Home / FOTO LAVHALAR / XALQARO HAMKORLIK: OʻZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI DELEGATSIYASI SAUDIYA ARABISTONIDA

XALQARO HAMKORLIK: OʻZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI DELEGATSIYASI SAUDIYA ARABISTONIDA

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni jugʻrofiy jihatdan uzoq masofada joylashgan boʻlsa-da, har ikki davlatni umumiy tarix, diniy-maʼrifiy qadriyatlar va uygʻun madaniy rishtalar bogʻlab turadi. Aytish joiz, bu ikki davlatning koʻp qirrali hamkorligi yildan yilga yanada kengayib, yangi bosqichga koʻtarilyapti. Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi ham soʻzimiz isboti boʻla oladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchilik qilayotgan delegatsiya tarkibida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh. Ziyodov, Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi oʻrinbosari Z. Eshonqulov, Hadis ilmi maktabi rektori B. Amonov boʻlib, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitishda Saudiya Arabistoni tajribasi oʻrganilishi koʻzda tutilgan.

Delegatsiyani Xaj va Umra vazirligining xalqaro aloqalar boʻlimi masʼullari Badr at Talaxiy va Abdu Faxid kutib olishdi. Qayd etish lozimki, har ikki mamlakatning ham muqaddas islom dinining maʼrifati, uning tinchlikparvar gʻoyalarini targʻib qilish, ajdodlar merosini tadqiq etish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uygʻundir. Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini yangi mazmun bilan boyitishda, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida jahon tajribasi oʻrganilayotgani haqida maʼlumot berdi. Oʻz navbatida, mezbonlar shu yoʻnalishdagi ilgʻor tajribalari bilan ham oʻrtoqlashishdi.

Ayniqsa, Ar-Riyoddagi Diriyah tarixiy majmuasiga boʻlgan tashrif, tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu yer Saudiya davlatining birinchi podshohligi davridagi manzil sifatida alohida eʼzozlanadi. Uning turizm imkoniyatidan tashqari, ilmiy  izlanuvchilar uchun ham qulayliklari koʻp. Butun boshli qadimiy shaharcha yaxlit kompozitsiya kasb etadigan majmuaga aylangan. Turli chiroqlar yordamida yoritilishi, “3D” texnologiyalarning tatbiq etilgani alohida eʼtiborga molik. Majmuadagi tajribani Oʻzbekiston zaminidagi koʻplab tarixiy qadamjolar va manzillarga qoʻllash mumkin ekani taʼkidlandi.

Ochiq osmon ostidagi muzey devorlarga tushirilgan yorugʻlik, butun boshli tamaddun ramzlarini innovatsion usulda namoyish eta oladigan texnologiya. Sodda qilib aytganda, “tarixni jonlantirish” deyiladi. Ayni jihatlar “Jahonning eng peshqadam 500 nafar musulmon kishisi” reytingidan oʻrin olgan Buyuk Britaniya jamoat arbobi Ahmad Salim bilan uchrashuv jarayonida ham alohida taʼkidlandi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtingizdagi markazni bunyod etish tashabbusini olqishlayman. Bu tashabbus butun islom olami uchun ham juda muhimdir. Men avgust oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkaziladigan kongressga taklif etildim. Mazkur taklifni bajonidil qabul qildim. Kelgusida ekspozitsiyada namoyish etiladigan eksponatlarni nafaqat markazning oʻzida, balki “harakatdagi muzey” sifatida boshqa xalqaro koʻrgazmalarda ham namoyish etish bilan bogʻliq ayrim hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Biz koʻplab media-mahsulotlar, hujjatli filmlar orqali boy tarixni yanada jonlantiramiz,— dedi Ahmad Salim.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga  tashrifi davom etyapti.  

Manba: cisc.uz

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …