Home / FOTO LAVHALAR / Islomning taraqqiyotni belgilovchi mezonlari

Islomning taraqqiyotni belgilovchi mezonlari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabiga Indoneziyaning Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar kengashi aʼzolaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar ilmiy muassalalar rahbarlari hamrohligida tadqiqotlar va taʼlim uchun yaratilgan sharoitlar, erishilayotgan natijalar va Muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari ishtirokida Markaz, Hadis ilmi maktabi va Sumatradagi Al-Vasliya islom universiteti hamkorligida “Ekstremizmga qarshi kurash va moʻtadillik qadriyatlarini targʻib qilishda ilmiy muassasalarning oʻrni. Islomning sivilizatsion mezonlari: Indoneziya va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkazildi. Unda Markaz va Hadis maktabi rahbariyati, ilmiy xodimlari, ustoz-murabbiylar va Al-Vasliya islom universiteti professor-oʻqituvchilari qatnashdi.

Tadbirda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ekstremizmga qarshi kurashdagi roliga alohida eʼtibor qaratildi. Diniy tahdidlar va ekstremizmga qarshi moʻtadillik va diyonatga asoslangan taʼlim-tarbiya usullarini keng targʻib qilish zarurati tilga olindi.

Oʻzbekistonning musulmon davlatlar bilan jugʻrofiy va madaniy yaqinligi, shuningdek, mamlakatdagi diniy, ijtimoiy va taʼlim tizimlari samaradorligi va oʻzaro mutanosibligini taʼminlovchi omillar davra suhbatida alohida qayd etildi. Shuningdek, indoneziyalik olimlar oʻz mamlakatida taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar va moʻtadillikka asoslangan milliy strategiyalar haqida batafsil maʼruzalar qildi.

Bugungi kunda dinda moʻtadillikni saqlash va jahonda tinchlikni barqaror qilishda islomning sivilizatsion mezonlari, yaʼni taʼlimoti va qoidalari muhim rol oʻynayotgani qayd etildi. Chunki islom sivilizatsiyasi oʻzining diniy, axloqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatlari bilan koʻp qirrali boʻlib, adolat va inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan mukammal jamiyat barpo etish va xoʻjalik yuritishda ishlab chiqarish samaradorligini taʼminlashga qaratilgan. Har qanday sivilizatsiya kabi islomning mezonlari ham taraqqiyot va inson hayotini yaxshilashga yoʻnaltirilgan, ammo bunda huquqlar tengligi, adolat ustunligi, dinlararo va millatlaro bagʻrikenglik, tinchlikparvarlik, halollik va poklik kabi fazilatlarga nisbatan koʻp urgʻu, aytish mumkinki, markaziy oʻrin beriladi.

Tadbirda mehmonlarga Imom Buxoriyning Markaz tomonidan oʻzbek tilida nashr etilgan “Xalqu afʼolil ibod” asari tanishtirildi. Bugungi kungacha ahamiyatini yoʻqotmay kelayotgan bu kitob noyob maʼnaviy meros boʻlib, pok eʼtiqodni himoya qilish va turli bidʼatchi oqimlarga raddiya berish maqsadida yozilgani eʼtirof etildi. Asar tarjimasi mahalliy kitobxonlarga Muhaddislar sultonining diniy va ilmiy merosini yaqindan anglashga, yoshlarning diniy bilimlarini mustahkamlashga, ularni turli yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Soʻzga chiqqanlar islom madaniyati va qadriyatlarida tinchlik va barqarorlik tarannum etilishi, dindan yovuz maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashishda taʼlimning muhim ahamiyatiga alohida urgʻu berib, diniy taʼlim va ilm-fanni moʻtadillikka asoslangan holda rivojlantirish, ilmiy maskanlarda ekstremizmga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish yoʻlida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarning ahamiyatiga ham toʻxtaldi. Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish borasida ijobiy fikrlar bildirilib, oʻzaro hamjihatlikning tashkiliy-amaliy jihatlari va istiqbollari muhokama qilindi, muhim kelishuvlarga erishildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi professori “Sceince & Innovation” ilmiy jamiyati tomonidan “Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi”ga kiritildi

“Sceince & Innovation” ilmiy jamiyati tomonidan 2024-yil sarhisoblari asosida “Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi” eʼlon qilindi. …