Home / MAQOLALAR / AQIDA ILMINING TADVIN QILINISHIGA TAʼSIR KOʻRSATGAN OMILLAR

AQIDA ILMINING TADVIN QILINISHIGA TAʼSIR KOʻRSATGAN OMILLAR

Islom dinining ilk davrida boshqa islom ilmlari kabi aqida ilmi va unga doir masalalar tizimli tartibda, alohida kitob yoki risola shaklida jamlanmagan edi. Chunki sahobalarning biror aqidaviy yoki fiqhiy masala borasida savoli boʻlsa, bevosita Paygʻambar (a.s.)dan soʻrab, javob olar edi. Oʻsha davrda Paygʻambar (a.s.) sahobalarni Qurʼon oyatlaridan boshqa narsalarni yozib olishdan qaytargan edilar. Hatto Qurʼon oyatlariga aralashib ketishidan xavf qilganliklari uchun hadislarni ham yozib olishdan qaytarganlar.

Ummaviy xalifa Umar ibn Abdulaziz hadislarni tadvin qilishga ulamolarni targʻib qilib, Madina voliysi va qozisi boʻlgan Abu Bakr ibn Hazmga odam joʻnatib, unga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini tekshirib, ularni yozgin. Chunki ilmning yoʻq boʻlib ketishidan va ulamolarning hayotdan oʻtib ketishidan qoʻrqayapman”, deydi. Ushbu voliy xalifa Umar ibn Abdulaziz topshirigʻiga koʻra hadislarni toʻplaydi.

Ulamolardan Ibni Shihob Zuhriy birinchilardan boʻlib, sahobalar va tobeinlardan eshitgan hadislarini kitob shaklida jamladi. Lekin u toʻplagan hadislar boblarga ajratilmagan edi. Imom Zuhriydan keyin hijriy ikkinchi asr birinchi yarmida juda koʻplab muhaddislar hadislarni boblarga boʻlib, tadvin qilishga kirishib ketdi. Imom Molik ibn Anas, Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqalar shular jumlasidandir. Ular hadislarni imon, ilm, tahorat, taloq, tavhid, sunnat kabi boblarga ajratdi va natijada, aqida ilmi paydo boʻldi.

Aqida ilmining boshqa ilmlar kabi alohida ajralib chiqishida bir necha tashqi va ichki sabablar boʻlgan. Qurʼoni karim tavhidga va Paygʻambarga itoat qilishga daʼvat qilish bilan birga, oʻsha vaqtda mavjud boʻlgan dinlar va taʼlimotlarga taklif qilindi. Yaʼni ularning notoʻgʻri aqidalarini bayon qilish bilan birga, turli dalillar bilan raddiya berdi. Oʻsha davrda baʼzi insonlar barcha din, ilohiyot va paygʻambarlikni inkor qilib: “Bizni faqat zamon oʻtishi halok qiladi”, degan eʼtiqodda edi.

Aqida ilmiga oid kitoblarning tadvin qilinishiga taʼsir koʻrsatgan omillardan yana biri sahobalar davrining oxirida eʼtiqod borasidagi ixtilofdir. Taqdir borasidagi ixtilof shular jumlasidandir. Iroqlik Susan ismli nasroniy birinchi boʻlib qadar borasida notoʻgʻri eʼtiqodni tarqatgan edi. U musulmon boʻlib, yana nasroniylikka qaytadi. U bilan sahobalar oʻrtasida ushbu masala borasida bir qancha bahs-munozara boʻlib oʻtadi. Yaʼni Alloh taolo maxluqotlari haqida biror narsani taqdir qilmagan, balki ularni oʻz holiga tashlab qoʻygan, degan qadarni inkor qilish aqidasini tarqatishga harakat qilgan. Maʼbad ibn Xolid Juhaniy taqdir borasidagi buzuq aqidani mana shu odamdan olgan. U Hasan Basriyning ham shogirdi hisoblanadi. Hasan Basriy mana shu kabi baʼzi qadariy eʼtiqodida boʻlgan shogirdlari tufayli tanqidga uchragan. Amr ibn Ubaydning ham oʻsha eʼtiqodda yurganini koʻrgan baʼzi basraliklar uning qarashlariga qoʻshildi. Uning fitnasi kattalashgach, hijriy 80-yilda Iroq voliysi Hajjoj ibn Yusuf Saqafiy xalifa Abdulmalik ibn Marvo buyrugʻi bilan uni dorga osadi. Qadariylardan uzoq boʻlish va ularning notoʻgʻri eʼtiqodidan Abdulloh ibn Umar, Jobir ibn Abdulloh, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va Anas ibn Molik kabi  sahobalar boshqalarni ogohlantirgan edi [4:14-15].

Shuningdek, Jaʼd ibn Dirham xalifa Hishom ibn Abdulmalik davrida Qurʼon borasida oʻzining notoʻgʻri qarashlarini tarqatgani uchun qoʻlga olinadi va Iroq voliysi Xolid Qusariy xalifa buyrugʻiga koʻra, uni Qurbon hayiti kuni qatl qiladi [3:32].

Usmon ibn Affon xalifaligi davrining oxirgi yillarida Abdulloh ibn Saba musulmonlar oʻrtasida baʼzi notoʻgʻri aqidalarni tarqatishga harakat qiladi. U musulmonlar oʻrtasida rajʼat va vasiyat eʼtiqodini olib kirishga harakat qildi. Natijada, shiachilik firqasining paydo boʻlishiga sababchi boʻldi. U bu iddaosi bilan Usmon ibn Affonni xalifalikni nohaq qoʻlga kiritganlikda ayblab, musulmonlarni unga qarshi qoʻyishga harakat qilgan. Shuning uchun ham Abdulkarim Shahristoniy xalifalik borasida koʻp kurash boʻlganini, hatto biror diniy masala yuzasidan ham bunday miqdorda jangu jadal yuz bermaganini zikr qilgan [2:45].

Soʻng moʻtaziliylar asoschisi Vosil ibn Ato aqidaga oid maʼlum masalalar borasida kitob yozib, sahoba va tobeinlar eʼtiqodiga qarshi chiqdi. Tobeinlar unga raddiya berishga va u bilan bahs-munozara qilishga kirishdi.

Hijoz oʻlkasida Abdulloh ibn Zubayr xalifaligi tugatilgandan soʻng, ummaviylar tomonidan Iroq voliysi boʻlgan Hajjoj ibn Yusuf Saqafiy Sijiston viloyatiga Abdurahmon ibn Muhammad ibn Ashʼas Kindiyni hokim qilib joʻnatadi. Ibn Ashʼas esa Hajjojga ham, ummaviylarga ham qarshi chiqib, bir qancha janglar olib boradi va hatto ularni yoʻqotishga yaqin qoladi. Bu fitnada Shaʼbiy va Said ibn Jubayr kabi katta tobeinlar ham qatnashadi. Ummaviylar qoʻshini Ibn Ashʼasni magʻlubiyatga uchratadi. Uning magʻlubiyati ortidan murjiiylik harakati paydo boʻladi.

Hijriy II asr va III asr boshida moʻtaziliylar oʻz qarashlarini turli yoʻllar bilan tarqatishga harakat qildi. Jumladan, dars halqalari tashkil  qildi va muxoliflari bilan bahs-munozara olib bordi. Shuningdek, aqidaviy qarashlari va muxoliflariga raddiya berish uchun juda koʻp asar yozdi hamda ularni barcha shaharlarga tarqatdi [8:51-54]. Xususan, xalifa Maʼmun davrida boshlangan yunon falsafasi kitoblarining tarjima qilinishi ahli sunna val jamoa tomonidan aqidaviy masalalarning tadvin qilinishiga katta taʼsir koʻrsatgan omillardan biridir [10:21]. Gohida biror olim islomiy aqida haqida soʻraganda, shu mavzuga oid alohida kitob yozish holatlari koʻplab sodir boʻlgan. Buni aqidaga oid koʻpgina kitoblar muqaddimasida ham kuzatish mumkin.

Aqoid ilmining taʼrifida keltirilgan turli shubhalarni rad etish maqsadida Vosil ibn Ato, Amr ibn Ubayd, Allof, Nazzom, Qozi Abduljabbor kabi moʻtazila firqasi namoyandalari ham sanaviylar, moniylar, mazdakiylar kabi turli din va taʼlimotlarga raddiya asarlar yozgan [1:145].

Kalom ilmining paydo boʻlishiga taʼsir etuvchi tashqi sabablardan biri musulmonlar bilan begona dinlar toʻqnashuvidir. Roshidun xalifaligi davridan boshlab islom geografiyasining tezlik bilan kengayishi natijasida musulmonlar turli dinlardan boʻlgan ulamolarni uchratib, ular bilan madaniy aloqaga kirishgan va diniy masalalarni muhokama qilgan. Shu sababdan musulmon ulamolari islomga eʼtirozlarga javob topishi kerak edi. Diniy masalalar boʻyicha munozara olib boradigan guruhlar boshida nasroniylar turadi. Maʼlumki, ayniqsa, Ummaviylar davrida xalifalar sharq nasroniy olimlari bilan muloqotga kirishib, oʻz saroylarida ularning zimmasiga turli vazifalarni yuklagan. Ularning yetakchilaridan biri Yuhanna al-Dimashqiy islom dinini tanqid qiluvchi kitob yozgan. Nasroniy olimlarining baʼzi iddaolari Qurʼon mohiyati va sifatlari toʻgʻrisidagi bahslarning paydo boʻlishida qisman rol oʻynagan.

Musulmonlar va nasroniylar oʻrtasida oʻxshatish va tajsim masalalarini muhokama qilishda yahudiylarning ham hissasi borligini koʻrsatadigan dalillar mavjud. Darhaqiqat, yahudiylarning tashbeh eʼtiqodi haqida hadislar toʻqib chiqargani maʼlum. Musulmonlar orasida sabaiya, gʻoliya kabi ekstremistik oqimlar paydo boʻlishi va tarafdorlarining koʻpayishida oʻsha davrdagi ayrim yahudiylar ham katta rol oʻynagan. Bundan tashqari, qadimgi Sharq dinlari vakillaridan sanaviylik, zardushtiylik, deysanlik, brahmanlik kabilar ham oʻz gʻoyalarini ilgari surgan va oz sonli boʻlsa-da, ulardan taʼsirlangan kishilar mavjud edi. Islom dinini tanqid qilgan xorijiy din olimlarining falsafadan, xususan, yunon tafakkuridan bahramand boʻlishi musulmon olimlarini falsafa madaniyatini oʻrganishga olib keldi. Mohiyatan yunon falsafasi Iskandariya maktabi orqali musulmonlar fath qilgan Misrda tarqaldi. Bundan tashqari, falsafiy asarlar arab tiliga ham tarjima qilingan.

Baʼzi tarixchilarning yozishicha, moʻtaziliylar firqasi vakillarida nasroniylikdan taʼsirlangan holda saloh, aslah, iroda erkinligi va Yaratuvchining ismlari hamda sifatlarini inkor etish kabi koʻpgina notoʻgʻri aqidaviy qarash shakllangan [6:26-36].

 Mana shu jarayonlardan keyin ahli sunna val jamoa aqidasi borasida kitoblar yozish boshlandi. Hatto bu ish adashgan firqa va oqimlarning notoʻgʻri taʼvillariga raddiya berish uchun zaruratga aylandi. Kalom ilmi borasida tadqiqot olib borgan olimlar fikriga koʻra, ahli sunna val jamoa aqidasi boʻyicha eng dastlabki kitob Imom Abu Hanifaning “Al-Fiqh al-akbar” asari hisoblanadi. Imom Abu Hanifa ushbu asarida moʻtazila, qadariya, jahmiya va shia firqalariga raddiya bergan. Uni Abu Muteʼ Balxiy va Hammod ibn Abu Hanifa rivoyat qilgan. Mazkur asar asosan taqdir, Alloh taoloning xohish-irodasi, gunoh tufayli kofirga chiqaradiganlarga raddiya va imon kabi beshta asosiy mavzuni oʻz ichiga olgan. Shuningdek, bu asarda Allohning ismlari va sifatlari, fitrat, paygʻambarlarning maʼsumligi, sahobalar darajasi kabi aqidaviy masalalar bayon qilingan. Aqida fani boʻyicha birinchi asar yozgani uchun Imom Abu Hanifani ushbu fan asoschisi ham deyish mumkin.

Imom Ibn Vahb (vaf.197) muhaddislar uslubida taqdir borasida kelgan hadislarni jamlab, kitob yozgan. Mazkur asar boblarga ajratilmagan. Shofeʼiy mazhabi asoschisi Imom Shofeʼiyga ham “Al-Fiqh al-akbar” nomli kitobning nisbati beriladi. Lekin bu asarning Imom Shofeʼiyga nisbat berilishi ishonchli emas. Hoji Xalifa bu asarning Imom Shofeʼiyga nisbat berilishida shubha bor, uni katta ehtimol bilan boshqa bir olim yozgan, degan.

Imom Abu Hanifadan keyin aqida ilmi borasida turli nomlar bilan koʻplab ulamolar asar yozgan. Jumladan, Abu Ubayd Qosim ibn Salom (vaf.224) “Kitob al-imon” nomli asar yozgan. Oʻsha davrda sogʻlom eʼtiqodni bildiradigan alohida nom paydo boʻldi. Yaʼni sahih eʼtiqod borasida yozilgan asarlar “Kitob as-sunna” nomi bilan mashhur boʻldi. Ibn Abu Shayba (vaf.235) va Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf.241) eʼtiqod borasida “Kitob as-sunna” turkumidagi asarlarni yozgan.

Hijriy III asrning ikkinchi yarmiga kelib, aqida masalalariga bagʻishlangan asarlarni “Kitob at-tavhid” nomi bilan atash anʼanaga aylandi. Jumladan, Ibn Surayj Bagʻdodiy (vaf.306) va Ibn Xuzayma “Kitob at-tavhid” nomli asar yozgan. Bu holat “Usul ad-din” atamasi paydo boʻlgunicha davom etdi. Hijriy V asr boshlaridan eʼtiqodiy masalalarga bagʻishlangan asarlarni “Kitob al-aqida” nomi bilan atash boshlandi [4:16-17].

Xalifa Maʼmun davrida boshlangan Qurʼonni maxluq deyish fitnasi ham ahli sunna val jamoaning toʻgʻri eʼtiqodiy qarashlarini jamlagan alohida asarlar yozilishiga taʼsir koʻrsatgan asosiy omillardan biri boʻldi.

Tarixiy manbalarda zikr qilinishicha, xalifa Mahdiy zindiqlarni tekshirish va ularni yoʻqotishga qattiq kirishadi. Hatto ular bilan bahs-munozara qilish uchun alohida devon joriy qilib, unga Umar al-Kalavoziyni boshliq etib tayinlaydi. Ular bilan bahs-munozara qilish va raddiya berish uchun aqida kitoblarini yozish buyurildi. Imom Suyutiy “U (xalifa Mahdiy) zindiqlar va dahriylarga raddiya berish uchun alohida kitob yozishga buyruq bergan birinchi kishidir” [5:271].

Oʻtgan asrda yashab ijod qilgan olim Zohid Kavsariy xavorij va shia firqalari biror bir ilmiy dalilga asoslanmagan, balki siyosiy his-tuygʻu sabab paydo boʻlganini taʼkidlaydi [7:17].

Ahli sunna val jamoa ulamolari hijriy III asrdan keyin adashgan firqalar oʻzining aqidaviy qarashlarini tarqatishni boshlaganidan soʻng ularga qarshi raddiya asarlar yozish boshlandi. Jumladan, Imom Dorimiy “Ar-Radd ala Bishr al-Marisiy (Bishr Marisiyga qarshi raddiya)” nomli asari muqaddimasida quyidagilarni zikr qiladi: “Agar bu kishi Marisiyning notoʻgʻri aqidalarini tarqatmaganida edi, biz u haqda zikr qilmagan boʻlar edik” [9:56-57]. Imom Dorimiy kabi ulamolarning mana shunday raddiya asarlar yozishdan asosiy maqsadi aqidaviy masalalar borasida yetarli ilmga ega boʻlmagan oddiy musulmonlar qalbiga ularning ayrim buzuq aqidalari oʻrnashib qolmasligi edi. Mazkur yoʻnalish borasida eng koʻp yozilgan asar Qurʼonning maxluq emasligi masalasiga bagʻishlangan. Chunki bu notoʻgʻri eʼtiqodiy qarash musulmonlar oʻrtasida keng tarqalib ketgani uchun ahli sunna val jamoa ulamolari mana shu mavzuda alohida asarlar yozgan. Shuningdek, oʻsha davrda adashgan firqa va oqimlar oʻzining aqidaviy qarashlari bayon qilingan turli risola va  kitoblar yozib, tarqatgan.

Aqidaviy masalalarning tizimli shaklda tadvin qilinishining sabablaridan yana biri islom dini yetib borgan turli oʻlkalardan kelgan musulmonlarning eʼtiqodiy mavzular boʻyicha turli savollarga javob berish edi. Baʼzi hollarda ulamolardan eʼtiqod borasida kitob yozib berishni soʻrashgan. Bunga ahli sunna val jamoaning mashhur imomlari muayyan aqidaviy masala borasida yozgan risolalari ham dalil boʻla oladi. Jumladan, Abu Nasr Sajziyning (vaf.448/1056) Yamandagi Zubayd shahri ahliga yozgan risolasi misol boʻladi [4:54].

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, ahli sunna val jamoaning mashhur ulamolarining oʻzlariga nisbatan notoʻgʻri eʼtiqodiy qarashlar nisbat berilmasligi uchun ham aqidaviy qarashlar borasidagi kitoblar yozilgan. Chunki omma ularga ergashib, eʼtiqodiy qarashlarini bir-biriga naql qilar edi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulmajid Najjor. Fiqh at-tadayyun fahman va tanzila. – Qohira: Az-Zaytuniya, 1995.
  2. Abul Fath Muhammad ibn Abulqosim Shahristoniy. Al-Milal van-nihal. – Bayrut: Dor as-surur, 1948. – J. I.
  3. Ali Mustafo al-Gʻarobiy. Tarix al-firaq al-islomiya va nashʼatu ilmil kalom indal muslimin. – Bayrut: Kitobu turos, 2018.
  4. Doktor Nosir ibn Yahyo al-Hunayniy. Manhaju ahli sunna val jamoa fi tadvini ilmil aqida. – Ar-Riyod: Markaz al-fikr al-muosir, 2010.
  5. Jaloliddin Suyutiy. Tarixul xulofo. – Bayrut: Al-Maktaba at-tijoriya al-kubro, 1969.
  6. Jorulloh Zuhdiy. Al-Moʻtazila. – Qohira: Maktabatu Misr, 1947.
  7. Muhammad Zohir Kavsariy. Muqaddimatu kitob tabyini kizbil muftariy fi mo nusiba il-imom Abil Hasan al-Ashʼariy li Ibni Asokir. – Bayrut: Dor al-kutub al-arabiy, 1979.
  8. Muhammad ibn Ahmad ibn Abdurahmon Malatiy. At-Tanbeh va var-rad. – Ar-Riyod: Al-Muʼtaman, 1994.
  9. Hofiz Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Bagʻdodiy. Tarixu Bagʻdod. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2004. – J. VII.
  10. Yusuf ibn Ali at-Tarif. Tadvinu ilmil aqida inda ahli sunna val-jamoa. – Ar-Riyod: Dor ibni Xuzayma, 2009.
SOATMUROD PRIMOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
Ilmiy ishlar va fan boʻyicha prorektori,
islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

BUYUK MUHADDIS IMOM BUXORIYNING OILASI BOʻLGANMI?

Dunyoda buyuk zotlar, mutafakkir va allomalar hayoti, ilmiy merosi va oilaviy muhitini bilishga qiziqish katta. …