Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Avstriya va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Abdusattor Jumanazarovning “Oʻrta asrlarda Buxoro taʼlim tizimiga oid mulohazalar” nomli maʼruzasi tinglandi.
Olim Oʻrta asrlarda Buxoro taʼlim tizimi, madrasalar tarixi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini tahlil qilib, shahar madrasalarining 1200-yillik oʻtmishini, ulardagi taʼlim jarayonlarini, toifalarga qanday ajratilganini va vaqf mulklari asosida tashkil etilgan taʼminot tizimini soʻzlab berdi.
Buxoro taʼlim tizimi tuzilmasi uch asosiy qismdan iborat boʻlgan: madrasalar boshqaruvi, oʻquv jarayoni va talabalar taʼminoti. Oliy toifa mudarrislaridan quyi tabaqadagi oʻqituvchilargacha hamma muayyan vazifalarga ega boʻlib, taʼlim sohasi tartibli va mukammal tizim asosida rivojlangan. Maʼruzada talabalarning ilmiy darajalari, moddiy taʼminoti, shuningdek, vaqf mulklarining ijtimoiy ahamiyati koʻrsatib berildi.
Olim madrasalarning turli toifalari va oʻquv jarayonining uzluksizligi ilmiy va madaniy taraqqiyotning muhim omili boʻlgani, ayniqsa, vaqf mulklari bu taʼlim muassasalarini moddiy taʼminlashda hal qiluvchi oʻrin tutgani, shuningdek, davlat va jamiyat doimiy ravishda ular faoliyatini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaganini taʼkidladi.
A.Jumanazarovning mazkur yoʻnalishdagi izlanishlari Buxoro taʼlim tizimini oʻrganishda yangi yoʻnalishlarni ochib bergan boʻlib, turli davrlarda madrasalar va taʼlimning rivojlanish manzarasini kengroq tushunish imkonini beradi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.