Home / MAQOLA / IXTILOF FOYDALI NARSAMI?

IXTILOF FOYDALI NARSAMI?

Ixtilof lugʻatda “har xillik” degan maʼnoni anglatadi. Sharʼiy istilohda esa mujtahidlarning biror fiqhiy masalada har xil qarashlari tushuniladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuni nazarda tutib: “Olimlarning ixtilofi ummatim uchun rahmatdir”, deganlar.

 Islom olamida mazhab (barcha fiqhiy masalalarning yechimi jamlagan dastur)lar toʻrttadan oshmaydi. Ular hanafiy, shofeʼiy, molikiy va hanbaliy mazhablaridir. Mana shu toʻrtlik, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, musulmon ummati uchun rahmatdir. Chunki bu mazhablar asoschilari islomni har xil bidʼat-xurofotlardan himoya qilish va uning asl mohiyatini ummatga toʻgʻri yetkazib berishga katta hissa qoʻshgan.

Olimlarning ixtilofi ummat uchun rahmat ekaniga kelsak, bu oʻrinda rahmat “yengillik” maʼnosida tushuniladi. Yaʼni mujtahidlarning bir masalada har xil yondashishlari xalqqa yengillikni taqdim etadi. Masalan, Imom Shofeʼiy mazhabida erkak kishining tahorati ayol kishini oddiy ushlashi bilan buziladi. U xoh oʻzining ayoli boʻlsin, xoh begona ayol boʻlsin, farqi yoʻq. Imom Abu Hanifa mazhabida esa ayol kishini oddiy ushlash tahoratni buzmaydi. Mana shu ixtilof shofeʼiy mazhabidagilar uchun rahmat hisoblanadi. Chunki ular Baytni tavof qilayotganda ayollar bilan masofa saqlash imkoniyatiga ega boʻlmaydi. U izdihom boʻlgani uchun odamlar bir-biriga tegib ketishi tabiiy holat. Tahoratsiz qilingan tavof qabul boʻlmagani uchun shofeʼiylar hanafiy mazhabi boʻyicha tavofni amalga oshiradi. Aks holda ular hech qachon tavof amalini bajara olmaydi. Natijada haj ham qabul boʻlmaydi. Chunki tavof hajning farzlaridandir. Olimlar ana shunday ilojsiz holatlardagina boshqa mazhabga koʻra amal qilishga ruxsat bergan. Har kim oʻzi xohlaganicha, mazhabdan mazhabga koʻchib yurishiga aslo ruxsat yoʻq. Chunki bu ish mazhablarning qadru qimmatini yoʻqotish va bemazhablikni yoyishga xizmat qiladi. Bemazhablikning avj olishi esa avomlarning ixtilofiga sabab boʻladi. Avomlarning ixtilofi juda zararli boʻlib, u musulmonlar oʻrtasida koʻplab nizolarni keltirib chiqaradi. Masalan, bir kishi hanafiy mazhabi boʻyicha namoz oʻqiladigan masjidda oyogʻini u bilan bir safda turgan ikki yonidagi odamlarning oyogʻiga tirab, ularni behuzur qilishi natijasida nizo chiqishi muqarrar. Yoki “Amin”ni jahriy aytib, boshqalarning xayolini buzish ham oʻrtada nizo chiqarishi aniq. Aqlu farosatli kishi bunday noxush holatlarni keltirib chiqarishdan uzoq boʻlishi va har bir diyorda amal qilinayotgan mazhabga amal qilishi kerak.

 Imom Shofeʼiyning bu borada qilgan ishlari koʻp asrlardan buyon tillarda doston boʻlib kelayotgan ulugʻ xulqlardandir. U kishi Abu Hanifaning vafotidan ancha keyin Koʻfaga boradi va odamlarga imom boʻlib bomdod namozini oʻqiydi. Ammo u namozni Abu Hanifaning mazhabi boʻyicha ado etadi. Namozdan keyin odamlar: “Ey Imom! Oʻzingiz aytgan fatvoga amal qilmaganingiz boisi ne?” deb soʻraydi. Shunda Imom Shofeʼiy Abu Hanifani nazarda tutib: “Ustozimdan hayo qilib, odob saqladim”, deb javob beradi. Bu gapi bilan Imom Shofeʼiy Abu Hanifaning fatvolari toʻgʻri ekaniga ishora qilgan. Aks holda, xatoligi aniq boʻlgan ishni qilish mujtahidning shaʼniga aslo toʻgʻri kelmaydi.

Alloh taolo zararli ixtiloflardan qaytarib: “Allohning arqonini birgalikda tuting va firqalarga boʻlinmang!” (Oli Imron surasi, 103-oyat) degan Boshqa bir oyatda: “Alloh va Rasuliga itoat eting va nizolashmang, sustlashasiz va kuch-qudratingiz ketadi”, (Anfol surasi, 46-oyat) degan.

Alloh taolo mazkur oyatlarda boʻlinish va nizolashishdan qaytarmoqda. Bitta diyorda bir mazhab boʻyicha toat-ibodatlarini bajarib, nizolashmay yurgan moʻmin-musulmonlar Alloh taoloning amriga itoat qilib, qaytarganidan qaytgan sodiq insonlardir. Chunki bir diyorda yashaydiganlarning hammasi bitta mazhabda boʻlishi birdamlikdan boshqa narsa emas. Ana shu haqiqatlarni tushunib yetgan din dushmanlari mazhablarni yoʻqotish uchun har xil hiyla-nayranglarni oʻylab topish bilan mashgʻul. Ularning daʼvolaridan biri “Ixtilof tabiiy narsa. Uni man qilmaslik kerak. Aksincha, uni odamlarga toʻgʻri tushuntirib, unga yoʻl ochib berish kerak” degan safsatadir. Ming afsuski, ana shu safsatalarga uchayotganlar ham bor. Alloh kimni adashtirsa, uni hech kim hidoyat qila olmas ekan. Oʻsha safsatalarga uchayotganlarga aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlariga nazar soling! U zotning hayotliklarida sahobalar oʻzaro ixtilof qilar edimi? Agar ommaning oʻzaro ixtilofi foydali boʻlsa, nima uchun u zot bunga yoʻl ochib bermaganlar?

Xulosa shuki, mujtahid olimlarning ixtilofi foydali, oddiy odamlarning ixtilofi esa zararli va qaytarilgan ishdir. Abu Hanifa rahmatullohi alayh oʻgʻillariga nasihat qilib: “Usuli dinni yaxshi oʻrgan. Ammo bu ilmda birov bilan bahslashma! Chunki bizning davrimizda bu borada bahslashilsa, hamma boshiga qush qoʻngandek sokin oʻtirar edi. Hozir esa odamlar bir-birini mulzam qilishni xohlaydi. Kim shu niyatda bahslashsa, dindan chiqadi”, degan.

Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …