Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Yevropaning bir qator davlatlaridan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda AQSHning Xempshteddagi Xofstra universiteti tasviriy sanʼat, dizayn va sanʼat tarixi professori Dr. Aleksandr Naymark “Islomgacha boʻlgan davrda Soʻgʻd va Movarounnahrning ilk islom davrida davlat boshqaruvi va kamonchilik anʼanalari” mavzusida maʼruza qildi.
Olim arxeologik qazishmalar vaqtida Afrosiyob xarobalarida Qoraxoniylar saroyi topilgani va saroy devorida kamon va oʻq tutgan hukmdor tasvirlangan rasm aniqlanganiga urgʻu berdi.
Hokimiyat timsoli boʻlgan ushbu tasvir Oʻrta Osiyoda Qoraxoniylar sulolasiga qadar tangalarga zarb etilgan. Buni Noshxab va Samarqand tangalarida kuzatishimiz mumkin.
Professor Aleksandr Naymarkning taʼkidlashicha, kamonchi obrazi Parfiya tangalarining orqa tomonini 450-yil davomida egallab turgan. Shu boisdan olim bu tasvirlarni azaldan xalqlarning aralashuvi va savdo-sotiqqa bogʻlaydi.
Abdulkarim Sotuq Bugʻroxon asos solgan qoraxoniylar sulolasi davriga kelib zarb qilingan tangalardagi yozuvlarning aksariyati arab alifbosida boʻlib, xalifaga hurmat va sadoqat oʻlaroq uning nomi yozilgan.
Olimning bu yoʻnalishdagi izlanishlari tadqiqotchilarga Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini numizmatika orqali ochib berish imkonini beradi.
Matbuot xizmati