Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy tadqiqotlarda kutubxonalarning roli va yangi imkoniyatlar

Ilmiy tadqiqotlarda kutubxonalarning roli va yangi imkoniyatlar

11-oktyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari va IRCICA vakillari bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabining ustoz va talabalari, Turkiya va Germaniyadan tadqiqotchilar qatnashdi.


Seminarda IRCICA kutubxonasi va arxivi mudiri dr. Didar Bayir xonim “Ilmiy maʼlumotlarni boshqarish va ularning kutubxonachilar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi” mavzusida maʼruza qildi.

Olima zamonaviy tadqiqotlarda maʼlumotlarni toʻgʻri qayta ishlash va boshqarish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, kutubxonalar va axborot-rusurs markazlarining bu boradagi oʻrnini alohida qayd etdi. Uning fikricha, aynan axborot-resurs markazlari tadqiqot maʼlumotlarini saqlash, qayta ishlash va omma eʼtiboriga taqdim qilishda gʻoyat zarur vosita boʻlib xizmat qiladi. Ushbu jarayonda FAIR (Findable (oson topiladigan), Accessible (oson olinadigan), Interoperable (moslashuvchan), Reusable (qayta foydalanish mumkin boʻlgan) tamoyillariga rioya qilish muhimdir. Buning uchun har bir tadqiqot maʼlumoti toʻgʻri kataloglashtirilishi va saqlanishi lozim.


Kutubxonalar axborotni jamlash, tahlil qilish va umumiy foydalanuvchilar undan foydalanishini taʼminlash bilan bir qatorda, tadqiqotchilarga maʼlumotlar boshqaruvi rejalarini ishlab chiqishda ham koʻmaklashadi. Bugungi kunda dunyo boʻylab kutubxonalar va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida axborot almashuvi va hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda. IRCICA kabi markazlar xalqaro tadqiqotchilarni birlashtirish va ilm-fan sohasidagi yangi qirralarni ochib berishda muhim rol oʻynamoqda.

Seminarda taʼkidlanganidek, bugungi davr kutubxonalari ilmiy maʼlumotlarni toʻgʻri va zamonaviy uslublarda saqlashga, ulardan foydalanishni osonlashtirishga, tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi oʻziga xos infratuzilmaga aylanib bormoqda. Xususan, Turkiya va Yevropa mamlakatlaridagi qator kutubxonalar qoʻlyozma asarlar va ilmiy adabiyotlarni keng ommaga zamonaviy raqamlashtirish texnologiyalari orqali taqdim qilmoqda. Bunda kutubxonalarning raqamli arxivlari kengayib borayotgani muhim oʻrin tutyapti, albatta.

Didar xonim ilmiy maʼlumotlarni toʻgʻri boshqarish va saqlashning zamonaviy tamoyillariga toʻxtalar ekan, bu masala nafaqat akademik doiralar, balki keng jamoatchilik uchun ham katta ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom dini mohiyatan haqiqat, adolat, tinchlik va ezgulikka undaydi

Tinchlik, osoyishtalik, xavfsiz va barqaror muhit, ilm-maʼrifatning eng oliy neʼmat, bebaho boylik ekani yana bir …