Til insonga ato etilgan suv va havodek bebaho neʼmat. Misol uchun, qarshingizdagi odamga “men hozir bozorga borib keldim” degan gapni til vositasida bir-ikki soniyada yetkazish mumkin. Lekin xuddi shu xabarni imo-ishora bilan anglatish uchun ancha koʻp vaqt kerak boʻladi.
Tilning naqadar muqaddasligi va hayot uchun qanchalar zarurligi haqida Qurʼoni karimda ibratli voqea bayon qilingan. “Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: «Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman», deganida, (ular) aytdilar: «Unda (Yerda) buzgʻunchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qon toʻkadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman”. (Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni oʻrgatdi. Soʻng ularni farishtalarga (birma-bir) koʻrsatib dedi: «Agar (eʼtirozingizda) rostgoʻy boʻlsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!» (Ular) dedilar: “Zoti poking haqqi, bizda Oʻzing bildirganingdan oʻzga ilm yoʻqdir. Albatta, Sen Dono va Hakimdirsan” (Baqara surasi, 30-32 oyatlar)”.
Narsalarning nomlarini bilish shunchalar zarur ekan, niyat va xatti- harakatni, makon va zamonni, quvonchu qaygʻuni, umuman, dildagi hissiyot va ilinjlarni osonlik bilan izhor etishning qanchalar muhimligi haqida soʻzlashga hojat yoʻq.
Shunday ekan, har qanday hurfikr inson oʻzining tilga munosabatini bu neʼmatning muqaddasligidan kelib chiqqan holda belgilab olishi lozim. Gapirganda ham, yozganda ham har bir soʻz va har bir jumlaning mazmun-mohiyati, salmogʻi, ahamiyati va boshqa jihatlariga eʼtibor qaratish zarur.
Abdulla Qahhor “Adabiyot atomdan kuchli” deganida faqat adabiyotning oʻzini emas, umuman, soʻz qudratini nazarda tutgan boʻlishi kerak. Buning tasdigʻi sifatida dono xalqimizning soʻz bilan “ilon inidan, pichoq qinidan chiqadi” degan naqlini keltirish mumkin. Bir ogʻiz gap bilan odamni quyushqondan chiqarish yoki tinchlantirish hech gap emasligini hayotiy misollardan yaxshi bilamiz. Yomon gap yo shumxabardan odamlarning qon bosimi koʻtarilishi yo allergiyasi qoʻzgʻashi yo qand miqdori oshib ketishi hech gap emas. Deylik, “falonchi sening nafsoniyatingga tegadigan falon gap aytdi” yoki “shu bilan siringni hamma bilib boʻldi” qabilidagi gaplarni eshitgan odam birdan gʻazablanadi. Aksincha, “unday emas, boshqacha gapirdi”, “yoʻq, adashayapsan, aslida bunday” kabi gaplar odamni birdan tinchlantiradi.
Endi bevosita maqsad haqida soʻzlaydigan boʻlsak, koʻzlangan niyat bugun matbuotimizda, teleradiomizda, majlisu yigʻinlarimizda tilimizga behurmatlik namoyon boʻlayotgan holatlardan ayrimlarini keltirib, hamyurtlarimizni bebaho neʼmatlardan biriga oʻta masʼuliyat bilan yondashishga daʼvat qilishdan iborat. Zero, neʼmatni qadrlamaslik, diniy qadriyatlarni hisobga olmagan taqdirda ham, yaxshilikka olib kelmaydigan qusurdir. Aytaylik, xalqimizda azaldan non yerga tushib ketsa, darhol olib, oʻpib, koʻzga surib, tepaga olib qoʻyish odati bor. Bu aziz neʼmatga hurmat, bolalikdan hamma koʻrib, diliga tugib qoʻyadigan tamoyil.
Xoʻsh, nonga munosabat shunday ekan, nima uchun baʼzi hollarda tilning hurmatini uni yerga uradigan darajada eʼtibordan soqit qilamiz?
