Kirish. Dunyoning koʻplab ilmiy-tadqiqot markazlarida Oʻzbekiston maorif tizimining XX asr 20-yillari tarixini oʻrganish boʻyicha ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy jamoatchilik tomonidan tarixiy hujjat va manbalarni qayta tahlil etib, ilmiy muomalaga kiritilishi tariximizning koʻplab mavhum qirralarini ochdi. Ilmiy izlanishlar natijasida chop etilgan yangi monografiya va adabiyotlar aholi orasida oʻzi yashab turgan oʻlka tarixiga qiziqishni oshirmoqda.
Maʼlumki, XX asr boshlari Turkiston oʻlkasining siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti qarama-qarshiliklarga toʻla davr sifatida tilga olinadi. Bu davrda bir tomondan sovet maʼmuriyati mafkuraviy hukmronlikni qoʻlga olish uchun kurash boshladi, ikkinchi tomondan taraqqiyparvarlarning milliy oʻzlikni tiklash yoʻlidagi intilishlari avj pallasiga chiqdi. Sovet hukumati tomonidan oʻz muxoliflarini bartaraf qilishning boshlanishi, norozilikni kuchayishiga olib keldi. Shuningdek, mustamlakachi hukumatning gʻoyaviy hukmronlik uchun kurashi maktab taʼlimiga ham taʼsir koʻrsatgan.
Tadqiqot metodologiyasi. Ushbu maqolani tayyorlashda tarixiylik va mantiqiylik tamoyillariga mos tizimli, obyektiv, qiyosiy va statistik tahlil, muammoviy-xronologik va tanqidiy yondashuv metodlaridan foydalanildi.
Adabiyotlar tahlili. Shoʻro hukumati hokimiyatga kelgach, xalq ongida “yagona kommunistik mafkura”ni shakllantirish choralarini qoʻllay boshlagan. Masalan, Tarasov oʻzining “Ixtisosli bilim yurtlarining qurilishi toʻgʻrisida oʻqugʻuchilarning roli” nomli maqolasida: “Shoʻro maktabining burjuaziya maktabiga solishtirib qaraganda, uning muhim nuqtalaridan birisi oʻqugʻuchilarning oʻz-oʻzlarini idora qilishlaridir. Uning tuzulishidan maqsad oʻqugʻuchilarni jamiyat ishlariga qiziqtirish va malakalarini yuksaltirishdir. Oʻqish yurtining hayotida va kommunizm ruhida ijtimoiy, ham siyosiy tarbiya berishda mutashakkir boʻlgʻon holda ishtirok qilishdir”, degan [7: 9]
“Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnalining “Mehnat maktabi nimadir” sarlavhasi ostidagi maqolada: “Kommunistlar tarbiyasining ideali, oʻz asridagi bilimlar bilan har jihatdan qurollangʻon oʻzida, tamom oʻrgangan – bilimli va shuning bilan barobar turmushgʻa xoʻjalikni birga qoʻshqon mehnat kishisidir”. Oʻrtoq Krupskaya aytadir: “Kommunizm ishlab chiqarishni tadrijiy, aqliy ravishda tashkil qilishgʻa aylaydir. Hech bir kuch, hech bir qobiliyat bekorga yoʻq boʻlishi kerak emasdir. Aqliy ravishda kuchlardan istifoda qilish, ularning tadrijiy foydali tarbiya qilishda yoʻl ochodir. Mana shul sababli Xalq Maorif Komissarligi ayniqsa shunday “birlik mehnat maktabini” vujudga keltirishni oʻziga vazifa qilib qoʻydi”, degan edi [3: 26]
Turkiston maktab va madrasalari yoshlarning bilim va koʻnikmasini mustahkamlash yoʻlidagi markaz vazifasini oʻtagan. Xonlik va amirlik davridagi siyosiy kelishmovchilik va harbiy toʻqnashuvlar xalq turmushiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Bu vaziyat XX asr 20-yillarida ham taʼlim usulini koʻp maktablarda qadimgi davr tartibidek yuritilishiga sabab boʻlgan. 1923-yildagi maʼlumotlarga qaraganda, Samarqand shahridagi 1-bosqich 11 ta mahalliy eski maktabning 36 ta sinf xonasiga oʻrtacha 32 nafardan oʻquvchi toʻgʻri kelgan [9]. Maktab taʼminoti Inspeksiya (nazorat organi) va mahalliy aholi ixtiyorida boʻlgan. Bu davrda taʼlim muassasalarining eng katta muammosi oʻquv jihozi va asbob-uskunalar yetishmovchiligi edi.
