Home / MAQOLALAR / TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 7-QISM

TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 7-QISM

Sulaymon ibn Tarhon Taymiy roziyallohu anhu

97 yoshida vafot etgani rivoyat qilinganiga koʻra, ehtimol 46/666-yilda tugʻilgan[1]. Siqa (ishonchli) roviy boʻlgan Sulaymon, sahobalardan Anas ibn Molik roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilgan[2]. Imom Buxoriyning taʼkidlashicha, 200 ga yaqin hadis naql qilgan[3].

Basra masjidida qirq yil davomida imomlik qilgan[4].

143/761-yilda vafot etgan[5].

 

Yahyo ibn Said Ansoriy roziyallohu anhu

70/689-yildan oldin tugʻilgan. Anas ibn Molik, Abu Umoma ibn Sahl, Said ibn Musayyab, Amra bint Abdurahmon, Ibn Shihob roziyallohu anhum kabi shaxslardan hadis tinglagan[6].

Oʻziga qoldirilgan myerosni olish uchun Afrikaga borib, u yerdan 500 dinor bilan qaytgan[7]. Dastlab Madinada qozilik faoliyati bilan shugʻullangan, keyinchalik Mansur (r.a.) uni Iroqdagi Hoshimiyya qoziligiga tayinlagan[8].

Turli rivoyatlarga koʻra, Yahyo 143/760-yili Hoshimiyyada vafot etgan[9].

 

Ibn Shubruma roziyallohu anhu

Vafot etganida 86 yoshda boʻlgani haqidagi rivoyatga koʻra, 58/678-yilda tugʻilgan. Anas ibn Molik, Shaʼbiy, Abu Salama ibn Abdurrahmon, Ibrohim Naxaʼiy, Ibn Siriyn roziyallohu anhum kabi koʻplab kishilardan hadis rivoyat qilgan[10].

Yusuf ibn Umar (r.a.) tomonidan Kufa qoziligiga tayin etilgan, keyinchalik esa Sijiston amiri vazifasiga tayinlangan[11]. Bir rivoyatga koʻra, Yaman voliysi boʻlgan[12], boshqa bir rivoyatga koʻra esa Yaman qoziligi va turli vazifalarda ishlagan[13]. Abbosiylar xalifasi Abu Jaʼfar Mansur (r.a.) davrida Kufada Savod deb nomlangan hududda qozilik qilgan, shuningdek, Iso ibn Muso (r.a.) tomonidan ham hokimlik vazifasiga tayinlangan[14]. Ibn Shubruma rahbarlardan kelgan sovgʻalarni ham qabul qilgan[15].

144/761-yilda vafot etgan[16].

 

Hishom ibn Urva roziyallohu anhu

61/680-yili Madinada tugʻilgan[17]. Otasi Urva ibn Zubayr, amakisi Abdulloh ibn Zubayr, Fotima bint Zubayr, Abu Salama ibn Abdurrahmon roziyallohu anhum kabi koʻplab kishilardan hadis rivoyat qilgan[18].

Uch marta Kufaga borgan. Bir safari davomida Xalifa Mansur (r.a.)ga farzandlarini uylantirib, ularga uy sotib olgani va 100,000 dirham qarzga kirganini aytgan va undan qarz soʻragan, Mansur unga qarzini toʻlashi uchun 100,000 dirham va qoʻshimcha ravishda yana 100,000 dirham bergan[19].

Hishom Xalifa Mansurning yonidaligida bir rivoyatga koʻra, 145/762 yoki boshqa bir rivoyatga koʻra 147/764-yilda vafot etgan[20].

 

Aʼmash roziyallohu anhu

Asli tabaristonlik. Ray shaharlaridan biri Dunbavandda tugʻilgan[21]. Anas ibn Molik bilan koʻrishgan, Abdulloh ibn Avfo, Abu Voil, Ikrima, Ibrohim Naxaʼiy roziyallohu anhum kabi sahobalar va tobyeinlardan hadis rivoyat qilgan[22].

Savdoda foydalanish uchun boshqalarga ham berib turgan mollar sohibi Aʼmashga, odamlar savdodan koʻrgan foydani olib kelar edilar[23]. U Kufada oʻziga tegishli doʻkoni borligini aytgan, ammo faqat ilm bilan mashgʻul boʻlganidan keyin bu ishni tashlagan[24]. Iso ibn Yunus (r.a.) Aʼmashga hadis yozishi uchun 1000 dirham yuborgan, ammo Aʼmash hadislar sotiladigan narsa emasligini aytib, buni rad etgan[25]. Mol-davlat sohibi boʻlmagan Aʼmash, hayotining oxirida Baytulmoldan ajratilgan oylik besh dirham bilan roʻzgʻorini taʼminlagan[26].

148/765 yili Kufada vafot etgan[27].

[1] Mizziy. Tahzib. J. 12. – B. 12.
[2] Ibn Hibbon. Siqot. J. 4. – B. 300.
[3] Zahabiy. Tarix. J. 3. – B. 879.
[4] Zahabiy. Tarix. J. 3. – B. 879; Abu Nuʼaym. Hulyatul avliyo. J. 3. – B. 29.
[5] Ibn Qutayba. Maorif. J. 1. – B. 476.
[6] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 468.
[7] Ibn Saʼd. Tabaqot. – B. 336.
[8] Xatib Bagʻdodiy. Tarix. J. 16. – B. 155.
[9] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 105.
[10] Özen. Ibn Shubruma. TDIE. J. 20. – B. 379.
[11] Ibn Asokir. Tarix. J. 48. – B. 132.
[12] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 6. – B. 337.
[13] Yahyo ibn Maʼin. Tarix. J. 3. – B. 387.
[14] Ijliy. Maʼrifatus siqot. J. 2. – B. 33.
[15] Ozen. Ibn Shubruma. TDIE. J. 20. – B. 380.
[16] Buxoriy. Tarix. J. 5. – B. 117.
[17] Zirikliy. Aʼlom. J. 8. – B. 87.
[18] Suyutiy. Tabaqot. J. 1. – B. 109.
[19] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 35.
[20] Ibnul Javziy. Muntazam. J. 8. – B. 101.
[21] Mizziy. Tahzib. J. 12. – B. 76.
[22] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 116.
[23] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 6. – B. 332.
[24] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 228.
[25] Zahabiy. Tarix. J. 3. – B. 886.
[26] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 235.
[27] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 135.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

FAHSH ISHNI TARK QILGAN KISHINING FAZILATI

Hozirgi kunda dunyodagi koʻplab mamlakatlar qatori, musulmon oʻlkalarida ham fahsh ishlar kuchayib, keng yoyilib bormoqda. …