Home / HADIS / HAZRATI PAYGʻAMBAR (S.A.V.)NING TURMUSH TARZI

HAZRATI PAYGʻAMBAR (S.A.V.)NING TURMUSH TARZI

Paygʻambarlar nubuvvat sifatlaridan tashqari, ularga ergashish va oʻrnak boʻlish uchun inson sifatidagi xususiyatlarga ham egadirlar. Bu insoniy oʻziga xoslik bilan keladigan masʼuliyatlardan biri esa turmush tarzlarini idora qilishdir. Alloh yuborgan paygʻambarlarning ham turmushlarini taʼminlashlari uchun kasb-hunarlari boʻlgan. Bir nechta misol keltirsak: Idris (a.s.) tikuvchilik[1], Hud (a.s.) va Solih (a.s.) savdo bilan shugʻullangan[2], Yusuf (a.s.) esa davlat boshqaruvida boʻlib, Misrda moliya vaziri boʻlgan[3].

Paygʻambar (a.s.) inson sifatida insonlar olamining bir aʼzosi boʻlgani kabi jamiyat ichida ham yashaganlar. Shuning natijasi sifatida Paygʻambar (s.a.v) ham turmushini taʼminlash uchun koʻplab kasblar bilan shugʻullangan. Ulardan biri qoʻylarni boqish edi. Abu Hurayradan naql qilingan hadisda Hazrati Paygʻambar bir necha qiyrot evaziga Makka aholisining qoʻylarini boqqanlari[4]ni aytgan. Boshqa bir rivoyatda esa Jobir ibn Abdulloh Paygʻambar (a.s.) bilan birga Marruz Zahronda daraxtdan “kabas” deb ataladigan meva toʻplar ekan, Paygʻambar (a.s.)dan qoʻy boqib-boqmaganlari haqida soʻraganida, Paygʻambar (a.s.): Hech qoʻy boqmagan paygʻambar bormi?”[5] deb javob berganlar.

Paygʻambar (a.s.) shugʻullangan yana bir kasb tijorat edi. Hazrati Paygʻambar bolalik davrida amakilari Abu Tolibning Shomga borgan savdo karvoniga qoʻshilganlar[6]. Paygʻambar (s.a.v.) amakisi keksayoshga yetganda ham savdoni davom ettirgan va makkalik bir kishi bilan sherikchilik qilgan. Shuningdek, bu davrda savdo maqsadida turli oʻlkalarga sayohat qilgan. U Hubosha yarmarkasiga, Yamanga va Sharqiy Arabistondagi Mushakkar va Debo yarmarkalariga qatnashgani rivoyat qilingan. Bular bilan birga Paygʻambar (a.s.)ga savdo sayohatlariga chiqish takliflari ham tushgan. Bu sayohatlardan birida esa kasal boʻlib safarga chiqolmagan bir savdogarning mollarini olib, muvaffaqiyatli natija bilan qaytganlar[7]. Sayohatlarning yana biri esa Hazrati Xadichaning karvoni bilan boʻlgan. Hazrati Xadicha sharaf va mol sohibi boʻlgan savdogar ayol edi. U mollarining boshida boʻlishi uchun odamlar bilan kelishib, ularga ulush berardi. Rasulullohning ishonchliligini va goʻzal xulqini eshitib, Hazrati Paygʻambarga Shomga borgan karvonning boshida boʻlishi taklifini bergan va bu taklif Hazrati Paygʻambar tomonidan qabul qilingan. Hazrati Paygʻambar boshchiligidagi karvon Shomdan qaytganda katta foyda bilan qaytgan[8].

Paygʻambar (a.s.)ning Madinaga hijrati bilan birga, qurilish arafasida turgan bir davlatning asoschisi boʻlish sifati namoyon boʻla boshlagan. Madina vasiqasi bilan birga nizolarni hal etish vakolati berilgani hijratdan keyin Madinada boshqaruvni qoʻlga olganini koʻrsatadi[9]. Hazrati Paygʻambar hayotlik davomida ham davlat rahbarligi, ham hokimlik va armiya qoʻmondonligi vazifalarini ham bajargan[10].

Rasulullohning turmush vositalaridan yana biri urushlardan olingan gʻanimatlardir. «Agar Allohga va ajrim kuni[11] – ikki qoʻshin toʻqnashgan kuni – bandamiz (Muhammad)ga nozil qilgan narsamiz (oyatlar, farishtalar, gʻalaba)ga imon keltirgan boʻlsangiz, bilib qoʻyingizki, oʻlja qilib olgan narsalaringizning beshdan biri Allohga, Rasulga, qarindosh(lari), yetimlar, miskinlar va musofirlarga (tegishli)dir. Alloh har narsaga qodirdir»[12] oyati bilan mustahkamlangan.

Paygʻambar (s.a.v.) davlat daromadlaridan ulush olishda minimal turmush sharoitlarini asos qilganlar. Boshqa paygʻambarlar kabi u zot ham oilasiga koʻp meros qoldirmaganlar[13]. Daromadlari orasida Bani Nazir yahudiylarining yerlarida, Xaybar va Fadak hududlarida yetishgan mahsulotlardan olgan fayʼ[14] daromadlari bor[15]. Hazrati Umarning aytishicha, Paygʻambar (a.s.) bu daromadlardan oʻzlari va oilasiga bir yil yetadigan miqdorini olib, qolgan qismini qoʻshin uchun ot va qurol sotib olishga ishlatgan[16]. Molining katta qismini musulmonlar uchun sarflagan Hazrati Paygʻambar juda faqirona hayot kechirganlar.

[1] Köksal. Peygamberler tarihi. – Anqara: TDV, 2020. J. 1. – B. 80.
[2] Köksal. Peygamberler tarihi. J. 1. – B. 117.
[3] Köksal. Peygamberler tarihi. J. 1. – B. 297.
[4] Buxoriy. Ijora, 2.
[5] Buxoriy. Taomlar, 50.
[6] Tabariy. Tarix. – Bayrut: Dorut turos, 1967. J. 2. – B. 277.
[7] Fayda M. Muhammad. TDIE. – Istanbul: TDV, 2005. J. 30. – B. 410.
[8] Ramazon Butiy. Fiqhus siyra. – Istanbul: 2001. – B. 77.
[9] Özel A. Muhammad. TDIE. – Istanbul: TDV, 2005. J. 30. – B. 434.
[10] Palabıyık. Hz. Peygamberʻin Devlet Kurma Faaliyeti. AUIFD, 17 (2002). – B. 114.
[11] Ajrim kuni – Badr jangida haq bilan botil ajrim boʻlgan kun.
[12] Anfol surasi, 41-oyat.
[13] Dömez. Muhammad. TDIE. – Istanbul: TDV, 2005. J. 30. – B. 444.
[14] Fayʼ – Qurʼonda keltirilgan «fayʼ» atamasi davlat daromadlaridan birini tashkil qiladi. Ammo bu daromadlar davlat rahbariga beriladigan yashirin mablagʻlardir. «Fayʼ» soʻzi urush qilmasdan olingan gʻanimatni ifodalaydi. Davlat rahbari Qurʼonda belgilangan joylarga xohlaganidek taqsimlash vakolatiga egadir.
[15] Kandemir. Muhammad. TDIE. – Istanbul: TDV, 2005. J. 30. – B. 426.
[16] Muslim. Jihod, 48.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

MUHADDISLARNING KASB-HUNARLARI

Inson boshqalarga muhtoj boʻlmasligi va rizqini taʼminlashi uchun halol mehnat qilishi va biror kasb-hunarga ega …