Home / MAQOLA / IMONDA ISTISNO QILISH (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

IMONDA ISTISNO QILISH (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Kim imonning olti ruknini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror boʻlsa, u haqiqiy moʻmindir. Alloh taolo:

﴿أأُولَئِكَ هُمُ الْمُؤْمِنُونَ حَقًّا﴾

 “Ana oʻshalar haqiqiy moʻminlardir”[1], degan. Hech bir moʻmin “Inshaalloh, men moʻminman” deyishi joiz emas. Bu xuddi “Inshaalloh (Xudo xohlasa) men tirikman yoki inshaalloh men yosh yigitman”, deyish joiz boʻlmaganiga oʻxshaydi. Chunki istisno ayni paytda mavjud boʻlmagan narsalarga tegishlidir.

Ibn Masʼud roziyallohu anhuning: “Inshaalloh, men moʻminman”, degani rivoyat qilingan. U bu iborani kelajakda moʻmin holda oʻlish Allohning xohishiga bogʻliq ekani maʼnosida ishlatgan. Ayni paytda mavjud imonga emas.

Shofeʼiy va ularning jamoasi ham shunday der edi. Ular: “Inshaalloh, men moʻminman” degan gap inson oʻz imonida shak-shubha qilyapti degan maʼnoda tushunilmaydi. Balki tabarruk (xayr-baraka) maʼnosida qoʻllanadi. Bu Alloh taoloning:

﴿لَتَدْخُلُنَّ الْمَسْجِدَ الْحَرَامَ إِنْ شَاءَ اللَّهُ آَمِنِينَ﴾

 “Albatta, Masjidul Haromga, inshaalloh, omonlikda kirasiz”[2], deganiga oʻxshaydi. Oyatda shak-shubha maʼnosi aks etmagan. Chunki shubha qilish Alloh taologa nisbat berilmaydi. Balki bu oʻrinda “Inshaalloh” soʻzi baraka uchun ishlatilgan. Yoki imon kelajakka nisbatan shak-shubha ostida boʻladi, ayni paytda emas. Chunki foydali imon inson vafot etayotganda boqiy qolganidir. Paygʻambarlardan boshqa hech kim oʻsha paytda imonda sobit qolish borasida shak-shubhadan xoli boʻlmaydi. Biz Alloh taolodan oʻsha holatda imonimizni boqiy qoldirishini soʻraymiz”, degan.

Shofeʼiy rohimahullohning nazdida amallar imondan hisoblanadi. Bu fikrga koʻra, biror amalda shak boʻlishi imonda ham shak boʻlishini taqozo etadi. Shuning uchun imom Shofeʼiy imonda istisno qilishni joiz hisoblaydi.

Abu Hanifa va asʼhoblari nazdida esa imon iqror va tasdiqdan iboratdir. Bunda biror amalda shak boʻlishi imonda shak boʻlishini keltirib chiqarmaydi. Shuning uchun ular imonda istisno qilishni joiz sanamagan. Agar biror kishi tasdiqdan soʻng kufr keltirsa, uning holati iblisning holatiga oʻxshaydi. U imondan keyin kofir boʻlgan hisoblanadi. Baʼzan imoni sababli baxtli boʻlgan inson kufr keltirib, baxtsizga aylanadi. Baʼzan esa kufr sababli baxtsiz inson imon keltirib, baxtliga aylanadi. Chunki imon haqiqati maʼlumdir. U Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Alloh taoloning huzuridan keltirganlari borasida tasdiqlashdir. Insonda ushbu holat hosil boʻlsa, u haqiqiy moʻmin hisoblanadi.

Ashʼariylar nazdida imon yoki kufr xotimaga koʻra eʼtiborga olinadi. Ular: “Insonda ayni paytda tasdiqning mavjud boʻlishi vafot etayotganida ham boqiy qolishini va ayni holatda takzibning mavjud boʻlishi vafot etayotganda ham boqiy qolishini anglatmaydi. Alloh taoloning ilmida bir insonning imon bilan xotima topishi belgilangan boʻlsa, u sanamlarga sajda qilib, Alloh va Rasulini yolgʻonga chiqarayotgan holatda ham moʻmin hisoblanadi. Alloh taoloning ilmida biror insonning kufr bilan xotima topishi belgilangan boʻlsa, u doimo ibodat qilib, Alloh va Rasulini tasdiqlayotgan holatda ham kofir hisoblanadi. Iblis farishtalarga muallim boʻlgan paytda ham kofir edi”, deydi.

Biz aytamizki, bu gaplarda maʼno yoʻq. Chunki Alloh biror mavjud narsaning kelajakda yoʻq boʻlishini bilgani uchun uni “ayni paytda mavjud emas” deyish xatodir. Alloh taolo tirik insonni tirik deb biladi. Garchi uning oʻlishini bilsa ham. Uni ayni holatda oʻlik deb boʻlmaydi.

Ashʼariyning gapidan kim qarisa, nafaqat yoshligining gullab-yashnagan paytida, balki bolalik davrida ham qari boʻlgani kelib chiqadi. Bu esa haqiqatlarni inkor qilishdir. Yuqoridagi dalillardan imon borasida istisno qilish (yaʼni Xudo xohlasa, moʻminman, deyish) joiz emasligi maʼlum boʻladi. Chunki bu ibora zohiridan insonning oʻz imonida shak-shubha qilayotganini bildiradi. Uning oʻrniga “Alhamdulillah, men moʻminman” deyish lozim.

[1] Anfol surasi, 4-oyat.
[2] Fath surasi, 27-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR

Abdulloh ibn Masʼud (r.a.) Abdulloh ilk musulmonlardan[1]. Otasi kabi oʻzi ham Bani Zuhraning xalifasi boʻlgan[2]. …