Ushbu maqolada temuriylar sulolasining yetuk namoyandasi, davlat arbobi va yirik olim Mirzo Ulug‘bekning aniq va gumanitar fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot beriladi. Xususan, allomaning jahonda keng e’tirof etilgani, mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangani, ilmiy-falsafiy tafakkurni rivojlantirgani, shuningdek, falsafa, tarix, mantiq, astronomiya, matematika va tabiatshunoslik fanlari bilan shug‘ullanib, asar yozgani bayon qilinadi. Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek buyuk ajdodlardan qolgan ma’naviy meros va ijtimoiy-falsafiy qarashlardan o‘z ilmiy faoliyatida foydalangani, uning falsafiy qarashlarida, tabiat va jamiyatni bilish, tushunish, mulohaza qilish va xulosa chiqarishda ratsional va empirik bilimlar markaziy o‘rinni egallagani ta’kidlanadi.
Temuriylar davri tafakkur tarixi qay darajada rivojlanganini Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy merosi orqali baholash mumkin. Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosi jahonda va mamalakatimizda ko‘plab olimlar tomonidan o‘rganilgan. J.Grivz, T.Xayd , F.Beyli , L.Sediyo, F.Beyli, V.V.Bartold, V.L.Vyatkin, E.Knobl, T.N. Qori-Niyozov, B.Ahmedov [2:11,17] va A.Ahmedov [3:40] tomonidan o‘rganilgan. Ammo Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy-falsafiy, tarixiy merosi haqidagi bilimimiz hanuz etarli emas. O‘rta asrlarga oid turli manbalarda Mirzo Ulug‘bek aniq fanlar bilan birga, falsafa, tarix, adabiyot, musiqa va tilshunoslik ilmini ham chuqur egallagan serqirra olim sifatida tasvirlanadi. Jumladan, mo‘g‘ullar davlati tarixiga oid “Tarixi arba ulus” (To‘rt ulus) yoki “Ulusi arbai Chingiziy” (Chingizxonning to‘rt ulusi) asarini yozadi. Bu asar olimga ulkan shuhrat olib keldi va O‘rta asrlarning ko‘plab tarixchilari unga murojaat qildi. Biroq olimning ijodiy faoliyatiga nisbatan tadqiqotchilarning turli mulohazalari mavjud. Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosi XVII asrdan jahon olimlari e’tiborini o‘ziga jalb qilib keldi.
Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba ulus” asari 1425-yilda yozib tugallangan. Ushbu asarning yozilishida Mirzo Ulug‘bekning ilmiy, tarixiy va falsafiy qarashlari muhim o‘rin tutadi. Masalan, kitobning ingliz tiliga qisqartirilgan tarjimasini o‘rgangan ingliz sharqshunos olimi Mayls asarni “Shajrat at-atrak” (Turklar shajarasi) [10:182], deb tanqidiy baholagan. Keyinchalik asar olim va tadqiqotchilar tomonidan chuqur o‘rganilgan. Natijada, uning faqat Yofas O‘g‘lon, o‘g‘li Turkxon va farzandlari, tatar-mo‘g‘ul turk tabaqalari, shuningdek, ularning podsholarigina “Shajaratul atroq” asosida yozilgani ma’lum bo‘ldi. Chunki tarjima qilingan asarning oxirgi sahifasida u: “Bu qo‘lyozma – “Ulusi arbayi Chingizi”dir deb ta’kidlaydi. Shuningdek, u ushbu risolada turk hukmdorlari bo‘lgan Turk xoqoni ibn Yofas, ibn Nuh ismini keltiradi va ular Turkiston zaminida hukmronlik qilganini aytib o‘tadi.
Asarning asosiy qismi “Tarixi arba ulus” deb ataladi. Unda Chingizxon va uning avlodlari, jumladan, Chig‘atoy hukmronligi tarixi haqida ma’lumot berilgan. Yuqoridagilardan bilish mumkinki, “Shajaratul atroq” bilan “Tarixi arba ulus” boshqa boshqa asarlardir. Demak, asarni o‘rganish jarayonidagi qaydlardan Mirzo Ulug‘bek “Tarixi arba ulus” asarini yozishda “Shajaratul atroq” asaridan foydalanganini bilish mumkin.
Mirzo Ulug‘bekning ushbu asaridan qator olim va tadqiqotchilar o‘zining bir qator tarixiy, ijtimoiy va falsafiy asarini yozishda foydalangan. Jumladan, V.Bartold “Turkiston mo‘g‘ullar istilosi davrida”, “Ulug‘bek va uning davri” kabi asarlarini yozishda foydalangan. V.Bartoldning ta’kidlashiga ko‘ra, muallif asarda ko‘proq mo‘g‘ul xonlari nomini qayd etgan. Ammo mamlakat va xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayoti haqida ma’lumot bermasdan, ularning nomini keltirish bilan cheklangan [4:105]. V.Bartold ushbu asar adabiy yodgorlik va tarixiy tanqid uchun manba sifatida ma’lum darajada qiziqish uyg‘otishi, shuningdek, mo‘g‘ullar mamlakati parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan davlatlar tarixi haqidagi ma’lumotlarni sezilarli darajada boyitishi [5:142] mumkin, deb ta’kidlaydi. Chunki bugungi kungacha asrning qisqartirilgan shakli saqlanib qolgan va uning to‘liq nusxasi topilmagan. Mirzo Ulug‘bekning ushbu asaridan O‘rta asrlarning ko‘plab muarrixlari o‘z asarini yozishda foydalangan. Misol tariqasida, “Xulasotul-axbor”, “Habibus siyar”, “Tavorixi guzidayi nusratnoma” [8:10-11], “Bahrul asror” [6:166] va “Tarixi Rashidiy” [7:727] asarlari shular jumlasidandir.
Temuriylar davri mashhur tarixchilaridan biri Xondamir o‘zining “Xulosatul axbor” va “Habibus siyar” asarlarida “Tarixi arba ulus”dan ishonchli manba sifatida keng foydalangan. Jumladan, “Habibus siyar”ning Chingizxon avlodlari tarixiga bag‘ishlangan birinchi va uchinchi bo‘limi to‘la ravishda “Tarixi arba ulusga” asoslanganini ko‘rish mumkin. XVI asr muarrixi Mirzo Muhammad Haydar Mirzo Ulug‘bekning tarix ilmi sohasida ham samarali mehnat qilganini aytadi. Demak, Mirzo Ulug‘bek “Tarixi arba ulus”ni yozishda ko‘plab manbalardan foydalanganini ko‘rish mumkin. Muallif asarni yozishda bir qator tarixiy manbalar va manoqiblarga e’tibor qaratgan. Ammo ko‘p holatda foydalangan manbalarini aniq ko‘rsatmaydi. Mirzo Ulug‘bek hadis kitoblarda keltirilgan rivoyatlardan ham foydalanganini aytgan. Ba’zi holda o‘zi foydalangan ayrim asarlar va ularning muallifini tilga oladi. Jumladan, astronom olim Abu Mashar Balxiy, yirik olim, shoir Rashiddudin Votvot, tarixchi Alloudin Otamalik Juvayniy Rashiduddin, Fazulluloh Hamadoniy, Hamdulloh Mustovfiyi Kazbiniy va boshqalar nomi va faoliyatining ayrim jihatlarini tilga oladi. “Tarixi arba ulus”ning qisqartirilgan qo‘lyozmasidan to‘rt nusxasi mavjud bo‘lib, ular Angliyadagi “Indiya offis” kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Hindistonning Bankipur kutubxonasi va AQSHning Garvard universiteti markaziy kutubxonalarida saqlanadi [1:11,12]. Muallif “Tarixi arba ulus” asarida butun turklarning afsonaviy ajdodi O‘g‘uzxon va uning avlodlari bilan bog‘liq voqealarni, Chigizxonning taxtga o‘tirganidan to so‘nggi kunlargacha bo‘lgan tarixini, shuningdek, uning vafotidan so‘ng avlodlari hukmronligi ostida Eron, Iroq, Movarounnahr, Sharqiy Turkiston, Dashti Qipchoq va Mo‘g‘iliston hududlarida vujudga kelgan to‘rtta davlat tarixini tasvirlaydi. Bundan tashqari, asarda Chingizxon o‘limidan so‘ng mo‘g‘ullar umumiy saltanatida hukmronlik qilgan yigirma bir hukmdordan o‘n yettitasi haqida, Jo‘ji avlodlaridan Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan o‘ttiz to‘qqiz xon haqida, Chig‘atoy davlatidagi yigirma sakkizta xon haqida hikoya qilinadi. Asarda Juvayniy va Rashididdin kitoblarida uchramaydigan qimmatli ma’lumotlar mavjud.
Masalan, Xorazmshoh Muhammadning mo‘g‘ullar istilosi davrida Samarqanddagi mudofaa ishlari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan [11:136,141]. Biz uchun asarning muhim tomonlaridan biri “O‘zbek” atamasining etnonim va toponim sifatida kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar alohida ahamiyatga ega.
O‘zbek” atamasining kelib chiqishi bo‘yicha bir qancha qarashlar mavjud [2:11,17]. Jumladan, olimlardan N.A.Aristov, A.Yu.Yakubovskiy, P.P.Ivanov, M.A.Chaplichka va X.Hukemning fikricha, bu atama Oltin O‘rda hukmdori “O‘zbek” xondan kelib chiqqan. V.V.Grigorev va A.A.Semenov fikricha, Oltin O‘rdaning sharqiy qismidagi turk-mo‘g‘ul qabilalari o‘zbeklar deb atalgan. H.Vamberi, Xovors va Pellio kabi olimlar boshqa nuqtayi nazarga ega bo‘lib, Dashti Qipchoqdagi turk-mo‘g‘ul qabilalari “erkin” yashagani uchun shunday nomlangan, degan fikrni ilgari suradi. Ammo bu borada Mirzo Ulug‘bek taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekxon o‘zbeklar ulusida 1312-1341 yillar oralig‘ida podsho bo‘lgan. So‘ngra Sayyid ota harakati bilan Dashti Qipchoq aholisi islom dinini qabul qildi. Islomni qabul qilganlar o‘zbek, qabul qilmaganlar esa qalmoqlar deb atala boshlandi. Ayniqsa, o‘zbeklar deb atalgan xalq janub tomonga, ya’ni Turkistonga borib joylashgani haqidagi ma’lumotlar diqqatga sazovordir. Bunday ma’lumotlardan ikkita xulosa kelib chiqadi.
Birinchidan, bu hudud, ya’ni Dashti Qipchoqning sharqiy qismi O‘zbekxonga qadar ham o‘zbeklar ulusi deb atalgan bo‘lsa, ikkinchidan, O‘zbekxon o‘z ulusi aholisini islom diniga kiritgan.
Movarounnahr, Qashqar va Yettisuvning Chingizxon hukmronlidan to Amir Temur hokimiyatga kelgunga qadar bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tarixi O‘rta asr manbalarida juda kam uchraydi. Shuning uchun Mirzo Ulug‘bek tomonidan Chig‘atoydan Tug‘luq Temurgacha yuz bergan tarixiy jarayonlar, shuningdek, Amir Temur davridagi qo‘g‘irchoq xonlar Suyurg‘atmish va Sulton Mahmudxon hukmronligi davrida sodir bo‘lgan voqealarning tasvirlanishi nihoyatda muhimdir [9:351].
Xulosa sifatida, Mirzo Ulug‘bek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan birga, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan va ilmiy-falsafiy tafakkurni rivojlantirgan. U o‘z faoliyatida falsafa, tarix, mantiq, astronomiya, matematika, tabiatshunoslik va huquq sohasi bilan shug‘ullanib asarlar yozgan. Yunon olimlaridan Aflotun, Arastu va Ptolomeyning ratsional va empirik qarashlari bilan tanishgan. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek buyuk ajdodlardan qolgan ma’naviy meros, ijtimoiy-falsafiy qarashlardan o‘z ilmiy faoliyatida foydalangan.
Uning jamiyatni anglashdagi falsafiy qarashlarida, bosqinchilik, boylik orttirish emas, balki adolat bilan mamlakatni boshqarish va ilm-fanni rivojlantirish markaziy o‘rinni egallaydi. Temuriylar davrini, xususan, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi yillarini tarix falsafasi va falsafa tarixini uyg‘un tarzda yozish orqali nisbatan to‘g‘ri ifodalash mumkin. Jahon tarixiy tafakkurida, Mirzo Ulug‘bek kabi ilm-fan, madaniyat va adabiyotni rivojlantirib, jahon ilm-fan va ilmiy tafakkuriga hissa qo‘shgan shaxslar sanoqlidir. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari Mirzo Ulug‘bek singari olim va hukmdor avlodlari ekanidan faxrlanadi.
-
Afshar I. Nusxaxayi xatti farsi dar kitabxanayi Danishgaxi Xarvard nashrmyzyi kitabxanayn markaziy-Yai Danpshgaxi Texran dar barayi nusxaxayi xatti. T. IV. – Tehron, 1951. –B.1-12.
-
Ахмедов Б.А. Улугбек и политическая жизнь Мавераннахра первой половины XV в. // Из истории эпохи Улугбека. – Т.: Фан, 1965. – C.5-66; Ахмедов Б.А. Государство кочевых узбеков. – М., 1965. – С. 11-17.
-
Ашраф Ахмад. Улуғбек Муҳаммад Тарағай (1394-1449). – Т.: Халқ мероси, 1994.
-
Бартольд В.В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия //Соч. Т. I. – М., 1963.
-
Бартольд В. В. Улугбек и его время//Соч. Т. II. Ч. 2. – М., 1964.
-
Махмуд Ибн Вали. Море тайн относительно доблестей благородных (география). Введение, перевод, примечания и указатели Б.А.Ахмедова. – Т.: Фан, 1977.
-
Мирза Мухаммад Хайдар Дуглат. Тарихи Рашиди. Введение, перевод с перс. А.Урунбаева, Р.П. Джалиловой, Л.М.Епифановой. – Т.: Фан, 1996.
-
Таварихи гузида Нусратнаме: Исследование, критический текст, аннотированное оглавление А.М.Акрауюва. – Т., 1967.
-
Tarix-i arba’ ulus. Qarang: Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi // B.Ahmedov, N.Norqulov, M.Hasanov. – T., 1994. – B.352.
-
The Shajarat ul-Atrak or genealogical tree of the turks and tatars/Transl. and abrid. by Glonel Milles. – London., 1832. – P.182a. https://books.google.com.pa/books?id=qw1eAAAAcAAJ&printsec=frontcover#v=onepage&q&f=false.
-
Шишкин В.А. Калъаи Афрасиаб//Афрасиаб. Вып. I. – Т., 1969.