Home / MAQOLALAR / XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA KASPIYORTI VILOYATIDAGI AFG‘ON MUHOJIRLARI TARIXI

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA KASPIYORTI VILOYATIDAGI AFG‘ON MUHOJIRLARI TARIXI

Tarixiy tadqiqotlarda davrlashtirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni tadqiqot jarayonini osonlashtirib, muammo yuzasidan aniq xulosalar olish jarayoniga ko‘maklashadi. Shu bois, o‘rganilayotgan masala yuzasidan aniq davrlashtirish jarayonini ishlab chiqish talab etiladi. Davrlashtirish masalasida formatsion shakl, sinfiylik tamoyili, mafkuraviy yondashish ilmiylikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bugungi kunda evolyutsion-tadrijiylik davrlashtirish jarayonida eng muhim masala hisoblanadi. Davrlashtirish masalasiga evolyutsion jihatdan yondashish voqealar ketma-ketligini hamda izchillikni ta’minlab beradi. Turkiston general-gubernatorligida istiqomat qilgan afg‘on fuqarolarining faoliyatini davrlashtirish tarixiy tadqiqotlarda o‘z ifodasini topmagan. Ularning Turkistonga kirib kelishi, sabablari har bir davrda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Rossiya imperiyasining faol istilochilik siyosati oqibatida Turkiston zamini harbiy ustunlik natijasida egallangach, general-gubernatorlik vositasida faol tashqi siyosat yuritildi. Mazkur jarayonda o‘lka xalqlarining qo‘shni davlatlar, birinchi navbatda, Afg‘oniston bilan mavjud tarixiy aloqalaridan ustunlik bilan foydalanildi. Mazkur jarayonlarga oid ma’lumotlar O‘zbekiston Milliy Arxivida saqlanib qolgan bo‘lib, uni o‘rganish, tahlil qilish va keng jamoatchilikka yetkazib berish tarix fanidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shuningdek, tadqiqotga tegishli mahalliy va xorijiy manbalarni ham tahlil qilish yangi tariximizni yaratishda asqatadi. Tadqiqot jarayonida qiyosiy tahlil, statistik tahlil va tizimlashtirish metodlaridan foydalanildi.

Kaspiyorti viloyati joylashuv o‘rniga ko‘ra strategik ahamiyat kasb etib, Rossiya imperiyasi tashqi siyosatida asosiy rol o‘ynagan. Shu boisdan, viloyat huquqiy maqomi va uning taqdiri ancha vaqtgacha o‘z yechimini topmagan. Misol uchun, viloyat tashkil etilgan vaqtda Kavkaz noibligi tarkibida bo‘lib, Tiflisdan turib boshqarilgan. Shundan so‘ng, Kaspiyorti viloyatining muhim strategik jihatlari hisobga olinib, 1890-1899- yillar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya imperiyasi harbiy vazirligining Osiyo bosh shtabi tarkibiga kiritilgan. 1899-yildan boshlab Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga o‘tgan [1:97].

Xiva xonligi tarkibida bo‘lgan turkmanlarning Afg‘oniston bilan savdo va iqtisodiy aloqalari qadim tarixga ega. Biroq Rossiya imperiyasi hukumati turkmanlar hududini bo‘ysundirgach, bu hududda ham o‘z mustamlaka tartiblarini o‘rnatib, turkmanlarning afg‘on yerlari bilan tarixiy, erkin aloqalariga cheklovlar kirita boshladi. Albatta, bu har ikkala hudud aholisi o‘rtasidagi aloqalar zanjiri butkul uzib tashlanganligini anglatmaydi. Siyosiy va harbiy ehtiyojlar, tijorat ishlari, ishsizlik va ichki beqarorlik kabi jihatlar viloyat hududiga afg‘on fuqarolarining kirib kelishi hamda ularning bu erda faoliyat yuritishlarining asosiy omillari bo‘ldi. Rossiya imperiyasi hukumati va uning Kaspiyorti viloyatidagi noiblarining diqqat markazidagi asosiy masalalardan biri – mamlakat orqali Hindistonga chiqish ehtiyojining mavjudligi hamda bu hududlarda ingliz hukmronligiga nuqta qo‘yish zarurati edi. Bu masalalar juda ko‘p bor muhokama qilinganligi shubhasizdir. Rossiya imperiyasi ma’murlari afg‘on hududi shimolidagi o‘zbek, turkman, tojik fuqarolaridan ham shu maqsadlar yo‘lida foydalanishga e’tibor qaratdi. Afg‘on fuqarolarining Turkmanistondagi qismi kelajakda janubiy qo‘shni mamlakat markaziy hokimiyati bilan aloqa o‘rnatishda vosita vazifasini bajarish ehtimoli viloyat hududi bo‘ylab afg‘on fuqarolarining erkin tarqalishiga asos bo‘ldi.  Ushbu masala bir necha bor muhokama qilingandan so‘ng asosiy diqqat shimoldagi o‘zbek, tojik, turkman va boshqa xalqlar hamda chegaradagi mahalliy afg‘onlarga  qaratildi [14:2].

Imperiya ma’muriyati va Kavkaz noibligi ko‘rsatmasi asosida viloyat aholisining etnik tarkibi bo‘yicha ham tadqiqotlar o‘tkaziladi. Lekin bu tadqiqotlarda afg‘on fuqarolari dastlab doimiy yashamaydigan xalq sifatida ko‘rsatilmagan. Tadqiqotlar natijasida har bir uyezd va uchastkalar bo‘yicha aholi manzilgohlari soni aniqlanadi. E’tiborli jihati shundaki,  mazkur davrda Marv uyezdi Taxtabozor uchastkasida yashovchi chet elliklar haqida so‘z yuritilib,  faqat ikki nafar afg‘on fuqarosi haqida fikr bildirilib o‘tilgan [3:26]. Bu holat statistik jarayonlar qat’iy shaklda o‘tkazilmaganligini anglatadi.

Rossiya imperiyasining Afg‘oniston bilan chegaralarini o‘rnatishi natijasida suv taqsimoti masalasi chigal masala sifatida ko‘tarildi. Buyuk Britaniya, Afg‘oniston va Rossiya imperiyalari o‘rtasida imzolangan 1887-yildagi №6 sonli bayonnoma asosida 1893-yilda suv tizimi va inshootlaridan teng foydalanish to‘g‘risida navbatdagi shartnoma tuzildi. Shu jarayon bilan bog‘liq holda Kaspiyorti viloyatida afg‘on fuqarolari mavjudligi yoxud viloyat bilan bog‘liq aloqalar keltirila boshlandi.

Rossiya imperiyasi ham bu davrda o‘zining ustun jihatlaridan foydalanib,1887-yilda afg‘on hukumatining rasmiy vakili Mahmudxonga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va Kushka, Saripul (Chapgul), Xoja Jirg‘a, Childuxtaron manzilgohlarida sug‘orish vositalarini nazorat qilish bo‘yicha ustunlikka erishib oldi. Buyuk Britaniya shundan so‘ng afg‘on rasmiy hukumatini gij-gijlashga o‘tadi. Buning ta’siri natijasida Kaspiyorti viloyatida afg‘onlarning targ‘ibot-razvedka guruhi yuzaga keladi [9:3]. Hujjatlarda keltirilishicha, ushbu razvedka guruhining maqsadi Murg‘ob suvlarining bir qismini afg‘onlarning Chorsanam uchastkasiga burish edi. Ingliz hukumati ham afg‘onlarga ko‘mak berish maqsadida o‘zlarining ikki nafar muhandislarini Murg‘obga jo‘natgan. Afg‘onlar tilida so‘zlasha oluvchi bu muhandislarni Kushka va Marvda afg‘on ayg‘oqchisi Tojmamed kuzatib borganligi ma’lumotlarda qayd etilgan [9:2-varaq orqasi]. Hujjatlarda faqat Tojmamedning nomi qayd etilsa-da, bu yerda  turli maqsadlarda faoliyat yuritgan ko‘plab afg‘on fuqarolari istiqomat qilgan. Ularning faoliyati natijasida afg‘on hukumati Rossiya imperiyasining afg‘on yerlariga nisbatan munosabatini o‘rganib borgan. Xuddi shunday afg‘on fuqarolaridan Kushka hududlarida G‘ulom Ali, Emirek, Said A’zam, Murtaza, Olloberdilar, Childuxtaronda Yormamedxon, Keram, Ramazan, Seizek, Usseyn, Marv vohasida xazoriylar urug‘idan bo‘lgan sobiq mahbus Qurbonlarning nomi imperiya davri ma’lumotlarida tilga olib o‘tilgan [10:3].

Mazkur shaxslarning ayg‘oqchiligi tasdiqlanib, aniq dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-da, Rossiya imperiyasi vakillari ulardan shubhaga tushganlar. Chunki imperiya ma’murlarining ham mahalliy aholi o‘rtasida o‘z josuslari bo‘lib, ular viloyat amaldorlarini yetarlicha ma’lumotlar bilan ta’minlab turgan. Rossiya imperiyasi harbiy vazirligi Osiyo bosh shtabi tarkibi davridagi viloyat afg‘onlarining faoliyatlari asosan avvalgi davrlarda shakllangan savdo aloqalaridagi vositachilik shaklida ko‘zga tashlanadi. Masalaga doir ma’lumotlar hujjatlarda asosan 1892-yildan boshlab keltirila boshlangan. Afg‘onlar tarixiga oid ma’lumotlarda keltirilishicha, bu davrda ularga tranzit savdo orqali ko‘plab xitoy va hind choylari keltirilgan [11:3-varaq orqasi]. Shuningdek, boshqa turdagi mahsulotlar ham keltirilgan bo‘lib, buni keyingi davrlar ma’lumotlari ham tasdiqlaydi.

Mazkur davrda Rossiya imperiyasining afg‘on yurtiga eksporti miqdorining oshirilishiga e’tibor kuchaytiriladi [4:293]. Bularning barchasi bojxona postlarining to‘lov qaydnomalaridan olingan bo‘lib, ma’lumot sifatida harbiy gubernatorlar hisobotlariga kiritilgan.1894-yilga kelib, viloyat harbiy gubernatorlari o‘z hisobotlarini tayyorlashda qo‘shimcha ma’lumotlardan ham foydalana boshlaganlar. Gubernatorlarning oldingi hisobotlari uchun asosiy vosita keltirilayotgan va chiqarilayotgan tovarlar raqamiga oid chegara postlari qaydnomasi deb ko‘rsatilgan.

Ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, 1894-yilda afg‘on savdogarlari tomonidan  5 320 480 rubllik mahsulot keltirilgan bo‘lib [5:166], bu ko‘rsatgich 1893-yilga nisbatan deyarli 1 mln rublga ko‘pligi aytib o‘tilgan. Hisobot davrida 126 934 pud choy import qilingan bo‘lib, uning qiymati 2 616 117 rublni tashkil qilganligi aytiladi [5:168]. Afg‘onistonning o‘zidan Taxtabozor orqali 179 454 rubllik tovar keltirilgan. Lekin bu 1893-yilgi ma’lumotlarga nisbatan 10 132 rublga kamaygan. Kaspiyorti viloyatiga 1893-yilda 10 turdagi 189 586 rubllik tovar keltirilgan bo‘lsa, 1894-yilda 179 454 rubllik 10 turdagi mahsulot keltirilgan. Shuningdek, Rossiya imperiyasining afg‘onlarga eksport mahsulotlaridan 14 turdagi, 29 080 pudlik, 1 815 857 rubllik tovar Hirotga  jo‘natilgan [5:186].

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Rossiya imperiyasining Afg‘oniston bilan munosabatlarida eksport hajmi importga nisbatan oshgan.1895-yilga kelib Afg‘oniston bilan savdo aloqalari viloyatning 16 ta punktlari orqali olib borilgan. Bu XIX asr 80-yillariga nisbatan savdo va chegara punktlari 5 taga ko‘payganini anglatadi. Shulardan Marv, Iolaton, Pend va Taxtabozor savdo punktlari afg‘onlar bilan savdo aloqalarida eng gavjum maskanlar hisoblangan [6:157]. Ma’lumotlarda keltirilishicha, Eron va Afg‘oniston bilan savdo aloqalari o‘ta muhim bo‘lib, ulardan quyidagi jihatlar alohida ajralib turadi. 1. Qozoqlar va turkman jangchilari qo‘riqlaydigan chegara quruqlik yo‘llari. 2. Afg‘onlarda Osiyo va Evropa tovarlariga ehtiyoj. 3. Uzunada punkti orqali Eron va afg‘on tovarlarini Kavkaz va Rossiyaga eksport qilish. 4. Kaspiyortining tranzit vazifasini o‘tashi. 5. Soliqlar miqdorining kamaytirilishi [6:158] va hokazo.

Viloyat tarkibida istiqomat qilgan afg‘on fuqarolarining Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi davri faoliyatlari  Kavkaz noibligi va Harbiy vazirlikning Osiyo shtabi tarkibida bo‘lgan davridagi voqeliklaridan o‘z mazmun-mohiyati jihati bilan farq qilib, mazkur davrda iqtisodiy munosabatlardan ko‘ra siyosiy va harbiy xususiyatlar ustunlik qilganligi bilan ajralib turadi.Rossiya imperiyasi bosqiniga qadar turkman yerlari Xiva xonligi tarkibida bo‘lsa-da, amalda bu erlarda tekin qabilasi hukmronligi o‘rnatilgan edi. Hududdagi boshqa qabilalar singari afg‘onlar ham tekinlarga bo‘ysunib yashaganlar [2:8]. XIX asr oxiriga kelib, turkmanlar hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilgach, uning chegaradosh qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralari aniqlab olindi [7:99]. Mazkur davrda Afg‘onistonning Rossiya bilan umumiy chegarasi 2346 km.ni tashkil qilgan [7:100]. Umumiy chegaraning katta qismi Kaspiyorti viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Afg‘onlar yashayotgan umumiy hudud va Rossiya imperiyasi o‘rtasidagi chegaraviy tortiShuvlar ham Kaspiyorti viloyatida afg‘onlarning keng miqyosda faoliyat yuritishlariga bo‘lgan asoslardan biri edi. Chunki, afg‘onlar davlatlararo tuzilgan shartnomalarni (1885,1887,1893) tan olmasdan, Rossiya imperiyasi chegaralariga bosqinlar uyushtirar va viloyat aholisi o‘rtasida turli xil targ‘ibotlar yuritar edilar [8:89]. Rossiya chegara qo‘shinlari xabariga ko‘ra, Kerkida afg‘onlarning shu maqsaddagi guruhi faoliyat yuritgan [8:94]. Polkovnik A.V.Muxanovning bildirishicha, viloyatda faoliyat yuritayotgan 12 nafar pushtun qo‘lga tushirilgan [8:92]. Targ‘ibotchilarning tez qo‘lga olinishi rus razvedkasining ham viloyatda keng faoliyat yuritganligidan dalolatdir.

Birinchi jahon urushi davrida viloyatdagi afg‘onlar asirlikka tushgan tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan harbiy asirlarni og‘dirish uchun harakatni kuchaytirgan. Amir Habibullaxonning o‘z armiyasini kuchaytirishga intilishi [7:104], ularni moddiy ta’minotidan tashqari tibbiy jihatdan ham ta’minlash uchun harakat qilishi viloyatdagi afg‘onlarning faoliyatini kuchaytirdi. Shu vaqtgacha ingliz tibbiy xizmatidan [12:15-19] foydalanayotgan afg‘onlar uchun bu qimmatga tushayotgan edi. Hujjatlarda harbiy asirlar ichidan doktor va sanitarlarni izlab topib, ularga katta maosh va afg‘on yurtiga qochib ketishni tashkillashtirgan Shirafg‘on Ayatxanov haqida ma’lumotlar keltirilgan. U Tekin bozori atrofida yashab, Shu masalalar bilan shug‘ullangan [13:15-varaq orqasi]. Hujjatlarda keltirilishicha, Avstriya fuqarosi bo‘lgan Shirafg‘on Rossiya imperiyasi foydasi uchun ham ishlagan. U o‘zining faoliyatini mushtumzo‘rlardan himoyalash maqsadida afg‘onlar faoliyati bo‘yicha imperiya amaldorlariga ma’lumot etkazib turgan. Uning faoliyati natijasida harbiy asirlar afg‘on hududiga qochib o‘tganlar. Shu tariqa, viloyatdagi afg‘onlarning siyosiy faoliyati 1917-yilgacha davom etdi [13:15].

Mazkur hududiy tuzilma Afg‘oniston bilan chegaradoshligi nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etgan. Buni 1890-1899-yillar davomida Harbiy vazirlik nazoratida bo‘lganligidan ham sezish mumkin. Qolaversa, Afg‘oniston bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasidagi shartnomalar Afg‘oniston manfaatlariga zid kelganligi uchun ham viloyatda yashayotgan afg‘onlarning noroziligi kelib chiqdi va ular viloyatda hamda unga qo‘shni hududlarda Rossiya imperiyasiga qarshi siyosat yurita boshladilar. Afg‘on muhojirlari va Turkiston xalqlari ikki yirik imperiyaning siyosati doirasida faoliyat yuritishga majbur bo‘lishi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarib, ikki qardosh xalq o‘rtasiga muayyan darajada nizo urug‘ini sochdi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Аминов И.И. Коренное население Закаспийской области на государственной и военной службе Российской империи (1881-1917). Государства и права. №4(137) апрель. 2018. – С.137.
  2. Аминов И.И. Закаспийской край в составе Российской империи.М. Проспект. 2018.-С.8.
  3. Обзор Закаспийской области за 1891 г. Типография штаба 3акаспийский области. Асхабад.1893 г. – С. – 26. 1-жадвал.
  4. Обзор Закаспийской области за 1893 г. “Русская типография”. К.М.Седорова.1895 г.-293 c.
  5. Обзор Закаспийской области за 1894 г. Асхабод Русская типография К.М.Седорова 1896 г. – С. 165.
  6. Обзор Закаспийской области за 1895 год. Асхабад. Типография штаба Закаспийской области. 1896 г. – С.157.
  7. Панин С.Б.Охрана, разведка и обеспечение жизнедеятельности на Российско-Афганской границе (1900-1918). Вопросы истории. №6,2017. -С.99.
  8. Панин С.Б. “Афганское направления” в российской политике перед первой мировой войной. Вопросы истории. №2, 2016. – С.89.
  9. O‘z MA Fond I-2, ro‘yxat-1, ish -327, v.2.
  10. O‘z MA Fond I -2, ro‘yxat-1, ish -327, v.3.
  11. O‘z MA Fond I -2, ro‘yxat-1, ish -327, 3 varaq orqasi.
  12. O‘z MA Fond I -2, ro‘yxat-1, ish -247, v. 15,19.
  13. O‘z MA Fond I -461, ro‘yxat-1, ish -1867, v.15.

 

O‘tkir MATTIYEV,
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali o‘qituvchisi, PhD

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …