Home / MAQOLALAR / KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR

KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR

Abdulloh ibn Masʼud (r.a.)

Abdulloh ilk musulmonlardan[1]. Otasi kabi oʻzi ham Bani Zuhraning xalifasi boʻlgan[2]. 848 ta hadis rivoyat qilgan. “Sahihayn”da 64 ta rivoyati mavjud boʻlib, Buxoriy 21, Muslim esa mustaqil ravishda 35 ta hadisini naql qilgan[3].

Yoshligida Uqba ibn Abu Muaytning qoʻylarini boqqan[4]. Hazrati Umar esa uni Kufaga oʻqituvchi va voliy sifatida yuborgan[5]. Kufada shuningdek qozilik va Baytulmol boshqaruvchisi vazifasida ham ishlagan[6]. Abdullohning ayoli Roita binti Muoviya esa qoʻl mehnati bilan tayyorlagan mahsulotlarni sotib, daromad topgan[7].

Abdulloh ibn Masʼud 32/652-653-yili Madinada vafot etgan[8].

 

Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a.)

Hijratdan yetti yil oldin Makkada tugʻilgan[9]. Uning hadislar borasidagi nufuzi haqida Abu Hurayra: “Abdulloh ibn Amrdan boshqa Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalaridan hech kim mendan koʻra koʻproq hadis bilmaydi. Chunki u hadislarni yozardi, men esa yozmas edim”, degan[10]. Rivoyat qilgan hadislarining soni taxminan 700 ta[11].

Muoviya tomonidan Kufa voliysi etib tayinlangan, keyinchalik bu vazifadan olingan. Otasining vafotidan keyin Misrga voliy etib tayinlangan, ammo bu vazifada ham uzoq vaqt qolmagan[12]. Otasi unga koʻplab mol-mulk, qullar, xizmatchilar va Vahd vodiysida minglab dirham qiymatidagi yer hududini meros qoldirgan[13].

Abdulloh ibn Amr 65/684-685-yili[14] 72 yoshida Misrda vafot etgan.

 

Hazrati Ali (r.a.)

Hijratdan yigirma ikki yil oldin (m. 600) Makkada tugʻilgani rivoyat qilinadi. Hulafoi roshidiyn – Chahoryorning toʻrtinchisi[15]. Rivoyat qilgan hadislarining soni 586 ta. Bu rivoyatlardan 20 tasi ham Buxoriy, ham Muslimda mushtarak rivoyat qilingan. Buxoriy mustaqil ravishda 9, Muslim esa 15 ta hadis rivoyat qilgan[16].

Hazrati Paygʻambar (s.a.v.) davrida bayroqdorlik vazifasida boʻlgan, ushr va zakot amaldori sifatida vazifalangan, Suffada muallimlik qilgan va Yaman qozisi sifatida tayinlangan[17]. Hazrati Ali shuningdek savdo-sotiq ishlari bilan ham shugʻullangan. Tuyalarga izhir oʻti yuklab Bani Qaynuqoliklarga sotish uchun olib kelgan. Shuningdek, kiyim-kechak savdosi bilan ham shugʻullangan.

Hazrati Ali Hazrati Paygʻambar(s.a.v)ning roʻzgʻorda qiyinchilik kechirayotganlarini bilganida, bir yahudiyning bogʻida choʻmich bilan suv chiqargan, buning evaziga yahudiydan xurmo olgan va bu xurmolarni Paygʻambar (s.a.v.)ga olib kelgan[18].

Hazrati Ali hijriy 19 yoki 21 Ramazon 40 kuni (m. 661) 62 yoshida vafot etgan va Kufaga dafn etilgan[19].

 

Hazrati Umar (r.a.)

Fil voqeasidan oʻn uch yil keyin, boshqa bir rivoyatga koʻra esa Fijor urushidan toʻrt yil oldin Makkada tugʻilgan[20]. Hazrati Umar hadis rivoyatida juda ehtiyotkor boʻlar, Rasulullohdan eshitmagan hadislarni rivoyat qilganlardan guvoh olib kelishlarini talab qilar edi. Hatto hadislarni bir joyga toʻplashni oʻylagan, ammo Qurʼonning tark etilishidan qoʻrqib bu fikridan voz kechgan. “Kutubi Sitta”da rivoyat qilgan 539 hadisi bor[21].

Hazrati Umar, bolaligida otasining qoʻylari va Bani Mahzum qabilasidan boʻlgan amakilarining qoʻylarini boqqan[22]. Keyinchalik savdo bilan shugʻullangan, teri va mato bilan savdo qilgan. Savdo bilan birgalikda oldi-sotdi ishlariga vositachilik qilgan. Bulardan tashqari, dehqonchilik bilan ham shugʻullangan[23].

Hazrati Umar yoshlik chogʻida Makkada kotiblik va Quraysh qabilasining elchiligini qilgan. Ukaz yarmarkasi kabi katta yarmarkalarga qatnashgan. Islomni qabul qilganidan keyin Paygʻambar (a.s.)ning vaziri va hokimlari orasida edi. Paygʻambar (a.s.) davrlarida qozilik, vahiy yozuvchiligi va harbiy boʻlinmalar qoʻmondonligi vazifalarini bajargan. Shuningdek, Hazrati Paygʻambar (s.a.v.) uni Qurayshga elchi qilib tayinlaganlar[24].

Hazrati Abu Bakr davrida esa Hazrati Umar, maslahatchi va qozilik vazifalari ado etgan. Shuningdek, Hazrati Abu Bakr uni Haj amiri sifatida tayinlagani va oʻziga vakil qilgani ham rivoyat qilingan[25]. Xalifaligi davrida esa Hazrati Abu Bakrga berilgan miqdorda maosh ola boshlagan. Fayʼ yerlarining daromadlaridan ham olgan[26].

Hazrati Umar 23/644-yili vafot etgan[27].

 

Ummu Salama (r.a.)

Ummu Salama 84 yoshida vafot etganiga koʻra risolatdan oʻn uch yil oldin (m. 597) tugʻilgan boʻlishi kerak. Hazrati Paygʻambar (a.s.)ning zavjalaridan biri boʻlgan Ummu Salama, Hazrati Oyshadan keyin eng koʻp hadis rivoyat qilgan. Jami 378 hadis rivoyat qilgan. Rivoyatlaridan 13 tasi Buxoriy va Muslimning “Sahih”larida mushtarak, 3 tasi Buxoriyda va 3 tasi Muslimda mustaqil ravishda naql qilingan[28].

Ummu Salamaning terini oshlagani haqida rivoyatlar mavjud[29]. Bundan tashqari Paygʻambar (a.s.) unga Xaybar fathidan keyin yigirma vasq[30] arpa berganlar[31]. Shuningdek, Hazrati Umar Ummu Salamaga 12 ming dirham maosh tayinlagan[32].

Ummu Salama 65/681-yili vafot etgan[33].

davomi bor…

[1] Ibnul Asir. Usdul gʻoba fi maʼrifatis sahoba. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1994. J. 3. – B. 381.
[2] Zahabiy. Siyar. J. 1. – B. 461.
[3] Cerrahoğlu. Abdulloh ibn Masʼud. TDIE. J. 1. – B. 115.
[4] Ibnul Asir. Usdul gʻoba. J. 3. – B. 381.
[5] Zahabiy. Siyar. J. 1. – B. 486.
[6] Cerrahoğlu. Abdulloh ibn Masʼud. TDIE. J. 1. – B. 115.
[7] Azizova. Çalişma hayati ve meslekler. – B. 91.
[8] Zahabiy. Siyar. J. 1. – B. 499.
[9] Kandemir. Abdulloh ibn Amr ibn Os. TDIE. J.1. – B. 85.
[10] Zahabiy. Tazkira. J.1. – B. 35.
[11] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 80.
[12] Kandemir. Abdulloh ibn Amr ibn Os. TDIE. J.1. – B. 85.
[13] Zahabiy. Tazkira. J.1. – B. 35.
[14] Zahabiy. Tazkira. J.1. – B. 35.
[15] Fiğlali. Ali ibn Abu Tolib. TDIE. J.2. – B. 371.
[16] Kandemir. Ali ibn Abu Tolib. TDIE. J.2. – B. 375.
[17] Oktay. Raşid halifelerin gorevleri. – Istanbul: Samer, 2020. – B. 96.
[18] Ibn Asokir. Tarix. J. 3. – B. 321.
[19] Fiğlali. Ali ibn Abu Tolib. TDIE. J.2. – B. 374.
[20] Fayda. Umar ibn Xattob. TDIE. J. 34. – B. 44.
[21] Fayda. Umar ibn Xattob. TDIE. J. 34. – B. 47.
[22] Oktay. Raşid halifeler. – B. 53.
[23] Oktay. Raşid halifeler. – B. 55.
[24] Oktay. Raşid halifeler. – B. 50.
[25] Oktay. Raşid halifeler. – B. 52.
[26] Oktay. Raşid halifeler. – B. 65.
[27] Fayda. Umar ibn Xattob. J. 34. – B. 46.
[28] Kandemir. Ummu Salama. TDIE. J. 42. – B. 328.
[29] Azizova. Çalişma hayati ve meslekler. – B. 90.
[30] Vasq – oʻlchov birligi boʻlib, 1 vasq 122,4 kg. ga teng.
[31] Azizova. Çalişma hayati. – B. 152.
[32] Yildirim. Ummu Seleme. – B. 40.
[33] Zahabiy. Siyar. J. 2. – B. 203.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

SADAQA (ehson) ning eng noyob 80 ta TURI

«Kimki bir hasana (savobli ish) qilsa, unga oʻn barobar koʻpaytirib yozilur. Kimki bir yomon (gunoh ish) qilsa, faqat …