Home / MAQOLALAR / QO‘QON SHAHRIDA MILLIY DAVRIY MATBUOTNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI

QO‘QON SHAHRIDA MILLIY DAVRIY MATBUOTNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI

Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyo xonliklarini bosib olgach, bu yerda o‘zining boshqaruv usulini joriy etdi. Turkistondagi rus hukumati qaror va buyruqlarini xalqga yetkazish maqsadida o‘lkada gazeta chop eta boshladi. Mana shunday dastlabki gazeta 1870-yilda chop etilgan “Turkistanskiye vedomosti” edi [10:8]. Gazeta dastlab hukumatning qaror va buyruqlarini e’lon qilish bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, u o‘lkada matbuotning rivojlanishiga asos bo‘ldi.

Gazetalar dastlab Toshkentda, general-gubernatorlik markazida  chop etilgan bo‘lsa, keyinchalik viloyatlar va o‘lkaning yirik shaharlarida ham chop etila boshlandi.  Bu o‘rinda, albatta, jadidlar va o‘lkadagi mahalliy sarmoyadorlar xizmatini ta’kidlash joiz. Ularning sa’y-harakati evaziga 1906-yilda milliy tilda “Taraqqiy” gazetasi chop etila boshlandi [5]. Bu omil o‘lkada milliy tildagi gazetalarning chop etilishida muhim rol o‘ynadi. 1876-yilda Qo‘qon xonligi tugatilib, o‘rnida Farg‘ona viloyati tashkil etilgach, viloyat markazi sifatida Qo‘qon emas balki Skobelev (Yangi Marg‘ilon) belgilandi. Ammo Qo‘qon shahri xonlik markazi sifatida o‘z salohiyatini yo‘qotmagan edi. Bu yerdagi sarmoyadorlarning rus burjuaziyasi bilan hamkorligi hududda yangi madaniyatning ham shakllanishiga olib keldi. Bular qatoriga davriy matbuotni ham qo‘shish mumkin.

Mavzuga oid adabiyotlarni tahlil qilsak, ularni uch guruhga bo‘lish mumkin:

Birinchi guruhga shu davr mualliflari tomonidan davriy matbuot tahlil etilgan maqolalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin [3]. 

Ikkinchi guruhga sovet davrida chop etilgan ilmiy adabiyotlarni kiritish mumkin [4]. Ushbu adabiyotlarda milliy matbuotdan ko‘ra sovet matbuotiga, matbuotning yuzaga kelishida Oktabr inqilobing ahamiyatiga ko‘proq urg‘u berilgan.

Uchinchi guruhga mustaqillik yillarida chop etilgan tadqiqotlarni kiritish mumkin [5]. Ushbu tadqiqotlarda milliy matbuot tarixi va uning o‘lkadagi taraqqiyparvarlik o‘rni ochib berilgan. Shuningdek, milliy matbuotning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni ko‘rsatib berilgan.

“Sadoi Farg‘ona” gazetasi Qo‘qonda chop etilgan milliy tildagi nashrlarning to‘ng‘ichi edi [6:44]. O‘z davrining taraqqiyparvar va sarmoyadorlaridan bo‘lgan Obidjon Mahmudov muassisligida chop etilgan ushbu gazetaning musahhihi (korrektori) Ashurali Zohiriy bo‘lgan. Usmon Nuriy tarjimon bo‘lib ishlagan. Bu gazeta 1914-yil 3-apreldan 1915-yil iyun oyigacha chop etilgan bo‘lib, jami 123 ta soni chiqqan [9:159]. Gazetaning 1914-yil 3-aprel kuni chiqqan 1-sonida “Haftada uch marta chiqadurg‘on ilmiy, fanniy, siyosiy turkcha gazetadur” deb ma’lumot berib o‘tilgan. “Sadoi Farg‘ona”ning maqsadi haqida uning noshiri va muharriri Obidjon Mahmudov gazetaning 1-sonida bosilgan “Maqsad va maslak” maqolasida bunday yozadi: “Gazetani nashr etishdan maqsadimiz tijorat emas, balki xalqimizga qo‘limizdan kelgan qadar xizmat etmoqdir. Xalqimizda matbuot va jaridai milliyaga kundan-kun shavq va rag‘bat o‘zgardi. Gazeta moddiy jihatdan ta’minlangan”[7] deb takidlab o‘tgan. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 1914-yil 17-iyuldan chiqa boshlagan “Ферганское эхо” nomli ruscha varianti ham bo‘lgan [9:40-b]. Gazeta A-2 formatda, to‘rt sahifada, Qo‘qon shahar Haydarbek mahallasidagi Obidjon Mahmudovning shaxsiy bosmaxonasida  500-600 nusxada chop etilar edi.

Gazetaning obuna narxi Qo‘qon shahri va Rossiya shaharlari aholisi uchun 1 yilga 5 so‘m, 6 oyga 3 so‘m, 3 oyga 2 so‘m, 1 oyga 60 tiyin bo‘lgan. Xorijiy mamlakat fuqarolari uchun esa narx 2 barobar qimmat bo‘lgan, ya’ni 1 yilga 12 so‘m, 6 oyga 7 so‘m, 3 oyga 4 so‘m, 1 oyga bir yarim so‘m bo‘lgan [9:159].

Ziyo Said gazeta muxbirlari kam ekani haqida ma’lumot berib o‘tgan bo‘lsa-da, gazeta sahifalariga nazar tashlasak,   H.Niyoziy, Cho‘lpon, Tavallo (To‘lagan Ho‘jamyorov), Hamid Said, Saidahmad Vasliy, Ibrohim Davron, Mulla Abdullabek Musobekhoji o‘g‘li va Shokirali Muxtorov kabi mashhur ziyolilar maqola va materiallari bilan ishtirok etganini ko‘rishimiz mumkin.

Ushbu gazeta aholi ma’naviyatini yuksaltirishda salmoqli o‘rin egalladi. Xususan, gazetaning faol xodimi bo‘lgan Ashurali Zohiriy gazetaning birinchi sonidagi “So‘z boshi” nomli maqolasida “Gazeta har bir millatning tilidur, gazetasiz millat tilsizdur. Zero, tili va adabiyoti yo‘q millat millat emasdur” [8] deb, gazeta va adabiyot har bir millatni millat sifatida ko‘rsatuvchi oyna ekanini birinchilardan bo‘lib takidlab o‘tgan edi.

Nashr moddiy qiyinchiliklar sababli faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

1917-yil 2-apreldan boshlab Obidjon Mahmudov “Tirik so‘z” nomli yana bir gazetani nashr eta boshlaydi [13:24]. Gazeta mushtariylarga “haftada 3 marotaba chiqadurgon adabiy, iqtisodiy, taraqqiy gazetadur” deb tanishtirilgan. “Pechatnoye delo” matbaasida chop etilgan. Gazetaning nima maqsadda tashkil qilingani haqida muharriri: “…ahvoli zamonag‘a qarab ba’zi puxta joylarda eshitkan va bilgan so‘zlarni gazet orqalik bildurib turmoqni zarur fahmlab, ya’ni “Tirik so‘z” gazetasini chiqarmoqg‘a majbur bo‘ldim” deb aytib o‘tgan [9:157]. Ammo bu nashr ham ommalasha olmay, faoliyatini to‘xtatadi. Hozirgi kunda ushbu gazetaning birgina soni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy Kutubxonasining “Nodir nashrlar” bo‘limida saqlanadi.

1917-yil sentyabr oyidan boshlab Qo‘qonda “G‘ayrat”  kutubxonasi muassisligida “El bayrog‘i” gazetasi chop etila boshlandi. Nashr dastlab Qo‘qondagi mahalliy savdo-sanoat egalarining fikr tarqatuvchisi bo‘lib chiqqan bo‘lsa-da, noyabr oyida ushbu shaharda “Turkiston Muxtoriyati” e’lon qilingach, gazeta mazkur hukumatning nashri sifatida faoliyat yurita boshladi [10].

Muxtoriyat nashriga aylangach, uning sahifalarida rus istibdodining vatanimizdagi mustamlakachilik siyosati, uning o‘lkadagi paxta yetishtirish va uni tashib ketish kabi bir yoqlama ishlari tanqid qilingan. Jumladan, “Turkistonda yetishgan xom-ashyo bundan so‘ng chetga chiqarilmaydi. Turkistonda paxta o‘rniga habobot (g‘alla) ekilur” degan fikr ochiq bayon etilgan.

Gazeta muharrirlari Po‘lat Soliyev (1882 – 1938) va Ashurali Zohiriy edi. Gazetada Abdulla Begiy, No‘sherovon Yovushev, Ismoil Obidiy, Yunusjon Og‘aliqov va bir nechta ziyolilar o‘z maqolalari bilan ishtirok etgan. Gazeta haftada ikki marta, 800-1000 ta nusxada mix bosmada Turkiston Muvaqqat hukumati bosmaxonasida chop etilgan. 1918-yil fevralda Turkiston Muxtoriyati tugatilgach, gazeta ham o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Gazetaning bor-yo‘g‘i 20 ta soni chop etilgan [13:24].

Abdulhamid Cho‘lponning ma’lumotiga ko‘ra, 1917-yilda Qo‘qonda “Ravnaqul islom” nomli gazeta ham chop etilgan [12:44]. Ushbu nashr “Xaloyiq” jamiyati muassisligida nashr qilingan. Toshmuhammad Nurmuhammad o‘g‘li muharrir sifatida faoliyat yuritgan.

Davr muarrixlari “ …ushbu gazeta o‘z davrida “demokrat tarfdorlarining gazetasi” sifatida nom qozonganini e’tirof etgan. Ya’ni bu davrda o‘zini demokrat deb atovchi qatlam tomonidan chop etilganini qayd etadi.

Ammo bir-ikki oy faoliyat yuritgandan so‘ng moddiy qiyinchiliklar sabab o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Abdulla Avloniy 1917-yilda Qo‘qonda Ahmad Devishev mutasaddiligida “Xalq g‘ayrati” nomli gazeta ham chop etilgani haqida ma’lumot bergan. Ammo u ham bir necha son chiqqach, o‘z faoliyatini to‘xtatgan [10].

Turkistonda gazetalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, asta-sekinlik bilan jurnallar ham chop etila boshlandi. Bular sirasiga “Oyina”, “Al-Izoh”, “Al-Isloh”ni misol keltirish mumkin. Qo‘qonda ham bu davrda bir nechta jurnal chop etilgan. Bunday jurnallardan dastlabkilaridan biri – bu “Kengash”dir. U 1917-yil mart oyi oxirlaridan boshlab chop etila boshlangan [13:25]. Ikki haftada bir marta nashr etilgan. Muharriri Hamza Hakimzoda Niyoziy bo‘lgan. Jurnal Qo‘qon muallimlari tomonidan chiqarilgan. Jurnalning ikkinchi sonida bosilgan maqola boy va ulamolarga ma’qul tushmagani sababli Hamza jurnaldan chetlashtiriladi. Uning o‘rniga Rahimjon Hoji Tursunmuhammad o‘g‘li muharrirlik qiladi. Jurnal 8 bet hajmda, toshbosmada 400 dona bosilar edi. Oltinchi sonidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatadi [14:391]. Bugungi kunda jurnalning uchta soni saqlanib qolgan.

Qo‘qonda chop etilgan navbatdagi jurnal – bu “Yurt” bo‘lib, u 1917-yilning 1 iyunidan chiqa boshlagan [6:57]. Bu o‘z davrining salmoqli jurnallaridan biri hisoblangan. Uning shiori “Yashasin muhtoriyatli xalq jumhuriyati!” edi. Jurnal ikki qismdan iborat bo‘lgan. Birinchi qismida adabiyot, siyosat, ijtimoiy, tarixiy, huquqiy, ta’lim-tarbiya, oila masalalariga oid maqolalar o‘rin olgan bo‘lsa, ikkinchi qismida qishloq aholisining ijtimoiy muammo va masalalari yoritilgan. Bu holat jurnalning oddiy xalq orasida ommalashishiga sabab bo‘lgan. Ashurali Zohiriy jurnalning muharriri va noshiri bo‘lib faoliyat yuritgan. Jurnalda o‘z davrining ziyolilaridan Ahmad Zaki Validiy, Ahmad Sardor, Shokirqul Muxtoriy, Subhiy va boshqalar o‘z maqolalari bilan ishtirok etgan.

Jurnal 16 betlik bo‘lib, mix bosmada ming nusxa atrofida chop etilgan. Ziyo Saidning ta’kidlashicha, jurnal texnik jihatdan o‘z davrinng eng ko‘rkam jurnallaridan biri bo‘lgan.

“Kengash” o‘z faoliyatini to‘xtatgandan so‘ng uning o‘rniga 1917-yil avgust oyida “Hurriyat” nomli jurnal nashr etila boshlandi [13:21]. Ziyo Said Mahmudxo‘ja Rizoiy ushbu jurnalning bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan deb malumot bersa, tadqiqotchi B.Do‘stqoraev “Hurriyat” jurnali 1917-yilning 7-aprelidan chiqa boshlagani, dastlabki ikki soniga Hamza Hakimzoda Niyoziy muharrir, noshiri Hoji Rahimjon Shodi bo‘lgani haqida ma’lumot beradi [15:62-b]. Ammo jurnalning to‘rt soni chiqqandan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Shuningdek, bu davrda Qo‘qonda telegram varaqalari ham chop etilgan. Bular sirasiga 1919-yil yilda bir sonigina chop etilgan “Oktyabr varaqasi”, 1921-yilda nashr qilingan “Qizil yoshlar” va “Tutqun” varaqalarini misol keltirish mumkin. “Qizil yoshlar” va “Tutqun” varaqalarini ham bir-ikki sonigina chop etilgan [6:101].

