Home / HADIS / QOʻSHNIGA OZOR BERISH SAVOBLARNI OʻCHIRADI

QOʻSHNIGA OZOR BERISH SAVOBLARNI OʻCHIRADI

Bir hadis sharhi

Haqiqiy musulmon qoʻshnisiga eʼtiborli boʻlib, uning haq-huquqlarini ado etadi. Dinimiz qoʻshniga yaxshilikni savob va fazilatli amallardan, yomonlik qilishni esa gunoh qilib belgilab qoʻygan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قِيلَ لِلنَّبِيِّ : يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ فُلَانَةً تَقُومُ اللَّيْلَ، وَتَصُومُ النَّهَارَ ، وَتَفْعَلُ، وَتَصَدَّقُ، وَتُؤْذِي جِيرَانَهَا بِلِسَانِهَا. فَقَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: لَا خَيْرَ فِيهَا ، هِيَ مِنْ أَهْلِ النَّارِ. وَقَالُوا: وَفُلَانَةً تُصَلِّي الْمَكْتُوبَةَ، وَتَصَدَّقُ بِأَثْوَارٍ ، وَلَا تُؤْذِي أَحَدًا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «هِيَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli! Falon ayol kechani qoim qiladi, kunduzi roʻza tutadi, yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qoʻshnilariga ozor yetkazadi”, deb aytildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ayolda yaxshilik yoʻq. U doʻzax ahlidandir”, dedilar. Boyagi kishilar: “Falonchi ayol boʻlsa farz namozlarni oʻqiydi, pishloq sadaqa qiladi, lekin biror kishiga ozor bermaydi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana shu ayol jannat ahlidandir”, dedilar” (Buxoriy, Ahmad, Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilgan).

Bu hadisni Abu Hurayra roziyallohu anhu soʻzlab bermoqda, sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bunday dedi: “Ey Allohning Rasuli! Falon ayol”, yaʼni sahobalar u ayolni tanisa ham, uni oshkor etishni istamagan. Chunki uning kim ekanini bilishning hojati yoʻq. Maqsad shu ishni qilganlarning hukmini bilish boʻlgan. “Kyechani qoim qiladi”, yaʼni kechasi turib tahajjud oʻqiydi, ibodat qiladi. “Kunduzi roʻza tutadi”, yaʼni nafl qilib, Allohga yaqinlik uchun roʻzador boʻladi. “Boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi”, bu yaxshi amallarni koʻp qilishiga ishoradir. “Sadaqa beradi”, yaʼni mol-mulkini Alloh yoʻlida nafaqa qiladi. Bularning barchasi uning toat-ibodatdagi feʼllari va nafllarining koʻpligidan dalolat beradi. “Lyekin tili bilan qoʻshnilariga ozor yetkazadi”, yaʼni shunday solih ishlarni qilib yurishiga qaramay, qoʻshnilarini yomon soʻzlar bilan haqorat qiladi, or-nomusiga tegadi. Bu yerda ozorning turini til bilan boʻlishi taʼkidlangan. Shuningdek, yomonlik va ozorni kamaytirib koʻrsatish uchun til bilan degan soʻz ishlatilgan. Chunki xatti-harakat bilan ozor yetkazish undan-da yomondir. Qolaversa, qoʻshniga yetkaziladigan zararning koʻpi til bilan boʻladi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ayolda yaxshilik yoʻq. U doʻzax ahlidandir”, dedilar”. U zotning aytgan soʻzlariga eʼtibor bering! Birinchisi, ayolning qoʻshniga tili bilan ozor berishdek xunuk sifati bor. Shuning uchun unda yaxshilik yoʻq. Ikkinchisi, qoʻshniga til yoki boshqa yoʻl bilan zarar yetkazish doʻzaxga kirishga sabab boʻlar ekan.

Odamlarga, ayniqsa qoʻshniga til bilan boʻlsa-da ozor berish, toat-ibodatning koʻpligiga qaramasdan, savobini yuvib ketib, foydasiz holga keltirib qoʻyar ekan. Xatti-harakat bilan zarar berishni esa aytmay qoʻyavering.

“Boyagi kishilar”, yaʼni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari: “Falonchi ayol boʻlsa farz namozlarini oʻqiydi, pishloq sadaqa qiladi”, yaʼni falonchi koʻp nafl ibodat qiladigan birinchi ayoldan farqli oʻlaroq farz bilan cheklanadi, arzimagan pishloq sadaqa qiladi, “lekin biror kishiga ozor bermaydi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana shu ayol jannat ahlidandir”, dedilar. Bu uning qoʻshnisiga yaxshiligining barakasidan boʻlib, maʼsiyat ish qilmagan. Chunki dinning diqqat markazi farzlarni ado etish va gunohlardan saqlanishga qaratilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qoʻshni haqida qiyomat kuni koʻpchilik qoʻshnisining boʻyniga osilib olishi va “Ey Robbim, bu qoʻshnim mening yuzimga eshigini yopdi va yaxshiligini man qildi” deyishi, Allohga va qiyomatga iymon keltirgan kishi qoʻshnisiga yaxshilik va hurmat qilishi lozimligi, yomonligidan qoʻshnisi tinch boʻlmagan kishining jannatga kirmasligi, qoʻshni ayol qoʻshni ayolni hadya qilgan oz miqdordagi narsasi bilan kamsitmasligi, qoʻshnilaridan qay biriga birinchi hadya berish, qoʻshniga taom berish, qoʻshnisi och boʻlib, qorni toʻygan kishi komil moʻmin emasligi, Allohning huzurida eng katta gunohning birinchisi bir narsani U Zotga teng qilish boʻlsa, ikkinchisi taomiga sherik boʻlishdan qoʻrqib bolasini oʻldirish, uchinchisi qoʻshnining jufti haloli bilan zino qilish ekani, qoʻshni ayoli bilan zino qilish oʻnta ayol bilan zino qilishdan ogʻirroq ekani va shunga oʻxshash koʻp hadislarni aytib, ogoh etganlar. Dinimizda qoʻshniga yaxshilik qilish haqida shunchalik koʻp buyurilganki, hatto u zot bir hadisi shariflarida “Jabroil menga qoʻshniga yaxshilik qilishga buyuraverganidan uni merosxoʻr ham qilib qoʻyarmikan, deb oʻylab qoldim”, deganlar. Demak, qoʻshnilar bilan har doim yaxshi muomalada boʻlib, ularga yaxshilik qilishimiz dinimiz koʻrsatmasi ekan.

Qoʻni-qoʻshnilarga ozor bermaslik, ularni hurmat qilish naqadar zarur ekanini doim yodda tutishimiz lozim. Qoʻshnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan kishi dunyo va oxiratda baxt-saodatga erishar ekan.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …