Home / MAQOLALAR / MASʼUD SAMARQANDIY QALAMIGA MANSUB “SALOTI MASʼUDIY” ASARINING TARKIBIY TAHLILI

MASʼUD SAMARQANDIY QALAMIGA MANSUB “SALOTI MASʼUDIY” ASARINING TARKIBIY TAHLILI

Moʻgʻullar bosqini yurtning siyosiy-ijtimoiy holati bilan bir qatorda ilmiy-maʼnaviy muhitiga ham taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. XIII-XIV asrlarga kelib arab tiliga eʼtibor susayib, fors tilidagi adabiyotlarga ehtiyoj kuchaydi. Xususan, Samarqandda faoliyat yuritgan Masʼud Samarqandiy kabi ayrim faqihlar oʻz asarlarini fors tilida yozishdi.

Olmoniyalik isteʼdodli olima Anke fon Kyugelgen “Saloti Masʼudiy”ni xurosonlik mashhur olim Saʼduddin Masʼud Taftazoniy (722|1322-792|1390-y.) taʼlif etgan asar boʻlsa kerak, deb taxmin qilgan [2:293]: “Мне не удалось найти подтверждения наличия этой рукописи. Вероятно, речь идет об отрывке из произведения, автором которого является учёный Сададдин Масуд ат-Тафтазаний (ум. В 1390 г.), пользуюшийся большим уважением в Средней Азии”. Nemis tili boʻyicha mutaxassis Gʻanijon Mahmudovning taʼkidlashicha, ushbu lavhadagi ilk jumla « Diese Schrift konnte ich nicht nachweisen» – “Men bu qoʻlyozmani isbotlay olmadim” deb tarjima qilinsa, maqsadga muvofiq boʻladi. [1:325]

Oʻrta Osiyo xalqlari sevib mutolaa qilgan “Saloti Masʼudiy” esa aslida samarqandlik faqih Masʼud ibn Mahmud ibn Yusuf as-Samarqandiy (XIV asr) qalamiga mansub asardir” [6:294-297]. Uning asari hanafiy mazhabi boʻyicha fiqhning asosiy tarmoqlari va ularga bogʻliq masalalarni yoritib bergani uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur asar XIV asrdan buyon xalqimiz qadrlab kelayotgan qimmatli va moʻtabar asarlardan biridir. U dastlab 83 bobdan iborat [4] boʻlgan, keyinroq  fiqhiy maʼlumotlar bilan toʻldirilib, 3 ta boʻlim-jildga ajratilgan[7].

Asarning milodiy 1333-yil Samarqandda koʻchirilgan nusxasi bizgacha mukammal holatga yetib kelmagan, yaʼni muqaddimasi yoʻq, matn uchinchi bobning oʻrtasidan  boshlangan[4]. Demak, ayni paytda OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan inv. №4041 raqamli ushbu qoʻlyozma nusxaning tarkibiy tahlili, boblarga koʻra tasnifini mukammal tarzda amalga oshirish imkonsiz boʻlganligi uchun asarning qadimiylik nuqtayi nazaridan ikkinchi oʻrinda turgan, hijriy 1061 (milodiy 1650-51) yil Samarqandda koʻchirilgan, hozirda OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan inv. №2639 raqamli toʻliq qoʻlyozma nusxasi tayanch manba sifatida  tanlandi. 

“Saloti Masʼudiy” asarining 1-2-jildlari namoz va unga oid masalalarga bagʻishlangan. 3-jildi esa islom huquqining boshqa koʻplab mavzu va masalalaridan tarkib topgan boʻlib, ular alohida, bittadan kitobga sarlavha qilib olingan. Har bir fiqhiy mavzu ham oʻz navbatida bob va fasllarga boʻlingan holda yoritib berilgan. Shunday qilib, “Saloti Masʼudiy” asarida fiqh ilmining jami 30 ta mavzusi qamrab olingan.

Qoʻlyozmalarni koʻzdan kechirish natijasida shu narsa maʼlum boʻldiki, birinchi va ikkinchi jildlar boblardan tashkil topgan, uchinchi jild esa boblarga boʻlinmasdan, asosan kitoblardan iborat. Dastlab birinchi jild 18 bobdan, ikkinchi jild 25 bobdan tashkil topgan[7] boʻlsa, keyinchalik boblar soni oʻzgarib turgan[9]. Birinchi va ikkinchi jild boblari sonining koʻpayishi qadimiy nusxalarning baʼzi bir qismlarining batafsil sharhlanganligi hamda keyingi davr nusxa va nashrlarining fasllariga ham bob sifatida raqam qoʻyilganligi sababidandir.

Muallif fiqhiy masalalarni yechishda avval oʻz davri anʼanasiga koʻra ibodat, keyin muomalot qismlariga tegishli masalalarni bayon etadi.

Asardagi mavjud masalalarni quyidagicha taqsimlash mumkin:

  1. Ibodat masalalari;
  2. Muomalot masalalari.

Birinchi qismdagi masalalar asosan toat-ibodat mavzulari, yaʼni Alloh bilan banda oʻrtasidagi muno­sabatlarni aks ettiradi. “Saloti Masʼudiy” kitobi boshqa anʼanaviy fiqh kitoblaridan farqli oʻlaroq, tahorat bobidan emas, namoz bobidan boshlangan. Bu qismga asardagi5  ta mavzu tanlab olindi.

  1. Ibodat qismi:
  2. Islom dinining asosiy ruknlariga oid ibodat masalalari:

Namoz kitobi – كتاب الصلاة

Poklanish kitobi – كتاب الطهارة

Zakot kitobi – كتاب الزكاة

Roʻza kitobi –  كتاب الصوم

Haj kitobi – كتاب الحج

Ikkinchi qismda esa banda bilan banda, yaʼni insonlar oʻrtasidagi muomalot munosabatlari sharʼiy hukmlar asosida bayon etiladi. Bu qism 3 xil masala va 18 ta mavzuga ajratilgan.

  1. Muomalot qismi:
  2. Maishiy masalalar:

Nikoh kitobi – كتاب النكاح

Emizish kitobi – كتاب الرضاع

Taloq kitobi – كتاب الطلاق

Ozod qilmoq kitobi – كتاب العتاق

Qasamlar kitobi – كتاب الأيمان

  1. Iqtisodiy va moliyaviy masalalar:

Savdo va ribo kitobi – كتاب البيوع و الربوا

Garov kitobi – كتاب الرهن

Tasarruf qilishdan man qilish كتاب الحجر –

Tekinga olish kitobiكتاب العارية –

Omonat kitobi  كتاب الوديعة –

Ijara kitobi – كتاب الإجارات

Qurbonliklar kitobi – كتاب ا لأضحية

Sheriklik va muzoraba kitobi كتاب الشركة و المضاربة –

  1. Huquqiy masalalar:

Jazolar kitobiكتاب الهدود –

Oʻgʻirlik kitobi – كتاب السرقة

(Majburlab) tortib olish kitobi –كتاب الغصب

Guvohlik kitobi – كتاب الشهادة

Kafil boʻlish va havola qilish – كناب الكفالة و الحوالة

Asardagi katta mavzular nafaqat kitob sifatida, balki bob va fasllarga ham boʻlingan holda, batafsilyoritib berilgan. Shuning uchun katta hajmga ega. Ahamiyatlisi shundaki, 3 ta jildning 2 jildi – ibodat qismining namoz hamda tahorat masalalarini qamrab oladi. Uchinchi jilddan boshlab ibodat qismining qolgan masalalari – zakot, roʻza, haj, qurbonlik mavzulari bilan davom ettirilib, soʻng muomalot qismining maishiy, iqtisodiy-moliyaviy va huquqiy masalalari batafsil yoritib beriladi.

Ibodat masalalari asarning 3/2 qismini, asar hajmining 67%ini  tashkil etadi [8]. Bu esa Movarounnahrda moʻgʻullar istibdodi davrida ibodat masalalariga, ayniqsa, namozga qanchalik eʼtibor berilganini koʻrsatadi. Kitobning “Saloti Masʼudiy” deb nomlanishiga sabab “Namozdan ibtido qilib, bul kitob saloti Masʼudiygʻa shuruʼ qilindi” [5:12]. Asarda nafaqat hanafiylik fiqhiga, balki moturidiylik taʼlimotiga ham ahamiyat berilgan. Zero, Masʼud Samarqandiyning ijodiy faoliyati aynan moʻgʻullar istilosidan keyingi davrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda moʻtaziliy, qadariy, jabariy, qarmatiy kabi turli oqim vakillarining taʼsiri kuchaygan edi.

Anʼanaga koʻra, asar [7:2] “Bismillahir Rahmonir rohim” soʻzidan keyin hamd, tahmid – Allohga hamdu sano bilan boshlangan. Soʻngra naʼt – Muhammad Paygʻambarning taʼrifi,  maqtovi bitilgan. Yana ahli oilasiga va barcha sahobalarning madhi oʻrin olgan. Mana shundan soʻng asarning asosiy mazmuni bayon etilgan.

Birinchi jildning boshi tavhid mavzusidan boshlangan. Unda ahli sunna val jamoaning aqida asoslari berilgan[7:1-5]. Muallif risolada tavhid – Allohning yagonaligi, Alloh taoloning zoti va sifatlari, farishtalar, ilohiy kitoblar va paygʻambarlarga nisbatan qanday munosabatda boʻlish qoidalari, Qurʼonning maxluq yoki maxluq emasligi masalasi, oxirat toʻgʻrisidagi islomiy taʼlimot gʻoyalari, jumladan qabrda savol-javob, qayta tirilish, amallarning tortilishi, nomai aʼmolning oʻqilishi, Rasululloh (s.a.v.)ning shafoatlari, koʻprik, havzi Kavsar, Allohning diydorini koʻrish, jannat, doʻzax, Asharai mubashshara – jannatiy deb bashorat berilgan oʻnta sahoba, paygʻambar vafotidan keyingi haq xalifalar zikri, ixtiyor, taqdir, Allohning irodasi masalasi; imon, islom va ehsonning taʼrifi; moʻmin, muslim  va muhsinning alomatlari, xullas, har bir moʻmin-musulmon uchun  muhim boʻlgan diniy maʼlumotlarni talqin etadi.

Undan keyin 1-bob “Namoz muqaddimalari” deb atalib, fasllarga boʻlingan holda, asosan quyidagi mavzularni oʻz ichiga olgan: namoz, Hazrat Imomi Aʼzam manoqiblari, tahorat, gʻusl va hokazo. Uning ilk “Namoz muqaddimasi”dan keyingi 3 ta fasli Imom Abu Hanifaning hayoti, ilmiy faoliyati va axloqiy fazilatlariga bagʻishlangan, mazhabni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshgan olimning shogirdlari faoliyati bayon qilingan. Muallif Imom Abu Hanifaning hayot yoʻli va faoliyatini mukammal qilib yoritishga harakat qilgan.

Keyingi boblarda namozning vojiblari, sunnatlari, odoblari haqida gap boradi. Shundan keyin tahorat va poklanish mavzulari bob va fasllarga boʻlingan holda yoritib beriladi. Ular: tahorat; tahoratning sunnatlari; misvok qilish; istinjoning odoblari va tahoratda oʻqiydigan duolar; hayz va nifosdan gʻusl qilish; hammomga kirish odoblari; tahoratga shubha qilish; tahoratning buzilishi; xanda, qahqaha; uxlash hukmlari va uning odoblari; qusish; roʻzadorlarning qusishi; sohibi jurhi soil, yaʼni jarohatidan fasod oqib turadiganning hukmi; hayz va uning hukmlari; nifos va uning hukmlari; najosatdan pok boʻlish; suvlarning turlari; terini oshlash; quduqlar va ularning hukmlari masalalari bilan 1-jild tugaydi.

Ikkinchi jildda ibodat qismining masʼh, tayammum, joyni pok tutish, makruh makonlar, satri avrat, kiyimni pok tutish, namoz vaqtlarini bilish, qibla, niyat, qiroat, sajda va rukuʼ qilish, qaʼda, vitr namozi, azon, jamoat fazilati, imomlik, sajdai sahv, nafl namozlari, sajdai tilovat, musofirlar namozi, juma namozi, taroveh namozi, ikki hayit namozlari, ayollarga imomlik qilish, bemor odamning namozi, murdalarni yuvish, kafanlash, janoza namozini oʻqish, sajda kabi masalalar batafsil yoritib berilgan.

Uchinchi jildda huquqiy jihatdan katta ahamiyatga ega boʻlgan juzʼiyotlar: amaliy ibodatlar – zakot, roʻza, haj mavzularidan soʻng muomalot qismining maishiy, iqtisodiy-moliyaviy va huquqiy masalalari beriladi. U asar hajmining uchdan bir qismini, yaʼni 33 % ini tashkil etadi.

Dastlab, amaliy ibodatlarga tegishli mavzular quyidagi bob va fasllarga boʻlib yoritilgan: tuyadan, qoramoldan, qoʻydan zakot berish; kimlarga zakot berish afzal; otga zakot vojibligi; roʻzadorning turlari; roʻzani buzadigan narsalar; nafl roʻza; nazr roʻzasi; zihor kafforati.

2-jildning davomida muomalot qismining maishiy masalalariga tegishli oila huquqi – nikoh, razoʼ, taloq, idda mavzulariga eʼtibor beriladi.Ular ham bob va fasllarga boʻlib, yoritib beriladi. Jumladan, nikoh lafzlari; valiylar; fosid nikohlar; nikohda shubha; emizish; taloqning turlari; fosid nikoh iddasi kabi bob va fasllarga boʻlingan. Bu masalalar asar hajmining 12,6 % ini qamrab oladi.

“Aytish mumkinki, X asrlarda asosiy eʼtibor iqtisodiy-moliyaviy, tijoriy masalalarga qaratilgan,  XI-XII asrlarga kelib tijoriy masala hali ham eʼtiborda boʻlgan, lekin maishiy masalalar birinchi oʻringa koʻtarilgan” [3]. “Saloti Masʼudiy”da ham shu tartibda berilgan. Bunga sabab oʻsha davrda turli maishiy muammolarning yuzaga chiqa boshlagani va ularning oldini olishga katta eʼtibor berilgani, deb xulosa qilish mumkin.

Asarda maishiy masalalardan soʻng iqtisodiy-moliyaviy masalalar – oldi-sotdi, ribo, garov, tasarruf qilishdan man qilish, tekinga olish, omonat, ijara, vaqf, qurbonlik, sheriklik va muzoraba kabi masalalar batafsil yoritilgan.U asar hajmining 13,6 % ini qamrab oladi.

Huquqiy masalalar asar umumiy hajmining 6,8 % ini tashkil etadi. Unda hudud jazolari – Alloh tomonidan belgilangan jazolar, jinoyat turlari, oʻgʻirlik, sud, daʼvo, guvohlik, qasos, sulh, jihod, vasiyat, meros va boshqa koʻplab fiqhiy mavzu hamda masalalarni oʻz ichiga olgan.

Xulosa qilib aytganda, Masʼud Samarqandiy oʻz asarida fiqh ilmining oʻsha davrgacha boʻlgan holatlarini umumlashtirgan holda yoritib beradi. Oʻsha davrda arab tilidagi fiqhiy asarlarni yaxshi tushunmagan mahalliy aholiga masalalarni fors tilida taʼbir qilib, fiqhning mohiyati, mavzu va masalalarini turli faqihlarning asarlarini tahlil qilgan holda izchil ochib beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Анке фон Кюгельген. Легитимация среднеазиатской династии мангитов в произведениях их историков (XVIII-XIX вв.) Алматы: Дайк-пресс, 2004. – C.325.
  2. Jabborov N. Imom Buxoriy Respublika ilmiy-maʼrifiy markazi. “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy jurnali. 2004.-№ 4. – B. 293.
  3. Kamilov M.B. Movarounnahr fiqh ilmi rivojida Alouddin as-Samarqandiyning oʻrni va “Tuhfat al-fuqaho” asarining ahamiyati”. Tarix. fan. nom… dissertatsiya. – T., 2000. – B.116.
  4. Masʼud as-Samarqandiy. Saloti Masʼudiy. OʻzR FASHI № 4041. 1333-y. Samarqand shahrida kotib Nosir ibn Muhammad ibn Umar al-Kirmoniy al-Gʻaznaviy tomonidan suls xatida koʻchirilgan. 244 v. Qoʻlyozma jildlarga boʻlinmagan.
  5. Masʼud Samarqandiy. Saloti Masʼudiyi turkiy. OʻzR FASHI. № 10401. 1910. – B.12.
  6. Собрание восточных рукописей Академии Наук Узбекской ССР. – Т.: Фан, Узбекской ССР, 1987. 11-том.– С.294-297.
  7. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. № 2639. Hijriy 1061 (m. 1650-1651) yil koʻchirilgan.
  8. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi. R: 8338. Asarning umumiy hajmi 524 bet.
  9. OʻzRFASHI qoʻlyozmalar fondi inv. № 8784-birinchi jild 45 bobdan, ikkinchi jild 25 bobdan tashkil topgan boʻlib, hijriy 1254 (m. 1838) yil koʻchirilgan. № 8793 – birinchi jild 49 bobdan, ikkinchi jild 46 bobdan tashkil topgan boʻlib, hijriy 1264 (m. 1847-1848) yil koʻchirilgan. № 11035 – birinchi jild 47 bobdan, ikkinchi jild 26 bobdan tashkil topgan boʻlib, hijriy 1334 (m. 1915-1916) yil koʻchirilgan. № 1713-birinchi jild 54 bobdan, ikkinchi jild 47 bobdan tashkil topgan boʻlib, hijriy 1351 (m. 1932) yil koʻchirilgan.

 

Xulkar USMANOVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …