Tarix insoniyatning ilk davrlaridan bugungi kungacha davom etadigan uzoq jarayonni qamrab oladi. Mifologik davr rivoyatlarga asoslangan tarix bayoni bilan boshlanib, antik davrda tarixshunoslik shaklida davom etgan bu jarayon Ibn Xaldun (vaf. 1406) faoliyati natijasida ilmiy-falsafiy faoliyat sifatida o‘ziga xos intellektual sohaga aylandi. Ibn Xaldun tarix ilmi va falsafasiga oid fikrlarini, xususan, dunyo tarixiga oid qarashlarini “Kitobul ibar” deb nomlangan asarining “Kirish” qismiga kiritgan. Ibn Xaldunning bu asari tarixiy tafakkur nuqtayi nazariga asoslangan. U shu mazmunda o‘z davriga qadar mavjud bo‘lmagan usul (umron) ilmini kiritdi va uni konseptual va uslubiy jihatdan asoslab berdi. Olim tarix, inson, jamiyat va undagi jarayon va institutlarni falsafiy usul, ya’ni yaxlit yondashuv bilan tadqiq qildi. Tadqiqotchilar uni tarixning birinchi faylasufi, tafakkur tarixida ilk sotsiolog sifatida tan olgan.
Abdurahmon ibn Xaldun nafaqat musulmon olamida, balki butun insoniyat tarixida eng muhim va koʻzga koʻringan shaxslardan biridir. Ibn Xaldun haqida xorijda juda koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Tadqiqotchilar olimlar hayoti va faoliyati borasidagi ilmiy tadqiqotlarida uning “Muqaddima” va “At-Ta’rif” asarlariga tayanadi. “Muqaddima” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan olim Allen James Fromerz shunday deydi: “Mavjud tarjimayi hollargina Ibn Xaldunning hayoti va ijodi, uning bosib oʻtgan yoʻli haqida ma’lumot bera oladi” [1]. Ya’ni bundan anglashiladiki, u haqdagi tadqiqotlarni yanada koʻpaytirish kerak va ular barcha tillarda olib borilishi kerak. Chunki Ibn Xaldun ijodi juda boy va insoniyatga uning ijodini koʻproq yetkazib berish kerak.
Ibn Xaldun shuhrat qozongan davrda islom olamida juda mashhur insonlar yashab, ijod qilgan. Shamsiddin Isfahoniy (vaf. 1289), Shamsiddin Samarqandiy (vaf. 1310), Shamsiddin Buxoriy (amir Sulton) (vaf. 1430), ustozi buyuk mantiq olimi Qutbuddin Roziy, Taftazoniy (vaf. 1390), Sayyid Sharif Jurjoniy (vaf. 1413) o‘sha davrning yetakchi ilohiyotchilaridandir.
Shubhasiz, “At-Taʼrif” zamonaviy islomgacha boʻlgan adabiyotdagi eng batafsil avtobiografiyalardan biri boʻlib, Fromerz taʼkidlaganidek, Ibn Xaldun haqida bebaho maʼlumot beradi. Bu tadqiqotlar uchun asosiy manba hisoblanadi. Biroq olimlar faqat shu asar bilangina cheklanib qolmasligi kerak. Xaldun bilan bir davrda yashagan olimlar asarlarini tadqiq qilish orqali uning hayoti haqidagi ma’lumotlarni yanada boyitish zarur.
Ibn Xaldun Tunisda Abu Abdulloh ibn Ibrohim al-Abili (1282-1356) qoʻlida 3 yil falsafa ilmini oʻrgangan [2]. Al-Abili uning oʻsishi va yuksak tarbiya egasi boʻlishiga katta hissa qoʻshgan. Ibn Xaldun bir qator nufuzli ustozlar qo‘lida Qur’onni o‘rgangan va yod olgan. Shu bilan birga, u hadislar, she’rlar yod olishni xush koʻrgan. Shuningdek, u X asrda yashab oʻtgan arab yozuvchisi Abul Faraj Isfahoniyning katta hajmli “Kitob al-ag‘oniy” asarini toʻla yod olgani haqidagi ma’lumotlar manbalarda qayd etilgan.
