Home / FOTO LAVHALAR / Ummat uchun ulkan meros qoldirgan alloma

Ummat uchun ulkan meros qoldirgan alloma

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” nomli ilmiy loyiha doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab madrasasi olimlari, Hadis ilmi maktabi ustoz va talabalari, Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari hamda Turkiya va Germaniyadan tadqiqotchilar, shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani mutasaddilari qatnashdi.

Seminarda Turkiyadagi Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori Dr. Ahmet Yildirim “Imom Dorimiy ilmiy merosi va hozirgi zamon” mavzusida maʼruza qildi.

Olim maʼruzasini movarounnahrlik yuksak ilm sohibi, yetuk muhaddis alloma, tafsir va hadisshunoslik kabi fanlar asoschilaridan biri Imom Dorimiy hayot yoʻlining qisqa bayoni bilan boshlab, unga Dorimiy nisbasi berilishi sababi, Imom Buxoriy bilan ilmiy aloqalari, koʻplab nomdor shogirdlari haqida maʼlumot berdi.

Imom Dorimiy oʻz zamonasining ham hadis, ham fiqh sohasida faoliyat koʻrsatgan eng mashhur olimlaridan boʻlgan. Dunyoqarashi murakkab siyosiy, diniy va ijtimoiy muhitda shakllangan boʻlsa, ilmiy faoliyati har xil soxta, toʻqima hadislar tarqalgan davrda, turli firqa va oqimlar oʻrtasidagi bahs-munozaralar avj olgan paytda kechgan. Asosan mana shu omillar olimni ishonchli hadislarni jamlashga, bu gʻoyat masʼuliyatli ishga chuqur mulohaza, oʻta sinchkovlik bilan, tanqidiy va tahliliy yondashishga yetaklagan.

Professor alloma koʻplab manbalarda juda aqlli, ijtimoiy faol va fazilatli inson sifatida tasvirlanganini, ilmi, amali, taqvosi va goʻzal xulqi bilan ilm ahli orasida oʻziga xos oʻrin tutgani va yuksak martaba egallaganini taʼkidladi.

Imom Dorimiy hayoti davomida bir necha muhim asarlar yozgan boʻlib, ilmiy-maʼnaviy merosini “Musnad”, “Tafsir”, “Jomiʼ”, “Sulosiyot fil hadis”, “Kitob sunna fil hadis”va “Kitob savmul mustahazot val mutaxayyirot” kabi oʻta nodir va qimmatli ilmiy adabiyotlar tashkil qiladi. Allomaning eng mashhur asari “Musnad” (lugʻaviy maʼnosi – “Tayanch” yoki “Sanadi aniq, ishonchli boʻlgan hadislar toʻplami”) boʻlib, “Sunani Dorimiy” nomi bilan mashhur.

Turkiyalik olimning qayd etishicha, Imom Dorimiy mustaqil fiqhiy asar yozmagan boʻlsa-da, uning bu toʻplamida fiqhiy, amaliy va keng qamrovli koʻrsatmalar mavjud. Masalan, muallif Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda mehmon roʻza tutishi yo tutmasligi mumkinligini aytgan. Shuningdek, niyatli ekanini unutib, ovqat yeb qoʻyganda qazo roʻzasi tutish-tutmaslik haqida fikr bildirgan. Ramazonda hijoma qilish ortiqcha ehtiyotkorlikni talab qilishini yozgan. Bu fikrlar Dorimiyning fiqhiy masalalarda ham oʻz nuqtayi nazariga ega boʻlganidan darak beradi.

Taʼkidlanganidek, Imom Dorimiy musulmon ummati uchun katta meros qoldirgan. U asarlarini hadis va sunnatni saqlash, sunnatni buzilishdan himoya qilish maqsadida yozgan. Dorimiy butun umrini Samarqandda hadis ilmi rivojiga bagʻishlab, soxta hadislarni keskin fosh etgan va qoralagan. Bu bilan sunnat taʼlimi, ayniqsa, hukm hadislarini jamlash va ularni jamiyatga yetkazishga alohida eʼtibor qaratgan.

Hadislar hamma vaqt hayotiy muammolarni hal qilish boʻyicha odil hukm chiqarishda muhim oʻrin tutgan. Bu fiqh va aqida asoslaridan biridir. Imom Dorimiy bu harakatning boshida turganlardan biri boʻlib, sunnatni muhofaza qilish va kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlida buyuk xizmat koʻrsatgan.

Maʼruzachi Imom Dorimiy ilmiy merosi boʻyicha turkiyalik tadqiqotchilar olib borayotgan izlanishlar va ularning samarasi yuzasidan ham batafsil maʼlumot berdi.

Seminarda koʻplab davlatlar olimlarining alloma ilmiy merosiga oid tadqiqotlarini umumlashtirish, ommalashtirish va keng targʻib qilishga oid qiziqarli takliflar bildirildi.

Anjuman qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Londonda “Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy koʻprik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi

Mamlakatimiz elchixonasida  Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Imom …