Dunyoda buyuk zotlar, mutafakkir va allomalar hayoti, ilmiy merosi va oilaviy muhitini bilishga qiziqish katta. Bir olim yoki mutafakkirning yetishib chiqishida qancha insonning xizmati bor. Barcha ulugʻ insonlarning voyaga yetishida avvalo, oiladagi ilm-maʼrifatga eʼtibor, zakiy ustozlar, sadoqatli sheriklar, olijanob va saxovatli kishilarning ulkan xizmati bor.
Imom Buxoriyni ham xuddi mana shunday muhit tarbiyalagan. Muhaddisning ustozlari va doʻstlari haqida koʻplab manbalarda maʼlumot keltirilgan. Muhaddisning oilasi haqida, uning oilasi boʻlganmi yoki yoʻq?, Farzandlari bormi yoki yoʻq?. Bu kabi savollar doimo ilm ahlining diqqat markazida boʻlib kelgan. Shuningdek, buyuk imom uylanganmi? Farzandlari haqida biron manbada maʼlumot bormi kabi savollar ham koʻp beriladi. Haqiqatda buyuk imomning buyukligi nimada, bu martabaga qanday erishgan. Oʻz shaxsiy hayoti bilan mashgʻul boʻlganmi? Bir umr u kishiga kim xizmat qilgan? Och qolsa taom, chanqasa suv tutgan kim?. Bu xizmatlarni biron kishi uning yonida turib bajarganmi?. Buyuk muhaddisning shaxsiy hayoti haqidagi mavzuni yoritishda koʻplab manbalar tadqiq etildi.
Ushbu maqolada Imom Buxoriyning shaxsiy hayoti qanday boʻlgani haqida maʼlumotlar jamlandi, tadqiqotchilar qarashlari oʻrganilib, xulosaviy fikr berildi. Bu masalada tarixchilar Imom Buxoriyning oila qurmagani va uning farzandi boʻlmaganini taʼkidlaydi. Buyuk muhaddisning hayoti va merosini chuqur oʻrganish natijasida, uning oilasi va hayotdagi shaxsiy fazilatlari ham koʻplab olimlar tomonidan oʻrganilgan. Ulugʻ allomalarning shaxsiy hayotiga nazar solinsa, ularning aksar qismi tasnif etgan kitoblarida oʻz oilasi haqida maʼlumot taqdim etmagan.
Mavzuni yoritishda asosan islom tarixida eʼtirof etilgan tarix va tarojim kitoblari hamda hadis ilmida mashhur allomalarning nodir asarlaridan foydalanildi. Xususan, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi borasida uzoq vaqt tadqiqot olib borgan olim Abdusattor Shayxning “Imom Buxoriy ustozil asotiziyn va imomil muhaddisiyn….” nomli kitobidagi tarixiy maʼlumotlar, Xatib Bagʻdodiyning “Tarixi Bagʻdod” asari, Imom Zahabiyning “Siyar aʼlomin nubalo” asari, Ibn Asokirning “Tarixu Dimashq” hamda Ibn Hajar Asqaloniyning “Tagʻliqut taʼliq” va “Hadyus soriy” asarlari oʻrganilib, ularda keltirilgan tarixiy maʼlumotlar ilmiy tahlil qilindi.
Mavzuni yoritishda kyetma-ketlik, xolislik, ilmiy-qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi. Shuningdek, mavzu doirasidagi maʼlumotlarning bir-biriga nomutanosibligi hisobga olinib, allomalar va muarrixlar qarashlaridan kelib chiqqan holda besh bosqichli xulosaviy qarashlar ishlab chiqildi.
Imom Buxoriyning oilasi, farzandlari haqida quyidagi tarixiy manbalar va hayotiy voqeliklar bilan tanishib, xulosa chiqaramiz:
Birinchi qarash: Imom Buxoriyning ahli oilasi va joriyasi boʻlgan. Bunga dalil sifatida Shamsiddin Zahabiyning “Siyar aʼlomin nubalo” va “Tarixul islom” asarida keltirilgan maʼlumotlarni koʻrsatish mumkin. Muhaddisning xos kotibi Varroq Muhammad ibn Hotamdan rivoyat qilingan manbada “Imom Buxoriy menga “Mening ahli oilam va joriyam bor. Sen esa balogʻatga yetgan yosh yigitsan”, deb aytdi”, degan maʼlumot keltirilgan [4:12/451-452]. Imom Buxoriy tomonidan “mening ahli oilam bor” deb aytilishi muhaddisning oilasi borligiga yorqin ishora boʻlgan.
