Home / MAQOLALAR / SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETIDA SAQLANAYOTGAN ENG QADIMGI QOʻLYOZMA ASARLARNING QOGʻOZ TARKIBI XUSUSIDA

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETIDA SAQLANAYOTGAN ENG QADIMGI QOʻLYOZMA ASARLARNING QOGʻOZ TARKIBI XUSUSIDA

Samarqand butun Oʻrta asrlar davomida dunyodagi eng yuqori sifatli qogʻoz ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi asosiy markaz boʻlgan. Samarqand qogʻozida yaratilgan qoʻlyozma asarlar va miniatyuralar bugun ham dunyodagi mashhur kutubxona, muzey va kolleksiyalarning noyob mulki hisoblanadi. Ana shunday xazinalardan biri Samarqand davlat universiteti kutubxonasidir.

Xorijlik tadqiqotchilar qadimgi qoʻlyozma asarlar va hujjatlarni kodikologik jihatdan tadqiq etishda, qogʻoz tarkibini oʻrganishda zamonaviy texnik vositalardan unumli foydalanmoqda. Ularning ayrimlari bugungi kunda yurtimizda ham mavjud boʻlib, ularni ilmiy tadqiqotlarga keng jalb qilish mumkin. Shunga qaramasdan, qadimiy manbalar bilan ishlovchi mahalliy tarixchi-manbashunos olimlar orasida bunday usullar ommalashmagan. Vaholanki, qadimiy yozma manbalarning qogʻoz tarkibini oʻrganish orqali uning ishlab chiqarilishi tarixi va texnologiyalariga oid muhim maʼlumotlarni aniqlash mumkin. Olingan natijalarni qadimgi manbalardagi qogʻoz yasovchi ustalar faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan boyitish oʻsha davr ijtimoiy hayotini ham yoritishda muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda mahalliy tarixchi-manbashunos olimlar bu boradagi xorij tajribasiga eʼtibor qaratib, mavjud texnik vositalardan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish dolzarb ahamiyatga ega. Xorij tadqiqotlarining foydali jihatlarini oʻzlashtirish va ommalashtirish mamlakatimizdagi yordamchi tarix fanlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu maqolada keyingi yillarda Samarqand davlat universitetida olib borilgan ushbu yoʻnalishdagi tadqiqotlarning dastlabki natijalari bayon etiladi.

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili. Zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlariga qaramasdan, nafaqat Oʻzbekistonda, hatto postsovet makonida ham qadimiy yozma manbalar qogʻozini tadqiq qilish rivojlanmagan. Tarixiy hujjatlar va ularning qadimiy qogʻozini texnologik tadqiq etishning zamonaviy yoʻnalishlari, usullari va vositalari haqidagi umumiy sharh A.P.Balachenkova va D.O.Sыpkinning maqolasida [13] keltirilgan. Unda “mahalliy mutaxassislar qadimiy qogʻozlarga zamonaviy texnologik tadqiqotlar oʻtkazish vazifalari va imkoniyatlariga hamon eʼtibor qaratmayapti”, deb taʼkidlangan [13:375]. Vaholanki, bunday tahlillar uchun bugun katta imkoniyat va salohiyat boʻlib, u fanlararo yondashuvni talab qiladi.

Ushbu yoʻnalishdagi tadqiqotlar haqida umumiy tushuncha hosil qilish uchun xorijiy nashrlarga murojaat qilish lozim. Ularning koʻpchiligi “Xalqaro qogʻoz tarixchilari uyushmasi” – IPH (International Association of Paper Historians) kongresslari materiallarida chop etilgan. Quyida eng muhim maqolalarga qisqacha toʻxtab oʻtilgan.

