Home / MAQOLALAR / TOBEINLARDAN KEYINGI DAVR MUHADDISLARINING MASLAKLARI

TOBEINLARDAN KEYINGI DAVR MUHADDISLARINING MASLAKLARI

Shuʼba ibn Hajjoj roziyallohu anhu

Bolaligidan boshlab Basrada yashagan. U Anas ibn Siriyn, Hakam ibn Utayba, Amr ibn Dinor, Ayyub Saxtiyoniy roziyallohu anhum kabi shaxslardan[1], shuningdek, tobeinlardan boʻlgan 400 ga yaqin kishidan hadis tinglagan[2]. Basrada rijol tanqidi faoliyatlarini boshlagan ilk shaxsdir[3].

Ilm bilan shugʻullangani bois ishlay olmagan va faqirona hayot kechirgan. Ehtiyojlarini jiyanlarining yordami bilan va oʻz buyumlarini sotib taʼminlagan[4]. Uning Bashshor va Hammod ismli aka-ukalari uning nomidan savdo-sotiq qilishgan[5]. Kambagʻal boʻlishiga qaramay, juda saxovatli kishi boʻlgan va huzuriga bir tilanchi kelganida uni uyiga olib, imkoniyati doirasida ehtiyojini qondirar edi. Undan koʻmak soʻrab kelganlarni ham imkoniyati doirasida boʻsh qaytarmagan[6].

160/776-yili Basrada vafot etgan[7].

 

Sharik ibn Abdulloh roziyallohu anhu

Sharik ibn Abdulloh 95/713-yilda tugʻilgan. U Zubayd ibn Horis, Simak ibn Harb, Osim ibn Bahdala, Mansur ibn Muʼtamir roziyallohu anhum kabi shaxslardan tahsil olgan[8].

Ilm tahsili davomida sut sotib, kitob va daftar olgan[9], loydan gʻisht tayyorlab sotish bilan shugʻullangan[10]. Abu Jaʼfar Mansur (r.a.) unga Kufa qoziligini taklif qilgan, lekin Sharik bu vazifadan ozod etilishini soʻragan. Mansur Sharikni yoniga chaqirib, tayinini amalga oshirganiga qasam ichganidan keyin, Sharik bu vazifani qabul qilishga majbur boʻlgan[11].

Sharik 177/794 yili Zulqaʼda oyida[12] 82 yoshida vafot etgan.

 

Imom Molik ibn Anas roziyallohu anhu

Imom Molik ibn Anas 93/712-yili tugʻilgan[13]. U koʻp sonli tobeinlar bilan koʻrishgan[14] va oʻsha davrning ilm markazlaridan biri Madinada yetishgan. Tobein va tabaʼ tobyeinlardan iborat boʻlgan 900 kishidan hadis tinglagan[15]. “Muvatto” nomli mashhur hadis asarini yozgan[16].

Davlat amaldorlari unga moddiy yordam koʻrsatishgan. U shinam va chiroyli kiyimlar kiygan, uy jihozlariga ham alohida eʼtibor bergan[17].

179/795-yili Madinada[18] 86 yoshida vafot etgan.

 

Ibn Laxia roziyallohu anhu

97/716-yili tugʻilgan[19]. U Abdurrahmon ibn Hurmuz Aʼraj, Ato ibn Abu Raboh, Muso ibn Vardon roziyallohu anhum kabi koʻpchilikdan hadis rivoyat qilgan[20].

U Misr qozisi sifatida faoliyat olib borgan. Xalifa Mansur (r.a.) unga oylik 30 dinor maosh tayinlagan[21].

Ibn Laxia 174/790-yili Rabiul avval oyida vafot etgan[22].

 

Abu Avona Vositiy roziyallohu anhu

92/710-711-yilda tugʻilgan. Asli jurjonlik boʻlgan Abu Avona Hasan Basriy va Ibn Siriyn roziyallohu anhumolar bilan koʻrishgan, lekin ulardan hadis rivoyat qilmagan. U Amr ibn Dinor, Qatoda ibn Diama, Said ibn Ibrohim, Mansur ibn Muʼtamir, Sulaymon Aʼmash roziyallohu anhum kabi olimlardan hadis rivoyat qilgan[23].

Yazid ibn Atoning xizmatkori (quli) boʻlgani bois Yazidning mato doʻkonida sotuvchilik qilgan[24].

176/792 yili Rabiul avval oyida Basrada[25] 84 yoshida vafot etgan.

 

Ismoil ibn Aʼyosh roziyallohu anhu

108/726-727-yilda tugʻilgan. Shom muhaddislaridan boʻlgan. Shurahbil ibn Muslim, Muhammad Ziyod Alhoniy, Abdulloh ibn Dinor, Saffon ibn Amr roziyallohu anhum kabi koʻplab shaxslardan hadis rivoyat qilgan[26].

Abu Jaʼfar Mansur (r.a.) uni kiyim omboriga masʼul etib tayinlagan. Shuningdek, otasidan unga meros qolgan 4000 dinorning barchasini ilm oʻrganish uchun sarflagan[27].

181/797-yilda vafot etgan[28].

[1] Zahabiy. Siyar. J. 7. – B. 203.
[2] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 145.
[3] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 164.
[4] Zahabiy. Siyar. J. 7. – B. 220.
[5] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 146.
[6] Mizziy. Tahzib. J. 12. – B. 492.
[7] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 164.
[8] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 642.
[9] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. 10. – B. 386.
[10] Ali Sönmez. Sharik ibn Abdulloh. TDIE. J. 39. – B. 5.
[11] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 6. – B. 355.
[12] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 105.
[13] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 468.
[14] Ibnul Javziy. Muntazam. J. 8. – B. 101.
[15] Emin Güzel. Molik ibn Anas. – B. 24.
[16] Çakan. Hadis Edebiyatı. – B. 71.
[17] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 105.
[18] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 5. – B. 469.
[19] Zirikliy. Aʼlom. J. 4. – B. 115.
[20] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 668.
[21] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 175.
[22] Samʼoniy. Ansob. J. 1. – B. 304.
[23] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. 16. – B. 155.
[24] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 173.
[25] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 774.
[26] Zahabiy. Siyar. J. 8. – B. 313.
[27] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 186.
[28] Ibn Hajar. Tahzib. J. 5. – B. 386.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

BUYUK MUHADDIS IMOM BUXORIYNING OILASI BOʻLGANMI?

Dunyoda buyuk zotlar, mutafakkir va allomalar hayoti, ilmiy merosi va oilaviy muhitini bilishga qiziqish katta. …