Varroq tomonidan yana bir tarixiy rivoyat keltiriladi: “Abdulloh ibn Muhammad Sorifiyni eshitdim: “Men Abu Abdulloh Buxoriyning uyida boʻldim. U kishining oldiga joriyalari kirmoqchi boʻldi. Uning oldidan oʻtayotganda, bexosdan siyohdonga oyogʻi tegib ketdi va undagi rang toʻkilib ketdi. Unga qarab Buxoriy (gʻazablanib) “Shunday ham yurasanmi….?!” dedi. Joriya: “Hojam, yoʻl juda tor ekan, oʻtishga qiynaldim. Uzr”, deb javob berdi. Buxoriy qoʻllarini qoʻydilarda: “Sen ket, men seni ozod qildim”, dedi. Shunda Imom Buxoriydan: “Ey Abu Abdulloh joriyangiz gʻazabingizni chiqardimi?!” deb soʻrashdi. Imom Buxoriy shunday deb javob berdi: “Agar meni gʻazabim chiqqan boʻlsa, nafsim rozi boʻlgan amalni qilib uni tinchlantirdim” [7:480]. Yaʼni uni ozod qildim, endi joriya qiladigan ishlarni oʻz nafsim qiladi, degan. Mazkur xabar Imom Buxoriyning ayoli va joriyasi boʻlganiga yaqqol dalil sifatida keltiriladi. Chunki bu xabar uzoq yillar muhaddisga kotiblik qilgan Varroq va Imom Buxoriy bilan koʻp yillar birga turib, hadis oʻrgangan muhaddislardan biri Hofiz Sayrofidan rivoyat qilingan. Bu, oʻz navbatida, manbaning ishonchli deb sanalishiga asos boʻladi.
Ikkinchi qarash: Imom Buxoriyning oʻgʻil farzandi boʻlib, uning ismi Ahmad Abu Hafs boʻlgan. Bakr ibn Muniyr va Muhammad ibn Abu Xotam bu haqda shunday xabar bergan. Abu Bakr aytadi: “Imom Buxoriyda tijorat uchun mol bor edi. Bu tijorat moli uning oʻgʻli Ahmad Abu Hafs tomonidan olib kelingan. Shunda bu tijorat molini olish uchun savdogarlar keldi va unga besh ming dirham berishini aytib, savdo qilib qaytib ketdi. Ular ketganidan soʻng boshqa savdogarlar keldi-da, ayni shu tijorat moliga oʻn ming dirham berishini aytdi. Shunda Imom Buxoriy ular taklif etgan foyda va savdoni rad etdi. Buxoriy shunday dedi: “Men kecha bu mollarni boshqa tijoratchilarga sotishga vaʼda bergan edim, foyda uchun men oʻz vaʼdamdan qaytishni istamayman” [4:12/448;3:2/11;5:53/81;12:2/28;6:480; 7:5/359]. Mazkur maʼlumot mashhur tarixiy kitoblar “Tarixi Bagʻdod”, “Tarixi Damashq”, “Siyar Aʼlou Nubalo”, “Tabaqatu Subkiy”, “Al-Hadyus Soriy”, “Tagʻliqut taʼliq” va boshqa asarlarda kelgan.
Ushbu xabar Imom Buxoriyning farzandi boʻlgani va uning ismi Ahmad, kunyasi Abu Hafs ekanidan dalolat beradi.
Xabarda kelgan “Bu tijorat moli uning oʻgʻli Ahmad Abu Hafs tomonidan olib kelingan edi” jumlasi Imom Buxoriyning oʻgʻli boʻlganiga ishoradir. Shu manbani asos qilgan baʼzi muarrixlar Imom Buxoriyning Ahmad ismli oʻgʻli boʻlgan, deb xulosa qilgan.
Shuningdek, Imom Buxoriy hayoti va faoliyati toʻgʻrisida uzoq yillar tadqiqot olib borgan Abdusattor Shayx “Imom Buxoriy ustozil asotiziyn va imomil muhaddisiyn” nomli kitobida Imom Buxoriyning oilasi va farzandlari haqidagi maʼlumotlarni umumlashtirgan. Unda muallif Imom Buxoriyning oʻgʻil farzandi boʻlgani, uning ismini Ahmad qoʻygani va bu ismni muhaddis Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning ismiga oʻxshash qoʻyganini taʼkidlaydi [2:50]. Bu qarash koʻplab manbalar asosida olib borilgan ilmiy tadqiqot va qiyosiy tahlillar natijasidir. Ushbu fikrni yoqlovchilar Imom Buxoriyning oilasi, farzandi va joriyasi boʻlgani toʻgʻrisidagi tarixiy manbalarda keltirilgan maʼlumotlardan foydalanib, shu xulosaga kelgan. Albatta, bu mavzuda toʻgʻri xulosa Allohga maʼlum, buyuk imomni Alloh rahmat qilsin.
Uchinchi qarash: Imom Buxoriyning qiz farzandi boʻlgani manbalarda zikr qilingan. Muhammad ibn Abdulloh ibn Bayʼil Hokim “Maʼrifatal ulumil hadis” kitobida Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning oʻgʻil farzandi boʻlmagan, deb keltirib oʻtgan [9:52].
Hofiz Abdurahmon ibn Ali ibn Daybi Shayboniy Imom Buxoriy haqida shunday deydi: “U vafot etganda uning oʻgʻil farzandi yoʻq edi”.
Sirojiddin ibn Umar ibn Ali: “Imom Buxoriy va Imom Muslimlarda oʻgʻil farzand boʻlmagan”, deb taʼkidlagan.
Mullo Ali Qorining “Mirqot al-mafotih” asarida [8:1/17], Muhammad ibn Ismoil Amir Sanʼoniy “Tahbir li iyzohi maʼonil taysir” asarida [11:1/97], Muhammad ibn Ali Shavkoniy “Naylu avtor” asarida [10:1/21], Abdulhaq Buxoriy Dehlaviy Hanafiy “Lamʼot tanqih fiy sharhi mushkotil masobih” asarida [1:10/261] Imom Buxoriyning oʻgʻil farzandi boʻlmaganini qayd etgan. Ushbu manbalarda muhaddisning faqat oʻgʻil farzandi boʻlmaganining qayd etilishi, uning qiz farzandi boʻlganiga ishora boʻlib, allomaning qiz farzandi boʻlgan deb xulosa qilingan. Baʼzi manbalarda Imom Buxoriyning oʻgʻil farzandi boʻlmagan, ammo u kishining bir nafar qiz farzandi boʻlgan, deb taʼkidlangan.
Toʻrtinchi qarash: Imom Buxoriyning oila qurgani va farzandli boʻlganini inkor etuvchilar. Muarrix Aʼjuliy: “Men biron manbada Imom Buxoriyning uylangani va undan farzandli boʻlgani toʻgʻrisidagi xabarni koʻrmadim”, degan. Imom Buxoriyning “Torix al-avsat” asari muhaqqiqi Taysir ibn Saʼd Abu Humayd esa: “Tarojim kitoblarida Imom Buxoriyning oilasi va uning zurriyoti haqida biron maʼlumot kelmagan. Faqat Imom Hokim: “Imom Buxoriy va Imom Muslimdan oʻgʻil farzand qolmagan”, degan maʼlumot mavjud deb taʼkidlagan. Shuningdek, muhaddisning farzandlari haqida maʼlumotning mavjud emasligi, uning farzandi va oilasi mutlaq boʻlmaganiga ham asos boʻlmaydi [13:50].
Beshinchi qarash: Imom Buxoriyning zurriyoti umuman boʻlmagan, deb aytuvchilar toifasi ham mavjud. Abdusalom Muborakfuriy bu borada bir qancha maʼlumotlarni jamlagan. U Validdin Xatib va Mullo Ali Qoriy qarashiga tayanib, Imom Buxoriyning farzandi boʻlmagan, degan.
Husayn ibn Muhammad Loʼiy Magʻribiy: “Imom Buxoriyning farzandi boʻlmagan. Ammo Alloh taolo u kishiga har qanday solih farzanddan ham afzal sharaf va maqomni berdi. Bu uning sahih asari shuhratidir. Undan butun dunyo musulmonlari foydalanadi” [14:1/27], deb taʼkidlaydi.
Manbalardan maʼlum boʻladiki, Imom Buxoriyning oilasi va farzandi bor boʻlgan. Ammo tarixiy kitoblarda bu toʻgʻrida ochiq bayon qilinmagan. Umuman, allomalar tarixiga eʼtibor qaratilsa, ularning aksariyati shaxsiy hayoti va oilasi haqida maʼlumot qoldirmaganini koʻrish mumkin. Imom Buxoriy ham oilasi va farzandlari haqida nodir asarlarida maʼlumot bermagan. Buni muhaddisning hadisga muhabbati va ilmga nisbatan omonatdorligi bilan ham izohlash mumkin. Imom Buxoriyning maqsadi oʻzidan nodir asar qoldirish boʻlgan. Muhaddis oʻzining asari xususida “Alloh va oʻzim oʻrtamda hujjat boʻldi”, deb taʼkidlaydi. Haqiqatda alloma yaratgan asar butun musulmonlar uchun Qurʼoni karimdan keyingi hujjatga aylandi. Imom Buxoriyning niyati goʻzal boʻlganiga munosib, Alloh taolo uni maqsadiga muvofiq darajaga koʻtardi [13:50].
Tadqiqot natijasi va manbalar tahlili asosida quyidagicha xulosa qilish mumkin:
Imom Buxoriyning oilasi va Ahmad ismli farzandi boʻlgan;
Muhaddis oʻz asarlarida oilasi va farzandlari haqida xabar bermagan.
Imom Buxoriy oilasi, uni tashvishi va farzandlari haqida yozishdan koʻra, Rasululloh (s.a.v.)dan bir hadis yozib qoldirishni afzal koʻrgan.
Buyuk muhaddisning ilmiy merosini oʻrganish bilan birga, oilasi, farzandlari va unga yaqin boʻlgan insonlar haqidagi maʼlumotlar ham oʻquvchi uchun qiziqarli va ayni vaqtda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tarixiy maʼlumotlar Imom Buxoriyni yanada yaqinroq bilishga, buyuk xizmatlarini amalga oshirishida yonida turgan insonlarni tanishimizga yordam beradi.
-
Abdulhaq Buxoriy Dehlaviy Hanafiy. Lamʼot tanqih fiy sharhi mushkotil masobih. – Bayrut: Dor Kutub, 2010.
-
Abdusattor Shayx. Imom Buxoriy ustozil asotiziyn va imomil muhaddisiyn…. – Damashq: Dor al-qalam, 2007.
-
Bagʻdodiy. Tarixi Bagʻdod. – Bayrut: Soyd al-xotir al-ilmiyya, – J. 3.
-
Siyar aʼlomin nubalo. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1998.
-
Ibn Asokir. Tarixu Dimashq. – Bayrut: Dorul fikr, 1998.
-
Ibn Hajar. Tagʻliqut taʼliq. – Misr: Dor Ammor, 1985.
-
Ibn Hajar. Hadyus soriy. – Bayrut: Dorul maʼrifa, 1995.
-
Mullo Ali Qoriy. Mirqot al-mafotih. – Bayrut: Dor ilm, 2010.
-
Muhammad ibn Abdulloh. Maʼrifat al-ulumil hadis. – Bayrut: Dor Kutub, 2010.
-
Muhammad ibn Ali Shavkoniy. Naylu avtor. – Misr: Al-Meros, 2002.
-
Muhammad ibn Ismoil Amir Sanʼoniy. Tahbir li iyzohi maʼonil taysir. – Bayrut: Dor al-ilmiya, 2000.
-
Tojuddin Subkiy. Tabaqotush shofiʼiyati-l-l-kubro. J. 2. – Qohira: Doru Hajr, 1992.
-
Umarov Sh. Imom Buxoriy taʼrifi. – T., Ilm 21, 2024.
-
Husayn ibn Ahmad Magʻribiy. Badrut tamom. – Bayrut: Dor al kutub, 1994.