Tinchlik, osoyishtalik, xavfsiz va barqaror muhit, ilm-maʼrifatning eng oliy neʼmat, bebaho boylik ekani yana bir karra namoyon boʻlmoqa.
Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiya islom dinining tinchlikparvar, maʼrifatga yoʻgʻrilgan gʻoyalari xususida mamlakatimiz va xorijiy olimlar, ekspertlar, ulamolarning oʻzaro fikr yuritishi uchun qulay muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur xalqaro konferensiya oldidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, taniqli olim Shovosil ZIYODOV fikrlari bilan qiziqdik.
– Shovosil aka, islom dinining ezgulik va tinchlikni ulugʻlovchi mohiyati xususida soʻzlab bersangiz.
– Islom dini oʻz mohiyatiga koʻra, haqiqat, tavhid, ezgulik, adolat, xayrixohlik va bagʻrikenglikka chaqiradi, –dedi Sh.Ziyodov. – Chin maʼnoda uning dunyoda yoyilishi insoniyatga adolat, xavfsizlik va osoyishtalikni inʼom qilib, uni jaholat, adolatsizlik, tartibsizlik va urushlar zulmatidan saqlaydi. Islom insoniyatni baxtli qilishga xizmat qiladi. Bu oliy maqsadni amalga oshirish uchun Islom targʻibot, tushuntirish, dalilni asoslash yoʻllariga tayanadi. Dinda hech qanday majburlash va boʻysundirish yoʻq. Islom dini insoniyatni tinchlikka, omonlikka, bagʻrikenglikka, doʻstlik va hamjihatlikka, bunyodkorlikka, ilm-maʼrifatga daʼvat etadi.
Ezgulik – bu dil ravshanligi va yurak pokizaligini namoyon etuvchi insoniy fazilat. U zulmatda ham inson qalbini yoritib turuvchi nurdir. Shuning uchun ham yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar oʻz asarlarida ezgulikka chorlovchi misralarni bayon etganlar va bunga umri davomida amal qilib yashaganlar. Bunday ulugʻ shaxslar siymosi barhayotdir.
Islom soʻzining maʼnolaridan biri tinchlikdir. Muqaddas dinimizda tinchlik inson qalbidan boshlanishi taʼkidlanadi. Qalbdagi bu tinchlik oilaga koʻchadi. Islom oila tinchligi uchun zarur boʻlgan barcha choralarni ishga soladi. Oiladagi tinchlik qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar orasiga koʻchadi. Soʻngra bu tinchlik jamiyatga oʻtadi. Davlat miqyosidagi tinch yashashga esa jamiyat tinch boʻlgandagina erishiladi.
Muqaddas dinimiz nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat va hatto barcha mavjudotga rahm-shafqatli va mehribon boʻlishga chaqiradi. Odamlarni ezgulikka chaqirishda faqat tinchlik va farovonlik muhiti boʻlgandagina muvaffaqiyatga erishiladi.
Binobarin, tinchlik shariat maqsadlari va manfaatlarining eng yuqori pogʻonasida turadi. Insoniyatning tinchlikka ehtiyoji suv va havoga boʻlgan muhtojligi kabidir. Shuning uchun Qurʼoni karimda tinchlikning hayotiy zarurligi haqida bir necha oyatlar kelgan. Tinchlik Alloh taoloning bandalariga neʼmati va marhamatidir.
–Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan maʼrifiy tashabbuslar, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiya haqida fikringizni bilmoqchi edik.
–Mamlakatimizda tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash va uni yanada mustahkamlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada muqaddas dinimiz koʻrsatmalariga amal qilish muhim ahamiyatga egadir.
Islom dini va uning tinchlikni targʻib qilishi haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koʻplab xalqaro minbarlarda oʻz fikrini bildirgan. Ushbu fikrdan kelib chiqib, BMT Xavfsizlik kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi.
Mazkur hujjatda terrorizm, zoʻravonlik, ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emasligi va u bilan bogʻliq holda talqin qilinmasligi lozimligi belgilab qoʻyildi.
Keyingi yillarda ham davlatimiz rahbari tomonidan bu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda asosan yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosi va uning islom dini rivojiga qoʻshgan hissasiga urgʻu berildi.
Xususan, Prezidentimiz 2023 yil sentyabr oyida BMTning 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deb oʻz fikrini bildirgan edi.
Bu bilan davlatimiz rahbari yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy merosi biz uchun naqadar moʻtabar ekanini taʼkidladi.
Shu bilan birga, ushbu sessiyada Prezidentimiz tomonidan yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yilda mamlakatimizda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbus jahon jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi.
Mazkur tashabbus doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustda “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda 2024 yil oktyabr oyida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida yurtimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi. Hozir ushbu nufuzli xalqaro konferensiyani yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha katta tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Bu borada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, shu kunga qadar, Markaz media guruhi tomonidan konferensiyaga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarning munosabatlari, fikrlarini muntazam yoritib borish choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq platformalarida konferensiya munosabati bilan maxsus rukn tashkil etildi.
Maʼlumki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bir yilda toʻrt marotaba “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy jurnalining nashr etilishi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy jurnallari roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, tadqiqotchilar orasida nufuzli hisoblanadi.
Shu sababdan, mazkur jurnalning 2024 yil 4-sonida “Islom – ezgulik va tinchlik dini” nomli rukn tashkil etildi va unda konferensiyaga kelib tushgan sara maqolalarning eʼlon qilinishi koʻzda tutildi.
Konferensiya Axborot xati asosida Markaz xodimlari tomonidan tayyorlangan maqolalarni yigʻish, saralash va tahrir qilish boʻyicha masʼul xodim tayinlandi. Amalga oshirilgan bunday ishlar konferensiyani yuqori saviyada oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, shu kunga qadar Markazda islom dinining asl mohiyatini ochib berishga xizmat qiluvchi kitoblar tarjimasi amalga oshirildi va bu ishlar davom ettirilmoqda. Yurtimiz hududidan yetishib chiqqan allomalarimiz qalamiga mansub bunday asarlarda ezgulik, tinchlik va osoyishtalikni targʻib qiluvchi koʻplab fikrlar oʻz aksini topgan.
Bunday asarlarning nashr qilinishi muqaddas dinimizning ezgulikka intilish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasidagi koʻrsatmalari haqida yanada koʻproq tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi.
Xulosa qilganda, islom dini odamlarni tinchlikni asrash va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga daʼvat qiladi.
Bu esa, jahonda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash va barqarorlikni yanada mustahkamlash kabi ezgu gʻoyalar asosi hisoblanadi. Zero, islom dinining faqat yaxshilikka buyurishi negizida ana shunday insonparvar gʻoyalar mujassamdir.