Quyida matbuot, teleradio, har xil anjumanlarda eng koʻp uchraydigan qoʻpol xatolardan baʼzilarini keltiramiz.
Matbuotda koʻzimiz tushadigan va teleradioda qulogʻimizga chalinadigan gaplardan biri “afsuski” soʻzi bilan boshlanadi. Bunday jumlalarning aksariyati “achinarlidir” soʻzi bilan yakunlanadi. “Afsuski, falon narsa boʻlmadi” yoki “falon ish-harakat tufayli falon narsa boʻlmadi” deganda, koʻrsatilayotgan muammoning mohiyati ochilgan boʻlardi.
Koʻp hollarda “aytish kerakki” deb boshlangan jumla “deyish mumkin” degan soʻzlar bilan yakunlanayapti. Ehtimol, efirda bu nuqson bilinmasligi mumkindir, lekin chop qilingan narsada yaqqol koʻzga tashlanib turadi.
Oʻylab koʻraylik. Har bir yozganimiz va har bir aytganimizni.
Yaqinda “hayotimni qoʻyganman” degan gap chiqdi. Videofilm koʻrasizmi, radio eshitasizmi, matbuot oʻqiysizmi baribir. Ota bolaga, oʻgʻil onaga, kuyov kelinga shunday vaʼda berayapti. Hayot hech qayerga qoʻyilmaydi! Hayot tikiladi. Tikilganidan keyin undan qaytib boʻlmaydi. Bu juda ogʻir gap. Uni har kim aytavermasligi kerak. Hatto videofilmda ham “Har” soʻzi koʻpchilikni sarson qilayapti va savodsizligini koʻrsatib qoʻyayapti. Ilgarigi davrda jurnalistika yo filologiyani bitirib kelgan odam bilan ehtiyot boʻlib gaplashilardi, hozir ularga hamma narsani yangidan oʻrgatishga toʻgʻri kelayapti. Masʼuliyatni kasbdan oʻrganadi, lekin savodini oʻsha oʻqigan joyida oshirmagan boʻlsa, bor tinglovchilarini savodsiz qiladi.
Eng koʻp uchraydigan jiddiy xato toʻgʻri kelsa-kelmasa “har” soʻzini hamma yoqda ishlatish. “Har bir Alloh taoloning soʻzi”, “har bir Imom Buxoriyning asari”. Bu oʻrinda, diniy tomondan qaraydigan boʻlsak, gunohlarning eng kattasi boʻlgan shirkka yoʻl qoʻyilayapti. “Har bir Alloh taolo” deganda, bir necha iloh tushuniladi, Alloh taoloning har bir soʻzi emas. Yana “Har bir prezidentning farmoni” yoki “toʻrtta prezidentning qarori” deganda esa prezidentlarning qarori tushuniladi. Aslida bu gap “prezidentning har bir farmoni” va “prezidentning toʻrtta qarori” deb aytilishi kerak.
Jumla tuzishda soʻzlarni oʻz oʻrniga qoʻya olmaslik illati shu qadar keng tarqalib ketdiki, ayrimlar zamonaviy nashrlarni oʻqishdan bezib qoldi, teleradioni kuzatmay qoʻydi. “Ochiqdan-ochiq ayollarga diskriminatsiya”, “gijjalar bilan qanday uy sharoitida kurashish mumkin?” degan jumlalar va telba-teskari iboralar har narsani oʻqib eshitishga intiladigan yosh avlodning tafakkurini buzishi butun jamiyat kelajagi uchun zarardir. Hozir baʼzilar tarjimayi holini yo taʼtilga chiqish arizasini ham yoza olmasligi mana shunday mayda koʻringan, lekin tomib-tomib koʻl boʻlgan illatlarning oqibati boʻlsa kerak. “Uy sharoitida gijjalarga qarshi qanday kurashish mumkin?” deyish qiyinmi?!
“Har ikkisi” yo “har uchalasi” degan soʻzlar ham juda urf boʻldi. Ikki kishi haqida gapira turib, har ikkisi deyish bemaʼni. Aslida “ikkovi” yo “ikkovining har biri” yo joʻngina “har biri” boʻladi.
“Haftaning har payshanba kuni” qabilidagi gaplar ham “har kasalligi”ning bir turi. Oyning har payshanbasi deyish mumkin, chunki bir necha marta keladi. Haftada esa bitta boʻladi. Shuning uchun oddiy qilib «har payshanba» desak, hech kimning gʻijini kelmaydi.
“Har” bilan “hech”ning farqiga ham borish kerak. Bunday qoʻpol “adashish”ga misollar koʻp. Mana bittasi: “Har bir shoirning kitobi vatan haqidagi sheʼrsiz chiqmaydi”.
Keyingi nooʻrin qoʻllanayotgan soʻzlardan biri “ajrim”dir. Bu hukm maʼnosini bildiradi. Masalan, «sudning ajrimi chiqqan» deymiz. Shuning uchun ajrim soʻzini oilaviy ajrashishlarga nisbatan ishlatib boʻlmaydi. Masalan, «oilaviy ajrimga olib keluvchi falon sabab va omillar» deb koʻp gapirilayapti.
Ssenariymi, koʻrsatuv yo eshittirish matnimi, nutq, maʼruza yo maqolami, nima yozishimizdan qatʼi nazar, ortiqcha soʻz va qoʻshimchalarni oʻylab ishlatishimiz kerak. Ilm egallashga boʻlgan intilish, sportga boʻlgan qiziqish va hokazo. Bu “boʻlgan”larning nima keragi bor, tushunib boʻlmaydi. Farosatimiz oqsashi oqibatida “boʻlgan”ni “boʻlmagan”ga aylantirayapmiz.
“Bejiz” soʻziga -ga, “hozir” soʻziga -da qoʻshish rasm boʻldi. Ruslar “в сейчас”, inglizlar «at now» demaydi. Boshqa xalqlar ham “hozir”ga bunday qoʻshimcha qoʻshmaydi. Biz qachon, qayerdan oʻrgandik, shuni sira anglab boʻlmaydi.
Qoʻshimchalar orasida -lik masalasida ham ish pachava. Bu qoʻshimchani boʻlar-boʻlmas joylarga zoʻrlab kiritayapmiz. Borganliklari, kelganligi, boshqa shakli borishlik, kelishlik… buni yozgan ham qiynaladi, oʻqigan ham, eshitganning esa ensasi qotadi.
Yana -lar qoʻshimchasi borasida ham ahvol yaxshi emas. Hurmat va koʻplik maʼnosida ishlatilganda, eʼtirozga oʻrin qolmaydi. Lekin bu soʻzni hamma yoqqa suqaverish savodsizlik va adabsizlikdir. Deylik, oʻzbek tilida raqam ishlatilsa, “-lar”ga hojat qolmaydi. Oʻnta talaba, millionta kalava deb ketaveramiz. Bu bir jihati. Ikkinchidan, koʻplikni har narsaga ham ishlatib boʻlmaydi. «Oʻnta talaba keldi» deymiz, «Oʻnta talaba keldilar» demaymiz. Bir reportajda «Qazilma ishlari chogʻida bu yerdan suyaklar chiqishdi» degan jumla ketgan edi. «Ularning falon ish qilishganliklari» tarzidagi qusurli gaplar efirda ham, nashrda ham koʻp uchraydi.
Endi “shunday-bunday munosabatlari” ga ozgina toʻxtalsak. Shu deyish uchun avval bu deb olish kerak. Masalan, «bu kitob foydali, shuni olaman» deyiladi. Biz esa biror iqtibos keltiradigan boʻlsak, “falonchi shunday dedi:” ramkasini ishlatamiz. “Oʻrmonga oʻt ketibdi, falonchi shunday dedi” desak, bu maʼqul. Lekin avval maʼlumotni keltirmay turib, “shunday”ni ishlatsak, gʻaliz boʻladi. Nima uchun hayotiy jumlalarning oʻzidan kelib chiqmaymiz? Masalan, ustoz biror narsani oʻrgatganda, «avval bunday qilasan, keyin mana bunday qilasan, shunday qilsang yaxshi boʻladi» deydi.
Shu safdagi yana bir qoʻpollik jumlada “qanchalik” soʻzi kelgan boʻlsa, “shunchalik” soʻzi ishlatilmayotganidir. “Badantarbiyani qanchalik tez odat qilsangiz, oʻzingizga yaxshidir”. Bu jumla kemtikligi bilinib turibdi. Bunga qoʻshimcha sifatida “qancha”,“necha” va “nechta”ni ham farqlay bilish kerak. “Non qancha turadi?”, “non necha pul?”, “nechta non bor?” kabi savollar kundalik hayotda koʻp ishlatiladi, lekin qogʻozga tushishi bilan gʻalizlashib ketadi.
Biz “iliq” bilan “issiq”ni ham farqlamay qoʻydik. Ob-havo maʼlumotida havo salqinroq boʻlsa, “iliq” soʻzi ishlatiladi. Yozgi issiqlarga nisbatan “issiq” qoʻllanadi. Aslida issiqlik fizikaga oid tushuncha boʻlib, darajada aytilganda, unga izoh berish shart emas. “Issiq” bir daraja ham, million daraja ham boʻlishi mumkin. “Iliq” esa oʻta nisbiy tushuncha. Shimolda yashovchilar uchun iliq boʻlgan daraja janubdagilar uchun sovuq boʻladi va aksincha. Qatʼiy gap shuki, iliqlik hech qanday daraja bilan oʻlchanmaydi yo belgilanmaydi. Yana hammamiz ozmi-koʻpmi biladigan rus tiliga qiyos qilsak, ular « столько-то градусов прохлады» yo « пятьсот градусов жары» demaydi. Shunday ekan, fizika atamalariga toʻliq amal qilish kerak. Havo haroratiga qarab, darajaga iliq issiq deb baho berib boʻlmaydi. Rus tilidan misol keltiradigan boʻlsak, «…градусов тепла» tarzidagi jumla ishlatiladi, ular «… градусов жары», «… градусов прохлады» demaydi. Boshqa xalqlarda ham shunday.
Keyingi paytlarda “haqiqatdan”, “barchalarimiz” deyishga oʻrgandik. “Maʼnan”, “jismonan”, “tabiatan” deyilgani kabi “haqiqatan” demay qoʻydik. “Hammamiz” deganda koʻpchilikni, barchani tushunamiz, lekin «barchalarimiz», «barchalaringiz» deyishni madaniyat, odob belgisi deb qabul qilib oldik. Yaʼni, savodsizlik adabga aylanib borayapti. Boshqa misol kerakmi?! «Oʻqinilgan», “aytinilgan” degan soʻzlar kunda-kunora quloqqa chalinayapti. “Oʻqimoq”ning majhul nisbati “oʻqilmoq”, “aytmoq”niki «aytilmoq». «Oʻqinilmoq» degan feʼl yoʻq!
Albatta, bir maqolada bunday qusurlarning hammasini sanab oʻtishning iloji yoʻq (“ilojisi yoʻq” deyilmaydi). Soʻz yakunida bir gapni aytib oʻtamiz, xolos: chiroyli gapirish yo yozishga ishtiyoqmandlar koʻp. Afsuski, ularning aksariyatiga boshqalar “ustoz”, “domla” deb murojaat qiladi, aytganini mutlaq haq va toʻgʻri narsa deb biladi. Odamlar teleradio va gazeta-jurnallar, majlisu anjumanlardagi gaplarni etalon yo haqiqat sifatida qabul qilishga oʻrgangan. Shunday ekan, aytadigan yo yozadigan har bir narsamizga masʼuliyat bilan yondashishimiz zarur. Aks holda, bu shunchaki loqaydlik emas, balki oʻz ona tilimizga hurmatsizlik, kufroni neʼmat boʻladi.