Home / MAQOLALAR / SAMARQAND MUTOLAASI

SAMARQAND MUTOLAASI

Etyud

Koʻpchilik sanʼat asari bilan tanishishdan oldin, uning muqaddimasiga duch kelasiz. Muqaddima har xil shaklda boʻlishi mumkin: masalan, spektaklda prolog, operada uvertyura, ayrim kitoblarda soʻz boshi deb atalishi mumkin, lekin qayerda qanday nom olishidan qatʼi nazar, uning vazifasi – sizni oʻsha sanʼat asari ruhiga olib kirish, sizni oʻsha sanʼat asari bilan muloqotda boʻlishga tayyorlashdir.

Oʻzbek xalqi minglab yillar davomida yaratgan va hamon yaratayotgan, saykal bergan va berayotgan, faqat oʻzininggina emas, butun odamzodning nodir mulkiga aylantirgan bir shoh asar bor dunyoda. Bu shoh asar Samarqand deb ataladi. Hamma yirik, murakkab sanʼat asarlari kabi Samarqandning ham muqaddimasi bor. Ayrim hollarda baʼzi kitoblarning muqaddimasini oʻqimay, tashlab ketish mumkin, lekin Samarqandni muqaddimasiz oʻqish mumkin emas. Buning iloji yoʻq.

Bu ulugʻ, tabarruk shaharga uning qaysm darvozasidan kirib bormang, yoʻlingiz oyogʻingiz ostiga toʻshalib yotgan, sohiblaridek bagʻri keng tepaliklar ustidan oʻtadi. Bu tepaliklarga yetishingiz bilan kulayotgan boʻlsangiz –  kulgidan, gaplashayotgan boʻlsangiz – suhbatdan, qoʻshiq aytayotgan boʻlsangiz –  kuylashdan toʻxtaysiz. Oʻyga tolasiz. Chuqur oʻyga.

Ne-ne asrlarni koʻrgan, ularning qancha-qanchasini bagʻriga bekitib olgan bu koʻhna dunyoning oʻzidek qadim tuproq atrofida boʻlayotgan voqealarga bepisand, miyigʻida kulgancha qarab yotgan boʻlib tuyulsa-da, sizga unsiz nimalarnidir gapirib beradi, nimalardandir ogohlantiradi, aft-angoringizni, kiyim-boshingizni koʻzdan kechirib chiqishga daʼvat etadi, yuragingizga allaqanday gʻulu, hayajon soladi.

Ana shunday gʻalati, ismsiz tuygʻular ogʻushida, bir oz hayajonlangan, bir oz hovliqqan, bir oz choʻchigan holda kirib borasiz buyuk shaharga.

Siz, balki birinchi marta olayotgandirsiz bu asarni qoʻlga – birinchi marta borayotgandirsiz bu goʻzal shaharga. Men esa, oʻttiz yoshim mobaynida koʻp marta ziyorat qilganman uni va har gal uning ostonasida, yuqorida aytganim holga tushganman.

Men Samarqandni minglab marta qoʻlga olganman, lekin uning oʻzi tugab bitmagani kabi, men ham uni oʻqib tugatolganim yoʻq. Har gal uni qoʻlga olar ekanman, uning satrlari orasida mastu lol adashib yurar ekanman, taassurotlarim vujudimga sigʻmaydi, tashqariga otiladi, qayoqlargadir sudrab ketadi, kimlargadir toshib-toshib soʻzlab bergim keladi. Har gal shunday qilaman ham: tanishmi, notanishmi – duch kelgan odam bilan oʻrtoqlashaman taassurotlarimni. Zero, Samarqand – bir kishining vujudiga sigʻib ketadigan asar emas.

Men yaqinda yana qoʻlga oldim uni. Garchi, sanʼat asari birov hikoya qilib berganida juda koʻp fazilatlarini yoʻqotsa ham, keling, mening xotiram sahifalari orqali jilla boʻlsa ham bahramand boʻling uning nashʼu namosidan.

Samarqand yaqinda ikkita katta maʼraka guvohi boʻldi. Men Samarqandning yubileyi hamda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festvalini aytyapman. Ha, Samarqandda oltin toʻy boʻldi. 2750-yil! Kim biladi, baʼzi ovozalarga qaraganda u ancha keksa emish, uch yarim ming yildan ham oshar emish yoshi, lekin u oʻzining keksaligini tan olgisi kelmagandir-da. Odam ham shunaqa boʻladi-ku, bolaligida yoshini katta qilib, keksaya borgan sari esa, oʻzini yosh qilib koʻrsatgisi keladi.

Samarqandni insoniyatning nodir mulki degan edik. Bu taʼrifdan mubolagʻa qidirganlarning mehnati zoye ketadi, albatta. Nega desangiz, Samarqandning oʻzigina tanho emas olamda, uning juda koʻp sifatlari ham tanho. Olamni kezgan bir sayyohning Bibixonim madrasasi gumbaziga bergan taʼrifi esingizdadir? “Agar osmon uni takrorlamaganida edi, bu gumbaz olamda tanholigicha qolardi” degan edi u. Samarqandda bunaqa “olamda tanholigicha” qolishi mumkin boʻlgan antiqa narsalar faqat Bibixonim madrasasigina emas.

Samarqand hozirgi koʻpgina egizak shaharlarning biri emas, uning hech bir shahar takrorlay olmaydigan oʻziga xos qiyofasi bor. Bu qiyofasini qanday qilib koʻrsa boʻladi deysizmi? Marhamat, anchagina yuzaki boʻlsa ham, mening xizmatimdan foydalanishingiz mumkin.

Avvalo, bu shaharni dunyoga tanitgan joylarni koʻraylik, Bulardan biri –  Ulugʻbek rasadxonasi. Aslida, rasadxona deyish, ancha nisbiy gap. Chunki, oʻrta asrdayoq koinotni qoʻliga olib uning jumboqlarini yechgan va uni “Zichi Koʻragoniy”ga joylashtirgan Ulugʻbekning muqaddas laboratoriyasi, buyuk olimning oʻzi kabi, maʼrifat dushmanlarining qurboni boʻlgan. Bu laboratoriyadagi muhim asboblardan biri boʻlgan sekstantning bir boʻlagigina – u ham, balki yerning tagida boʻlgani uchundir – bizgacha saqlanib qolgan. Pastlikdan halqasimon boʻlib yuqoriga koʻtarilgan va tuproq devorlari aro turgan sekstantning shakli – keyinchalik koʻmilib ketgan bobolarimizning tafakkuri parvozini zslatadi kishiga.

Sekstantning parvozi uzilgan joyda uni tuproq qaʼridan qidirib topgan tabarruk odam – mashhur arxeolog Vyatkinning qabri bor. Avval sekstantga, keyin qabrga termilarkan, beixtiyor katta xazina bekitilgan gʻor ogʻzida uni qoʻriqlab yotgan ajdaho haqidagi afsonani eslaydi kishi.

Rasadxona ziyoratidan soʻng Ulugʻbek muzeyiga kirasiz. Muzeyda xilma-xil nodir ashyolar orasida Ulugʻbekning Gʻarb rassomi chizgan suratini koʻrib, kulgingiz qistar, balki. Nega desangiz, Ulugʻbek oʻrta asr Gʻarb kishilari kiyadigan kiyimda, soch qoʻygan, shop moʻylovli qilib tasvirlangan. Sharq ma-daniyati haqida zarracha tasavvurga ega boʻlmagan Gʻarb rassomini buning uchun ayblab boʻlarmidi.

Lekin muzeydan chiqishingiz bilan nazaringiz zamonamiz haykaltaroshlari tomonidan yaratilgan Ulugʻbekning ulkan qaddiga tushadi. Oʻz qoʻrigʻi – osmonga boʻy choʻzgan olim chuqur tafakkurda. Haykal yonidagi devordan olimning oʻylarini oʻqiysiz: “Shohliklar yemiriladi, din tumanday toʻzgʻib ketadi, faqat ilmgina mangu qoladi”.

Nodir ziyoratgohlardan yana biri – haliyam oʻzini toʻla koʻrsatgisi kelmayotgan Afrosiyob ham, Shohizinda ansambli ham uning odamni asrlar aro adashtirib ketadigan zinalari ham, Registon maydoniga koʻrk boʻlib, bir-biri bilan muloqotga ketgan Ulugʻbek, Tillakori, Sherdor madrasalari ham, bu madrasalarni birlashtirib turtan hovli sahniga terilgan toshlar ham, jahondagi sanoqli buyuklardan boʻlgan Amir Temur va Mirzo Ulugʻbekka soʻnggi maskan boʻlgan Goʻri amir maqbarasi ham Samarqandning koʻrki, uning qiyofasidagi bu shaharni olamga mashhur qilgan, “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast” (“Samarqand yer yuzining sayqalidir”) misrasining bunyodga kelishiga omil boʻlgan nuqtalardir.

Odamlar bir-birlaridan aft-angori bilan emas, xulq-atvori bilan ham farq qiladi. Samarqand – odamlar tafakkuri va qoʻli bilan yaratilgan sanʼat asari ekan, u muallifining xislatlarini olmasligi ham mumkin emas edi. Aytmoqchimanki, Samarqand feʼl-atvori, xulqi, odobi, qiliqlari bilan ham boshqa shaharlarga oʻxshamaydi, uning hamma narsasi faqat oʻzigagina xos.

Avvalo, Samarqand juda bahavo shahar. Unga shundoqqina etagidan oqib oʻtayotgan Zarafshonning, Siyobning, Dargʻomning epkini, atrofini qurshab olgan bogʻlarning boʻyi urib turadi. Buning ustiga u judayam sokin shahar. Ixchamligi uchunmi, yuk transportining shahar chetidan qatnashi uchunmi, har kalay, bogʻlarida, xiyobonlarida shovqin yoʻq.

Keling, Samarqandning yagona, takrorlanmas xislatlaridan yana bir nechtasini aytib beray.

Samarqand – Oʻzbekistonimizning barcha shaharlari kabi koʻp millatli shahar. Lekin uning tub aholisi oʻzbeklardir. Shunisi qiziqki, ular tojik tilida gaplashishadi. Bu, albatta, Samarqandning uzoq davr poygaxt boʻlgani, oʻsha davrda davlat ishlari fors tilida olib borilganidan boʻlsa kerak. Aholi bu tilni oʻrganishga istasa-istamasa majbur boʻlgan, yillar oʻtishi natijasida bu til bir oz oʻzgargan holda oʻrda tilidan keng isteʼmol tiliga aylangan boʻlishi mumkin.

Samarqand nonining dovrugʻini eshitgan boʻlsangiz kerak. Bu nonning taʼmi ham, koʻrinishi ham boshqa hech qayerda uchramaydi. Bu haqda rivoyat ham bor emish, Buxoro hukmdori Samarqandning mashhur novvoyini oʻz shahriga olib ketib non yoptiripti. Ammo, non Samarqandnikiday boʻlmapti. Keyin Samarqanddan un, suv, tuz va hattoki oʻtin ham olib borishipti. Ammo, non yana Samarqandnikiday boʻlmapti. Hukmdor hayron boʻlipti: “Yana nima yetishmaydi?” soʻrapti u. Novvoy javob beripti: “Samarqandning havosi yetishmaydi”.

Samarqand aholisi kechqurun sayrga chiqadigan asosiy koʻcha dohiy Lenin nomi bilan ataladi. Ikki tomoni magazinlar bilan oʻralgan bu koʻchada yakkita restoran va bir kinoteatr joylashgan. Odamlarning aksariyati kechqurun bogʻlarda emas, shu koʻchada sayr qiladi. Agar siz kimnidir koʻrmoqchi boʻlsangiz, kechqurun Lenin koʻchasiga chiqavering, albatta, topib olasiz uni.

Samarqandda bir anʼana bor. Oblast dehqonlari paxtani yigʻib-terib boʻlgach, bir oy davomida shaharda sayil oʻtkazishadi. Opera teatrida har kuni qaysidir bir rayonning “kuni” oʻtkaziladi. Teatr maydoniga har xil magazinlar eng noyob mollarni olib chiqishadi, shaharning eng noziktaʼb oshpazlari xar xil taomlar tayyorlashadi. Shahar ahli qishloq ahliga oʻz minnatdorligini ana shunday izhor qiladi. Maydonga odam sigʻmay ketadi, oʻyin-kulgi, tomosha avjiga chiqadi. Sayil kechqurun opera teatri binosida qoʻyilgan konsert yoki spektakl bilan tugaydi. Oynaband mashinalar karvoni qishloqqa qarab yoʻl oladi.

Samarqandning bulardan boshqa ham takrorlanmas xislatlari koʻp. Uning fan shahri, madaniyat shahri, oliy oʻquv yurtlari shahri ekanligini aytib oʻtirmasa ham boʻladi.

Bilasizki, toʻy qilgan odam hovlisini orasta qiladi, uni odam kirsa huzur qiladigan maskanga aylantiradi, egniga yangi, asrab qoʻygan kiyimlarini kiyadi. Xullas, toʻyxona toʻyxonaga oʻxshagan boʻladi. Samarqand ham toʻy bahonasi bilan oʻziga ancha zeb berdi. Shaharda tarixiy obidalar bilan uygʻunlashib ketgan binolar qad koʻtardi, yangi-yangi sayilgoh, xiyobonlar bunyod boʻldi. Opera teatri, oblast partiya komiteti binosi, “Samarqand” mehmonxonasi, “Yubiley” restorani va choyxona shahar husniga husn boʻlib tushdi. Teatr maydonining eng salqin sayilgoh – Maksim Gorkiy bulvari bilan qoʻshilib ketgani yonma-yon yurgan ikkita bir-biridan goʻzal qizday mahliyo etadi sizni. Ayniqsa, bu yerdan turib quyoshning chiqishini tomosha qilishdan zavqliroq narsa boʻlmaydi. Tasavvur qilib koʻring-a: keng maydon, maydon soʻngida oppoq teatr binosi, teatr binosining eng tepasidan Bibixonim madrasasining gumbazi koʻrinadi. Gumbaz ustida esa hozir oqib ketadigan simobday boʻlib quyosh turibdi.

Registon maydonida ilgari bir bogʻ boʻlardi. Navoiy nomli choyxonani hisobga olmaganda, bu bogʻning diqqatga molik joyi yoʻq edi. Aksincha, uch madrasani toʻsib turardi u. Hozir oʻsha bogʻ tugatilib, gulzor qilingan. Yana Navoiy nomli choyxonani (uning yoʻq boʻlishini) hisobga olmaganda, bu gulzor Registon yuziga xol boʻlib tushgan. Buning ustiga, madrasalar endi bemalol koʻrinib turadi. Bu gulzorning diqqatga sazovor joylaridan yana biri shundaki. undagi ikkita yoʻlakning oxirida kaltagina temir ustunlar va bu ustunlarni birlashtirib ogʻir zanjir sollanib turibdi. Bu ogʻir zanjirlar ham qandaydir darajada devor vazifasini oʻtaydi, yaʼni gulzorga hamma tomondan kirilavermaydi, ham fikrni roʻparada turgan madrasalarga olib borib bogʻlaydi. Shahar qurilishi uchun juda zarur boʻlgan uygʻunlik shu gulzorda oʻzining juda muvaffaqiyatli ifodasini topgan.

…Nihoyat, safar qariydi. Bu shoh asarni toʻla oʻqib chiqolmaganingizdan oʻksib yoʻlga chiqasiz. Shaharga kelishingizda muqaddima boʻlgan tepaliklar endi xotima boʻlib, Samarqanddan toʻymay ketayotganingiz uchun sizga achinganday kuzatib qoladi. Orqaga oʻgirilib qaraysiz, yuragingizni bir gʻussa zabt etadi, ayriliq gʻussasi. Lekin bu gʻussani nimadir yoritib turadi. Yorqin xotirot bu, yorqin taassurot. Samarqanddek shoh asarni oʻqigandagina shunday yorqin taassurot qoladi kishida. Bu taassurot qech qachon xiralashmaydi Zotan, Samarqand buyuk bir xalq yaratgan buyuk shoh asardir.

18-oktyabr – Samarqand shahri kuniga bagʻishlanadi
 Taniqli tarjimon, dramaturg, publitsist va shoir, samarqandlik ijodkor, marhum Mashrab Boboyev ijodidan

Check Also

SALAVOT AYTISHNING FAZILATI

Paygʻambarlarga imon keltirish imonning asoslaridan biridir. Aqida kitoblarida har bir musulmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi …