Imom Buxoriy va Ibn Sinoga tegishli nodir asarlarning qadimiy nusxalari Ar-Riyodda joylashgan Podshoh Fath nomidagi milliy kutubxonada ekani aniqlandi.
Saudiya Milliy kutubxonasi bugun fondining boyligi, adabiyotlarning noyob va qadimiy ekani bilan alohida oʻringa ega. Uning kitoblar va qadimiy hujjatlar, artefaktlar saqlanadigan boʻlimida 6 mingdan ziyod manba bor. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi mazkur kutubxonada yurtimiz zamini bilan bogʻliq noyob manbalarga duch keldi.
Birinchi toshbosma kitob – Ibn Sinoning 1592 yilda Italiyada nashr etilgan “Tib qonunlari” asari va Imom Buxoriyning hijriy 540-yilda koʻchirilgan “Sahihul Buxoriy” asari dyelegatsiya aʼzolariga namoyish qilindi. Aytish joizki, ikki asar ilmiy jamoatchilik uchun gʻoyat muhim manbalar hisoblanadi va ajdodlarimizning dunyo tamadduni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan bemisl hissasini koʻrsatadi. Milliy kutubxonaga tashrif davomida kelgusida ikki kitobdan faksimile nusxa olishga kelishib olindi.
— Muhtaram Prezidentimiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini yaratishda xalqaro hamkorlik hamda tajriba almashish masalasiga alohida toʻxtalib, muhim topshiriqlar bergan edi. Bu vazifalar bugun faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqyapti. Saudiya Arabistoniga amalga oshirilayotgan safar davlat rahbari bergan topshiriqlarni yuqori darajada, sifatli bajarishga yordam beryapti. Xorijiy mamlakatlarga qilinadigan ilmiy safarlar bugungidek noyob manbalarni aniqlashimizda yordam beryapti.
Har ikki kitob ham juda qadimiy. Shuning bilan birga yurtimiz allomalarining jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini yorqin namoyon etadi. Biz ushbu kitoblarni tadqiq etish bilan bogʻliq hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Bugun safarimiz davomida qay bir manzilda boʻlmaylik, ular Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni, ayniqsa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tarixni oʻrganish hamda ilmiy-madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni eʼtirof etishyapti, – dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari hamda mazkur kutubxonaning xalqaro boʻlimi boshligʻi, bosh menejer Abdulaziz Alzeyer va qoʻlyozmalar departamenti rahbari Talal Alshamirs bir davrada hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishdi.
Milliy kutubxona masʼullariga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy sohaga katta eʼtibor berilayotgani, ana shu ishlarning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani, uning kontentini yangi mazmun bilan boyitishda xalqaro tajriba oʻrganilib, xalqaro ilmiy hamjamiyat vakillari bilan muloqot maydoni tashkil etilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan nashr etilgan “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomining 20 jildi kutubxonaga Oʻzbekiston nomidan tuhfa qilindi.
— Bizda koʻplab manbalar, nodir kitoblar bor. Ularning eng moʻtabarlari Movarounnahr allomalarining asarlaridir. Biz ayni vaqtda mavjud fondni kataloglashtiryapmiz. Ilmiy tadqiq etishda esa, Buxoriy avlodlari sifatida koʻmagingiz lozim boʻladi. Oʻz navbatida, biz ham har qanday yordamga tayyormiz. Bu olib borilayotgan ishlar davlatingiz rahbari tashabbusi va xayrihohligi asosida boʻlayotgani esa, bizni yanada mamnun etdi. Oʻzbekiston ilm ahliga muloqot qilish va islomning asl mohiyatini tushunishda platformaga aylanib boryapti, — dedi Qoʻlyozmalar departamenti rahbari Talal Alshamirs.
Delegatsiya aʼzolari ayni vaqtda oʻz ishini Podshohlikning Jidda shahrida davom ettiryapti.