24-dekabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari va IRCICA vakillari bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Imom Moturidiy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchi va talabalari, Turkiyadan tadqiqotchilar qatnashdi.
Seminarda Istanbul universiteti doktori Nilufar Kalkan Yorulmaz “Hijriy ilk uch asrda Samarqandda roviylik va isnod anʼanasi” mavzusida maʼruza qildi.
Olima Samarqand tarixi va madaniyati boy shaharlardan sanalishi, uning islom ilmlari rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi hanuz ahamiyatini yoʻqotmagani, ilk hijriy asrlarda bu yerdan koʻplab ulamolar yetishib chiqqanini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, Samarqand islom dini tarqala boshlagan ilk davrlarda oʻziga xos ijtimoiy va madaniy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Hijriy uchinchi asrga kelib, bu shaharda ilmga boʻlgan qiziqish va harakat sezilarli darajada oʻsdi. Abu Hanifa va uning samarqandlik shogirdlari bu rivojga tamal toshi qoʻyib, fiqh va aqida sohasida yaratgan muhim asarlar orqali ilk islomiy ilmlarni keyingi avlodga qoldirdi.
Turkiyalik tadqiqotchi Abu Hanifa shogirdlariga alohida toʻxtaldi. Ular orasida Abu Muqotil eng mashhurlaridan biri boʻlib, uning Samarqanddagi ilmiy faoliyati ulkan ahamiyatga ega edi. U yetishtirgan oʻnlab shogirdlar shaharni ilmiy markazga aylantirgan. Shuningdek, Dorimiy va uning shogirdlari ham Samarqandni hadisshunoslik sohasida mashhur markazlardan biriga aylanishiga hissa qoʻshgan.
Nilufar Kalkan Yorulmaz fikricha, Samarqanddagi turli millat va dinlar oʻrtasidagi muloqot shaharda ilm maktablarining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Ayniqsa, Abu Hanifa va Dorimiy kabi hassos ulamolarning ilm maktablari islom fiqhi va aqidasining shakllanishiga asos soldi. Ular orqali Samarqand ahli nafaqat islom ilmiy merosini, balki insoniyat madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasini ham oʻzida mujassam etdi.
Seminarda Samarqandning ilmiy merosi bugungi kunda ham tadqiqotchilar va taʼlimotchilar uchun ilhom manbai boʻlib kelayotgani qayd etildi. Maʼruzachi ushbu shaharning tarixi bizga ilmga boʻlgan intilish va madaniyatlar oʻrtasidagi hamkorlik qanday ulkan samara berishi mumkinligini koʻrsatib turganini taʼkidladi. Darhaqiqat, Samarqand nafaqat oʻtmishda, balki hozirgi davrda ham ilm va maʼrifat markazi sifatida oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.