Home / MAQOLALAR / XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA BUXORO AMIRLIGIDA ANʼANAVIY HUNARMANDCHILIK

XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA BUXORO AMIRLIGIDA ANʼANAVIY HUNARMANDCHILIK

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshida Buxoro amirligi shahar va qishloqlarida toʻqimachilik, zargarlik, misgarlik, temirchilik, choʻyangarlik, charmgarlik, etikdoʻzlik, mahsidoʻzlik, kavushdoʻzlik, kulolchilik, beshiksozlik, sandiqsozlik kabi yuzga yaqin hunarmandchilik sohalari boʻlgan. Ularda minglab usta hunarmandlar aholining kundalik turmushida zarur boʻlgan turli-tuman mahsulotlarni tayyorlab, xalqimizning turmush darajasini yuksalishiga, Buxoro amirligining jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishiga beqiyos hissa qoʻshishgan.

Buxoroda hunarmandchilikning ip-gazlama sohasi koʻproq rivojlangan edi. Koʻpchilik ip yigirish, toʻqish, matolarni boʻyash, gazlama ishlab chiqarish sohasida band edi. Buxoro matolari Volga boʻyi va Sibir oʻlkalarida ham maʼlum boʻlgan. Shoyi matolar ishlab chiqarish ham rivojlangan edi. Pilla qurti amirlikning deyarli koʻpchilik yerlarida yetishtirilgan. Atlas, adras, parcha, beqasam Buxoroning eng mashhur matolari hisoblanar edi. Shuningdek, jun mato toʻqish sohasi, qorakoʻl yetishtirib, undan mahsulot tikish, teri oshlash, moʻyna mollari sohasi ham ancha rivojlangan edi. Buxoroda hunarmandchilik xoʻjaligi asosiy oʻrin tutib, oddiy toʻquv dastgohlari keng tarqalgan edi. Buxoroning mashhur ganch, yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, duradgorlik, kulolchilik sohalari bilan ham asosan mahalliy hunarmandlar band boʻlgan. Butun Turkistonda esa Samarqand va Buxoroda ishlab chiqarilgan qogʻozlar mashhur boʻlgan. Zardoʻzlik, gilamdoʻzlik ham boshqa xonliklarga nisbatan Buxoro amirligida ancha taraqqiy etgan soha hisoblangan[4:186]. Hunarmandlarning ishi ogʻir boʻlib, deyarli barchasi qoʻl mehnatiga asoslangan edi.

XVII asr oxiridan boshlab hunarmandchilikning rivojlanishi savdo iqtisodiy munosabatlarning rivojiga ham katta hissa qoʻshdi, ichki savdo rivojlandi. Ichki savdoda koʻproq oziq-ovqat mahsulotlari, ip-gazlama mollari, qorakoʻl va paxta asosiy oʻrin egallagan. Amirlik poytaxtidan tashqari Samarqand va Qarshi ham ichki savdoning yirik markazlaridan boʻlgan. Janubdan keladigan aksariyat savdogarlar Buxoro tilla tangalarini sotib olib, amirlikdan boshqa mahsulot olmasdan, sotib olingan qiymati yuqori tilla tangalarni oʻz yurtlarida sotib, undan katta foyda koʻrishgan[3:82-83].

XIX asrda Buxoro amirligidagi oltin, kumush va mis chaqa pullar muomalada boʻlib, ular faqatgina saroy yaqinidagi zarbxonada zarb qilingan. Maʼlumotlarga koʻra 1 Buxoro oltin pul birligi Rossiyaning 6 rubliga, Buxoro 1 kumush tangasi 34 Rossiya kopeykasiga, 1 Buxoro mis chaqasi 1,5 rus kopeykasiga teng boʻlgan[4:196]. Tilla pul birligi 22 kumush tangadan, 1 kumush tanga 50 mis pul birligidan (chaqa) iborat boʻlgan[9:105]. Yuqorida taʼkidlanganidek, amirlikning qiymati yuqori pullari, jumladan, tilla tangalari xorijiy savdo ahli tomonidan juda qadrlangan.

Buxoro qadimdan mintaqadagi yirik hunarmandchilik markazlaridan biri boʻlib kelgan. Bu davrga kelib shaharda 250 ta kosibchilik va fabrika matolari sotiladigan yoyma doʻkonlar, 100 ta choy,   70 ga yaqin chinni hamda 50 dan ortiq sarroflar doʻkoni boʻlgan. Shuningdek, alohida misgarlar, temirchilar, qassoblar, qandolatchilar rastalari boʻlgan. Oziq-ovqatlar, yaʼni un, sabzavot, gʻalla, quruq mevalar katta omborlarda saqlangan. Bulardan tashqari oʻtin, yogʻoch, paxta bozorlari faoliyat yuritgan. Qorakoʻl savdosi mavsumida teri savdosi juda qizgʻin kechgan[5:126].

Amirlikda eng koʻp tarqalgan hunarlardan biri toʻqimachilik boʻlib, paxta tolasidan chit, doka, adras, beqasam, duroʻya, yakroʻya matolari, ipak tolasidan esa atlas, xonatlas, shohi kabi matolar tayyorlanib, chetga chiqarilgan. Toʻqimachilik sanoatida boʻyoqchilik (rangrezlik) katta oʻrin egallagan. Rangrezlar boʻyoq tayyorlashda tabiiy mineral va oʻsimliklardan foydalanishgan.

Buxoro shahri amirlikning yirik toʻqimachilik markazi hisoblangan, bu yerda mavjud toʻqimachilik korxonalariga nafaqat shahardan, balki uzoq-yaqin qishloqlardan ham paxta va pilladan tayyorlangan kalava-ip keltirilgan. Buxoro shahrida XX asr boshida 46 ta toʻquvchilik ustaxonasi boʻlgan[13:201].

XIX asr oxiriga kelib, buxorolik toʻquvchilar ipak va yarim ipak matolar ishlab chiqarishga oʻta boshladi. Buxorolik ustalar tayyorlagan ipak matolar juda xaridorgir edi. XX asr boshiga kelib shaharda 30 ga yaqin ipak toʻqish ustaxonalari boʻlib, ularda bir necha oʻndan yuztagacha toʻquvchi ishlagan. Ayniqsa, shaharning janubi-gʻarbida toʻqimachilik keng tarqalgan. Shahar va uning atrofida jami 12000 ta toʻquvchilik dastgohi boʻlgan. Keyinchalik ipak yigirish ustaxonalarining soni 46 taga yetadi, ularning har birida 200 tagacha ishchilar ishlar edi.

Amirlik aholisi oʻrtasida boʻz, qalami, chit kabi paxta matolar tarqalgan boʻlib, ulardan kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak tayyorlangan.

XX asr boshida rus fabrikantlari buxorolik ustalar qoʻllaydigan naqshlarni oʻzlashtirib olib, oʻz fabrikalari chitlarini chiqaradi, bu esa mamlakat bozorida oʻsha nusxadagi mahalliy chitgarlikka qattiq zarba berdi.

Rossiya imperiyasi XIX asrning 70-yillarida tashkil qilgan “Moskva-Toshkent shirkati” Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro, Xiva xonliklari hududlarida ipakchilik korxonalarini tashkil qilib, koʻplab miqdorda sifatli ipak va ipak matolarni Rossiya bozorlariga yetkazib bergan[15:3]. XX asr boshida amirlik markazi Buxoroda 46 ta, Qarshi shahrida 19 ta ipakchilik korxonasi boʻlgan[6:6].

Buxoro adrasi nafaqat mintaqa shaharlari, balki Sharqiy Turkiston va Afgʻonistonga ham katta miqdorda chiqarilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoro shahri Markaziy Osiyodagi yagona zardoʻzlik markazi edi. Bu davrda mamlakat hukmdorlari zardoʻzlik sanʼatiga alohida eʼtibor qaratgan. Saroydagi va xususiy zardoʻz ustalar tomonidan amir va uning oila aʼzolari, amaldorlar, yuqori tabaqa vakillari buyurtmasiga binoan zardoʻzi kiyim-kechak tayyorlangan. Amirlikning boshqa shahar va qishloqlarida zardoʻzlik korxonalari mavjud boʻlmagan. 1894-yilda amir Abdulahadning Karmanaga butunlay koʻchib oʻtishi bilan arkdagi zardoʻzlik korxonasi Karmanadagi Chorbogʻgul saroyiga koʻchirilib, unda tajribali zardoʻzlar faoliyat koʻrsatgan. Saroy ustaxonalaridan tashqari Buxoro shahrida 20 ga yaqin xususiy zardoʻzlik ustaxonalari boʻlib, ularda asosan mayda buyumlar doʻppi, belbogʻ, qopchiqcha, peshonaband, bolalar toʻni va etigi tayyorlangan. Zardoʻzlar asosan Mir Doʻstim va Zardoʻzon guzarlarida yashashgan.

Mamlakatda mahalliy kiyim-kechak tikish katta malaka talab qiluvchi hunar darajasiga koʻtarilgan boʻlib, bu sohada doʻppidoʻzlik, telpakdoʻzlik, toʻn tikish alohida oʻrin tutgan. Mamlakat shahar va qishloqlarida bu hunarlar juda keng tarqalgan.

Telpakdoʻzlik eng keng tarqalgan hunar sohalaridan biri boʻlib, hatto Buxoro shahrida alohida telpakdoʻzlar rastasi (toqi Telpakfurushon) boʻlgan. XX asr boshida shaharda mavjud boʻlgan 34 ta telpakdoʻzlik doʻkonidan 13 tasi toqi Telpakfurushonda joylashgan. Telpak asosan qorakoʻl teri, qoʻy, tulki, qunduz terilari va baxmal matodan tikilgan[7: 85].

Buxoro amirligida toʻn tikish bilan qadimdan ayollar shugʻullanib kelgan boʻlsa, XIX asr oxirlarida Buxoro bozorlarida Zinger tikuv mashinalari paydo boʻlgach, bu ish bilan erkaklar ham shugʻullana boshlagan. Buxoro shahrida choponfurushlarning 70 ga yaqin doʻkoni boʻlib, ular Hovuzi Lesak boʻyida ikki qator rasta boʻlib joylashgan edi. Bu yerda 20 ga yaqin ancha yirik doʻkonlar boʻlgan va ularda 2 mingdan 3 mingtagacha toʻn saqlangan [11:58-59].

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshida amirlikda metallni qayta ishlash sohalari – temirchilik, choʻyangarlik, zargarlik, misgarlik, rextagarlik kabi sohalar keng rivojlangan. Shu davrda Buxoro shahrida 150 ta temirchi faoliyat koʻrsatib, shundan 50 tasi oʻroqsozlik, 30 tasi ketmonsozlik bilan mashgʻul boʻlgan[8:51]. Qolgan ustalar zanjir, zulfin, mix kabi mayda buyumlar, duradgor, toshtarosh, yer qazuvchilar uchun asbob-uskunalar tayyorlab berar edi.

Buxoro shahri oʻsha davrdagi yirik zargarlik markazi boʻlib, bu yerda 400 ga yaqin zargar faoliyat koʻrsatgan. Ular tayyorlagan taqinchoq va buyumlar 40 ta doʻkonda sotilgan. Zargarlik buyumlari bilan savdo qiluvchi Toqi Zargaron rastasi butun mintaqada mashhur edi. Zargarlar turli taqinchoqlarni tayyorlashda tilla, kumush, mis hamda qimmatbaho toshlar – qizil yoqut, laʼl, zumrad, feruza, lojuvard, dur, marjon, sadafdan foydalanishgan. Zargarlikda Rossiyadan keltirilgan yangi materiallar asosida ishlab chiqarish texnikasi nisbatan yangilanishi sababli mahsulotlar arzonlashgan. Buxoro arkida saroyga qarashli “Zargarxona”da 20 ga yaqin zargar ustalar faoliyat koʻrsatib, ular nafaqat kumush, tilla taqinchoqlar, balki tanga zarb qiladigan dastgohlarda kumush, tilla pullar ham tayyorlagan. Shahar yaqinidagi Gʻurbun qishlogʻida esa mis tanga zarb qilingan.

Qarshi bekligi oʻzining pichoq tayyorlovchi ustalari bilan mashhur boʻlgan. Poʻlatdan yasalib, dastasiga oltin yoki kumush qoplangan Qarshi pichoqlari bozorda juda yuqori baholangan. Temirchilikning yana bir sohasi qurol-yarogʻsozlik boʻlib, urush paytlarida qurolsoz ustalar hukumatdan juda katta buyurtmalar olishgan. Tinchlik davrida esa ular pichoq, suvluq, taqa kabi mayda buyumlar yasash bilan kun kechirishgan.

Amirlikning Hisor, Qorategin, Boysun, Shahrisabz bekliklarida, Gʻijduvon, Vobkent, Qorakoʻl tumani va Buxoro shahrida koʻplab choʻyan quyish korxonalari boʻlgan. Buxoro shahri va uning tevarak-atrofidagi qishloqlarda 40 ga yaqin choʻyan quyish korxonasi boʻlib, ularda oʻnlab ustalar faoliyat koʻrsatgan. Choʻyangarlar asosan omoch tishi, qozon, chiroq, manqal, panjara, koʻza, choynak, arava gʻildiragi halqasi, oʻgʻircha, yogʻlogʻi va boshqa buyumlar tayyorlashgan.

Amirlikning barcha yirik shaharlarida misgarlik doʻkonlari faoliyat koʻrsatib, birgina Buxoro shahrida ularning soni 200 ga yaqin boʻlgan. Amirlikning misga boʻlgan ehtiyoji asosan Rossiyadan olib kelingan mis hisobidan qoplangan[10:42]. Misgarlar aholining kundalik turmushida keng qoʻllaniladigan roʻzgʻor buyumlarini yuksak did bilan tayyorlagan. Mis idishlarga turli naqsh va gullar tasvirini tushirish kandakor tomonidan bajarilgan. Kandakorlar buyumlarga 14 xil poʻlat qalam yordamida yuzga yaqin naqsh turlarini tushirib bezashgan.

Buxoro amirligi hududida katta miqdorda chorva mollari (ot, tuya, yirik va mayda shoxli hayvonlar)ning boqilganligi hamda amirlikning togʻli va dashtli hududlarida koʻplab yovvoyi hayvonlar (boʻri, tulki, olqor, yovvoyi mushuk, Buxoro bugʻusi, kiyiklar)ning mavjudligi koʻnchilikning keng rivojlanishiga sabab boʻlgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida birgina Buxoro shahrida 150-200 ga yaqin koʻnchi boʻlgan. Ekologik maqsadlarda, yaʼni terini oshlash jarayonida chiqadigan badboʻy hid aholini bezovta qilmasligi hamda katta miqdorda suv va maydon kerak boʻlganligi sababli koʻnchilar oʻz korxonalarini shahar tashqarisida qurishgan, oʻzlari esa, shaharning Eshoni pir, Arabon, Mir Maʼsud, Poʻstindoʻzon, Charmgaron, Kemuxtgaron mahallalarida istiqomat qilgan. Koʻnchilar tayyorlagan turli-tuman charmdan poyabzal, roʻzgʻor buyumlari, egar-jabduq, kitob muqovalari, kamar, doʻmbira tayyorlangan.

Buxoroga Rossiyadan koʻnchilik zavodlarida tayyorlangan turli xildagi charm katta miqdorda olib kelingan, shu bilan birga rus charmidan oʻz sifati bilan qolishmaydigan mahalliy charm mahsulotlari Rossiya va Yevropa bozorlariga chiqarilgan. Rossiya va Yevropa shaharlarida turli yillarda oʻtkazilgan koʻrgazmalarda mahalliy charm mahsulotlari namoyish qilingan[16:81].

Ammo amirlik maʼmuriyati tomonidan koʻnchilik ishlab chiqarishi umuman qoʻllab-quvvatlanmaganligi va mahalliy bozorlar rus charmi mahsulotlari bilan toʻlib borishi mahalliy koʻnchilarni kasodga uchrata boshlagan.

Amirlikning yirik shaharlarida mehnat qilgan kosiblarning katta qismini etikdoʻzlar tashkil qilgan. Ular faqat shahar aholisi uchungina emas, balki qishloq va chorvador aholi uchun ham turli-tuman etiklar tayyorlagan. XIX asr oxiriga kelib Buxoro shahrida 20 ga yaqin yirikroq poyabzalchilik korxonalari boʻlib, ularda 10 dan ortiq ustalar yollanib mehnat qilgan. Barcha turdagi poyabzal tikuvchi kosiblar (mahsidoʻz, etikdoʻz va h.z.) yetarli mablagʻ va xomashyoga ega boʻlishsa, yil davomida uzluksiz mehnat qilishgan. Etikdoʻzlar bir yilda 700-800 soʻmlik, kavushdoʻzlar 1500-1800 soʻmlik mahsulot tayyorlab, shundan 15 foiz sof daromad olgan[17:21].

Mamlakatda kulolchilik keng rivojlangan boʻlib, kulollar sopoldan aholi uchun roʻzgʻor buyumlar, tandir, quvur, bolalar oʻyinchoqlari tayyorlagan. Asosiy xomashyo hisoblangan sariq-qizgʻish tusli maxsus tuproqni choʻl-biyobonlardan qazib olib kelishgan. Kulollar buyumlarni 200 xil gul, naqsh, murakkab va oddiy husnixat bilan bezaganlar.

Tegirmonchilik amirlik aholisi hayotida katta oʻrin tutgan. Buxoroda tegirmon toshini aylantirish uchun suv yetarli boʻlmaganligi sababli tegirmon toshlari ot yoki hoʻkiz kuchi bilan aylantirilardi. Bundan tashqari har bir oilada qoʻl tegirmoni boʻlib, roʻzgʻor ehtiyojini qondirgan.

Qogʻoz tayyorlashda Buxoro shahri Samarqand, Qoʻqondan keyingi oʻrinda tursa-da, bu yerda tayyorlangan yozuv qogʻozlarining shuhrati nafaqat Turkistonga, balki unga qoʻshni mamlakatlarga ham taralgan. Bu qogʻozlar ipakdan tayyorlangan boʻlib, oʻzining silliqligi, yupqaligi bilan arab yozuvi uchun juda qulay boʻlgan[2:211]. XIX asrning oxirlarida Buxoroga kelgan rus mahkamasi xodimlarining qayd etishicha, shahardagi Qogʻoz bozorida nafaqat qogʻoz, balki qalam va qoʻlyozma kitoblar ham sotilgan[3:57]. N.F. Sitnyakovskiy maʼlumotiga qaraganda, Vobkent tumanida Juvozi qogʻoz kanali mavjud boʻlgan. Shohrud kanalidan chiqarilgan Juvoz arigʻi boʻyidagi Juvozi qogʻoz qishlogʻi boʻlib, unda 30 ta xonadon istiqomat qilgan[12:259].

Arxiv manbalariga qaraganda, XX asr boshida Buxoroda qogʻoz tayyorlash korxonasi shahar atrofidagi Galaosiyo va Gʻurbun qishloqlarida joylashgan. Gʻurbun qishlogʻidagi qogʻozbozlik korxonasida 46 kishi mehnat qilgan boʻlsa, Galaosiyo qishlogʻidagi korxonada 51 kishi mehnat qilgan[14:15-36]. Buxoro qogʻozi Samarqand qogʻozi bilan sifat jihatidan raqobatlasha olmasa-da, ammo foydalanilgan asosiy mahsulotlari bilan ajralib turgan. XIX asr oʻrtalarida Samarqand, Qoʻqonda qogʻozni tayyorlashda eski paxta, lattalardan, Buxoroda esa, birinchi navli paxtadan foydalanilgan[14:23].

Qogʻozbozlar tomonidan tayyorlangan ipakdek silliq va yumshoq, uzoq yillarga chidamli, turli muhitlarga dosh bera oladigan, nam tortmaydigan turli-tuman qogʻozlar qogʻozbozlarning bu sohada yuqori malakaga ega boʻlganidan dalolat beradi.

Amirlikning Boysun, Qorategin, Hisor bekliklari temir rudasiga boy hududlar hisoblangan. Masalan, XX asr boshida Boysun bekligida 25 ta ruda eritish pechlari boʻlib, ularda 50 kishi faoliyat koʻrsatgan. Darvoz, Qorategin, Hisor bekliklarida 1910-yilda 3000-4000 pud temir va yana shuncha choʻyan eritilgan. Lekin qazib chiqariladigan ruda amirlik aholisi ehtiyojini toʻla qondira olmagan. Shu sababli Rossiyadan keltiriladigan metallga ehtiyoj katta boʻlgan. Rossiya metali oʻz tarkibining mustahkamligi va sifati bilan ajralib turgan va yuqori baholangan. Masalan, Boysun bekligida qazib olingan temirning 1 pudi 91 tiyindan sotilsa, Rossiya metallining 1 pudi 7-8 soʻm boʻlgan[8:56].

Har bir hunarmandchilik sohasi vakillari oʻz kasb uyushmalari va risolalariga ega boʻlgan. Risolada tegishli hunarga oid urf-odat va anʼanalar, ish joyi va shaxsiy pokizalik, halollik, iymon-eʼtiqod, xaridor bilan muomala odobi, mahsulot sifati, insoniy fazilatlar, usta va shogird munosabatlari bayon etilgan.

Har bir hunarmandchilik sohalari uyushmalarga ajralgan boʻlib, ularni hunarmandlar orasida katta hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan mohir usta bobo boshqargan. Bobo hunarmandlarning risolada koʻrsatilgan qonun-qoidalar amaliyotini, kasbiy mahorat, mahsulot sifati, hunarmand odobini nazorat qilib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turgan.

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshida mahalliy bozorlar rus zavod-fabrikalarining arzon mahsulotlari bilan egallab olingach, ular bilan raqobatga bardosh bera olmagan mahalliy hunarmandlarning bir qismi ishlab chiqarish hajmlarini keskin kamaytirishga majbur boʻlsa, maʼlum qismi kasodga uchradi.

Hunarmandchilik dastgohlari texnik jihatdan juda orqada qolganligi ishlab chiqarish hajmini oshirishga toʻsqinlik qilar edi. Faqat qoʻl mehnatiga asoslangan bunday ishlab chiqarish usulida tayyorlanadigan mahsulot tabiiyki zavod-fabrika mahsulotlaridan qimmatroq boʻlar va bu oʻz navbatida hunarmandlarning kasodga uchrashiga olib kelar edi.

Shaharlarda hunarmandlarning ish haqi qishloq hunarmandlariga qaraganda yuqori boʻlsa ham, ularning iqtisodiy ahvoli yengil boʻlmagan. Buxoro shahrida hunarmandlar Turkiston oʻlkasining boshqa shaharlari hunarmandlariga qaraganda koʻproq imtiyozga ega boʻlgan. V.V.Bartoldning yozishicha, amir Shohmurod davrida Buxoro shahrida yashab faoliyat koʻrsatuvchi barcha hunar sohiblari shahar aholisi qatorida turli soliq, yigʻim va hasharlardan ozod etilgan. Bu haqda maxsus tarxon yorligʻi chiqarilib, ushbu yorliq 1920-yilga qadar oʻz kuchini saqlab kelgan[1:108]. Ushbu yorliqqa koʻra, shahar hunarmandlari zakot va tagjoydan boshqa biror-bir soliq toʻlamagan, hasharlarda ishtirok etmagan. Tarixiy manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, ushbu qoidalar amir Shohmurod davrida maxsus qonun hujjati bilan tartibga solingan. Qishloq hunarmandlari aholining boshqa barcha tabaqalari qatorida soliq, turli yigʻimlarni toʻlashga hamda hasharlarda ishtirok etishi yoki mardikor mablagʻini berishi lozim boʻlgan. Hunarmand oʻz mahsulotini bozorda sotishga imkoniyati va vaqti ham yoʻqligi tufayli olib sotarlar xizmatidan foydalangan. “Vofurush” yoki “xomtamachi” deb nom olgan olib sotarlar koʻp hollarda mablagʻi yoʻq hunarmandlarga oldindan pul berib qoʻyib, mahsulotni bozor narxidan 25-30 foiz arzonga olib sotishgan. Koʻp hollarda olib sotarlar hunarmandga kerakli xom-ashyoni yetkazib berganlar va buning evaziga tayyor mahsulot olishga kelishgan.

Ustakorlar deb atalgan, yirik hunarmandchilik doʻkoniga ega boʻlgan hunarmandlarning bozorlarda oʻz savdo rastalari boʻlgan.

XIX asr oxirlarida kelib hunarmandchilik sohalarida yollanma mehnatdan keng foydalanila boshlangan. Yollanma hunarmandlar “nimkor” deb atalib, ularni ish beruvchilar turli muddatga yollashgan. Bu holat koʻp ishchi kuchi talab etadigan koʻnchilik, choʻyangarlik sohalarida keng tarqalgan edi.

XX asrga qadar hunarmandlar bobo, oqsoqol boshchiligidagi sex nazoratida boʻlib, ogʻir ahvolga tushib qolgan hunarmandlarga sex aʼzolari tomonidan yordam berib kelingan. XX asr boshiga kelib asrlar davomida hukm surib kelgan sex uyushmasi oʻrniga ustakorlar boshqargan yirik korxonalar yuzaga kelgan. Ustakorlar endigina shakllanib kelayotgan mahalliy yirik sanoat egalariga, usta, xalfa, shogird esa, yollanma ishchilarga aylanib borganlar.

Oʻrganilgan maʼlumotlar tahlili asosida xulosalar kasb va hunar egalarining oʻz davridan kelib chiqib, yillar davomida zaruriyat va daromad keltirishiga qarab oʻz faoliyatini olib borishgani maʼlum boʻladi. Kosiblar uyushmasi uyushma aʼzolarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani ham sohalarning rivojlanishiga sabab boʻlgan. Kasb va hunarlarning aholiga salbiy taʼsiri boʻlmasligi uchun davlat tarafidan hunarmandlar uchun qulay va aholiga zarar bermaydigan hududlar taklif qilingan. Davlat ham hunarmand va kosiblarning faoliyati iqtisodiy rivojlanish omili ekanligini eʼtiborga olib, ushbu sohalar rivojiga befarq boʻlmagan, doimo hunarmandlar va kosiblar uyushmasi oqsoqoli tarafidan yozilgan shikoyat arizalarini ijobiy hal qilishga uringan. Ikkinchi tarafdan, aholining ish bilan taʼminlangan qatlamining roziligi davlat siyosatida katta ahamiyatga ega boʻlgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Бартольд В.В. История культурной жизни Туркестана. – М., 1963.
  2. Вамбери А. Путешествие по Средней Азии. – Санкт-Петербург, 1885.
  3. Записки о Бухарском ханстве (Отчеты П.И. Демезона и И.В. Виткевича). – М., 1983.
  4. История Узбекистана. Том III (XVI — первая половина XIX века). – Т.: Фан, 1993.
  5. История Узбекской ССР. – Т.: 1968.
  6. Qilichev R. Buxoro shahrida hunarmandchilik. – T.: 1996.
  7. Qilichev R. XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshida Buxoro shahrida hunarmandchilik. nomzodlik… diss. avtoref. – T., 1997.
  8. Массон М.Е. К истории черной металлургии Узбекистана. – Т., 1947.
  9. Muxammadjonov A.R., Neʼmatov T. Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doir baʼzi manbalar (XIX asrning 20-50-yillari). – T., 1957.
  10. Ремез И.А. Внешняя торговля Бухары до мировой войны. Опыт историко-статистического обзора внешней торговли ханства вне сферы таможенного объединения его с Российской империей. – Т., 1922.
  11. Ремпель Л.И. Далёкое и близкое. Страницы жизни, быта, строительного дела, ремесла и искусства Старой Бухары. – Т., 1981.
  12. Ситняковский Н.Ф. Заметки о Бухарской части долины Зеравшана // Известия тюркологического отдела ИРГО. Выпуск 2. – Т., 1900.
  13. Сухарева О.А. Бухара XIX – начала XX в. (позднефеодальный город и его население). – М., 1966.
  14. Oʻzbekiston Milliy arxivi. 53-jamgʻarma. 2-roʻyxat. 20-yigʻma jild.
  15. Oʻzbekiston Milliy arxivi. I-1 jamgʻarma. 16-roʻyxat. 2280-yigʻma jild.
  16. Oʻzbekiston Milliy arxivi. I-72 jamgʻarma. 1-roʻyxat. 9-yigʻma jild.
  17. Шишов А. Таджики / Средняя Азия. № 6. – Т., 1910.
Ikromjon AZIZOV,
Perfect University dotsenti v.b., PhD

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …