Home / ALLOMALAR / QOZI HASAN MOTURIDIY (V/XI ASR)

QOZI HASAN MOTURIDIY (V/XI ASR)

Qozi Hasan Moturidiy hijriy beshinchi asrda Samarqandda yashagan buyuk hanafiy olimlardan biridir. Imom Moturidiy oilasiga mansub bu olim toʻgʻrisida juda kam maʼlumotga egamiz. Uning vafot etgan sanasi aniq emas. Allomaga zamondosh ulamolar tarixiga tayanib, uning V/XI asr ikkinchi yarmida vafot etganini taxmin qilish mumkin. Ayrim manbalarda uning 450/1059-yilda vafot etgani aytilgan[1].

Allomaning toʻliq ismi Hasan ibn Ali ibn Muhammad ibn Affon ibn Ali ibn Fazl ibn Zakariyo ibn Usmon ibn Affon ibn Xolid ibn Zayd ibn Kulayb al-Moturidiydir. Xolid ibn Zayd mashhur sahoba Abu Ayyub Ansoriyning ismidir. Qozi Hasanning nasabi mazkur sahobaga borib yetadi[2].

Qozi Hasan Imom Moturidiyga ona tarafdan bogʻlangan. Allomaning otasi Ali ibn Muhammad Moturidiyning nabirasi, yaʼni qizining qizi bilan oila qurgan va bu juftlikdan Qozi Hasan dunyoga kelgan[3]. Ravshan boʻlmoqdaki, Qozi Hasan Imom Moturidiyga evaradir. Tadqiqotchilar Imom Moturidiyning Ansoriy nisbasi bilan atalishini ushbu maʼlumotga bogʻlaydi. Imom Moturidiy Abu Ayyub Ansoriyning naslidan degan qarashlar mavjud boʻlsa-da, uning asosi yetarli emas. Sababi, ushbu maʼlumot “Kitabut Tavhid”ning yagona nusxasi hoshiyasida nomaʼlum muallif tomonidan yozib qoldirilgan qaydga tayangan boʻlib, oʻz tasdigʻini topmagan. Shu sababli Qozi Hasanning nasab silsilasi chalkashtirilib, Imom Moturidiyga nisbat berilgani ehtimoli yuqori[4].

Qozi Hasan Moturidiy oʻz davrining buyuk ilm dargʻalaridan biri boʻlgan. U oʻz davrida doʻsti va hammaslagi Imom Abu Shujoʼ Samarqandiy (V/XI asr) va Qozi Ali Sugʻdiy (vaf. 461/1068) bilan birga Samarqandning eng buyuk olimlaridan biri sifatida tanilgan edi. Bu uch olim Samarqand muzofotida nafaqat oddiy xalq, balki ulamolarga ham rahnamolik qilgan. Mintaqada mazhab rayosati ularning qoʻliga oʻtgan, ittifoqlari moʻtabar hisoblanardi. Uchovlari bir masala ustida ittifoq qilsa, hamma shuni qabul qilar, toki ularning tasdigʻidan oʻtmas ekan har qanday fatvo eʼtiborsiz qoldirilardi[5].

Afsuski, Qozi Hasan singari ikki doʻsti haqida ham juda oz maʼlumot saqlangan. Abu Shujoʼ Samarqandiy Samarqandning buyuk faqihlaridan biri boʻlgani[6], oʻgʻli Muhammad ibn Muhammad ham katta faqih boʻlib yetishgani[7] va otasidan rivoyat qilgani haqidagi eslatmalardan boshqa maʼlumot uchramaydi[8].

Qozi Ali Sugʻdiy haqida esa nisbatan koʻproq maʼlumot mavjud. Vafot etgan yili aniq boʻlib, 461/1068-yilda Buxoroda olamdan oʻtgan. Samarqandda tugʻilib voyaga yetgan olim keyinchalik Buxoroga koʻchadi va u yerning bosh qozisi etib tayinlanadi. Umrining oxirigacha Buxoroda yashaydi[9]. Fiqh ilmini Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad Kafiniydan oʻrganadi. Shamsulaimma Saraxsiy esa undan “Siyarul kabir”ni rivoyat qilgan. Bu bilan Saraxsiy Qozi Alining shogirdi boʻlganini bilish mumkin. Boshqa bir shogirdi esa, Usmon ibn Ibrohim Fazliy Buxoriydir. Qozi Ali “An-Nutaf fil fatava”, “Sharhu siyarul kabir”, “Sharhu adabil qozi”, “Favoid” singari asarlar muallifidir[10].

Qozi Hasanning oʻgʻli Abul Hasan Ali ibn Hasan Moturidiy (vaf. 511/1117) ham Samarqandning buyuk olimlaridan boʻlgan. Baʼzi manbalarda olim otasi bilan adashtirib yuborilgan va hatto Imom Moturidiyning nabirasi ekani aytilgan[11]. Ammo oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, bu yanglish qarashdir. Chunki alloma Abul Hasan hijriy oltinchi asrning boshida, 511/1117-yilda vafot etgan. Imom Moturidiy esa hijriy toʻrtinchi asrning birinchi yarmida, yaʼni 333/945-yilda olamdan oʻtgan. Oradagi muddat sal kam ikki yuz yilni tashkil qilmoqda va bu nabira hatto evara boʻlish uchun koʻplik qiladi. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, Abul Hasan Qozi Hasanning oʻgʻli, Imom Moturidiyning esa chevarasidir.

Qozi Hasan Moturidiy va uning oʻgʻli alloma Abul Hasan Samarqandda vafot etgan va Imom Moturidiy abadiy qoʻnim topgan Chokardiza qabristonida, bobolarining yoniga dafn etilgan[12].

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Qozi Hasanning ilmiy merosi saqlanib qolmagan. Afsuski ayrim manbalardagi iqtiboslardan tashqari allomaga tegishli biror asar mavjudligi maʼlum emas. Samarqandlik yana bir faqih Nosiruddin Samarqandiyning (vaf. 556/1161) “Al-Multaqot fi fataval hanafiya” nomli asarida Qozi Hasan fatvolaridan baʼzi iqtiboslar keltirilgan. Jumladan, asarning “Namoz”[13], “Taloq”[14] va “Savdo”[15] boblarida Qozi Hasanning fiqhiy qarashlarini koʻrishimiz mumkin.

Kelajakdagi tadqiqotlar, hanuz oʻrganilmagan va tadqiq etilmagan qoʻlyozma asarlar Qozi Hasan Moturidiy ilmiy merosi haqida kengroq maʼlumot beradi degan umiddamiz.

[1] Oqilov S. Abu Mansur al-Moturidiy. – T.: Hilol Nashr. – B. 55.
[2] Samʼoniy. Ansob. – Haydarobod: Doiratul maorif, 1981. – J. 12. – B. 3.
[3] Oqilov S. Abu Mansur al-Moturidiy. – T.: Hilol Nashr. – B. 55.
[4] Shukru Oʻzan. Moturidiy. Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.– Anqara: TDV, 2003. – J. 28. – B. 146.
[5] Laknaviy. Al-Favaidul bahiya fi tarojimil Hanafiya. – Bayrut: Darul arqam, 1998. – B. 112.
[6] Laknaviy. Al-Favaidul bahiya fi tarojimil Hanafiya. – Bayrut: Darul arqam, 1998. – B. 255. Salohiddin Abdullatif Nahiy. Sugʻdiy. Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.–Istanbul: ISAM, 2009. – J. 37. – B. 475.
[7] Muhyiddin Abu Muhammad Abdulqodir ibn Muhammad Abulvafo Qarshiy Hanafiy. Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya. – Ar-Riyod: Dor al-ulum, 1993. – J. 3. – B. 28
[8] Oʻsha manba. – B. 317.
[9] Muhyiddin Abu Muhammad Abdulqodir ibn Muhammad Abulvafo Qarshiy Hanafiy. Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya. – Ar-Riyod: Dor al-ulum, 1993. – J. 2. – B. 567.
[10] Salohiddin Abdullatif Nahiy. Sugʻdiy.Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.– Istanbul: ISAM, 2009. – J. 37. – B. 474.
[11] Samʼoniy. Ansob. – Haydarobod: Doiratul Maorif, 1981. – J. 12. – B. 3.
[12] Shukru Oʻzan. Moturidiy. Turkiya diyonat vaqfi ensiklopediyasi.– Anqara: TDV, 2003. – J. 28. – B. 146.
[13] Nosiruddin Samarqandiy. Al-Multaqot fil fataval hanafiya. Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 2000. – B. 66.
[14] Oʻsha manba. – B. 142.
[15] Oʻsha manba. – B. 226.
Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY – BUYUK MUTASAVVIF OLIM

Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari  hujjat” [5:29] …