaringga) bu (yaxshilik qilmoq) vojib haqdir va silai rahmdir”, dedilar”.
Ushbu hadisda yaxshilikni kimdan boshlab, qanday tartibda davom ettirish kerakligi bayon qilinmoqda.
عن أبى أيُّوبَ الأنصاريِّ أنَّ أعْرابيًا عَرَضَ علي النبي صلى الله عليه و سلم في مسيرةٍ فقال: أخبِرنِي ما يُقَرِّبُنِى من الجنَّةِ ويُباعِدُنِي من النَّارِ قالَ:»تَعْبُدُ اللهَ ولا تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا وتُقِيمُ الصَلاةَ وتُؤْتِي الزَّكَاةَ وتَصِلَ الرَّحِمَ».
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir aʼrobiy Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning safarlaridan birida u zotning yoʻllarini toʻsib: “Menga jannatga yaqinlashtiradigan va doʻzaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh Taologa ibodat qilasan, unga hech bir narsada shirk keltirmaysan, namozni qoim qilasan, zakot berasan va silai rahm qilasan”, dedilar”.
Bu hadisi sharifda silai rahm qilish – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash islomning imon, namoz va zakot kabi asosiy ruknlari bilan bir darajaga qoʻyilmoqda. Bu amal bandani jannatga kiritadigan va doʻzaxdan qutqaradigan amallar roʻyxatiga kiritilmoqda. Silai rahm qanchalar ahamiyatli amal ekanini shundan ham anglab olish mumkin.
عن أنسِ بن مالكٍ أَنَّ رسولَ اللهِ صلى الله عليه و سلم قالَ: «مَنْ أَحَبَّ أَنْ يُبْسَطَ له فِي رِزْقِهِ، وأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rizqining keng va farovon boʻlishi va orqasidan asari koʻp qolishini (umri uzun boʻlishni) yaxshi koʻrsa (xohlasa), silai rahm qilsin (qarindoshlari bilan rishtalarni bogʻlasin)”, dedilar”.
Demak, Alloh taolo silai rahm qilgan, qarindosh-urugʻlariga yaxshilik qilgan, yordam bergan, xayr-ehson qilgan odamning rizqini kengaytirib, boyligini ziyoda qilib, umrini uzaytirib, undan yaxshi xotira, esdalik qolishini taʼminlar ekan. Ushbu hadis silai rahmning ikki dunyoda ham foyda berishini koʻrsatadi.
عن عبد الله بن أبى أوفى يقول عن النبي صلى الله عليه و سلم قال: «إنَّ الرَّحْمَةَ لا تَنْزِلُ عَلَى قَوْمٍ فِيهِمْ قَاطِعُ رَحِمٍ».
Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, orasida qarindoshlik rishtasini uzuvchi kishi boʻlgan qavmga Alloh taoloning rahmati nozil boʻlmaydi”, dedilar”.
Demak, bir odam tufayli boshqalar ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum boʻlib qolishi hech gap emas ekan. Shuning uchun har bir jamoa, har bir mahalla aʼzolari doimo bir-biridan xabardor boʻlib, “oramizda shunaqalar paydo boʻlib qolmasin, hammamiz u sababli baloga yoʻliqmaylik” deb, oʻzaro silai rahmga undab turishi lozim.
Ushbu oyat va hadislarga muvofiq uzoqlashib ketilgan qarindoshlarning holidan xabar olib, bordi-keldini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻladi. Chinakam silai rahm shunda paydo boʻladi. Aks holda, aloqani uzgan odam Yaratganning rahmatidan bebahra qolib, jannatga kirmas ekan. Shuning uchun silai rahmga eʼtiborli boʻlish, qarindoshlar bilan muntazam aloqani yoʻlga qoʻyish zarur. Tez-tez bordi-keldi qilib turiladigan qarindoshlar bilan ham, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan ham munosabatlarni mustahkamlab, aloqalarni davom ettirish ikki dunyo saodatiga yetaklaydi.