Quyida hadis rivoyati bilan tanilgan muksirun (koʻp sonli hadis rivoyat qilgan) va muqillun (kam sonli hadis rivoyat qilgan)dan boʻlgan jami oʻn yetti sahobaning tugʻilishi, hadis bilan aloqasi, egallagan kasbi, turmush tarzi va vafoti haqida maʼlumot berishga harakat qilamiz.
Koʻp sonli hadis rivoyat qilgan sahobalar
Abu Hurayra (r.a.)
Azd qabilasining Davs urugʻiga mansub boʻlgan Abu Hurayraning tugʻilish sanasi haqida aniq maʼlumot yoʻq[1]. Mingdan ortiq hadis rivoyat qilgan (muksirun) yetti sahoba orasida eng koʻp rivoyat qilgan sahobadir. Uning rivoyatlaridan 326 tasi ham Buxoriy, ham Muslimda zikr qilingan. Shuningdek, 93 rivoyati faqat Buxoriyda, 98 tasi faqat Muslimda mavjud. Rivoyatlari Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ida toʻplangan. Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”idagi rivoyatlarining soni 3862 ta[2].
Abu Hurayraning yagona xohishi, Rasulullohdan oldin eshitmagan narsalarni eshitish, yod olmagan narsalarni yod olish va bergan taomi bilan taomlanish edi[3]. Paygʻambar (a.s.) davrida moddiy jihatdan imkoniyati cheklanishi tufayli uylanolmagan Abu Hurayra, yetimlikda katta boʻlgani va qorin toʻydirish uchun Busro bint Gʻazvonning yonida ishlagani, keyin esa unga uylanganini aytgan[4].
Abu Hurayra xalifa Hazrati Umar davrida Bahrayn voliyligi vazifasini bajargan[5], keyinchalik Muoviya davrida Madina voliyligini qilgan. Muoviya undan mamnun boʻlmagan paytda Marvonni, Marvondan mamnun boʻlmagan paytda esa Abu Hurayrani voliy sifatida tayinlagan[6].
Abu Hurayra vafotidan qisqa bir muddat oldin kasallangan va 58/678-yilda vafot etgan[7].
Abdulloh ibn Umar (r.a.)
Abdulloh ibn Umar risolatning uchinchi yili Makkada tugʻilgan. Abu Hurayradan keyin eng koʻp hadis rivoyat qilgan ikkinchi sahobadir. Uning 168 rivoyatini Buxoriy va Muslim birgalikda naql qilgan. Mustaqil ravishda, “Sahihul Buxoriy”da 81, “Sahihi Muslim”da 31 rivoyati mavjud[8].
Abdulloh ibn Umar sahobalarning yetakchi badavlat kishilaridan edi[9]. U Muʼta, Yarmuk, Jalula, Qodisiyya, Nixovant janglarida, shuningdek, Misr, Afrika, Xaybar, Makka, Falastin fathlarida, Xorazm va Taboriston yurishlarida ishtirok etgan[10]. U turmushini taʼminlash uchun mablagʻning bir qismini ehtimol tarqatilgan fayʼ daromadlaridan topgan[11]. Hazrati Usmon xalifalik davrida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun mufattishlar tayin qilgan va Abdulloh ibn Umarni ham Shomga mufattish sifatida yuborgan[12].
Abdulloh ibn Umar 73/693-yili (baʼzi rivoyatlarda 72 yoki 74) vafot etgan. Uni Haramdan tashqariga dafn qilishni xohlagan boʻlsa-da, Hajjoj uni Haram hududidagi muhojirlar qabristoniga dafn qilgan[13].
Anas ibn Molik (r.a.)
Hazraj qabilasining Bani Najjor sulolasidan boʻlgan Anas ibn Molik hijratdan oʻn yil oldin (m. 612) tugʻilgan[14]. Muksirun sahobalardan biri boʻlgan Anas Paygʻambar (s.a.v.)dan 2286 ta hadis rivoyat qilgan. Bu rivoyatlarning 168 tasi ham Buxoriy, ham Muslimning “Sahih”laridan joy olgan. Bundan tashqari, Buxoriy 80 ta, Muslim esa 90 ta rivoyatini ham oʻz “Sahih”larida keltirgan. Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ida esa 2172 rivoyati mavjud[15].
Anas ibn Molik dehqonchilik bilan shugʻullanib kun kechirgan. Hazrati Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning duolari bilan moli barakotlangan Anasning yiliga ikki marta hosil beradigan bogʻi bor edi[16]. Hazrati Abu Bakr xalifaligi paytida uni Bahraynga soliq yigʻuvchi sifatida tayinlagan. Anas ibn Molik Hazrati Abu Bakr davrida Basraga soliq yigʻuvchi sifatida tayinlangan. Hazrati Umar davrida esa Basraga voliy etib tayin qilingan Abu Muso Ashʼariy bilan birga Basraga borgan, u yerda imomlik qilgan, hadis va fiqhdan dars bergan. Shuningdek, Anas ibn Molikning Basrada toʻrtta uyi boʻlgani ham qayd etilgan[17].
Anas ibn Molik hijriy 93/711-712-yili 103 yoshida vafot etgan[18].
Hazrati Oysha (r.a.)
Risolatning 4-yili (m. 614) tugʻilgan[19]. Otasi Abu Bakr Siddiq, onasi Ummu Rummon[20]. Paygʻambar (a.s.)ning zavjalaridan biri boʻlgan[21]. Muksirundan boʻlgan Hazrati Oysha 2110 hadis rivoyat qilgan. Buxoriy va Muslimning “Sahih”larida Hazrati Oyshadan birgalikda naql qilingan 174 rivoyat mavjud. Jami rivoyatlari 297 boʻlib, 54 tasi faqat Buxoriyda, 69 tasi faqat Muslimda joy olgan. Hazrati Oysha rivoyat qilgan hadislarning koʻpchiligini toʻgʻridan-toʻgʻri Hazrati Paygʻambar (a.s.)dan olgan[22].
Hazrati Umar Paygʻambar (a.s.)ning ayollarini moliyaviy taʼminlab, Hazrati Oyshaning taʼminotini boshqa ayollarga nisbatan ikki ming dirham koʻproq qilib, oʻn ikki ming dirham maosh bilan taʼminlagan[23].
Hazrati Paygʻambar (s.a.v.)ning vafotlaridan keyin 47 yil yashab, 58/678-yili 65 yoshida vafot etgan[24].
Davomi bor…