1923-yildan Sovet hukumati oʻz rejimini mustahkamlash yoʻlida Maorif Xalq Komissariati tarkibida Bosh Vaqf boshqarmasini tashkil etgan [14]. Dastlabki yillarda Bosh Vaqf boshqarmasi zimmasiga vaqf mulkini boshqarishni tashkil etish, ulardan daromad olish va tub aholini madaniy-maʼrifiy ishlarga yoʻnaltirish vazifasi yuklangan. Shunday boʻlsa-da, ushbu Boshqarmaning, asosiy vazifasi maktab va madrasalarni qayta tashkil etish bilan birga, uning mulkini davlat ixtiyoriga oʻtkazishdan iborat boʻldi. Oʻqitish uslubini isloh qilish, umumiy taʼlim va fanlarni oʻquv dasturiga kiritish belgilangan. Shuningdek, yangi sovet maktablarini tashkil etish orqali xalq taʼlimiga yordam berish, mavjud eski usuldagi madrasa va maktablarni sovetlashtirish koʻzda tutilgan. Bu maqsadga erishish uchun Bosh Vaqf boshqarmasi oʻz faoliyatining dastlabki bosqichlaridanoq oʻzining mahalliy boʻlimlarini tashkil qila boshlagan.
Bu davrda Bosh Vaqf boshqarmasi faoliyatiga Sovet hukumatining Turkistonda vaqf tartibini tan olishi ham taʼsir etgan. Arxiv materiallarida tashkilot Turkiston ijtimoiy, maʼnaviy va maʼrifiy yoʻnalishlarni qayta tashkil etib, zudlik bilan madrasalarning “aqidaparastlik va qorongʻu” tizimini buzishga kirishgani yozilgan. Shuningdek, ilgari “zararli taʼlimning” tarqalishiga xizmat qilgan madaniy-maʼrifiy markazlar endi Maorif Xalq Komissariatining “Glavsotsvos” ishlab chiqqan oʻquv dasturini joriy etgan taʼlim muassasalariga murojaat qilayotgani qayd etilgan. Masalan, Toshkent shahar vaqf boshqarmasi (eski shaharda) qoshida 6 ta quyi, 5 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta oʻqituvchilar kursi, jami 450 nafar oʻquvchi hozirdanoq yangi usul dasturi boʻyicha faoliyat yuritayotgani yozilgan. Shuningdek, Samarqand vaqf boshqarmasi (Samarqand sh.) 14 ta umumtaʼlim maktabi, oʻquvchilar soni 440 nafar oʻqituvchilar kurslari mavjud ekanini, Xoʻjand vaqf boshqarmasi 380 oʻquvchiga moʻljallangan 11 ta umumtaʼlim maktabi va 1 ta oʻqituvchilar malakasini oshirish kursini, Kattaqoʻrgʻon vaqf boshqarmasi 110 oʻquvchiga moʻljallangan 3 ta umumtaʼlim maktabi, jami 1600 nafar oʻquvchiga moʻljallangan jami 60 ta yangi uslubdagi maktabni roʻyxatga olgan [11].