Qadimgi sharq qogʻozlari haqidagi qator nashrlar [8; 6; 3; 7; 4] orasida Daniya Milliy muzeyi restavratori A.-G. Rischel tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega. Bu olima qadimiy qogʻozlarni texnologik oʻrganish sohasida yetakchi mutaxassis hisoblanadi. Uning izlanishlari Yevroosiyo qitʼasida qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyasining transmadaniy rivojlanishi va uzluksizligining yaxlit manzarasini ochib berishga qaratilgan. 1998-yilda olimaning Markaziy Osiyodan topilgan qadimiy hujjatlar qogʻozi haqidagi maqolasi nashr etilgan. Unda Stokgolmdagi Etnografiya muzeyida saqlanayotgan “Sven Gedin kolleksiyasi” va Kopengagendagi Daniya milliy muzeyida saqlanayotgan “Dunxuan kolleksiyasi” tarkibidagi qadimiy hujjatlar tadqiq qilingan [10]. A.-G. Rischel oʻzining navbatdagi maqolasini Sven Gedin (1865-1952) tomonidan toʻplangan “Lulan kolleksiyasi”ni konservatsiya qilish natijalari asosida yozgan. Olima qogʻozning Sharqdan Gʻarbga harakati jarayonida uni ishlab chiqarish texnologiyasining rivojlanishi bilan bogʻliq maʼlumotlarni keltirgan va bu boʻyicha bir qator xulosa chiqargan [11]. U oʻzining navbatdagi maqolasida Daniya milliy muzeyi va baʼzi xorijiy kolleksiyalarda saqlanayotgan, “samarqand” (VIII asr), “dunxuan” (IX-XI asrlar), “arab” (XII-XIII asrlar) va “yevropa” (XVI asr) qogʻozi namunalarini mikroskopda tekshirish boʻyicha olgan umumiy natijalarini keltirgan [12]. Aytish mumkinki, A.-G. Rischel Samarqand qogʻozining eng qadimiy namunasini tahlil qilishga muvaffaq boʻlgan mutaxassislardan biridir.

Samarqand davlat universitetida bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar Yaponiyaning Aichi sanʼat universiteti professori Koji Shibazaki rahbarligidagi yapon olimlari bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan.

Tadqiqot metodologiyasi fanlararo yondashuvga asoslangan. Maqolani yozishda tarixiy-xronologik izchillik, qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi. Shu bilan birga, qadimiy manbalarning qogʻoz tarkibini oʻrganishda asosan eng yangi portativ mikroskop kamerasi yordamida suratga olish, yuqori aniqlikdagi ilmiy tahlillar uchun esa maxsus laboratoriya (elektron mikroskop, optik mikroskop) tekshiruvlari kabi usullar qoʻllandi. Bundan tashqari, qogʻoz tolasi holati haqida yigʻilgan namunalarni qiyosiy oʻrganish va tahlil qilishda soʻnggi zamonaviy ilmiy yondashuvlardan foydalanildi.

Samarqand davlat universiteti tashkil topgan kundan boshlab arab yozuvidagi qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni yigʻa boshlagan. Kundan kunga oʻz jamgʻarmasini boyitib borgan bu fond bugun soni va ahamiyati jihatidan yetakchi oʻrinda turadi. Bu esa mazkur “xazina”ning ilmiy, tarixiy, madaniy ahamiyatining qanchalik yuqori ekanini bildiradi.

Bu yerda toʻplangan noyob yozma yodgorliklarning eng qadimgisi XIII asrda, eng soʻngisi esa XX asrda koʻchirilgan. Ular fors-tojik, turkiy (oʻzbek), arab va boshqa tillardagi sharq qoʻlyozma asarlari, toshbosma usulida nashr etilgan kitoblar, shuningdek, arab yozuvidan foydalangan koʻplab musulmon davlatlarida nashr etilgan kitob, faksimile nashrlar, gazeta va jurnallardan iborat. Bu noyob jamgʻarma nafaqat mahalliy, balki xorijiy tadqiqotchilarni ham oʻziga jalb qilib kelgan. Bugun ham unga boʻlgan qiziqish katta.

Samarqand davlat universiteti 2017-2020-yillarda “The research for the culture of contemporary Hand-Made Paper and artistic expression. With the focus on the revival of Samarkand Paper” mavzusidagi loyihada ishtirok etdi. Natijada, yapon olimlari bilan hamkorlikda universitet qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan qadimiy asarlarning qogʻoz tarkibini oʻrganish yoʻlga qoʻyildi va bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar davom etmoqda.

