Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Qadrli doʻstlar!
Avvalo, sizlarni azim Toshkent va qadimiy Xiva shaharlarida oʻtkazilayotgan “Islom — ezgulik va tinchlik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan samimiy tabriklayman.
Biz dunyoning uzoq va yaqin davlatlaridan tashrif buyurgan siz, aziz mehmonlarni — nufuzli xalqaro islom tashkilotlari rahbarlari, taniqli olim va ulamolar, jamoat arboblari va tadqiqotchilarni tinchlik va totuvlik, doʻstlik va hamjihatlik elchilari, deb bilamiz.
Sizlarning muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish va keng targʻib etish borasida olib borayotgan ibratli faoliyatingizni barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Ana shunday ezgu ishlaringiz uchun sizlarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Bagʻrikeng va mehmondoʻst Oʻzbekiston diyoriga xush kelibsiz!
Aziz doʻstlar!
Xabaringiz bor, bugungi anjumanimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2023-yil 19-sentyabr kuni Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 78-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida oʻtkazilmokda.
Ushbu ezgu tashabbus xalqaro hamjamiyat va sizlar kabi maʼrifatparvar va oqil insonlar tarafidan bizga mamnuniyat agʻishlaydi.
Konferensiyamizning “Islom — ezgulik va tinchlik dini” deb nomlanishi ham albatta bejiz emas. Hammamiz yaxshi bilamizki, islom dini odamzod uchun tinchlik va omonlik dini sifatidayuborilgan buyuk taʼlimotdir. Muqaddas Qurʼoni karimning “Baqara” surasi, 208-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar, yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” — deya daʼvat qilingani ham fikrimizni tasdiqdaydi.
Ulugʻ vatandoshimiz Imom Termiziy hazratlari rivoyat qilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni soʻranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq neʼmat berilgani yoʻq”, degan hadisi sharifda ham tinchlik va barqarorlikning insoniyat hayotida qanday beqiyos ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlangan.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda islom dinining ezgu qadriyatlari, nomlari dunyoga mashhur mutafakkir olimu ulamolarimiz merosini asrab-avaylash, ularni ilmiy oʻrganib, xalqimiz va jahon ahliga yetkazishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi yetti yilda mamlakatimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani, ilmiy-maʼrifiy jihatdan gʻoyat noyob boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani buning yorqin dalilidir.
Ayni vaqtda Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, “Tarix”, “Xalqu afʼol al-ibod”, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy”, Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon”, “Tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” kabi islom dunyosida nodir sanalgan asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, zamonaviy sharhlari tayyorlangani va bu kabi xayrli ishlar izchil davom etayotganini taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Soʻnggi yillarda jahonda kuzatilayotgan globallashuv jarayonlarining ijobiy jihatlari bilan birga, ayrim noxush holatlar, jumladan, islomofobiya koʻrinishlari musulmon jamiyatlarining tafakkur va turmush tarzi, madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga ham taʼsir koʻrsatayotganiga hammamiz guvohmiz.
Shu maʼnoda, mazkur konferensiyada yer yuzida tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, moʻminmusulmonlar uchun manfaatli boʻlgan azaliy qadriyatlarni asrab-avaylash, globallashuv sharoitida islom dinini zamon bilan uygʻun va hamohang holda rivojlantirish, maʼnaviy poklik va odob-axloqqa qarshi gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish, islomda ijtimoiy himoya masalalari kabi muhim mavzularning muhokama etilishi katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Ishonamanki, anjuman jarayonida boʻlib oʻtadigan qizgʻin muhokamalar, bildiriladigan gʻoya va tashabbuslar muqaddas islom dinimizning asl maʼno-mazmunini, ezgulik va tinchlikka xizmat qiladigan olijanob gʻoyalarini ochib berish va ommalashtirishda muhim qadam boʻladi.
Xalqaro konferensiya doirasida mamlakatimizda moʻmin-musulmonlar uchun yaratilgan sharoitlar, vijdon erkinligini taʼminlash, ulugʻ ajdodlarimizning tabarruk xotiralarini eʼzozlash, ularning ilmiy-maʼrifiy merosi va nodir qoʻlyozmalarni tadqiq va targʻib etish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, bu boradagi oʻzaro hamkorligimizni yanada rivojlantirish boʻyicha yangi taklif va tavsiyalarni bayon etasizlar, degan umiddaman.
Sizlarni bugungi nufuzli anjumanning ochilishi bilan yana bir bor qutlar ekanman, Yaratgan Robbimizdan barchangizga sihat-salomatlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizga baraka tilab qolaman.