Bosh Vaqf boshqarmasi maktab va madrasa islohotini amalga oshirishda ehtiyotkorlik bilan yondashishga majbur boʻlgan. Bu holat Samarqand va Qoʻqon kabi hududlarda milliy norozilik kurashi avj pallasida boʻlgani uchun yaqqol koʻzga tashlanadi. Maktab va madrasalarni qayta tashkil etish milliy anʼana va odatlarga toʻgʻridan toʻgʻri qarshi chiqmasdan, bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Sovet hukumati oʻz maqsadiga erishish uchun oʻquv muhitini yangilashga eʼtibor qaratdi. Natijada, Toshkent, Samarqand, Qoʻqon, Andijon, Xoʻjand vaqf boʻlimlari vaqf mablagʻi hisobidan toʻrt oylik pedagogika kurslarini ochgan [13].
Qayta tashkil etish rejalashtirilgan har bir eski maktab vakillari oʻz oʻqituvchilaridan bir yoki ikki kishini kurslarga ajratishi belgilangan. Agar muassasadan qayta tayyorgarlikka yuboriladigan oʻqituvchi boʻlmasa, Vaqf boʻlimi kurslarni oʻtash uchun munosib nomzodni oʻzi tanlab berishi tartibi kiritilgan. Kursda malaka oshirib tugatgan kadrlar qayta tashkil etilgan maktablarga ishlashga yuborilgan [13].
“XX asrning 20 – 30-yillarida Oʻzbekistonda sovet xalq taʼlim tizimining shakllanishi: mafkura va tamoyillar” nomli maqolada bu davr haqida: “Respublikada dunyoviy maktab taʼlimini yoʻlga qoʻyish jarayoni katta qiyinchiliklar bilan kechdi. Bu, birinchi navbatda, yangi tashkil topgan Sovet davlatining vaqflar tufayli ancha qulay holatda boʻlgan musulmon maktablaridan farqli oʻlaroq, yangi sovet maktablarini ochish va saqlash uchun mutlaqo mablagʻi boʻlmagan ogʻir moliyaviy ahvoli bilan izohlanadi. Kadrlar masalasi juda keskin edi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida yangi ochilgan maktablar uchun oʻqituvchilar yetishmovchiligi eski tizim asosida tayyorlangan mutaxassislar tomonidan qoplandi. Ularni ishga jalb qilish Sovet davlati tomonidan vaqtinchalik majburiy chora edi” – deb munosabat bildiriladi [8: 221] Shuningdek, mahalliy xalq tilida dars bera oladigan oʻqituvchilarning kamligi muammosi bu davrda qisman hal qilingani taʼkidlanadi.
1924-yilda SSSR byudjetidan Turkiston ASSRga oltin hisobida 2 million soʻmdan koʻproq pul ajratilgan. [6:285] Adabiyotlarda sotsializm gʻalabalari maqtab kelingan boʻlsa-da, sovet maktablarida oʻquv qurollari va asboblar yetishmovchiligi bu davrda ham davom etgan. Hujjatlarda oʻquvchilarning asosiy qismi sabogʻini qorilar kabi yoddan oʻqishga, ayrim harflarni tanimasligi butun viloyat maktablarida kuzatilishi yozilgan. Masalan: “Samarqandning 9 ta yangi shahar maktabida 3729 nafar talaba boʻlgani holda 44 ta eski shahar maktab talabasining soni 3200 nafarni tashkil etgan. Ayniqsa, qishloq maktablarida bolalarning juda oz qismi oʻqishni davom ettiradi. Bir sinfda 7, 8, 10 nafargina talaba uchratildi. Yangi maktab binolari solish va mavjud boʻlgʻon maktablarni rimont ishlari oʻquv yili boshigʻa emas, balki qishning oʻrtasigacha tugagan emas. Boshlangʻon maktab binolarining tepalari yopilmagʻonlaridan yomgʻur ostida buzilib yonodi. Rimontgʻa yetarlik darajada aqcha berilmagan, baʼzi tumanlarda maktablarni aholi oʻz hisobigʻa rimont qilsa ham, koʻb maktablar chala rimont ham koʻrmaganlar” – deb maʼlum qilingan [4:63].
Bu davrda mavjud boʻlgan mehribonlik uylari ham ogʻir sharoitda ish yuritgan. Samarqand uyezdi boʻyicha 1923-yil 1-aprel holatiga koʻra, jami 12 ta mehribonlik uyi 63 nafar pedagog-tarbiyachi va 68 nafar texnik xodim bilan faoliyat koʻrsatgan. Barcha mehribonlik uylaridagi bolalar soni: oʻgʻil bolalar – 546 nafar, qizlar – 366 nafar. Hammasi boʻlib 911 nafar bola tarbiyalangan. Tarbiyalanuvchilar soni har bir mehribonlik uyiga oʻrtacha 75 kishidan toʻgʻri kelgan [9]. Bu muassasalarda ham mablagʻ va oziq-ovqat yetishmasligi, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak yoʻqligidan ular xayriya uylarini eslatishi qayd etilgan.
Maʼmuriy boshqaruv xodimlari oʻquv muassasalarida tekshiruv oʻtkazib, kamchiliklarni muhokama qilgan. Masalan, bu borada Samarqand viloyat maorif shoʻbasining ishi toʻgʻrisida viloyat shoʻba mudiri Ataullayev hisoboti bilan viloyatda maorif ishlarini tekshirgan inspektor Nosirbekovning qoʻshimcha maʼruzasi mavjud. Tekshirish materiallariga binoan Samarqand viloyatida maorif ishining ahvolini quyidagicha keltirgan: “Butun viloyatda mavjud boʻlgan 1- va 2-bosqich maktablarning soni 274 ta, sinflarning soni 678 ta, ularda oʻquvchilar soni 16229 nafardir. Oʻtgan yilga nisbatan (1926-yil nazarga tutilmoqda – muallif) sinflar soni 85 taga va oʻquvchilar soni 917 taga oʻsgani anglashildi. Viloyat maorif apparatining umumiy tuzilishi, tartibot va adminstratsiya ishi yaxshi yoʻlga qoʻyilgʻon, tashkilot va moliya ishlari durust boradi, ammo hisobot ishlari zaif. Tumanlarga jonli rahbarlik boʻlmagʻon, yoz bilan boʻlgʻon rahbarlik tumanlarni qanoatlantira olmagʻon, chunki yuborilgan taʼlimotlar koʻb vaqt oʻrunlarga kechikib borgʻon” – deb qisqacha tasvirlagan [4: 63]. Maqolada oʻquv yilining yarmi oʻtib ketgani holda viloyat maktablari dasturi yaratilmagani va ayrim muassasalarda oʻqish muallimlar tayyorlagan dastur asosida olib borilayotgani qayd etilgan.
Mafkura maydonida oʻquv adabiyotlari va asbob-uskunalari alohida ahamiyat kasb etgan. Ammo “muassasalarda oʻqish-oʻqitish asboblarini hozirlash uchun eng keyinga qolgan zakazlar kelgan boʻlsa-da, ularni olishga pul yoʻqligi sabab bir yarim oydan buyon Jizzax vokzalida qolib ketgan”i toʻgʻrisida ham maʼlumot mavjud [4: 63].
Maʼlumki, Chor mustamlakachiligi davrida Turkiston aholisining savodlilik darajasini achinarli ahvolda ekani adabiyotlarda yozib qoldirilgan. Arxiv materiallarida sovet davrida ham: “1920-yilda aholining savodlilik koʻrsatkichi 1000 kishiga nisbatan: oʻzbeklar – 36 nafar, qirgʻizlar – 42, tojiklar – 32 va turkmanlar – 11 nafarni tashkil etgan” – deb keltirilgan [12]. Sovet hukumati davrida hatto Turkiston mahalliy millat komsomollari tarkibida savodsizlar mavjudligini hisoblab: “Aʼzolar va savodsizlar soni boʻyicha qirgʻiz yoshlari ustunlik qiladi, ular asosan 99 foiz Sirdaryo va Yettisuv viloyatlarida toʻplangan. Aʼzolar va savodsizlar soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda oʻzbek yoshlari (Samarqand, Fargʻona, qisman Sirdaryo viloyati) turadi. Uchinchi eng savodsiz turkman yoshlari (Turkmaniston). Toʻrtinchi oʻrinni yevropalik yoshlar (Samarqand, Toshkent, Qoʻqon) egalladi. Beshinchi oʻrinni ham yevropalik yoshlar egallagan” – deb natija koʻrsatilgan [10]. Bu joyda ikki tizim davrida ham xalqning savodxonlik darajasi faqat bir holatdagi koʻrsatkichni maʼlumot sifatida berib oʻtishdan nariga oʻtilmagan.
1923-yil Turkiston ASSR Maorif Xalq Komissariati huzurida savodsizlikni tugatish bilan ish olib boruvchi favqulodda komissiya oʻz faoliyatini boshlagan. Shu munosabat bilan Respublikaning barcha oliy oʻquv yurti talabalari savodsizlikni tugatish harakatiga jalb etiladi. Ammo bu davrdagi aholining ogʻir turmush sharoiti, taʼlim muassasalaridagi sinf xonalarining bahor-qish fasllari mavsumiy sharoitiga moslashtirilmagani darslarning qisqartirilishi yoki qoldirilishiga ham olib kelgan. Bendrikov oʻz monografiyasida: “1924-yildan keyin Oʻrta Osiyoning yangi milliy respublikalarida “savodsizlikni yoʻq qilish” asosan 1924-yilda oʻtkazilgan Maorif taʼlimi boʻyicha Butunturkiston qurultoyida belgilab berilgan yoʻldan borgan. Bir necha yil davomida aholining uyushgan qismi orasida savodsizlik barham topdi. Oʻzbekiston SSRda 1930-yilga kelib, savodxonlik 1920-yildagi taxminan 8 foizga nisbatan oʻrtacha 27,3 foizga yetdi” – deb keltirgan [1: 474].
Eski arab yozuviga ixtisoslashgan aholi savodini koʻtarish masalasining yechimi izlanilayotgan bir vaqtda, yangi oʻzbek (lotin) alifbosiga oʻtishning kun tartibiga qoʻyilishi vaziyatni atayin shu holda saqlab turishni davom ettirgandek taassurot uygʻotadi. Masalan, 1926-yil avgust oyida Samarqandda yigʻilgan oʻzbek ilmiy doiralari kengashi tomonidan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek yozuvi ishlab chiqilib, qabul qilingan [5:50]. Mafkuraviy hukmronlikni qayta tiklash uchun boshlangan bu harakat matbuot sahifalarida “bu kungi madaniyat dunyosida bizning boshqalarga qaraganda bir qadar orqada qolganimiz maʼlum. Masalan, Ovroʻpa ellarida har yuz nafar odamga faqat (taxminan) 3-4 nafar savodsiz odam toʻgʻri kelsa, bizda har yuz nafar odamning 91 nafari savodsiz hisoblanadir. Shu sabablik, hozirgi madaniy qurilish ishlarimizda hal etilishi zarur boʻlgan masalalarning biri omma orasidagi umumiy savodsizlikni yoʻqotishdir” – degan vaj olgʻa surilgan [2:11]. Aholini savodsiz deb, mavjud vaziyatni kamchiliklar bilan koʻrsatish orqali xalq orasida “sotsializm gʻoyasini” keng yoyish odatiy holga aylangan.
Tahlil va natijalar. Oʻzbekistonning XX asr 20-yillari maorif tizimining siyosiylashuvi va mafkuraviy muhitga boʻysundirilishi davriga xolisona yondashish koʻplab jumboqlarga yechim boʻladi. Bu davr Turkiston maorif tizimiga nazar tashlasak, bir-birining taʼlim uslubini inkor qilgan, mahalliy aholining bilim saviyasining kuchayib ketishidan xavfsiragan chor imperiyasi va sovet mustamlakachi boshqaruvining ziddiyatli munosabatini kuzatamiz. Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida madaniy hayot bosqichma-bosqich nazoratga olingan boʻlsa, shoʻro hukmronligi yillarida esa bu muassasalar mehnat maktabiga aylantirilgan. Har ikkala boshqaruv davrida ham eski maktab va madrasalar faoliyatiga dushman nazari bilan qaralib, ularning faoliyatini tugatish yoʻlida turli rejalar ishlab chiqilgan. Oʻquv adabiyotlari va asbob-uskunalar masalasida davlat oʻz nazoratini kuchaytirib, eski adabiyot va qoʻllanmalar davlat hisobiga musodara qilingan. Taraqqiyparvarlarning islohot dasturlari rad etilib, sovet davrida yagona “kommunistik oʻquv dasturi” ishlab chiqilgan.
Xulosa va takliflar. XX asr 20-yillaridan oʻlka maorif sohasi dunyo sivilizatsiya tizimidan ajratilib, sotsializm mafkurasiga moslashtirib kelingan. Savodsizlikni tugatish bahonasida oʻlka aholisini qayta oʻqitish, “tarbiyalash” amalga oshirilgan. Bu tartib jamoatchilikni sotsialistik gʻoya bayrogʻi ostida markaz manfaatlariga xizmat qilishga yetaklagan. Chor mustamlakachiligi davrida boshlangan taʼlimdagi siyosiy taqiq va gʻoyaviy hukmronlik sovet davrida ham davom etgan. Maorif Xalq Komissariati tarkibidagi Bosh Vaqf boshqarmasi taʼsirida maorif tizimi, yaʼni taʼlim muassasalari binosi, moddiy bazasi, vaqfi, oʻquvchi va oʻqituvchilar tarkibi toʻliq oʻrganilib, sovetlashtirilgan. Maorif taraqqiyotiga tanqidiy koʻz bilan qarash soʻnib borgan boʻlsa-da, taʼlimdagi muammo va kamchiliklar davom etgan. Bu yetishmovchiliklarni bartaraf etish turli bahona va sabablar bilan keyingi yillarga qoldirib kelingan.
-
Бендриков К.Е. Очерки по истории народного оброзования в Туркистане. – М., 1960.
-
Lotinlashtirish ishida asosiy direktivlar. Alanga jurnali 1928-yil yanvar. 8-son.
-
Mehnat maktabi nimadir // Maorif va oʻqitgʻuvchi. –1925. №1-son.
-
Samarqand viloyat maorif shoʻbasining ishlari toʻgʻrisida // Maorif va oʻqitgʻuvchi. 1927. 3-4-son.
-
Savol-javob. Yangi alifbo toʻgʻrisida: oʻrtoq R.K.Abdurahmonovning soʻroqlari // Maorif va oʻqitgʻuvchi. 1927 yil may. 5-son.
-
6. Shamsutdinov R., Karimov Sh. Vatan tarixi (Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida) 3-kitob. –T.: Sharq, 2010.
-
Tarasov. Ixtisosi bilim yurtlarining qurilishi toʻgʻrisida oʻqugʻuchilarning roli// Maorif va oʻqitgʻuvchi. 1929. 6-son.
-
Ўзбекистонда таълимнинг ривожланиш тарихи ва тарихшунослиги очерклари. I. – T., 2016.
-
Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-1859. 1923-yil. 24-varaq.
-
10. Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2052. 1923-yil. 8-varaq.
-
Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2133. 1923-yil. 8-varaq.
-
Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2167. 1923-yil. 31-varaq.
-
Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2302. 1923-yil. 140-varaq.
-
Oʻz.MA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2318. 1923-yil. 2-varaq.