Yana bir ustozi Ibn Abdulloh al-Jayyoniy olimga imom Molikning fiqh ilmiga oid “Kitob al-Muvatto” kitobidan ta’lim bergan. Tunisning mashhur qozisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdus-Salom esa yosh Ibn Xaldun bilan qiziqib qoladi va shaxsan unga qonunlarni Molikiylik mazhabida qanday qoʻllash kerak ekanini koʻrsatib beradi.
Uning juda koʻp ustoz va yaqinlari, xususan, ota-onasi ham vabodan vafot etadi. Bunday katta yoʻqotish, albatta, Ibn Xaldunning qattiq tushkunlikka tushishiga sabab boʻldi. Lekin koʻp oʻtmay u oʻzini qoʻlga olib, ilmga shoʻng‘ish orqali g‘am-tashvishni yengishga harakat qildi. U boshqa ustozlardan ta’lim olishni toʻxtatmadi. Uning eng yaqin doʻsti va ustozi, Granada vaziri lavozimida ishlagan tarixchi Ibn Al-Xatib va andalusiyalik soʻfiy ustozi Mahdi Iso az-Zayyatdan turli ilmlar, ayniqsa, tasavvuf ilmidan saboq oldi. Ibn Xaldun olgan eng muhim saboqlaridan biri ilm va uning chegarasi edi [3]. Bu uning oʻzi yozgan asarlarida ham namoyon boʻlgan.
Ibn Xaldun hayoti va uning asarlarini oʻrganish xorijiy davlatlarda ancha oldin boshlangan. Amerikalik olim Volter J.Fischel Ibn Xaldun hayoti va ijodiga qiziqa boshlagan. U dastlab 1952-yilda Ibn Xaldun va Amir Temurning 1401-yilda Damashq shahridagi uchrashuvi haqida “Ibn Khaldun and Tamerlane: their historic meeting in Damascus, 1401 AD” (“Ibn Xaldun va Amir Temur”) nomli kitob yozgan [4]. U bu kitobni Ibn Xaldunning “At-Ta’rif” asari asosida yozadi. Shuningdek, 1967-yilda “Ibn Khaldun in Egypt” (“Ibn Xaldun Misrda”) nomli asar yozgan. Bu kitob islom tarixi, olimning jamiyatdagi oʻrni va tarixiy izlanishlari haqida batafsil hikoya qiladi [5].
Yana bir olim Shmidt Nataniel 1930-yilda Ibn Xaldun hayoti va ijodi haqida “Ibn Khaldun: historian, sociologist and philosopher” nomli kitob yozgan. Ushbu asar 1967-yilda Nyu-Yorkda qayta nashr etilgan [6]. Mazkur kitobda Ibn Xaldunning tarixchi, faylasuf va sotsiolog sifatidagi qirralari ochib berilgan.
Ibn Xaldun hayoti va uning asarlarini oʻrganish xorijiy davlatlarda ancha oldin boshlangan va asosan uning “Muqaddima” kitobi turli tillarga tarjima qilinib, koʻplab tadqiqot olib borilgan. Dastlab, professor Frans Rozental Xaldunning “Muqaddima” asarinining 3 jildlik izohli tarjimasini chop etishga muvaffaq boʻlgan [7].
Turk olimi Umut Hassan ham “Ibn Xaldun uslubi va siyosiy nazariyasi” asarida olimning davlat va jamiyat haqidagi gʻoyalarini yoritgan. U o‘z tadqiqotida professor Frans Rozentalning asarlaridan foydalangan va shu asosida bir nechta xulosalar bergan. Shuningdek, Ibn Xaldunning “Muqaddima” kitobida yuzaga keladigan yondashuv va muammolarni o‘rganib, olimning o‘ziga xosligini himoya qiluvchi Rozental fikrlarini o‘z asari muqaddimasida yetkazadi: “F.Rozental Ibn Xaldunni asl tadqiqotchi sifatida ko‘radi. Olimning ijtimoiy hodisalarga realistik qarashi empirik va kuzatish usullari orqali amalga oshirilgan. F.Rozental Ibn Xaldun oʻz taʼlimotida islom ilmlari bilan birga dunyoviy fanlarni ham o‘rganib, davlat boshqaruvining umumiy tamoyillarini ochib beradigan darajaga yetganini va aslida islom tamoyillarini oʻz nazariyasining umumiy doirasiga joylashtirganini taʼkidlaydi. Empirik yondashuv va mushohadalarga asoslanib, “Muqaddima”ni “sivilizatsiya yig‘indisi” deb ta’riflaydi. Bunday fikrga ega bo‘lganiga qaramay, Ibn Xaldunning an’anaviy ta’lim olgani uning voqealarga real yondashishiga to‘sqinlik qilmadi” [8].
Ibn Xaldunning aqliy bilimlari haqidagi yana bir fikr Muhsin Mahdiyga tegishlidir. U Ibn Xaldunning tarix falsafasiga toʻxtalib, “Ibn Xaldun yondashuvining individual maqsadi va falsafiy ildizlarini aniqlash” deb nomlangan asari muqaddimasida olimning Ibn Rushd ta’sirida mutafakkir bo‘lganini bayon qiladi. Ibn Xaldun shariatni ham, falsafani ham xavf ostida ko‘rganini va ikkalasini ham qutqarishni maqsad qilganini bildirgan. Mahdiy fikriga ko‘ra, Ibn Xaldun tarixning jamiyat va siyosat bilan aloqasini sezgan va falsafa tamoyillariga asoslangan ijtimoiy fanlar bu masalaga e’tibor qaratishi zarurligini bildirgan. Mahdiyning fikricha, Ibn Xaldun yunon falsafasi izdoshidir [9].
Yana bir marokashlik olim Muhammad Obid al-Jabriy Ibn Xaldun asarlarini va aynan “Muqaddima” kitobini boshqa muqaddimalardan ajratib, bu farqni quyidagicha izohlaydi: “… Boshqalar, odatda, mavjud fan istiqbolini mustahkamlash uchun yozilgan. Ibn Xaldunning “Muqaddima”si yangi ilm-fanni yaratish uchun yozilgan” [10]. Chunki Jabriyning “Yangi ilm yaratish uchun yozilgan” degan so‘zlari Ibn Xaldunning Ibn Rushd orqali aristotelchi mutafakkir bo‘lganini anglatmaydi. Aksincha, Jabriyning bu so‘zlaridan faqat Ibn Xaldun asl mutafakkir degan xulosaga kelish mumkin.
2002-yilda Dortmut kollejida Ibn Xaldun haqida bakalavr dissertatsiyasini yozgan olim Allen James Fromherz 2010-yilda Xaldun hayoti va ijodi haqida “Ibn Khaldun, life and times” asarini yozadi [11]. Bu asarda muallif Xaldun hayoti xronologiyasini tuzib chiqqan.
Yana bir muhim manba “The Maghrib in the Mashriq” toʻplamiga kiritilgan Takao Itoning “Writing the biography of Ibn Khaldun” nomli maqolasi boʻlib, unda muallif Ibn Xaldun hayotini oʻrganishda olim asarlaridan foydalanadi. Shu bilan birga, oʻz davrigacha yaratilgan tarjimayi hol va u bilan zamondosh boʻlgan Ibn Xatib asarlaridan foydalangan holda olimning avtobiografiyasini yozishga harakat qilgan [12].
Lourensning “Ibn Khaldun and islamic ideology” nomli asarida ham Oʻrta Sharq va islom ilmlari, sotsiologiya va antropologiya, ijtimoiy ilmlar, din va jamiyat borasidagi fikr-mulohazalar bildirilib, olimning oʻz davri ilm-faniga ta’siri haqida atroflicha ma’lumot berilgan [13].
Xaldun ijodini oʻrgangan yana bir olim Vaseem el-Rayes “The book of allusions: a new translation of the title to Ibn Khaldun’s Kitab al-Ibar” [14] nomli maqolasida Ibn Xaldunning yozish uslubi va ta’limoti mazmunini ochib berishga harakat qilgan. Maqola “Kitob al-Ibar”ning umumiy tuzilishi va asosiy mazmuni haqida ma’lumot berishdan boshlanadi. Soʻngra ularning sarlavhada qanday mahorat bilan tasvirlanganini koʻrsatib beradi. Olim bu haqda bahs yuritar ekan, yozuv uslubiga e’tibor berish Ibn Xaldun ta’limotining teranligini ochib berish uchun zarur bo‘lgan muhim vositasidir degan fikrni bildiradi. Ushbu yangi tarjima va tahlil shuni koʻrsatadiki, “Kitob al-Ibar” tarixga nisbatan teran nigoh bilan qarashga intilgan. Shu bilan birga, Ibn Xaldun oʻzigacha yozilgan siyosat tarixiga oid asarlarga tanqidiy ko‘z bilan qarab, bildirilgan fikrlarga qarshi chiqishga harakat qilgan. U o‘z asarida har bir so‘zini dalillar asosida ifodalashga intilgan.