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, Qo‘qon shahri ham matbuot shakllangan hududlardan biri bo‘lgan. Bu yerda chop etilgan gazeta va jurnallar ham o‘lka xalqlarining ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy hayotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan. Mazkur holat ham bu davrda aholini ma’rifatli qilish asosiy masala bo‘lganidan dalolat beradi. 

Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Shadmanova S. Turkiston tarixi – matbuot ko‘zgusida (1870-1917 yillar). – T.: Yangi nashr. 2012.
  1. Pidayev T, Do‘stqoraev B. Taraqqiy gazetasi. Xalq so‘zi. 1993 yil 11-iyun.
  2. Abdulla Avloniy. Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi // Turkiston. – 1924. – №295. Ziyo Said. Qizil yoshlar matbuoti va uning tarixi //Turkiston. – 1924. №294.
  3. Ziyo Said. (Tanlangan asarlar to‘plami. – T.: G‘afur G‘ulom, 1974. – B 207) Ernazarov T. E. (O‘zbekistonda vaqtli matbuot (1870-1924). – T., 1959) Ernazarov T.E. (Акбаров А.И., История печати Туркестана (1870-1925). Уч. пособие, – T.: O‘qituvchi, 1976;) Avsharova M.P. (Русская периодическая печать в Туркистане (1870 – 1917) Библиографический указатель литературы). Агеев А.И.Латипова М.Н. (Национальная периодическая печать Узбекистана (1917 – 1939) – T., 1947).
  4. Jalolov A., O‘zganboyev H. (O‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyotining taraqqiyotida vaqtli matbuotning o‘rni. – T.: Fan, 1993). Rajapova R. (Turkiston tarixi (1917-1993). – T.: O‘qituvchi, 1994;) (Туркестан в начале ХХ века: к истории истоков национальной независимости. Научный редактор Р.Я.Раджапова. – Т.: Шарк, 2000), A’zamxo‘jayev S. (Turkiston muxtoriyati. – T.: Fan, 1996;) A’zamxo‘jaev S (Turkiston muxtoriyati: milliy-demokratik davlatchilik qurilishi tajribasi. – T.: Ma’naviyat. 2000.). Shodmonova S. (Turkiston tarixi – matbuot ko‘zgusida (1870–1917-yillar). – T.: Yangi nashr, 2011), Mingnorov A. (Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning milliy matbuotda yoritilishi (1917–1918-yillar). – T.: Istiqlol nuri, 2013), Tayronov Y. (Общественно- политическая деятельность Туркестанских предпринимателей в начале ХХ века. – Т., 2011).
  5. Ziyo Said. Tanlangan asarlar. – T.: G‘afur G‘ulom, 1974.
  6. Obidjon. Maslak va maqsad. – Sadoi Farg‘ona. 1914-yil. №1.
  7. Ashurali Zohiriy. So‘zboshi. – Sadoi Farg‘ona. – 1914-yil. №1.
  8. Turkiston matbuoti tarixi (1870 – 1917). Tuzuvchi N. Abduazizova. – Т.: Akademiya, 2000.
  9. Abdulla Avloniy. Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi // Turkiston, 1924. № 295.
  10. Do‘stqorayev B. Farg‘onada milliy davriy matbuotning yuzaga kelishi va shakllanishi tarixidan. Sadoi Farg‘ona. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining milliy matbuot shakllanishi va jadidchilik harakatidagi o‘rni” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallari. – Farg‘ona, 2024.
  11. Cho‘lpon. Turkistonda matbuot. Jamiyat va boshqaruv. 1998. № 2. – B.44.
  12. Mingnarov A. Ijtimoiy – siyosiy jarayonlarning milliy matbuotda yoritilishi. – T.: Istiqlol nuri. 2013.
  13. Hamza. To‘la asarlar to‘plami. 5-tom. – T.: Fan, 1988. – B.391.
  14. Farg‘ona jurnalistikasi // Tuzuvchi va mas’ul muharrir M.Obidov. – T.: Sharq, 2009.
SEROBJON XAMRAQULOV,
Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …