Home / MAQOLALAR / KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR 2-QISM

KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR 2-QISM

Abu Muso Ashʼariy

Ashʼar qabilasiga mansub[1]. Abu Muso jami 360 hadis rivoyat qilgan boʻlib, bu hadislarning 49 tasi “Sahihayn”da rivoyat qilingan, ulardan 4 tasi Buxoriy, 15 tasi esa Muslim tomonidan mustaqil ravishda rivoyat qilingan[2].

Paygʻambar (a.s.) davrlarida Rasululloh (s.a.v.) uni bir dengiz yurishida sariyya qoʻmondoni etib tayinlagan. Paygʻambar (a.s.) Abu Musoni Yamanning Zabid, Rimoʼ, Adan va Sohil hududlariga qozilik qilishi, diniy taʼlim berish va zakot yigʻishi uchun yuborganlar[3]. Paygʻambar (a.s.) vado hajidan keyin esa uni Yamanning Maʼrab hududiga voliy qilib tayinlaganlar[4].

Hazrati Umar xalifaligi davrida Abu Musoni Basra voliysi etib tayinlagan. Kyeyinchalik Kufa voliysi etib tayinlangan va vazifasini Hazrati Usmon davrida ham davom ettirgan[5].

Abu Muso 42/662-663-yili vafot etgan[6].

 

Abu Zarr Gʻiforiy (r.a.)

Gʻifor qabilasiga mansub. Paygʻambar (a.s.) bilan doim yonma-yon boʻlgani tufayli ilmda yuqori darajaga erishgan. Ilmni tarqatishga katta ahamiyat bergan. Koʻp hadis rivoyat qilgani bois Hazrati Umar uni Madinadan tashqariga chiqarmagani naql qilingan. Rivoyat qilgan hadislarining 281 tasi Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ida, 33 tasi esa Buxoriy va Muslimning kitoblaridan oʻrin olgan[7].

Oddiy hayot kechirgan Abu Zarr, Paygʻambar (a.s.)ning xizmatlarida boʻlardi. U zotning yonlarida boʻlmagan paytlarda esa masjidda yotib-turgan[8]. Paygʻambarimiz (s.a.v.)ga tegishli yigirma qoʻyni Madina yaqinidagi “Gʻoba” deb ataladigan joyda boqqan[9]. Mol-mulkka katta ahamiyat bermagani kabi, ehtiyojdan ortiq mollarni ham Alloh yoʻlida sarflash lozim deb bilgan[10]. Unga toʻrt ming dirham berilganida, xizmatchiga bir yillik yetadigan ozuqa oldirib, qolganini sadaqa qilgan[11]. Ummu Talq Abu Zarrning uyiga borganida uni judayam horgʻin va holsiz holda koʻrgani, qoʻlida ikki tayoq bilan jundan ip yigirayotgani va unga un bilan bugʻdoy berganini aytgan[12]. Abu Zarr qoʻlida ortiqcha mol boʻlganlarga uni Alloh yoʻlida infoq qilishni tavsiya qilgan. Muoviya Abu Zarrning oʻzi ham shunday yoʻl tutishini sinash maqsadida xizmatchisi orqali yarim tunda ming dinor yuborgan. Ertalab xizmatchisiga Abu Zarrga borib xatolik sodir boʻlgani va ming dinorni qaytarib berishini soʻrashni buyurgan. Ammo Abu Zarr sadaqa qilganini aytgan. Shundan keyin Muoviya uning soʻzi va harakati bir-biriga mos ekaniga ishonch hosil qilgan[13].

Abu Zarr 32/653-yili Rabazada vafot etgan[14].

 

Saʼd ibn Abu Vaqqos (r.a.)

Milodiy 592-yili Makkada tugʻilgan[15]. Hadis rivoyatida ehtiyotkor boʻlgan Saʼd, rivoyat qilgan hadislarining oʻn beshi “Sahihayn”da mushtarak keltirilgan. Rivoyatlarining beshi Buxoriyda, sakkizi esa Muslimda mustaqil ravishda naql qilingan[16]. Jami 271 hadis rivoyat qilgan.

Paygʻambar (a.s.) uni Bani Damra qabilasi bilan olib borilgan urush[17]da va Harror sariyyasi qoʻmondoni etib tayinlaganlar[18].

Hazrati Umar davrida Iroq fronti bosh qoʻmondoni boʻlib Qodisiyya jangida Sosoniylarni magʻlubiyatga uchratgan. Hazrati Umarning buyrugʻi bilan Kufa shahrini qurgan va uning voliysi boʻlgan[19].

Saʼd mol-mulki koʻp ekani, qizidan boshqa merosxoʻri yoʻq ekani va molining uchdan ikki qismini sadaqa qilmoqchi ekanini Rasululloh (s.a.v)ga aytganida Rasululloh (s.a.v.) buni rad etganlar[20].

Saʼd Aqiq deb atalgan hududda 55/675-yili vafot etgan. Saʼdning Marvon ibn Hakamga 5000 dirham zakot yuborgani va vafot etganida 250000 dirham qoldirgani rivoyat qilingan[21].

 

Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.)

Fil voqeasidan uch yil keyin dunyoga kelgan. Hadis rivoyatida juda ehtiyotkor boʻlgan Hazrati Abu Bakr, Hazrati Paygʻambar (a.s.)dan jami 142 hadis rivoyat qilgan. Bu hadislarni Abu Bakr Ahmad ibn Ali Marvaziy “Musnadi Abu Bakr Siddiq” nomli asarida toʻplagan[22].

Hazrati Abu Bakr risolatdan oldin Dorun Nadvada “al-Ashnoq” (diyat[23] va gʻanima[24]lardan kelgan mollardan masʼul shaxs) vazifasini bajarardi[25]. Shuningdek, mato va kiyim savdosi bilan shugʻullangan Abu Bakr savdo karvonlari bilan Shom va Yamanga sayohatlar qilgan. Islomni qabul qilgan paytida 40000 dirhamga yaqin sarmoyasi boʻlgan[26].

Islomni qabul qilgandan soʻng savdoni bir muddat toʻxtatgan Hazrati Abu Bakr Hazrati Paygʻambar (s.a.v.) tomonlaridan turli janglarda qoʻmondon va bayroqdor sifatida vazifalangan, shuningdek, haj amiri vazifasini bajargan. Hijratdan keyin savdoni yana davom ettirgan. Savdodan tashqari qoʻylari ham boʻlgan Hazrati Abu Bakr vaqt-vaqti bilan bu qoʻylarni boqqan, baʼzan esa haq evaziga boshqalarga boqtirgan. Hazrati Abu Bakrning yana bir daromadi esa urushlardan olingan gʻanimatlardir. Buning misoli sifatida, Hazrati Paygʻambar (s.a.v.) u kishiga Xaybarning fathidan keyin 100 vasq gʻalla berganlar[27].

Paygʻambar (a.s.)ning vafotlaridan keyin xalifalikka saylangan Hazrati Abu Bakr savdo va choʻponlik kasbini davom ettirgan, keyinchalik eʼtiroz qilganiga qaramay Hazrati Umar va Abu Ubayda ibn Jarroh boshchiligida Baytulmoldan xalifalik maoshi bilan taʼminlangan[28].

Hazrati Abu Bakr 13/634-yili, 63 yoshida vafot etgan.

 

Hazrati Usmon ibn Affon (r.a.)

Fil voqeasidan olti yil oldin Toifda dunyoga kelgan. Otasi Qurayshning boy savdogarlaridan boʻlgan. U Hadis rivoyatida juda ehtiyotkor boʻlgan Hazrati Usmon Paygʻambar (a.s.)dan 146 hadis rivoyat qilgan[29].

Yoshligidan otasining yonida savdo qilish orqali tijorat borasida oʻzini rivojlantirgan. Otasi Affon Shomga savdo maqsadida chiqqan sayohatida vafot etib Hazrati Usmonga katta meros qoldirgan. Hijoz mintaqasining muhim savdogarlari orasiga kirgan Hazrati Usmon Shom, Yaman va Hijoz yarmarkalariga borib, mato, kiyim va oziq-ovqat savdosi bilan kun kechirgan[30].

Hazrati Usmon Hazrati Abu Bakrning xalifalik davrida uning kotibligini qilgan. Hazrati Umarning xalifaligi davrida esa Hazrati Umarga maslahatchilik qilgan, Hazrati Umar poytaxtdan ketganda uning oʻrniga vakillik vazifasini bajargan va Hazrati Umarning ham kotibligini qilgan. Shuningdek, Hazrati Umar Hazrati Usmonga Vodilquro va fayʼ daromadlaridan ulush bergan. Xalifaligi davrida esa moddiy ahvoli yaxshi boʻlgani va savdo bilan shugʻullangani sababli Baytulmoldan maosh olmagan[31].

Mashhur rivoyatga koʻra 82 yoshida, 35/656-yili uyida Qurʼon oʻqib turgan paytda shahid qilingan[32].

 

[1] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 4. – B. 78.
[2] Kandemir. Abu Muso Ashʼariy. TDIE. J. 10. – B. 191.
[3] Altun. Abu Muso Ashʼariy. – B. 49.
[4] Altun. Abu Muso Ashʼariy. – B. 56.
[5] Ibn Asokir. Tarix. – Bayrut: Dorul fikr, 1995. J. 32. – B. 21.
[6] Kandemir. Abu Muso Ashʼariy. J. 10. – B. 191.
[7] Aydinli. Abu Zarr Gʻiforiy. TDIE. J. 10. – B. 268.
[8] Zahabiy. Siyar. J. 2. – B. 61.
[9] Azizova. Çalişma hayati. – B. 48.
[10] Aydinli. Abu Zarr Gʻiforiy. J. 10. – B. 268.
[11] Zahabiy. Siyar. J. 2. – B. 73.
[12] Zahabiy. Siyar. J. 2. – B. 74.
[13] Zahabiy. Siyar. J. 2. – B. 69.
[14] Aydinli. Abu Zarr Gʻiforiy. J. 10. – B. 268.
[15] Hatiboğlu. Saʼd ibn Abu Vaqqos. TDIE. J. 35. – B. 372.
[16] Zahabiy. Siyar. J. 1. – B. 93.
[17] Azizova. Çalişma hayati. – B. 43.
[18] Azizova. Çalişma hayati. – B. 303.
[19] Hatiboğlu. Saʼd ibn Abu Vaqqos. TDIE. J. 35. – B. 372.
[20] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 3. – B. 107.
[21] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 3. – B. 110.
[22] Fayda. Abu Bakr. TDIE. J. 10. – B. 101.
[23] Diyat – Arabcha «toʻlash, berish» maʼnosini bildiradigan «vady» ildizidan kelib chiqqan «diyat» Islom huquqida bir shaxsning nohaq oʻldirilishi, mayib qilinishi yoki yaralanishi holatida jaza va qon puli sifatida toʻlanadigan mol yoki pulni ifodalaydi.
[24] Gʻanima – (koʻpligi gʻanoim) lugʻatda “bir narsani qiynalmay qoʻlga kiritish” degan maʼnoni bildiradi. Islom huquqida esa “musulmonlarning urush yoʻli bilan gʻayri musulmonlardan qoʻlga kiritgan asirlar va har turli mol” sifatida taʼriflanadi.
[25] Oktay. Raşid halifeler. – B. 28.
[26] Fayda. Abu Bakr. J. 10. – B. 102.
[27] Oktay. Raşid halifeler. – B. 29.
[28] Oktay. Raşid halifeler. – B. 37.
[29] Yiğit. Usmon. TDIE. J. 33. – B. 438.
[30] Oktay. Raşid halifeler. – B. 82.
[31] Oktay. Raşid halifeler. – B. 81.
[32] Yiğit. Usmon. TDIE. J. 33. – B. 441.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

HADIS RIVOYATI BILAN TANILGAN SAHOBALARNING KASBLARI 2-QISM

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) Hijratdan uch yil oldin Makkada tugʻilgan[1]. Rasululloh vafot etganlarida 13 yoshda[2] …