Yurtimizdagi olimlar koʻproq Xaldunni sotsiolog sifatida tadqiq qilgan. Sababi, uning “Muqaddima” asarida ijtimoiy hayot, insonning shaxs boʻlib yetishish kamoloti va axloqiy masalalar juda keng yoritilgan. Ushbu asar juda koʻp tillarga tarjima qilingan. Shu kunga qadar oʻzbek tilida Ibn Xaldun haqida nisbatan kam sonli tadqiqot ishlari olib borilgan. Ulardan biri Jasur Sulaymonov bo‘lib, u “Ibn Xaldun ijtimoiy-falsafiy konsepsiyasi axloqiy-aksiologik asoslarning germenevtik tadqiqi” mavzusidagi dissertatsiyani yoqlagan. Tadqiqot “Muqaddima” asari asosida yozilgan. Ibn Xaldun jamiyat haqida fundamental fikrlarini davom ettiradi. Mutafakkir fikricha, taassub jamiyat hayotining asosi, ya’ni poydevoridir. “Taassub”, “asabiyya” atamalari arab tilidan kelib chiqqan. “Taassub” so‘zi, “taassaba” fe’lining masdar shaklidan bo‘lib, tarjimasi “vatan, millatga bo‘lgan otashin muhabbat, fanatizm” demakdir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Abdurahmon ibn Xaldun asarlari, uning tarjimayi holi ko‘plab xorijiy izlanuvchilarning asosiy tadqiqot obyekti va predmeti bo‘lib kelgan. Lekin yurtimizda olim ilmiy merosi nisbatan kam tadqiq qilingan. Ayniqsa, uning “Tarixi ibn Xaldun” asarini keng tadqiq qilinishi lozim. Sababi, bu asarda nafaqat islom tarixi, balki butun insoniyat tarixi yoritilgan.
-
Allen James Fromherz. Ibn Khaldun, life and times. – Edinburgh: Edinburgh University Press Ltd, 2010. – P.39.
-
Nassif Nassar. Le Maitre d’Ibn Khaldun: Al-Abili. – Paris: Stadia Islamica journal, Brill, 1964. N.20. – P.103-114.
-
Ibn Xaldun. At-Tarif Ibn Xaldun. – Livan: Dorul-kitab, 1979. – B.20
-
Volter J.Fischel. Ibn Khaldun and Tamerlane: their historic meeting in Damascus, 1401 AD. – California: University of California Press Berkeley and Los Angeles, 1967. – P.151.
-
Volter J.Fischel. Ibn Khaldun in Egypt. – California: University of California Press Berkeley and Los Angeles, 1967. – P.324.
-
Schmidt Nathaniel. Ibn Khaldun: historian, sociologist and philodopher. – New York: AMS Press, 1967. – P.67.
-
Frans Rozental. The Muqaddimah. – New Jersey: Princeton University Press, 1958. – P.681.
-
Umit Hassan. Ibn Haldun metodu ve Siyaset Teorisi. – Istanbul: Dogu Bati Yatinlari, 2010. – B.234.
-
Muhsin Mahdi. Ibn Khaldun’s philosophy of history. – Chicago: University of Chicago Press, 1971. – P.325.
-
Muhammed Abid al- Jabri. Felsefî Mirasımız ve Biz. – Istanbul, 2000. – S.308.
-
Allen James Fromherz. Ibn Khaldun, life and times. – Edinburgh: Edinburgh University Press Ltd, 2010. – P.191.
-
Takao Ito. Writing the biography of Ibn Khaldun. – Berlin: “The Maghrib in the Mashriq” Knowledge, travel and identify. Volume 40, CPI books GmbH, Leck, 2021. – P.513-535.
-
Lavrence. Ibn Khaldun and Islamic ideology. – Brill, 1984. –P. 136.
-
Vaseem el-Rayes. The book of allusions: a new translation of the title to ibn Khaldun’s Kitab al-Ibar // Religious studies and theology journal, Equinox Publishing Ltd. – Sheffield (England), 2013. – P.163-184.