Tahlil va natijalar. Dastlab, XV asrgacha koʻchirilgan qoʻlyozma manbalarning qogʻoz tarkibi oʻrganildi. Ularga quyidagi asarlar kiradi:

1306-yilda koʻchirilgan “Takmilat as-Sahoh al-Javhariy”, 1348-yilda koʻchirilgan “Sharhi kitobi talxis al-miftoh”, 1375-yilda koʻchirilgan “Fi ilmul arab”, 1378-yilda koʻchirilgan “Sharhi taʼlimul faroyiz”, 1452-yilda Abdurahmon Jomiy tomonidan koʻchirilgan majmua va boshqalar.

Ularning orasida Farididdin Attor tomonidan yozilgan “Tazkiratul avliyo” asari qoʻlyozmasi alohida ahamiyatga ega. Farididdin Attor moʻgʻullar istilosi davrida 1221 yoki 1229-yilda, juda keksa yoshda vafot etgan deb hisoblanadi.

“Tazkiratul avliyo” asari qoʻlyozmasi Samarqand davlat universiteti kutubxonasida 1008579 raqami bilan saqlanmoqda. Asrlar davomida qoʻlyozmaning muqovasi va birinchi sahifasi zararlangani uchun butunlay almashtirilgan. Qoʻlyozma hijriy 685-yil Abdurahim ibn Mahmud tomonidan koʻchirilgan. Bu milodiy 1286-yilga toʻgʻri keladi.

Keyingi bosqichda XX asrgacha Samarqandda koʻchirilgan asarlar ham tadqiqotga jalb qilindi. Bunda asosan eng yangi portativ mikroskop kamerasi yordamida suratga olish orqali qadimiy manbalarning qogʻoz tolasi haqidagi maʼlumotlar olindi. Ular oldin yigʻilgan shunday maʼlumotlar bilan qiyosiy oʻrganildi. Shu bilan birga, oʻziga xos xususiyatga ega va juda muhim deb topilgan manbalar qogʻoz tolasi Yaponiyaning yetakchi laboratoriyalarida maxsus tekshiruvdan oʻtkazildi. Masalan, 2018-yil may oyida Koti prefekturasining qogʻoz sanoati va texnologiyasi markazida JIS P 8120 standartiga muvofiq “qogʻoz, karton va qogʻoz massasi tarkibini tolalar boʻyicha aniqlash usuli”ga muvofiq yuz barobar kattalashtirib koʻrsatuvchi optik mikroskopli kamera va indikator (S boʻyash eritmasi) yordamida suratga olish ishlari oʻtkazildi. Bu tadqiqot obyekti Samarqand qogʻozining 10 ta namunasi boʻlib, ulardan 3 tasi Samarqand davlat universiteti tomonidan taqdim etilgan [19: 11].

Oʻtkazilgan tahlillar natijasida XVII-XVIII asrlarga oid qogʻoz parchalari paxta tolasidan, XIII-XVI asrlarga oid qogʻoz parchalari esa kanop yoki zigʻir tolalaridan iborat ekani aniqlandi. Shuningdek, bu davrda paxta va boshqa nomaʼlum tolalar aralashmasidan iborat qogʻoz parchalari ham borligi maʼlum boʻldi. Nomaʼlum tolaning nimadan olinganini zamonaviy laboratoriya tekshiruvlari ham koʻrsata olmagach, buni qadimiy yozma manbalar orqali aniqlash ishlari boshlandi. Bunda aynan Samarqandda koʻchirilgan oʻsimliklar haqidagi manbalar va oʻz davrining qogʻoz yasovchi ustalari faoliyatiga eʼtibor qaratildi.

Taxminan 40-90 yillarda yashagan qadimgi yunon olimi Dioskuridning “Oʻsimliklar kitobi” jahon olimlari tomonidan tibbiyot va farmokologiya tarixida katta oʻrin tutishi eʼtirof etilgan. Bu asar Bagʻdodda IX asrda arab tiliga tarjima qilingan. X asrda esa Samarqandda Abdulloh Natiliy tomonidan qayta ishlangan. Abdulloh Natiliy nusxasining 1083-yil 6-fevralda Samarqandda koʻchirib tugatilgan juda qadimgi qoʻlyozmasi bugun Niderlandiyaning Leyden universiteti kutubxonasida (Ms.or. 289) saqlanadi. Agar Samarqand qogʻozini tayyorlashda oʻsimliklar tolasidan foydalangani hisobga olinsa, uning mashhur sifati mazkur ilmiy asar bilan bevosita bogʻliq boʻlganiga hech qanday shubha qolmaydi. Aytish mumkinki, samarqandlik ustalar qogʻoz ishlab chiqarish xom ashyosi va texnologiyasini tanlashda oʻz davrining ilmiy yutuqlariga asoslangan. Shuning uchun ham qogʻoz sifati yuqori boʻlgan.

Samarqandlik qogʻoz yasovchi ustalar faoliyatini oʻrganish orqali ishlab chiqarish texnologiyasi va xom ashyosi haqida ham maʼlumot olish mumkin. Shuni hisobga olib, Samarqand qogʻozini kim tayyorlagan? degan savolga javob topishga harakat qilindi. Afsuski tadqiqotlarda bu haqda maʼlumot uchramadi. Yana qadimiy qoʻlyozma asarlarga murojaat qilishga toʻgʻri keldi.

Bu boradagi eng ishonchli manbalar Samarqand shahri tarixiga oid asarlar hisoblanadi. Ularda keltirilgan qogʻoz yasovchi ustalar haqidagi maʼlumotlar tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolgan ekan. Shuning uchun mazkur tadqiqotga jalb qilingan manbalar haqida ham quyidagi umumiy maʼlumotlarni keltirish maqsadga muvofiq deb topildi.

Shaharlar tarixi janri islom olamida ayniqsa, moʻgʻullargacha boʻlgan davrda juda rivojlangan. Odatda bu janrdagi kitoblar shahar geografiyasi va uning tarixiga oid boʻlimlar bilan boshlanadi. Keyin esa shaharning oʻziga xos jihatlari va afzalliklari (فضایل) haqidagi boʻlim keladi. Nemis olimining fikricha, bunday kitoblarni yozish sabablaridan biri mahalliy aholi oʻrtasidagi vatanparvarlik boʻlgan [9: 16].

Oʻrta Osiyoda ham oʻz vaqtida shaharlar tarixining salmoqli qismi yozilgan, ammo ularning aksariyati bizgacha yetib kelmagan [5]. Agar ulardan nimadir saqlangan boʻlsa ham, arab tilidagi asl nusxa parchalari yoki fors tiliga qilingan tarjimalarning qisqartirilgan shakli boʻladi. Shahar tarixining toʻliq qadimiy arab tilidagi matni bugungi kungacha yetib kelgani juda kam uchraydi [20].

Bu turdagi manbalarda juda koʻp sonli, koʻpincha mingdan ortiq shaxslar nomi keltiriladi. Ular orasida turli kasb egalari boʻlgan hunarmandlar ham bor. Shuning uchun Samarqand tarixiga oid asarlar bizning mavzuimiz uchun eng muhim manba hisoblanadi. Ana shunday asarlardan biri XII asrning birinchi yarmida yozilgan. Uning muallifi Najmiddin Abu Xafs Umar ibn Muhammad Nasafiydir. U 461/1068-yilda Oʻrta Osiyoning ilmiy markazlaridan biri boʻlgan Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tugʻilgan. Umrining koʻp qismini Samarqandda oʻtkazib, 537/1142-yilda vafot etgan va shu shaharda dafn etilgan.

Najmiddin Abu Xafs Umar ibn Muhammad Nasafiy gumanitar fanlar sohasidagi eng mashhur olimlardan biridir. Manbalardan maʼlumki, u islom ilmlarining turli sohalariga oid yuzdan ortiq risola va asar yozgan. Uning bizgacha yetib kelgan kitoblari orasida “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli tarixiy asari alohida ahamiyatga ega. Bu manba arab tilida yozilgan boʻlib, nomi “Samarqand olimlari bilimidagi shirinliklar” yoki “Samarqand olimlari xotirasiga oid qanddek shirin kitob” deb tarjima qilinishi mumkin. Olim oʻz asarini umrining soʻnggi yilida (537/1142) yozgan. Bu asar uning shogirdi Abulfazl Muhammad ibn Abdujalil Samarqandiy tomonidan qisqartirilgan.

Bu asarning Parij (Bibliotheque Nationale № 6284) va Istanbul (Turhan Valide № 70) shaharlarida saqlanayotgan arab tilidagi ikki qadimiy qoʻlyozma nusxasi maʼlum. Ular ushbu kitobning saqlanib qolgan parchalari hisoblanadi. Ikkala qoʻlyozma ham katta ilmiy qiymatga ega boʻlib, koʻp joylarda bir-birini sezilarli darajada toʻldiradi va har biri boshqasida yoʻq qismlarga ega.

Arab tilida yozilgan bu asarda VIII asr oʻrtalaridan to muallif zamonigacha, yaʼni XII asr birinchi yarmigacha boʻlgan davrda Samarqandda yashagan olimlar haqida qisqacha biografik maʼlumot berilgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Najmiddin Abu Xafs Umar ibn Muhammad Nasafiyning bu asari bizgacha yetib kelmagan al-Idrisiy (vaf. 405/1015) va al-Mustagʻfiriy (vaf.432/1041) kabi olimlarning “Samarqand tarixi” nomli kitoblarining davomi sifatida yozilgan. Agar keyingi ikki muallif yozgan asarlar qoʻlyozmalari topilsa, Samarqand tarixiga oid koʻplab yangi maʼlumotlar olish mumkin.

“Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarining Istanbulda saqlanayotgan qoʻlyozma matni Saudiya Arabistoni (Ar-Riyod shahri)da nashr etilgan [1]. Tehron (Eron Islom Respublikasi) nashrida esa Istanbul va Parij qoʻlyozmalari matnlari bir nom ostida nashr etilgan [2]. Bu manba germaniyalik [9] va tojikistonlik [14] olimlar tadqiqotlariga jalb qilingan. Oʻzbekistonlik olimlar tomonidan ham Samarqand shahrining tarixi [15:17] va tarixiy geografiyasini oʻrganishda foydalanilgan [16:18]. Ushbu satrlar muallifi tomonidan mazkur asar ilk bor Samarqand qogʻozi ustalari tarixiga oid manba sifatida oʻrganilmoqda.

Bu kabi arab-fors tillarida yozilgan asarlarda qogʻoz ustalari al-Kogʻaziy ( الكاغذي ) yoki al-Kogʻadiy ( الكاغدي ) laqabi bilan tilga olinadi. Bu laqab كاغذ  – kogʻaz soʻzidan kelib chiqqan. Agar bu soʻzning oxirgi harfini
( ذ ) nuqtasiz yozsak ( د ), u kogʻad deb oʻqiladi.

“Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, har bir asrda mashhur qogʻoz yasovchi ustalar boʻlgan. Ular haqida biz topgan dastlabki maʼlumotlar IX asrga toʻgʻri keladi. Bu vaqtda Samarqandda maxsus qogʻoz bozori boʻlgan. 281/895-yilda vafot etgan Abu Sulaymon Dovud bu bozorda dallol edi.

Shuningdek, quyida Samarqand qogʻozi ustalaridan ayrimlarining nomlari keltirilgan: Abu Tavba Said al-Qogʻaziy – 259/874-yilda vafot etgan; Abu Solih Shuʼayb al-Qogʻaziy – 272/886-yilda vafot etgan; Abu Turba al-Qogʻadiy – IX asr; Abul Fazl ibn Ahmad al-Qogʻaziy – IX-X asrlar; Shuʼayb ibn al-Lays al-Qogʻaziy – IX-X asrlar; Abul Fazl Muhammad ibn Ibrohim al-Qogʻaziy – IX-X asrlar; Muhammad ibn Abdulloh al-Qogʻaziy – X asr.

Abul Fazl Mansur ibn Nasr al-Qogʻaziy – 423/1033 yilda vafot etgan. U “Qogʻazul Mansuriy” – (“Mansur qogʻozi”) nomi bilan mashhur qogʻoz turini yasovchi usta boʻlgan.

Bu ustadan keyin Samarqandda XI asrda Abu Ali Hasan ibn Nosir al-Qogʻaziy shuhrat qozongan. U tayyorlagan qogʻoz juda chiroyli, oq va sifatli boʻlib, “Qogʻazul Hasaniy” (“Hasan qogʻozi”) nomi bilan mashhur boʻlgan.

Xulosa va takliflar oʻrnida quyidagi fikr-mulohazalarni bildirish mumkin:

– Samarqand davlat universiteti qoʻlyozmalar fondi ajdodlarimiz tarixi, ilm-fani, tili va adabiyotiga bagʻishlangan. Bu noyob jamgʻarma katta ilmiy ahamiyatga ega boʻlib, nafaqat universitet faxri, balki mamlakatimiz milliy boyligi hisoblanadi. Bu bebaho xazina kelgusi avlodlar uchun donolik va bilim oʻrgatuvchi hamda yangi tadqiqotlar uchun ajoyib manbadir. Shuning uchun ham ularni saqlash va foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratish talab qilinadi.

– Samarqand davlat universitetining Aichi sanʼat universiteti bilan hamkorlik qilishi yurtimizda kam oʻrganilgan mavzu hisoblangan qadimgi qoʻlyozma asarlarning qogʻoz tarkibini oʻrganish imkonini berdi. Professor Koji Shibazaki rahbarligidagi yapon olimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar Samarqandda tut tolasidan qogʻoz tayyorlash XVIII asrdan keyin rivojlanganini koʻrsatdi. Bu esa Samarqand qogʻozining ishlab chiqarish texnologiyasini asrlar kesimida, yaʼni oʻz davrining mashhur ustalari faoliyati bilan birga oʻrganish zarurligini anglatadi.

– Qadimiy Samarqand qogʻozining yuqori sifati chuqur ilmiy yondashuvlar va qogʻoz yasovchi ustalarning mahoratiga asoslangan. Har bir davrning mashhur ustalari boʻlib, ular oʻz atrofida keng tarqalgan oʻsimlik xom ashyosi va ularni qayta ishlashning yangi texnologiyalarini topish uchun doimiy izlanish olib borgan. Natijada, ular eng sifatli qogʻoz tayyorlashga erishgan.

– Samarqand tarixiga oid qadimiy qoʻlyozma asarlardan qogʻoz yasovchi ustalar haqidagi maʼlumotlarni topib oʻrganish oʻsha davrning ijtimoiy hayoti va ilmiy yutuqlarini yoritishga xizmat qiladi.

– Yetakchi xorijiy davlatlar olimlari tomonidan qogʻoz tarkibini oʻrganish borasida olib borilayotgan tadqiqotlarni yurtimizda ommalashtirish zarur. Eng yangi portativ mikroskop kamera va shu kabi uskunalardan foydalanish mahalliy tadqiqotchilarga yangi qulayliklar yaratadi. Shuningdek, yangi ilmiy yutuqlarni qoʻlga kiritishga asos boʻlib xizmat qiladi.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Al-Nasafi, Najm al-Din Abu Hafs ʻUmar b. Muhammad, al-Qand fi dhikr ʻulamaʻ Samarqand, ed. Nazar Muhammad al-Faryobi. – Ar-Riyod: Maktabat al-Kavsar, 1412/1991.
  2. Al-Nasafī, Najm al-Dīn Abu Hafs ʻUmar ibn Muhammad, al-Qand fī dhikr-i ʻulamāʻ-i Samarqand, ed. by Yusuf al-Hadi, Tehrān: Ayene-ye Mīras, 1378/1420/1999.
  3. Amar Z., Gorski A., Neumann I. Raw Materials in the Paper and Textile Industry in al-Sham during the Middle Ages in Light of an Analysis of Documents from the Cairo Genizah // IPH Congress Book. 2004. Vol. 15.
  4. Enami K, Sakamoto S, Okado Y, Mori M, Masuda K. Paper Made from Millet and Grass Fibre Found in the Secular Documents of Pre-Tang and Tang Dynasty // IPH Congress Book. 2012. Vol. 19.
  5. Frye R.N. City Chronicles of Central Asia and Khurasan: A History of Nasaf? // Mélanges Fuad Köprülü. – Istanbul, 1953. – P.165-170. Reprinted in: Islamic Iran and Central Asia (7th-12th centuries). – London: Variorum Reprints, 1979. XXXI.
  6. Helman-Wazny A.Tibetan historic manuscripts as a source of information on past papermaking in Inner Asia // IPH Congress Book. 2004. 15.
  7. Liu A.W. – S.Comparing the properties of contemporary chinese papers manufactured in China with Japanese Kozo Washi paper // IPH Congress Book. 2008. Vol. 17.
  8. Paireau F. An approach of Japanese handmade paper texture // IPH Congress Book. 1998. Vol. 12.
  9. Paul Jürgen. The histories of Samarqand // Studia Iranica, Tome 22,
  10. Rischel A. – G. Looking at Central Asian paper of Turkish, Tibetian and Chinese origin from the Silk Roads // IPH Congress Book. 1998. Vol. 12.
  11. Rischel A. – G. Analysis of the papermaker’s choice of fibrous materials and technology along the paper road // IPH Congress Book. 2002. Vol. 14.
  12. Rischel A. – G. Arabian paper – the oriental link between asiatic and european paper (A comparative macroscopic and microscopic analysis) // IPH Congress Book. 2006. Vol. 16.
  13. Балаченкова А.П., Цыпкин Д.О. Возможности технологического анализа исторических бумаг в источниковедческом исследовании памятников // Вестник Санкт-Петербургского университета. История. 2017. Том 62. Вып. 2.
  14. Додхудоева Л. Малоизвестная рукопись XIV века по истории городов Мавераннахра // Известия АН ТаджССР. Серия: Востоковедение, история, филология, № 3 (23), 1991.
  15. Камолиддин Ш.С. Новые данные о потомках царя Согда Гурака // ОНУ, 2003. № 3.
  16. Камолиддин Ш.С. Абу Хафс ан-Насафи и его сведения о средневековом Самарканде // Тарихий манбашунослик муаммолари. Республика илмий-амалий анжумани материаллари. – Т.: ТДШИ, 2003.
  17. Камолиддин Ш.С. Новые данные о крепостных сооружениях средневекового Самарканда // O‘zbekiston moddiy madaniyati tarixi (ИМКУ). – Т.: Фан, 2006.
  18. Камолиддин Ш.С. Новейшие исследования сочинения “Ал-Канд” Абу Хафса ан-Насафи // Марказий Осиё тарихи: манбашунослик ва тарихнавислик изланишлари. 3-илмий тўплам. – Т.: ТДШИ, 2011.
  19. Сибадзаки Кодзи, Хонда Мицуко, Сато Наоки, Банно Томохиро, Судзуки Микако, Юри Урано, Оянаги Ёити, Ивата Акико. Промежуточный отчет по гранту японского общества содействия науки (JSPS) “Программа сотрудничества ведущих научных центров” на тему “Бумага ручной работы и средства художественной выразительности в современной культуре. На материале проекта возрождения производства самаркандской бумаги” // Отдельный оттиск на русском языке из “Бюллетень университета искусств Аити”. № 48.
  20. Хамза б. Юсуф б. Ибрахим ас-Сахми. Тарихи Джурджан. – Хайдарабад: изд. Низамад дин, 1950.
MUHAMMADIXON BUZRUKOV,
SamDU Qoʻlyozmalar fondi mudiri,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ILLATGA YAQINLASHISH ILLATGA ELTADI

Islom poklik dinidir. Buzuqlik keskin taʼqiqlangan gunohlardan sanaladi. U insonning ruhiy tinchligini yoʻqotadigan razolatdir. Shuningdek, …