Home / MAQOLA / DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” degan maʼnoni anglatadi. Islom dinining aqidaviy asosi Alloh taologa, paygʻambarlarga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, oxiratga, barcha yaxshilik va yomonlik Yaratganning irodasi bilan boʻlishiga ishonmoqdir.

Mutlaq olganda, din ezgulik manbai hisoblanadi. Ammo sof islomiy eʼtiqod notoʻgʻri talqin qilinishi yoki baʼzi bir siyosiy kuchlarning oʻz manfaati yoʻlida dindan foydalanishi oqibatida turli ekstremistik kuchlar vujudga kelib, tarixda ham muqaddas dinimizga soya solmoqchi boʻlgan, hozir ham dunyo ahliga katta zarar keltirmoqda. Hatto musulmon olamida ham islom dinini buzib koʻrsatish harakatlarni kuzatilmoqda.

Aslida islomda bunday firqalarga qanday qaraladi? Asl islomiy mohiyat nimalardan iborat oʻzi?

Diniy ekstremizm – muayyan konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassib unsurlar mafkurasining natijasidir. Fundamentalizm tarafdorlari oʻz aqidasining toʻgʻriligiga shak-shubhasiz ishonib, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, diniy asoslarni buzishda ayblab, ularga qarshi urush ochishga chaqiradi. Diniy ekstremizm va terrorizmning asl manbai mutaassiblik va sof islomiy eʼtiqoddan bexabarlikdir.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Paygʻambarga va oʻzingizdan boʻlgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan boʻlsangiz, uni Allohga va Paygʻambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir”[1].

Yaʼni, Alloh taolo bandalarga Oʻziga va Rasuliga hamda oʻz oralaridan chiqqan musulmon boshliqlarga itoat etishni amr etmoqda. Biror muammoli masala chiqqudek boʻlsa, yechimini “Alloh va Paygʻambarga” havola etishni – Qurʼon va hadisga murojaat qilishni buyurmoqda.

Xoʻsh, oyati karimalarda ekstremizm va terrorizm haqida nima deyiladi?

Qurʼonda bunday masalalarning chiroyli yechimi bor. Avvalo shuni aytish kerakki, ixtilof vaqtida firqalarga ajralishning oldini olish zarur. Buning uchun esa musulmon kishi Qurʼoni karimda buyurilganidek, Alloh taoloning Kitobi va Rasulining sunnatiga ergashishi, Haq taolo va Paygʻambarga hamda oʻzlaridan boʻlgan ishboshiga itoat etishi shart. Musulmon kishi duch kelgan narsaga koʻr-koʻrona taqlid qilib ergashmasligi, aqidaviy va sharʼiy masalalarni bilishga ilmi yetarli boʻlmasa, ishonchli, taqvodor olimlardan soʻrab bilmogʻi va amalga tatbiq etishda fitna kelib chiqishidan ehtiyot boʻlmogʻi kerak.

Shundan keyin ham kimki toʻgʻri yoʻl aniq boʻlib, soʻng oʻz havoyi xohishiga ergashsa, zalolatga yanada chuqur kiradi va buning uchun oxiratda Alloh taoloning alamli azobiga duchor boʻladi: “Kim haq yoʻlni aniq bilganidan keyin Paygʻambarga xilof ish qilsa va moʻminlarning yoʻllaridan boshqa yoʻlga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qoʻyib beramiz. Soʻngra jahannamga doxil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”[2]

Haq taolo Musʼhafi sharifda “…va barchangiz Allohning arqoni (Qurʼon)ga bogʻlaningiz va firqalarga boʻlinmangiz”[3], deb buyuradi.

Yana aytadi: (Ey moʻminlar, Alloh) sizlar uchun ham dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (yaʼni, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani — shariat (qonun) qildi, “Dinni barpo qilinglar va unda firqa-firqa boʻlib boʻlinmanglar!””[4]

Ushbu muborak oyatlarda Alloh taolo barcha paygʻambarlarga bir narsani, yaʼni yolgʻiz Allohning dinini barpo qilish va turli firqalarga boʻlinib ketmaslikni buyurgani bayon etilmoqda. Ularga xilof qilib, firqalarga boʻlinish Alloh va Rasuliga toʻgʻridan-toʻgʻri isyondir.

Jumladan, risolat sohibi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan muqaddas dinimizga xilof boʻlgan bunday guruhlar haqida bir qator hadislar vorid boʻlgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening ummatimdan bir toifa insonlar paydo boʻlib, dinda ilmni juda tez egallaydi (shariat ilmini juda tez oʻrganadi) va Qurʼon oʻqiydi (yaʼni, Qurʼon oyatlarini oʻzlaricha tafsir qiladi). Ular: Boshliqlarimizning oldiga borib, ularning molu davlatini bosib olamiz, oʻzlarini dinimizdan chetlatamiz (kofir deb eʼlon qilamiz), deydi. Bu toʻgʻri emas. Qatoda (tikongul – aloe)dan tikandan boshqa narsa olinmaganidek, u toifa kishilarga yaqin boʻlishdan faqat xatolarni jamlash mumkin boʻladi”, dedilar (Ibn Moja rivoyati[5]).

Alloh taolo muqadas Kalomida aytadi: “Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun, agar shirkdan saqlanib, imonda va savobli ishlarda davom etsalar, soʻngra (may va qimordan) saqlanib, (haromni harom deb) imon keltirsalar, soʻngra (barcha harom va shubhalardan) saqlanib, (odamlarga) ezgulik qilsalar yeb-ichgan (oldingi harom) narsalarida gunoh yoʻqdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni yaxshi koʻradi”[6].

Alloh taolo er yuzida yovuzlik qilmaslikka buyuradi hamda nohaqlik, adolatsizlik, zoʻravonlik, qotillik, qon toʻkishni taqiqlab, zulmning har qanday koʻrinishini qattiq qoralab, uning jazosiz qolmasligidan xabar beradi: (Alloh) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga esa ajrlarini komil suratda berur. Alloh zulm qilguvchilarni yaxshi koʻrmas”[7]Yaʼni, Oʻzi ham hech kimga zulm qilmaydi va har kimga qilgan ishiga muvofiq ravishda jazo yoki mukofot beradi.

Bu mazmundagi oyatlar bisyor: “Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (Allohning bandalariga) infoq-ehson qil. Yerda (zulmu zoʻravonlik bilan) buzgʻunchilik qilishga urinma. Chunki Alloh buzgʻunchi kimsalarni suymas”[8]“Yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yoʻlida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir!”[9]

Koʻrinib turibdiki, Alloh taolo odamlarga yaxshilik va hurmat-ehtirom koʻrsatishga, solih amallar qilishda bir-biriga yordamlashishga, badniyatlik va janjal-gʻavgʻolardan chekinishga buyuryapti.

Ezgulikning yorqin namoyandasi va dunyodagi har bir moʻmin-musulmonning buyuk ustozi boʻlgan janob Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam har bir musulmon kundalik faoliyatida ishlatishi lozim boʻlgan, hayotida hamisha tatbiq etishi darkor sanalgan quyidagi tavsiyalarni marhamat qilganlar: “Alloh Taologa farz ibodatlardan keyin eng suyukli ish – musulmon kishini xursand qilmoqdir”[10]. “Chin musulmon musulmonlar uning qoʻli va tilidan salomat boʻlgan kishidir. Chin moʻmin insonlar oʻz qonlari va mollarida undan amin (xotirjam) boʻlgan kishidir”[11].

Til va qoʻl eng koʻp ishlatiladigan aʼzolar boʻlib, yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham asosan shular bilan bajariladi. Yon-atrofdagilarga aksar hollarda til bilan soʻkib yoki qoʻl bilan turtib, urib ozor beriladi. Shuning uchun Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shu ikki aʼzoni xoslab zikr qildilar. Demak, birovga, u kim boʻlishidan qatʼi nazar – dindoshmi, gʻayridinmi – ozor berishdan oʻzni saqlash lozim, ayniqsa, til va qoʻlga xushyor boʻlish kerak. Islom taʼlimotida nafaqat insonlarga ezgulik qilish, balki chor-atrofdagi tabiat va barcha jonzotlarga nisbatan ham mehr-shafqatli boʻlish buyurilgan.

Islom, ayniqsa, bizning zaminimizda ezgulik dini boʻlib kelganiga asrlar guvohdir. Abdurauf Fitrat bunday deydi: “Hech shubha yoʻqki, odamlar har xil din va mazhabdan, har xil qabila va millatdan boʻlsalar ham bir otaning va yagona jinsning farzandlaridir. Boshqacha qilib aytganda, bir-birining aka-ukalaridir. Shunday ekan, ular oʻzaro umumiy birodarlikni yuzaga keltirishlari kerak”[12].

Islomning asl mohiyati va diniy ekstremizm haqidagi muxtasar soʻz shulardan iborat. Barchamiz yaxshi anglab yetmogʻimiz kerakki, har qanday holat va koʻrinishdagi jinoyat, har qanday shior ostidagi zulm va zoʻravonlik islom aqidasi va taʼlimotiga mutlaqo ziddir. Musulmon kishi oʻzi jinoyat sanalgan amallarni sodir etmasligi barobarida boshqa odamlarni yomon ishlardan qaytarishga ham masʼul sanaladi. Imon-eʼtiqodi mustahkam boʻlgan har bir insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzgʻunchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmoqdir.

[1] https://ru.quranacademy.org/quran/4?page=3
[2] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. Niso surasi, 115-oyat tarjimasi.
[3] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2004. Oli Imron, 103-oyat tarjimasi.
[4] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Shoʻro 13-oyat tarjimasi.
[5] Mishkatul masobih. Muhammad ibn Abdulloh Tabriziy. Kazan. Lito-Tipografiya “Bratya Karimovы”, 1908. –B 61.
[6] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2004. Moida surasi, 93-oyat tarjimasi.
[7] Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2004. Oli Imron surasi, 57-oyat mazmuni.
[8] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2004. Qasos surasi, 77 oyat tarjimasi.
[9] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2004. Qurʼoni karim. Moida surasi, 2-oyat tarjimasi.
[10] Shayx Abdulaziz Mansur. Ming bir hadis. 2 jild, 166-bet, 857 raqam. Oʻzbek maskani.  – T.: 1991.
[11] Muhammad ibn Abdulloh Tabriziy. Mishkatul masobih. Kazan: Lito-Tipografiya “Bratya Karimovы”, 1908. – B. 19.
[12] Terrorizm – jaholat oʻchogʻiMetodik-bibliografik qoʻllanma Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi. – T.: 2003 –B. 4.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …