Oʻzbek mumtoz adabiyotining dilovar shoirlaridan biri, yetuk siyosat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning shaxsiy tabibi Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Tabib Hiraviy XV asr oxirida Xurosonning Xavf shahrida, Muhammad ibn Yusuf xonadonida tavallud topgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur Afgʻonistonda turgan paytda boshqa mashhur kishilar qatori Yusufiy bilan ham uchrashib, uning iqtidori, aql-zakovati, xush fazilatiga qoyil qoladi.
“Boburnoma” asarida: “Mavlono Yusuf tabibkim, tomur koʻrmoq, tashxis qilmoq aning ishi erdi”, deb maʼlumot berib oʻtgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning taklifiga koʻra tabib Yusufiy (ota yurti Hirotning notinchligi sabab) Hindistonga ketadi. Hirotdagi davrida tibbiyotga oid oʻn toʻrtta nazmiy va nasriy, etikaga oid ikkita asar yozgan. Bu asarlar Oʻzbekiston va dunyoning turli qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qoʻlyozmalar fondida “Adviyat Yusufiy” asarining qoʻlyozma nusxasi mavjud.
“Adviyat Yusufiy” (Yusuf tabobati) (ادوية يوسفى – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi № inv. MR 3/III, fors tilidagi) asari muallifi Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Hiraviy Hindistonda Mirzo Zahiriddin Muhammad Bobur (1526-1530-y.) va Humoyun Mirzo (1530-1556-y.) hukmronlik davrida tabiblik lavozimida ishlagan.
Uning ushbu asari nazm va sheʼriy usulda yozilgan boʻlib, asar tibbiyot ilmiga bagʻishlangan. Unda qaysi oʻsimlikdan tayyorlangan dorini qanday kasallikka davo boʻlishi, kasalliklarni turlari va muolaja usullarini keltirgan. Asar 1507-yilda yozilgan.
Nusxa toʻliq. Basmala (v. 38b), Asar boshi (v. 38b): دفع أب رفتن چشم هر… كسيكه كشيده است هر را در چشم …, Asar soʻngi (v. 41a): … در زدنى شيركاو با خرما رنكى نيكو كند كند انكيز
Bibliografiya : SVR I, № 585-586 ; V, № 3925-3927; IX, №6441-6442.
Nastaʼliq. 5 varaq. (v. 38b-41a); 46a boʻsh varaq; 41b-54a tabobat, namozning vojiblari, duo, janoza odoblari, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ota-bobolari ismi, Mavlono Abdurahmon Jomiyning gʻazallari keltirilgan; 20 qator; mistara; poygir; siyohi qora; mistara; matn oralarida sharhlar bor; sharq qogʻozi; kurrasa 8; matn oʻlchami: 190´85 mm.; varaq oʻlchami: 255´150 mm.; varaqlar sharqona raqamlanmagan.
Sahhof: Mullo Qudratulloh.
Muqova: malla rangli, bosma naqshli, sharq muqovasi, turundj va lola. Tayakisi charmdan.
Qoʻlyozmaning holati: yaxshi saqlangan, muqovadan ajragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida inv №49/II “Dar bayon moʼkul va mashrub”, 1404/II, 1356/XXI, 1355/V, 9687/II, 3334/XI raqamlari ostida “Favoidul axyor” asarining uchta nusxasi saqlanadi (SVR V, 275-276). Yana mazkur fondda Yusufiyning “Jomeʼul favoid” asarining oltita nusxasi inv №6277, 7689/II, 5538/III, 5534/I, 4936/I, 11259 raqamlari ostida saqlanadi (SVR IX, 291-294).
Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Hiraviy va uning ilmiy merosi Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Boburiylar sulolasi davrida tabobat ilmi uchun alohida eʼtibor boʻlganligining samarasidir.